«Yonimizdagi quvurdan gaz o‘tsa-yu biz tezakda o‘tirsak?!»
Savrak qishlog‘i Shofirkon tumani markazidan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. 2016-yilning may oyida quvurlar ta’mirlanishi vaji bilan qishloqdagi 958 ta xonadon tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yildi. Mana, oradan uch yil o‘tdi, biroq hamon quvurlar tarmoqqa ulanganicha yo‘q. Bu orada qishloqdagi 810 xonadon hashar yo‘li bilan alohida, yangi tarmoq yotqizib, tabiiy gaz xizmatidan foydalanish imkoniyatini qildi. Ayni vaqtda esa 187 xonadon (qishloq aholisining 4/1 qismi), shuningdek, 180 o‘rinli «Tinchlik» maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 640 o‘rinli 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tarmoqdan uzilganicha qolmoqda.
«Pul havoga uchadimi?..»
Mutasaddilar va’dadan nariga o‘tavermagach, qishloqning qolgan aholisi o‘zlari harakatga tushdi. Avvaliga qishloqning gazsiz qolgan qismiga hashar yo‘li bilan (2,4 km masofaga!) tabiiy gaz quvuri tarmog‘i yotqizish uchun «Tinchlik» MFYda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda quvurlarini almashtirish, kerakli jihozlarni sotib olish, payvandchilarning xizmat haqi va hokazo chiqimlarni qoplash maqsadida homiylar topish, yetmaganiga aholidan ixtiyoriy pul yig‘ish muhokama etildi. Shu tariqa ish boshlandi. Barcha sarf-xarajatlar hisobga olingan holda har bir xonadondan ixtiyoriy ravishda 700 000 (yetti yuz ming) so‘mdan pul yig‘ildi. Buxoro viloyat hududiy gaz ta’minoti bo‘limining 2018-yildagi 207-sonli xatiga ko‘ra, aholi tomonidan loyiha asosida gaz quvurlari tortilgan. Tabiiy gazga ulanishga o‘n kunlar qolganda tumanlararo 6-sonli gaz uchastka boshlig‘i Hamza Muqimov MIBga borib, oldingi qarzdorliklarni to‘lash lozimligi haqida xabar keltiradi. Bu masala ham aholi tomonidan ikki kunda hal etiladi. Biroq...
«Quvurdan gaz o‘tsa-yu biz tezakda o‘tirsak...»
Qishloqning tarmoqdan uzilishi va qayta ulanishlarga to‘siq bo‘layotgan holatlarga oydinlik maqsadida mahalliy fuqaro bilan suhbatlashdik.
«Barcha ishlar amalga oshirilgach, qishloqning qolgan 4/1 qismini tabiiy gazga ulashga ikki kun qolganda hammasi bekor qilindi. Sababini so‘raganimizda, biz xabardor bo‘lmaganmiz, o‘zboshimchalik bilan qilingan, degan vajlarni ko‘rsata boshlashdi. Ishni boshlashimizdan oldin «Buxorogaz» HGT filiali rahbari O‘ktam Abdiyev shaxsan xonadonimizga bir necha bor keldi, aholi bilan uchrashdi. Xalqning oldida eski va nosoz quvurlarni hashar yo‘li bilan ta’mirlash va sozlash, shuningdek, hisoblagichlarni ham yangi, tejamkoriga almashtirish lozimligini ham aytdi. Bundan tashqari, Shofirkon-Vobkent 6-sonli gaz ta’minlash uchastkasi rahbari Hamza Muqimov ham «ruxsat oldim, faqat endi gaz liniyasi proyektlarini mutaxassislar bilan birgalikda tayyorlash kerak. Shunga ozgina vaqt ketadi, kutib turinglar» dedi. Bunga ham ko‘ndik. Oradan olti oy o‘tdi. Ammo natija bo‘lmadi. Shundoq yonginamizdagi trubadan tabiiy gaz o‘tsa-yu biz o‘tin va tezakda o‘tirsak?!» — deydi savraklik fuqaro Yunus Shukurov.
E’tibor bering: tabiiy gazga qayta ulanish uchun aholi hashar yo‘li bilan 130 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflagan. Shuncha pul, shuncha mehnatga qaramay xonadonlar tarmoqqa ulangani yo‘q. Bir necha nafar qishloq aholisi shu yil viloyat hokimi tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarga shikoyat bilan borishgan. O‘ktam Abdiyev esa har ikki holatda ham aholi vakillari oldida o‘zi chiqib, ularni tinchlantirish maqsadida «tez orada muammolari hal etilishi» va’dasini bergan. Ammo...
«...Ammo qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib qaytardi. Qabuliga borganimizda esa «Ishdan ketsam ketamanu, lekin senlarga gaz bermayman, qayerga murojaat qilsang qilaverlaring...» deya po‘pisa qildi. Savollarimizga «ishlar smetasiz qilingan», degan javob bilan kifoyalanmoqda. Aholidan hashar orqali pul yig‘ilganidan hamma xabardor, metall trubalar o‘lchami, ularning yotqilishi, qanday tartibda o‘rnatilishiga yo‘l-yo‘riq berishdi, endi hujjatlashtirishga kelganda, hech kim ko‘maklashmayapti. Og‘zaki ruxsat va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilgan, faqat ulash joyi qolganda, biz xabar topdik, degan iddaodan nariga o‘tishmayapti, — so‘zida davom etdi Yu.Shukurov. — Quvurlar ulanishi chog‘ida loyihalash institutidan vakil kelib, proyekt ham chizildi. To‘g‘ri, pul yig‘ilishida mahalla ishiga aralashilmagan, ammo holatdan xabardor va o‘zlari maslahat berib turishgandi».
«Mutasaddilar xabardor. Hujjatlar tayyor emas...»
«O‘ztransgaz» AJ «Buxorogaz» HGT filiali, Shofirkon-Vobkent 6-son uchastka boshlig‘i Hamza Muqimov ikki oycha ilgari texnik shartnoma va proyektni loyihalash institutiga topshirganini, lekin, negadir, oqsayotganini bildirdi: «Men bu yerga rahbar bo‘lib kelganimda 2 kilometru 400 metr gaz trubalari yotqizilgan edi. Pul yig‘ilgani va ishlar bajarilayotgani haqida rahbariyatni o‘z vaqtida xabardor qilgan edim. Biz topshiriq bajaradigan tashkilot bo‘lsak. Hali qog‘oz-qalamlar tayyor emas. Bundan tashqari, texnik shartnoma ham, loyiha ham yo‘q. Aslida, men aholi nomidan vakillar borishganda, ulardan o‘shanda pul yig‘maslikni va gaz trubalarini tortmaslikni so‘raganman. To‘g‘risi, shu masalada o‘zim ham qiynaldim».
«Buxorogazta’minot» filiali boshlig‘i Sirojiddin Avezov esa aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan gazquvurlari o‘tkazilgach, ulanish masalasi muammoga aylanganini bildirdi: «Qishning sovuq kunlari kelishi bilan xonadonlarda tabiiy gazga bo‘lgan talabning oshishi natijasida, uning ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga chiqa boshlaydi. Quyi Savrakda esa gaz quvuri o‘tkazish bo‘yicha hech qanday hujjatlar tayyorlanmagan. Texnik shartnoma berilmagan. Kuz-qish mavsumida esa aholini kafolatlangan yoqilg‘i, ya’ni suyultirilgan gaz bilan bilan ta’minlash belgilangan. Viloyatning 50 foizi aholisi tabiiy gazdan foydalanayotgan bo‘lsa, 50 foizi suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. Hududiy gaz idoralari o‘z ixtiyori bilan birorta hududni tabiiy gazga ulab ham berolmaydi, uzib ham qo‘ya olmaydi. Xo‘sh, biz qaysi hujjat bilan bu hududni tabiiy gazga ulab berishimiz mumkin. Agar ushbu hududni ulab bersak, o‘z-o‘zidan boshqa hududlar ham tabiiy gaz tarmog‘iga ulab berish talabi bilan chiqa boshlashadi. Haqiqiy bosim va ta’minlash imkoniyati, soatlik sarfi hisoblangan holda imkoniyati bo‘lsa ruxsat beradi, yo‘qsa, ruxsat berilmaydi!»
Ana, bo‘masam: «Tabiiy gaz – o‘simta kasalligini rivojlantiradi...»
Senator, O‘zbekiston Qahramoni Azim Latipov, shuningdek, O‘zLiDEP tuman Kengashi vakillari ham aholi murojaati bo‘yicha viloyat gaz rahbari bilan bir necha marotaba uchrashishgan. «Viloyatda juda ko‘p hudud tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan. Agar biz aholi qo‘yayotgan talabga ko‘ra, ushbu hududda tabiiy gazni yoqib bersak, boshqa hududlar ham ulanish bo‘yicha talab qo‘ya boshlashadi», degan bir xil javob olishgan. Yuqori turuvchi davlat tashkilotlariga bir necha marta xat chiqarilishi va holatlar o‘rganilishiga qaramay, muammo hal etilmagan.
— Savrakliklar bilan yuz marta gaplashganman, bir yuzi o‘n marta gaplashganman. Ular o‘sha gazni ulab berishni xohlashadi, men esa ulolmayman. Hech kim ularga pul yig‘, quvur tort, demagan. O‘zboshimchalik bilan pul yig‘ib, qilgan ishini «Buxorogazta’minot» bo‘yniga yuklamoqchi. Men ishdan ketsam ham bu ishni qilmayman, deb aytganim rost. Ayni kunlarda tabiiy gaz ishlab chiqarishga yo‘naltirilib, elektr energiyadan ko‘proq foydalanish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Chunki elektr energiyasi xavfsiz. Tabiiy gaz – zaharli hisoblanib, u yillar davomida odam tanasida turli o‘simta kasalliklarining rivojlanishiga olib keladi», — deya holatga izoh berdi «Buxorogazta’minot» rahbari O‘ktam Abdiyev.
Har ikki gapning birida: «Agar ushbu hududni ulab bersak, o‘z-o‘zidan boshqa hududlar ham tabiiy gaz tarmog‘iga ulash berish talabi bilan chiqa boshlashadi» degan javob bilan kifoyalanayotgan mutasaddilar nahot oylar davomida mablag‘ yig‘ilib, 130 million so‘mlik ishlar bajarilguncha tomoshabin bo‘lib turavergan?! Ishonish qiyin. Rost-da, kilometrlab quvur tortish pinhona va bir kunda amalga oshiriladigan ishmas, axir?!
Moli borlar tezak yoqadi, qolganlar-chi?!
Aholi bilan suhbatlashar ekanmiz, ular qishni rezina kalish, turli chiqindilar va tezak yoqib o‘tkazishlarini aytishdi. Bildirilishicha, qishloqda odamlar tomorqalarida mevali-mevasiz daraxtlar tugab bormoqda. Hatto, ilojsizlikdan hudud yaqinidagi «Gavorapo‘shon» qabristoni atrofidagi daraxtlarni ham kesib, o‘g‘irlab ketishgan.
— O‘tgan yil qishda o‘tinimiz tugab qoldi. Mol-holi borlar tezak yoqishadi. Erim vafot etgan. Men ikki bolamni otasiz o‘stiryapman. Ro‘zg‘orni zo‘rg‘a tortaman. Molim yo‘q. Xo‘sh, men nima qilay? O‘tgan yil qishda qo‘shnilarning ikkita gujum daraxtini ayol boshim bilan kesib, uyimni isitishga majbur bo‘ldim. Bolalarimiz ko‘rpaga o‘ralib olib, dars qilishadi. Nogiron va keksalar sandalda o‘tirishadi. Hokim ham, muovinlar ham biladi buni, ko‘rib turishibdi, lekin e’tibor ham, ko‘mak ham yo‘q, — dedi Mehriniso Boltayeva. — Tasavvur qiling, bittagina ariqdan hatlab o‘tgudek tomonda yashayotgan aholi gazdan bemalol foydalanib, issiq uyda istiqomat qilishmoqda. Bu tomondagi xonadondagi ahvol esa achinarli darajada.
Maktabga o‘quvchilar o‘tin bilan keladi. Bog‘chada o‘choqda ovqat pishadi
Hududdagi 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari qish-qirovli kunlarda darslarga o‘tin, tarasha ko‘tarib kelar ekan. Yetkazilayotgan ko‘mirlar sifatsiz... O‘quvchilar darslarni qalin kiyimlarda, sovqotib o‘tkazishadi.
Hududdagi 7-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi hamshirasi Feruza Kenjayeva ham achinarli ahvoldan so‘zladi: «...Joriy yilda homiylar tomonidan maktabgacha ta’lim muassasamiz imkoniyatlari yaxshilandi. Hashar yo‘li ko‘magi bilan tabiiy gaz trubalari o‘rnatildi. Ammo natija yo‘q. Muassasa 8 ta guruhdan iborat. Qishda xonalarni isitish uchun karnayli pechlardan foydalanamiz. Baribir, foydasiz, xonalar isimaydi. Texnik qoidalarga qanchalik rioya qilsak-da, karnay ulanish joylaridan tutun chiqib, bolalar ko‘zini achishtirib tashlaydi. Yozda o‘choqda ovqat pishiramizga to‘g‘ri keladi».
Eng qizig‘i, qishloqning bir nechta xonadonlari haligacha suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmagani va ular ushbu masalada ham sarson bo‘lishayotir. Aholi qish-qirovli kunlarda «burjuyka» pechkalaridan foydalaniladi. Qishloq bolalari shamollab qolayapti, uylar o‘tin va tezakda isitilib, o‘tinda ovqat pishirilayapti. O‘tin va tezak yonayotgan pechkalar yonida qishda isinib o‘tirgan quyi savrakliklar «Yoshlarimiz Rossiyada, pul ishlagani ketishgan. Ko‘rinishidan, endi qishloqda erkak zoti qolmaydiganga o‘xshaydi, hamma tirikchilik deb ketadi, boshqa yo‘li yo‘q», — deyishdi.
Shofirkon tuman hokimi o‘rinbosari Fazliddin Mirzayev tabiiy gazga ulanish ortida xalqni tashvishlantirayotgan katta muammo yotganini, tez orada uning ijobiy yechimi bo‘yicha chora belgilanishini ma’lum qildi.
Ko‘ramiz. Va mavzuga qaytamiz.
Laylo Hayitova,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter