Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ajoyib matematika» festivali muvaffaqiyatli o‘tkazildi

«Ajoyib matematika» festivali muvaffaqiyatli o‘tkazildi

Foto: «Inha.uz»

Toshkent shahridagi Inha universitetida ikkinchi o‘quv-amaliy «Ajoyib matematika» festivali muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Festival ishida turli yoshdagi minglab qiziquvchilar qatnashdi, deb xabar bermoqda universitet matbuot xizmati.

Festival asosan 10 yoshli o‘g‘il-qizlarga mo‘ljallangan bo‘lsa ham, tadbirda katta-yu kichik barcha ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirok etish uchun Koreya Respublikasidan 23 nafar matematika bo‘yicha professor va o‘qituvchilar tashrif buyurishdi. Ular festival doirasida 23 ta matematika stendlari taqdim etdilar. Shuningdek, O‘zbekistondan ham ikki nafar matematika o‘qituvchisi qatnashdi.

Uch kun davomida Janubiy Koreyadan kelgan mutaxassislar stendlarda turli pazllar, mashqlar va misollarni bolalarga taqdim etdilar va o‘z bilimlari bilan bo‘lishdilar. Tadbir davomida bolalar uchun tanlovlar va matematika bo‘yicha xorijiy mutaxassislarning ma’ruzalari ham tashkil etildi.

Tanlov doirasida bolajonlar turli geometrik shakllar chizib, yasashdi hamda matematika bo‘yicha tanlovlarda ishtirok etishdi.

Shuningdek, festival doirasida professor Park Dji Nam va Bu Yun Kim barcha qiziquvchilar uchun matematikadan ma’ruza o‘qishdi.

Festival doirasida «Dasturlash soati» aksiyasi tashkil etildi. Aksiya davomida bolalar dasturlash asoslariga bag‘ishlangan bir soatlik bepul darsda ishtirok etishdi.

Shuningdek, festival doirasida Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) maktab, litsey va kollejlarning matematika o‘qituvchilari uchun maxsus tanlov tashkil etdi. Tanlov shartlariga ko‘ra, matematika o‘qituvchilari IUT professorlari tomonidan ingliz tilida tayyorlangan masalalarni yechishlari kerak edi. Koreyalik hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Yelizaveta An va Jahongir Raimbekovlar Koreya Respublikasidagi Inha universitetining sovrinini qo‘lga kiritishdi.

Festival davomida Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) va O‘qituvchilar uchun matematika madaniyatini tatqiq etish Koreya jamiyati (KSMCS) matematika sohasida tajriba almashish bo‘yicha kelishuvni imzolashdi.

Bitim doirasida tomonlar talabalar va o‘qituvchilar orasida matematikani rivojlantirish borasida tashabbus va tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishib oldilar.

Shuningdek, O‘qituvchilar uchun matematika madaniyatini tatqiq etish Koreya jamiyati O‘zbekistondagi matematika o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha turli treninglarni o‘tkazishni rejalashtirgan.

Tomonlar matematika sohasida turli loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlik qilishadi.

— «Ajoyib matematika» festivali muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi deb hisoblayman. Biz bolajonlar hamda ularning ota-onalari bilan suhbatlashdik va ularning xursand bo‘lishganiga guvoh bo‘ldik. «Ajoyib matematika» festivali bizning yosh avlod bilimlarini oshirishga qo‘shgan hissamizdir. Umid qilamanki, festivaldan keyin yanada ko‘proq bolalar matematika bilan shug‘ullanishadi», — dedi Toshkent shahridagi Inha universiteti prorektori Turdimurod Tursunmuratov.

«Mazkur festivalning eng muhim jihatlaridan biri shu bo‘ldiki, O‘zbekiston va Janubiy Koreyalik matematika o‘qituvchilari o‘zaro tajriba almashishdi. Bizning o‘qituvchilarimiz koreyalik hamkasblarining noan’anaviy matematika o‘qitish uslublarini o‘zlashtirishdi. Xususan, festivalda qatnashgan ikkita o‘zbekistonlik matematika o‘qituvchisi Koreya Respublikasida o‘tadigan yirik matematika tadbirida ishtirok etadigan bo‘lishdi», — qo‘shimcha qildi u.

Festivalga Toshkent shahridagi Inha universiteti, Janubiy Koreyaning Inha universiteti hamda Koreyaning o‘qituvchilar uchun matematika madaniyatini tadqiq etish jamiyati tashkilotchilik qilishdi. Festival O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Korzinka.uz supermarketlar tizimi va «Mercury Services» kompaniyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring