Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ham ID-karta» — Elektron hukumat mutaxassisi Estoniya va Moldovada bo‘ldi

«Yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ham ID-karta» — Elektron hukumat mutaxassisi Estoniya va Moldovada bo‘ldi

Joriy yilning 20 – 28-oktyabr kunlari Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi mutaxassisi Davron Ahmedov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda davlat xizmatlarini rivojlantirish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish hamda davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha Estoniya va Moldova davlatlarida malaka oshirib qaytdi.

Maqsad zamonaviy IT yechimlarni qo‘llagan holda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, shuningdek, davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganishdir.

Estoniyadagi birinchi kun

Dastlab Estoniya Ichki ishlar vazirligining Tallindagi politsiya ofisida jismoniy shaxslarga ID-karta berish jarayonlari bilan tanishildi. Jumladan, xizmatni ko‘rsatishda qo‘llaniladigan axborot tizimlari, ID-kartaga kiritiladigan ma’lumotlar tahlil qilindi.

Bunda jarayonlar to‘liq avtomatlashgan bo‘lib, ID-kartaga rasmga tushish, barmoq izlarini olishda ma’sul xodimlar qatnashmaydi. Talabgor maxsus qurilmalar bilan jihozlangan alohida kabinalarga kirib, mustaqil ravishda rasmga tushadi va barmoq izlarini qoldiradi. Eng muhimi, butun amaliyot bir joyda amalga oshiriladi.

Yana bir e’tiborli jihati, Estoniyada yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ham ID-karta beriladi.

Bu davlat xorijliklar uchun ham qulayliklar yaratgan. Masalan, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan ma’lum bir mezonlar asosida “m-residency” kartalari taqdim etiladi. Ular orqali barcha xizmatlardan onlayn foydalanish mumkin. Faqat oliy hokimiyat uchun bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etish imkoniyati yo‘q.

Ikkinchi kun

Iqtisodiyot va aloqa vazirligining mas’ul mutaxassisi M.Rallman Estoniyada davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi, “Elektron hukumat” tizimi hamda davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslar bilan, shuningdek, tashkilotlararo elektron muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularni moliyalashtirish manbalari, bazalardan foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar haqida seminar trening o‘tkazdi.

Vazirlikning yana bir mutaxassisi R.Kotsjuba esa davlat xizmatlarini elektron ko‘rinishga o‘tkazishda foydalaniladigan yechimlar hamda mavjud jarayonlarni BPR qilish bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

So‘ngra vazirlik tashabbusi bilan tez tibbiy yordamga fuqarolardan kelib tushadigan murojaatlarni tizimli ravishda BPR qilinganligi ko‘rsatib berildi.

Bunda tez tibbiy yordamga kelib tushadigan murojaatlar to‘rt bo‘limga ajratilib, oddiy isitma yoki bolada kuzatiladigan yengil kasalliklarda operatorlar tomonidan ota-onalarni xotirjam qilish uchun tavsiyalar yoki zarur hollarda dori yozib beriladi. Surunkali kasalliklar qaytalanishida ham tegishli maslahatlar bilan cheklaniladi. Biroq yiqilish, qon ketishi va boshqa halokatlarda tez tibbiy yordam mashinasi yuboriladi.

Kunning ikkinchi yarmida “Estonian e-Governance Academy” mutaxasissi A.Kiirats “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish bo‘yicha seminar o‘tkazdi. Mashg‘ulot yakunida esa barchani 2022 yil 10 – 12 may kunlari Akademiya tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “E-Governance” xalqaro konferensiyasiga taklif etdi.

Shu kunning o‘zida Ozarbayjon hamda Estoniya “elektron hukumat” tizimi doirasida bir qator loyihalarni amalga oshiruvchi “Best Solution” xususiy konsalting firmasi direktori D.Gussev bilan uchrashuv ham tashkil etildi. Unda ikki davlatning “elektron hukumat” tizimi, xususan, shaxslarni identifikatsiya qilish bo‘yicha zamonaviy yechimlar (ID karta, Mobile ID, Smart ID) bo‘yicha tajriba almashildi.

Taklif:

Mobile ID hamda Smart ID loyihalaridan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va boshqa axborot tizimlariga kirish jarayonida qo‘llash mumkin.

Bunda, Android va IoS uchun maxsus mobil ilova ishlab chiqish, ushbu mobil ilova orqali shaxsni identifikatsiya qilish, bu orqali xorijdan turib faqat internet orqali davlat xizmatlaridan elektron ko‘rinishda foydalanish imkoniyatini yaratish mumkin.

Yuqoridagi mobil ilovadan foydalangan holda bosqichma-bosqich Elektron raqamli imzoni majburiy tartibda talab qilish amaliyotidan voz kechsa bo‘ladi.

Uchinchi kun

Estoniya Respublikasi Moliya vazirligi mutaxasissi P.Ristkok “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishning mintaqaviy jihatlari” mavzusida seminar o‘tkazdi. Unda bugungi kunda Estoniyadagi ma’muriy islohotlar, davlat boshqaruvini ixcham hamda soddalashtirishning amaldagi holati, erishilgan yutuqlar, ma’muriy islohotlarning boshlanish asoslari, o‘tkazish jarayoni hamda islohotdan keyingi natijalar haqida so‘z bordi.

E’tiborli jihati, Estoniyada vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha nazorat qiluvchi organ mavjud emas. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholi va davlat organlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmat bor.

P.Ristkok davlat boshqaruvi va ma’muriy sohadagi islohotlar mamlakat iqtisodiyotiga katta foyda keltirganini ta’kidlar ekan, bu islohotni puxta o‘ylab, shoshmasdan amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Moldova Respublikasidagi birinchi kun

Dastlab Elektron hukumat agentligi direktori Olga Tumuruk bilan uchrashuv tashkil etilib, u agentlik faoliyati, asosiy maqsad va vazifalar, funksiyalar bilan tanishtirdi. So‘ngra direktor o‘rinbosari Vlad Manoil mamlakatning “Elektron hukumat” tizimi infrastrukturasi, mavjud muammolar hamda kelajakdagi rejalar haqida gapirdi.

Berilgan ma’lumotga ko‘ra, Agentlik yaratgan platforma orqali fuqarolar 54 ta muassasa tomonidan ko‘rsatiladigan 87 ta davlat xizmatini elektron ko‘rinishda olishi mumkin.

Boshqarma boshlig‘i Igor Arame esa elektron hamkorlik, ya’ni “X-Road” platformasi orqali shaxsga doir hamda boshqa ma’lumotlarni davlat organlari va muassasalaridan olish, o‘zaro almashinish tartibi to‘g‘risida gapirib berdi.

Taklif:

“X-Road” platformasidagi mavjud imkoniyatlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasining 2-talqinida qo‘llash;

Vazirlik va idoralar tomonidan YaIDXPda tashkil etilgan shaxsiy kabinet orqali olinadigan bevosita shaxsga doir ma’lumotnoma va axborotlarni YaIDXP foydalanuvchisining shaxsiy kabinetida aks ettirish imkoniyatini yaratish;

“Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga vazirlik va idoralarning axborot tizimini integratsiya qilishda (VPN kanal) Elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘iga ulanish tartibini bekor qilish hisobiga, “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga xavfsizlik serverlarini joylashtirish;

“Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadigan ma’lumotlarni qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartibda xususiy sektorga sotish amaliyotini joriy qilish.

Kuning ikkinchi yarmida mas’ul xodim tomonidan chekka tuman va qishloq joylarda davlat xizmatlarini ko‘rsatish holati bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Xususan, hozirgi kunda pilot loyiha sifatida ishlab chiqilayotgan “CUBS” tizimi, uning maqsadi, moliyalashtirish manbalari hamda mazkur tizim birinchi navbatda aholining IT salohiyati va bilimini oshirish uchun xizmat qilishi ta’kidlandi.

Taklif:

Bugungi kunda YaIDXPning maxsus moduli (postal.gov.uz) yaratilib, “O‘zbekiston pochtasi” AJ filiallariga qarashli jami 1 796 ta aloqa bo‘limlaridan 927 tasida (52%) 34  turdagi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

Moldovada pilot loyiha sifatida ishlab chiqilayotgan “CUBS” tizimida, avvalo, aholining IT salohiyati va bilimini oshirish belgilangan. Mazkur pilot loyihani o‘zimizning pochta aloqa bo‘limlarida qo‘llash aholining mustaqil ravishda elektron davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga yordam beradi.

Ikkinchi kun

Moldova Respublikasi Adliya vazirligi hamda Davlat xizmatlari agentligi faoliyati yaqindan tanishtirildi. Xususan, Adliya vazirligi mas’ullari Petru Virlan, Nikolay Bujor hamda Nikola Ieskular vazirlikning asosiy vazifa va funksiyalari, tuzilmasi, jamiyatdagi o‘rni haqida axborot berishdi.

Jumladan, elektron apostil davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi, notariat va advokatura sohasini tartibga solish, aholiga notariat hamda sud sohasida davlat xizmatlarini taqdim etishda elektron hamkorlik, axborot tizimlarini ishlab chiqish, ko‘chmas mulk hamda avtomototransport vositalari reyestrlari tizimidan foydalanish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini qabul qilish, Adliya vazirligi tomonidan jazoni ijro etish muassasalari faoliyatining boshqarilishi, yuridik kadrlarni tayyorlash kabi sohalar haqida so‘z bordi.

Kuning ikkinchi qismida mamlakatning Davlat xizmatlari agentligi faoliyati bilan boshqarma boshlig‘i Pavel Shunkalyov tanishtirdi.

Xususan, Moldovada Davlat xizmatlari agentligi 2017 yil 26 mayda tashkil etilib, uning 189 ta hududiy ofisi, 40 ta ko‘p funksiyali markazi, 51 ta transport vositalari va haydovchilikni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi mavjud. Hozirgi kunda ular tomonidan 248 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatiladi (transport vositalari sohasida 25 ta, haydovchilikni rasmiylashtirish sohasida 13 ta, FHDYo va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni berish sohasida 62 ta, kadastr sohasida 59 ta, yuridik shaxslarni ro‘yxat o‘tkazish va litsenziyalash sohasida 37 ta va boshqa sohalarda 52 ta). Shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Agentlik tomonidan elektron navbatlarni boshqarish, elektron yozib olish, xizmat ko‘rsatish tizimini baholash va ularni optimizatsiya qilish jarayonlari, xalqaro ISO sertifikatlarining olinishi bo‘yicha ham ma’lumotlarga berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring