19-30 yoshdagilarning 54,6 foizi hech qayerda o‘qimaydi va ishlamaydi
Shu yilning boshida YuNISEF, Yoshlar ittifoqi, «Yuksalish» umummilliy harakati «O‘zbekiston yoshlari: muammo va istiqbollar» («Molodej Uzbekistana: vizovi i perspektivi») deb nomlangan yirik tadqiqot natijalarini e’lon qildi.
Uzanalytics.com saytida chop etilgan ushbu ijtimoiy so‘rovda respublikaning barcha hududlarida istiqomat qiluvchi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 4 ming 500 nafarga yaqin respondent ishtirok etdi. Qolaversa, bevosita muloqot qilish uchun 24 ta fokus-guruhi shakllantirilgan. Tadqiqot uch yil mobaynida zamonaviy metodologiyalar asosida olib borilgan. Loyihaga yetakchi mahalliy va xorijiy ekspertlarning jalb etilgani ham alohida e’tiborga molikdir. O‘zbekiston yoshlariga bag‘ishlangan sotsiologik so‘rov yettita asosiy mavzu yo‘nalishini o‘z ichiga qamrab olgan. Ayrimlari xususida to‘xtalib o‘tishni joiz deb topdik.
Ta’lim
Aksariyat yoshlar mavjud infratuzilma (ta’limdagi muhit, moddiy-texnik ta’minot, darslik va boshqalar) ni ijobiy baholagan. Ularning 94,7 foizi pedagoglar faoliyati, 91,1 foizi o‘quv muassasalarining holatini qoniqarli, deb hisoblaydi. Ammo raqamli texnologiyalardan foydalanish masalasida vaziyat ko‘ngildagidek emas.
So‘rovnoma davomida yoshlar maktabdan ikkita muhim narsa — liderlik (16,9%) va turli vaziyatlarga moslashuvchanlik (10,9%) xususiyatlarini ololmayotganini ta’kidladi.
19 — 30 yoshli respondentlarning 54,6 foizi hech qayerda o‘qimasligi va ishlamasligini aytgan.
Tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, oliy o‘quv yurtlariga kirayotgan shaharlik yoshlar qishloqdagi tengdoshlariga qaraganda ikki hissa ko‘p. Oliy ta’lim muassasalari talabalari orasida xotin-qizlar ulushi 37 foizga teng. Daromadi past toifaga mansub 25 — 30 yoshdagi respondentlarning atigi 3 foizi oliy ma’lumotli. Zotan, daromadi yuqori toifadagilarda bu ko‘rsatkich 23 foizni tashkil qilmoqda.
Kasbiy tanlov hamda iqtisodiy imkoniyatlar
O‘qishni bitirgach, uyda o‘tirib qolayotgan yoshlar orasida ayollar salmog‘i ancha yuqori — 51 foiz. 18 yoshdan keyin mazkur ko‘rsatkich yanada ortib, 74 foizga yetmoqda. Buning sababini qizlar oila yumushlari hamda daromad topish uchun boshqa joyga ko‘chib o‘tish imkoniyatining cheklangani bilan izohladi.
Qishloq yoshlari shaharliklarga qaraganda oliy ta’lim muassasalariga kamroq kiradi, shu bois, ularda tadbirkorlikka qiziqish yuqori. Ishlayotgan respondentlarning 35,7 foizi xususiy sektorda band. Davlat idoralarida faoliyat ko‘rsatayotganlar ham taxminan shuncha.
O‘zbekistonda startap loyihalarga asosan qishloq yoshlari qo‘l urmoqda. 17,5 foiz respondent shuning orqasidan shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yganini qayd etgan.
Respondentlarning 28,7 foizi ta’lim, 26,3 foizi ilm-fan, 22,9 foizi tibbiyot, 21,7 foizi biznes va menejmentga qiziqishini aytgan. Amalda esa qurilish ob’yektlari (14,4%), qayta ishlash sanoati (10,6%), dehqon va fermer xo‘jaliklarida (9,8%) mehnat qilmoqda.
Respondentlarning 63,4 foizi ish, birinchi navbatda, qiziqarli bo‘lishi kerak, hisoblaydi. Qiziqarli deganda ular o‘zlari topgan ishni nazarda tutgan. Taassufki, 17,8 foiz yoshlar ota-onasining qarshiligi sababli oliy ma’lumotli bo‘lish orzusidan voz kechmoqda. Shundan 20,8 foizi qizlar. Inchunin, hisob-kitoblarga qaraganda, O‘zbekistonda oliy ma’lumotli mutaxassis maktab yoki kollej bitiruvchisiga qaraganda o‘rtacha 55% yuqori maosh oladi.
19,8 foiz respondent (26,3% - erkaklar, 17,3% - ayollar) uchun kasb tanlashda maosh hal qiluvchi o‘rin tutadi. Qishloqdagi xotin-qizlar 1 million so‘m (taxminan 100 dollar.) Oylikka ham qanoat qilishga rozi. 3-5 million so‘m — yoshlar uchun yaxshi oylik hisoblanadi.
Ish topishdagi muammolar
Yoshlarning ishga joylashishiga uchta asosiy omil to‘sqinlik qilmoqda: o‘zi xohlagan mutaxassislikni egallash uchun mablag‘ning yo‘qligi; oliygohga kirish uchun pul yoki tanish-bilishning yo‘qligi; ota-onaning qistovi. Oxirgisi ayollar hayotida ikki baravar ko‘p kuzatilmoqda.
Uyda o‘tirgan yoshlarning yarmidan ko‘pi xotin-qizlar bo‘lib, erkaklar salmog‘i 14 foizni tashkil qiladi. 52 foiz holatda respondentlar oila a’zolarini parvarishlashga majburligi tufayli o‘qish va ishlashdan voz kechmoqda. Boshqa sabablar sifatida kontrakt to‘lashga sharoitning yo‘qligi (17,9%) hamda o‘qishga kira olmaslik (17,1%) ko‘rsatilgan.
Oila qurgan ayollarning 88,1 foizi ishlamaydi. Ko‘p hollarda bunga ularning turmush o‘rtog‘i va qaynonasi to‘sqinlik qilmoqda.
Internet va kompyuter texnologiyalari
Respondentlarning 86,9 foizi axborot texnologiyalarini chuqurroq o‘zlashtirishga qiziqish bildirgan. Shundan 37,8 foizi, jumladan, qishloq joylarida istiqomat qilayotgan xotin-qizlar kompyuterdan umuman foydalana olmasligini aytdi. Internetdan foydalanishni bilmaydigan yoshlar salmog‘i esa 53,9 foizni tashkil qiladi.
Ba’zi yoshlar internetni foydali axborot resurslar, ish va ta’lim uchun qulay instrument sifatida qabul qilsa, boshqalari «vaqt o‘g‘risi» hamda yot g‘oyalar makoni, deb tushinishadi. Bunday holat jamiyatda raqamli tengsizlik mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Manba: Uzanalytics.com
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter