Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

«Urush ortidan Yevrosiyo bozori mexanizmi buzildi. Italiya shundan foydalanmoqchi» – siyosiy tahlilchi

Joriy yilning 7-9 iyun kunlari O‘zbekiston prezidenti 3 kunlik davlat tashrifi bilan Italiyada bo‘ldi. Tashrif davomida Italiya hukumati bilan juda ko‘p yo‘nalishlarda shartnomalar imzolandi. Biz bugun shu mavzuni muhokama qilish uchun suhbatga siyosatshunos Jahongir Akramovni taklif etganmiz.

– Keling, suhbatimiz boshida birinchi ma’muriyat davridagi O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi aloqalarga to‘xtalib o‘tsak.

– Avvalo, har qanday jarayonni tahlil qilishda undan oldingi tarixiy davr bilan qiyoslash mavzuni to‘liq yoritish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, birinchi navbatda, xalqaro huquq sub’yekti sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga harakat qilgan. Bilamizki, xalqaro munosabatlarda Yevropa Ittifoqining o‘rni juda katta. Birinchi galda bu tashkilot demokratik davlatlar ittifoqi va iqtisodiy jihatdan dunyoda 2-3 o‘rinda turuvchi markaz hisoblanadi. Bundan tashqari, Germaniya, Fransiya va Italiya G7 a’zosi hisoblanadi. Shuning uchun birinchi ma’muriyatimiz davrida Italiya bilan ham hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga harakat qilingan. Lekin bu hamkorlik boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda kech boshlangan.

Mustaqillik boshida O‘zbekiston asosan Germaniya va Fransiya bilan yaxshi aloqalar o‘rnatgan. Masalan, birinchi prezident Islom Karimovning Fransiya rahbarlari Jak Shirak va Fransua Mitteran bilan munosabatlari yaxshi bo‘lgan. Italiya bilan aloqalar 1996 yilda Florensiyadagi Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik bitimi asosida huquqiy asosini topgan va sekin-asta rivojlanib borgan. 1997 yilda O‘zbekistonga Italiya bosh vaziri Romano Prodining kelishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishiga sabab bo‘lgan.

Lekin ob’yektiv qaraganda, O‘zbekiston va Italiya munosabatlari 2016 yilgacha bir tekisda ketmagan. 2000 yillar boshida O‘zbekiston AQSh va G‘arb davlatlari bilan juda yaqin bo‘lgan. Biroq 2005 yildan so‘ng Yevropa davlatlari bilan aloqalarimiz uzilgan. O‘zbekiston Italiyadan ko‘ra, Chexiya bilan faol diplomatik aloqalar olib borgan. Masalan, Chexiya rahbari O‘zbekistonga ko‘proq kelgan edi.

– Nega boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda Italiya bilan munosabatlar faol bo‘lmagan?

– Birinchidan, Italiya iqtisodiy jihatdan Fransiya, Germaniya va AQShdan ancha orqada. Ikkinchidan, Italiyaning Rossiya bilan munosabatlari ancha yaxshi bo‘lgan. Ya’ni, Italiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni Rossiya orqali o‘rnatgan. Buning ustiga, Italiyada hukumat tez-tez almashib turadi. Hokimiyat tez-tez almashib turgani tufayli davlatning keng tashqi siyosat yuritishi qiyin bo‘ladi. Bundan tashqari, Yevropa integratsiya, 2009 yildan keyin AQShning Afg‘onistondan sekin-asta chiqib ketishi, 2011 yilda arab mamlakatlarida «arab bahori»ning boshlanishi, migratsiya inqirozi kabi jarayonlar Italiyaning Sharq davlatlari bilan o‘ta ehtiyotkor munosabat olib borishiga qisman sabab bo‘ldi. Umuman olganda, 2016 yilgacha O‘zbekistonning Italiya bilan aloqalari o‘ta yaqin ham emas, o‘ta uzoq ham bo‘lmagan.

– Italiya shu vaqtgacha Markaziy Osiyo mintaqasida uncha faol bo‘lmagan. Nega bugungi kunga kelib Italiya mintaqada faolligini oshirmoqda?

– Men Italiyaning Markaziy Osiyo mintaqasida siyosiy faolligining oshishini so‘ngi yillardagi geosiyosiy konfrontatsiya bilan bog‘lagan bo‘lar edim. 2022 yil 24 fevral kunidan boshlab xalqaro munosabatlarda yangi davr boshlandi. Ukraina va Rossiya urushi xalqaro munosabatlarning mavjud tizimini inqirozga uchraganini va butunlay yangi tizim kerak ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Urush natijasida G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan turli sanksiyalar kiritib, uni izolyasiya qilib qo‘ydi. Oqibatda an’anaviy Yevrosiyo bozorining mexanizmlari buzilib ketdi.

Rossiya asosan o‘zining energetik resurslarini Yevropaga sotib, undan texnologiya sotib olar edi. Bu har ikki tomonga uchun juda katta foyda edi. Ya’ni, mashhur geosiyosatshunos olim Karl-Xayns Gofmanning «Kontenental blok» konsepsiyasi asosida Germaniya va Markaziy Yevropa mamlakatlari Rossiya bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan edi. Bu tizimning inqiroziga uchrashi, Italiyani o‘zining tashqi siyosat konsepsiyasini qaytatdan ko‘rib chiqishga undadi. Yana bir boshqa omil, Xitoy ta’sirining oshib borishi.

– Markaziy Osiyoda ham Xitoyning ta’siri oshib bormoqda!

– Nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, hozir Rossiya moliyaviy tizimida yuanlashish kuchaymoqda. Rossiya asosan tashqi savdoni yuanda amalga oshirmoqda.

2022 yilda Italiyada Jordja Meloni boshchiligidagi o‘nglar hokimiyatga keldi. Bu hukumat ancha pragmatik tashqi siyosat yuritmoqda.

Uch omil: Ukraina va Rossiya urushi, Xitoyning ta’sir doirasining kengayishi hamda Italiyadagi yangi hukumatning tashabbuskorligi. Italiyaning Markaziy Osiyoda faolligini oshirdi.

Bilasizmi, hech qachon bozorda vakuum (bo‘shliq) bo‘lmaydi. Markaziy Osiyo o‘ziga xos bozor. Ya’ni, Markaziy Osiyo o‘z atrofidagi mamlakatlarga sanksiyalarni buzmagan holda savdo qilish imkoniyat yaratib bera olishi mumkin. Bu qaysidir ma’noda Rossiyaga foyda ham beradi.

– Joriy yilning 2 iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tdi. Mazkur sammit bilan davlat rahbarining Italiyaga safarida o‘zaro bog‘liqlik bormi?

– Hozirgi vaqtda Yevropa Ittifoqining Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlariga nisbatan munosabatlari keskin o‘zgardi. U o‘zining geosiyosiy mas’uliyatini his etmoqda. Men buni geosiyosiy o‘zlikni anglash deb atagan bo‘lar edim. Yevropa Ittifoqi tushundiki, faqatgina liberal qarashlar bilan Yevropada tinchlik o‘rnatib bo‘lmaydi. Shuning uchun Yevropa Ittifoqi Yevrosiyoda faollik ko‘rsatmoqda. Masalan, Kavkaz mintaqasida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik aloqalarini o‘rnatishda Yevropa Ittifoqining o‘rni katta.

Italiya Yevropa Ittifoqi a’zosi va tabiiyki liderlik uchun katta mamlakatlar o‘rtasida kurash mavjud. Hozirda Italiya Markaziy Osiyoda «S5+Italiya» loyihasini ko‘tarmoqda.

– Ko‘plab tahlilchilar Italiyaning mudofaa vaziri Gvido Krozettoning O‘zbekistonga kelishi va davlat rahbarini aynan mudofaa vazirining o‘zi Italiyada kutib olganiga urg‘u bermoqda. Italiya O‘zbekiston bilan xavfsizlik va mudofaa sohalarida hamkorlik qila oladimi?

– Xavfsizlik xalqaro hamkorlikning eng nozik yo‘nalishi. Italiyaning harbiy amaldorlarining O‘zbekistonga kelib turishi Afg‘oniston masalasi bilan bog‘liq. Italiya NATO bayrog‘i ostida Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan. Italiya o‘z navbatida jahon hamjamiyatining bir qismi sifatida Afg‘onistonda bo‘lishi mumkin bo‘lgan gumanitar inqirozlardan xavotir oladi va gumanitar yordam ko‘rsatadi. Bu o‘z navbatida xalqaro hamjamiyat oldida immijini belgilaydi.

O‘zbekistonning mudofaa doktirinasida O‘zbekistonning qaysidir davlat bilan harbiy hamkorlik qilishi boshqa bir davlatga qarshi qaratilmagani aytilgan. Italiya Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlay oladi deb ayta olmayman. Davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik birdaniga harbiy sohaga o‘tib ketishi uchun, avvalo, uning asoslari yaratilishi kerak. Hozircha, harbiy hamkorlik masalasida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida yaqinlikni ko‘rmayapmiz. Lekin Italiyaning harbiy tajribasidan va texnik salohiyatidan foydalanishimiz mumkin.

Hozir butun dunyoda geosiyosiy o‘zgarishlar davri boshlandi. Bu holatda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqining a’zosi bo‘lgan davlat bilan strategik hamkorlik aloqalar o‘rnatishi uning diplomatiyasi va tashqi siyosiy faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi.

Sardor Ali Nurmatov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring