Uzluksiz ish staji bo‘lmagan ayollarga «dekret puli» to‘lanmaydimi? – Ekspert javob beradi
Prezident ning joriy yil 7-martdagi PF-87-son Farmoniga muvofiq 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarga oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanishi aytilgan edi.
Shu o‘rinda ayrim yurtdoshlarimizda mazkur tartib 6 oy uzluksiz ish stajiga ega bo‘lmagan ayollarga tegilshi emasmi degan mazmundagi savollarni paydo qilayapti.
Ushbu savolga javob olish maqsadida TDYuU Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi Muhammadamin Karimjonovning fikrlarini oldik.
Avvalo Farmonda nazarda tutilgan mehnat huquqiga oid yangi tartib haqida...
Ushbu tartibga ko‘ra, xodimga davlat budjeti hisobidan mazkur nafaqaning to‘lanishi uchun ayol kamida uzluksiz 6 oy davomida tashkilotda ishlagan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari quyidagi shartlar ham bajarilishi kerak:
- xodim yagona milliy mehnat tizimida rasman band bo‘lishi, unga korxona tomonidan elektron mehnat daftarchasi ochilgan bo‘lishi;
- shuningdek, 6 oy davomida xodimning Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida daromadlari va soliq to‘lovlari aks ettirilgan bo‘lishi kerak.
Nafaqa faqatgina 2022-yilning 1-sentyabridan boshlab «dekret»ga chiqqan ayollarga to‘lab beriladi.
Ko‘pchilikda oldin budjetdan tashqari tashkilotda ishlovchi ayollarga «dekret puli» to‘lab berilmagan ekanda, endi Prezident farmoni qabul qilingach to‘lanadigan bo‘libdida degan fikr tug‘ilgan bo‘lsa kerak.
Aslida Mehnat kodeksi 233-moddasiga ko‘ra, ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
«Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga ko‘ra, 2007-yil 1-yanvardan boshlab vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlarga nafaqa to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar:
– budjet tashkilotlari tomonidan — mehnat haqi jamg‘armasiga ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida;
– xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan — foyda solig‘ini hisoblashda mazkur xarajatlar soliqqa tortiladigan bazadan chiqarib tashlangan holda shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Demak, PF-87-son Farmon qabul qilungunga qadar ham xususiy tashkilotlarda ayollarga homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lab kelingan.
PF-87-son Farmon bilan xususiy sektorda band bo‘lgan ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasining bir qismi budjetdan kompensatsiya qilinadi. Agar budjetdan tashqari tashkilotda ishlovchi ayol oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lmasa Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanmaydi. Bu holatda nafaqani ish beruvchi to‘liq o‘zi to‘liq to‘laydi. Agar ayol oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lsa, har oy uchun davlat tomonidan minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Bugungi kunda bir oyda kishi boshiga minimal iste’mol xarajatlari 498 ming so‘mni tashkil etadi.
Masalan, A. ismli ayolning 126 kalendar kun uchun homiladorlik va tug‘ish nafaqasini taxminan 6 million deb olsak, agar u oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lsa, davlat tomonidan taxminan 2 million (4 oy * 498 ming so‘m) so‘m nafaqa to‘lab beriladi. Ya’ni bu holatda 4 million so‘m ish beruvchi tomonidan, 2 millionini esa davlat to‘laydi.
Agar yuqoridagi A. ismli ayol oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lmasa, u holda 6 millionni barchasini ish beruvchi o‘zi to‘liq to‘laydi.
Ish beruvchi xodimga «dekret puli»ni to‘lab bermasachi?..
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-3-moddasiga ko‘ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlash, BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, BHMning o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar mehnat huquqlaringiz buzilsa, hududingizdagi mehnat inspeksiyasiga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qiling. Yoki quyidagi ishonch raqamlariga telefon qiling:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi – (+998)71 200 06 00
Bosh prokuratura – 1007;
Adliya vazirligi – 1008.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter