Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tramp – demokratiyaga xavfdir...» Prezident va nomzod o‘rtasidagi bahs avjiga chiqmoqda

«Tramp – demokratiyaga xavfdir...» Prezident va nomzod o‘rtasidagi bahs avjiga chiqmoqda

Foto: «news.yahoo.com»

AQShning 46-prezidenti bo‘lish uchun kurash tobora qizimoqda. Barcha nomzodlar allaqachon 2 milliard dollar mablag‘ni sarflab bo‘lishdi. Saylovlar 2020-yil 3-noyabrda bo‘lib o‘tadi. Biroq ungacha partiyalar ichida yagona nomzodni aniqlash bo‘yicha raqobat kechmoqda. 25 nafar demokrat nomzod orasida hozircha yetakchilik Jo Bayden qo‘liga o‘tgan.

Jozef Bayden, hozirda 76 yoshda. Uning ota-onasi ajdodlari asli kelib chiqishi Angliya va Irlandiyalik bo‘lishgan. Delaver va Sirakuz universitetlarida tahsil oldi. San’at bo‘yicha bakalavr, huquq bo‘yicha fan doktori darajasiga ega bo‘ldi.

Delaver shtatining senatori sifatida oz emas-ko‘p emas, 36 yil ishladi (1973-2009) faoliyat ko‘rsatdi. Eng e’tiborlisi, senator etib saylanishning eng minimal yoshida u g‘alaba qozongan edi. Bu orqali u AQShning eng yosh senatori nomini oldi.

«Time» jurnali uni 1974-yildayoq «kelajakda tarixni yarata oladigan 200 nafar shaxs» ro‘yxatiga kiritgan edi.

1987-1995-yillarda Senatning sud qo‘mitasiga rahbarlik qildi. 1988-yilda bosh miyasi ikki qon tomirida anevrizm tashxisi qo‘yilgan edi. Shundan keyin u kasalxonaga olib kelinadi va shoshilinch operatsiya o‘tkaziladi. 7 oy o‘tib, to‘liq sog‘aydi va yana senatdagi ishiga chiqdi. 2001-2003 va 2007-2009-yillarda Senatning tashqi siyosat qo‘mitasi raisi sifatida ishlashi xalqaro munosabatlar sohasini chuqurroq tushunishiga xizmat qildi.

U ba’zan arman lobbisi manfaatlarini himoya qilgan. 1995-2007-yillarda Kongressda arman ishlari bo‘yicha guruh tarkibiga kirar edi. U Ozarbayjonga qarshi me’yoriy hujjat qabul qilinishi, Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ga moliyaviy yordam ko‘rsatilishi uchun ovoz bergan.

1987-yilda AQSh prezidentligi uchun nomzodini ilgari surdi. Biroq talabalik yillaridagi ommaviy ma’ruzalarni ko‘chirib olganlikda (plagiatlikda) ayblandi va boshlanayotgan katta mojaro tufayli o‘z nomzodini qaytarib oladi.

2008-yilga kelib prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qayta ilgari surdi. Biroq bu gal ham yaxshi bahona topildi. Senatning yangi muddatidagi saylovlarga e’tibor qaratish bahonasida o‘z nomzodini chaqirib oldi.

Yana bir nomzod Barak Obama esa 2008-yil 23-avgustda Baydenni AQSh vitse-prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatgandi. Bu ikki siyosatchi o‘rtasida albatta, katta kelishuv bo‘lgani aniq va Bayden mamlakatda ikkinchi odam bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan bermaslik uchun ham o‘zi o‘yindan chiqdi.

Foto: «24tv.ua»

Xullas, 2009-2017-yillarda Barak Obamaga vitse-prezidentlik davrida katta siyosat qozonida obdon pishdi. 2017-yilda Pensilvaniya universitetida xalqaro diplomatiyadan talabalarga saboqlar berishga qaror qildi. Shu bilan birga Vashingtondagi diplomatiya, tashqi siyosat va milliy xavfsizlik bo‘yicha yangi markazga rahbarlik qila boshladi.

Shu yil 1-yanvarda demokratlarning norasmiy yetakchisi Xillari Klinton bu galgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish rejasi yo‘qligini bildirgach, Bayden 25-apreldan o‘zining navbatdagi saylovlarda ishtirokini boshladi. 

U ikki bor turmush qurgan. 4 nafar farzandi bor. Birinchi rafiqasi Neliya va bir yoshli qizi 1972-yilda avtohalokat chog‘ida olamdan o‘tgan. Bu paytda avtomobilda bo‘lgan Bo va Xanter ismli o‘g‘illari og‘ir jarohat olsa-da, tirik qolishdi. Ammo Bo 2015-yilda boshidagi saraton xastaligi tufayli olamdan o‘tdi. U bir necha yil o‘tgach, ingliz tili o‘qituvchisi Jill Treysi Jekobs bilan turmush qurdi va ularning Eshli ismli qizi dunyoga keldi.

Bayden senatorlik yillarida kamtarligi, elektorati ishonchini qozongani, muloqotga tayyorligi bilan shuhrat qozongan. Uzoq vaqtlar jamoat transportidan foydalandi, shahar elektrichkasida ishga yetib olardi.

U iqtisodiy jihatdan doim mustaqil bo‘lib, birgina 2007-yilda Senatdagi lavozimida 300 ming dollar maosh olgan.

Baydenning mehnat faoliyati shuhrat, jasorat, qat’iy irodaga to‘la. Lekin bu sifatlar uning prezident bo‘lishi uchun yetarlimi?

Asosiy raqiblar hozircha Sanders va Elizabet Uorren

Demokratlar partiyasi o‘z tarkibidan yagona nomzodni 2020-yil 13-16-iyul kunlari Viskonsin shtatidagi Miluoki shahrida bo‘lib o‘tadigan qurultoyda e’lon qilishi kerak. Hozir nomzodlar o‘rtasida qizg‘in debatlar boshlangan. 

Respublikachilardan farqli ravishda demokratlar hanuzgacha o‘z orasidan yaqqol favoritni aniqlab olishgani yo‘q. Bayden o‘z nomzodini e’lon qilgan birinchi kundayoq uning shtabi 6,3 million dollar ishlagan edi. U bu jihatdan ham shubhasiz yetakchi. Avgustda o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra saylovchilarning 23 foizi unga ovoz berishga tayyor.

Bayden demokratlar orasida o‘z pozitsiyasini ancha mustahkamlab olganiga qaramay, partiyadoshlari Berni Sanders va Elizabet Uorren ortidan ta’qib qilib kelmoqda. Sanders AQSh siyosatining haqiqiy «otaxoni» bo‘lib, demokratlarning taraqqiyparvar qanoti yetakchisidir. U yoshi ancha ulug‘, 80 yoshga qarab ketayotgan bo‘lsa-da, kuch va g‘ayratga to‘la, AQSh jamiyatini radikal tarzda o‘zgartirish tarafdoridir.

Prezident Donald Tramp esa borgan sari Baydenga tanqidlar yomg‘irini kuchaytirmoqda.

«Bayden demokratlar kurashida senat a’zosi Elizabet Uorrenga to‘liq yutqazishi mumkin. Pokaxontas «Uyqudagi Jo»ni quvib o‘tishga qodir», deb ularni kalaka qildi.

U Baydenni har doim uyquchi deb ataydi. Chunki turli debatlar va ommaviy tadbirlarda o‘zini erinchoqday tutadi. Yaqinda esa ayrim sanalar va shahar nomini adashtirib qo‘ygani uchun «Bayden aqldan ozgan» deb haqorat qilishdan ham toymadi.

«U shunchaki prezidentlikka nomzod», deb baho berdi. 

Kichik Bushni aqlsizlikda ayblagan

Tashqi siyosat Baydenning chuqur tushungan va dasturida ustuvor yo‘nalishlardan. U xalqaro maydondagi eng qiyin va muhim siyosiy muammolarini hal qilishga qodir shaxs.

Sobiq prezident, kichik Jorj Bushning 2001-yil dekabrda Rossiya bilan imzolangan Raketaga qarshi mudofaa bo‘yicha shartnomadan chiqib ketish bo‘yicha kampaniya boshlaganida Bayden uning muxolifiga aylangandi.

Mamlakat xavfsizligiga javob bermaydigan bu g‘oyani «nazariy missiya» va to‘liq aqlsizlikka olib boradi», degandi.  

Iroqning federativ davlat qurilishini ya’ni kurdlar, sunniylar va shialarga ajralib chiqishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2007-yildagi qonun loyihasi muallifi bo‘lgan.

U o‘z tashqi siyosatda asosiy o‘yinchi sifatida Ukrainani ilgari surmoqda. Ushbu mamlakatni qurol-yaroq bilan ta’minlash, harbiy o‘qitish dasturlarini kengaytirish, energetik jihatdan Rossiyaga qaramligini kamaytirishga intilishini ma’lum qildi.

AQSh uchun Ukraina Rossiyaga qarshi turuvchi qudratli vositadir. U Ukrainaga yordam berish orqali Rossiyaning global tahdidini tiyib turish niyatida. Lekin ayrim fikrlari Ukrainani AQSh boshqararmikan, degan tasavvur o‘yg‘otadi.

Masalan, Ukrainadagi korrupsiyaga qarshi kurash Baydenning asosiy mavzulardan biri bo‘lmoqda. Ya’ni prezident bo‘lsa, korrupsiyaga qarshi kurash doirasida Ukrainada mustaqil prokuror va sudyalarni tayinlashini bildirgan.

Bulardan ko‘rinadiki, Rossiya bilan ziddiyat uning tashqi siyosatida ustuvor yo‘nalish bo‘lib, rasmiy Moskvaga qo‘llanayotgan sanksiyalarning olib tashlanishiga umid qilmasa ham bo‘ladi.

U bilagimdan tutib, so‘ng o‘pdi...

Biroq konservativ matbuot uni va o‘g‘li Xanterning Ukrainaning sobiq ekologiya vaziri, gaz kompaniyasi xo‘jayini Nikolay Zlochevskiy bilan shubhali aloqalari borlik, u qamalishi chog‘ida prokurorni iste’foga chiqarishda ayblamoqda. U o‘shanda vitse-prezidentliginidan foydalanib, ukrainalik prokurorni ishdan olish bo‘yicha rasmiy Kiyevga kuchli bosim o‘tkazgan ekan.

Uning o‘g‘li hisob raqamiga Ukrainadan 3 million dollar kelib tushgani ham fosh bo‘lgan. Qolaversa, Xanter so‘nggi 5 yil davomida Ukrainadagi eng yirik xususiy gaz kompaniyasi – «Burisma Holdings» direktorlar kengashi a’zosi sifatida ishlagan va otasi saylovda ishtirokini e’lon qilgach, undan ketgan edi.

Tramp shov-shuv ko‘tarilgani sari bu qonunga zid ish bo‘yicha tergov olib borilsa, yaxshi bo‘lishini aytib bosh prokurorga tavsiya berdi.

Baydenning saylov shtabi vakillari raddiyasiga ko‘ra, «Bayden har doim hokimiyat bo‘lishining etika talablariga qat’iy amal qilib kelmoqda. U prezident Obama bilan birgalikda qandaydir boshqa manfaatlarga yon bosmasdan ishlagan. O‘g‘lining xususiy biznesiga hech qanday tarzda ishtirok etmagan va buni hatto muhokama ham qilmagan».

Ammo o‘g‘iltoy «Nyu Yorker» jurnaliga yaqinda bergan intervyusida giyohvand moddalar va alkogol mahsulotlarni ko‘p miqdorda iste’mol qilishi haqida ochiq so‘zlagani yangi mojarolar to‘lqinini keltirib chiqarmoqda. Yigitcha 2014-yil fevralda kokain iste’mol qilgani uchun harbiy dengiz kuchlari zaxirasidan bo‘shatilgan edi.

Tramp «Baydenning uyida hammasi joyida emas, qanday qilib butun mamlakatni boshqarishi mumkin», deya luqma tashladi.

Bu hali holvasi esak. Siyosatchining 2019-yil bahorida saylovda ishtirok etishini xuddi kutib turganday, birdaniga bir necha ayol Bayden tomonidan ularga nisbatan axloqsiz muomala bo‘lganini eslab qoldi.

Demokratik partiyadan Nevada shtati gubernatorligi o‘rinbosarligiga nomzodini ilgari surgan Lyusi Flores xonim shunday deydi: «Bu voqea 2014 yil noyabrda saylovoldi chiqishlarida bo‘lgan edi. U orqa tomonimdan menga juda yaqinlashib keldi. Nima bo‘layotganini anglashga aqlim ojiz edi. Juda qattiq hayajonda edim. Birdan bilagimni ushladi va sochlarimni siladi, so‘ng boshimdan o‘pib turdi».

Demokratik partiyaning devoni xodimasi Emi Lappos esa Bayden uni uyalmay-netmay quchib olgani haqida intervyu berdi.

Bayden esa ayollarga hurmatsiz va tahqirlovchi harakatlarga yo‘l qo‘ya olmasliklarini aytdi. Agar shunday qilgan bo‘lsa nega ular o‘sha vaqtda tegishli joylarga murojaat qilmay, aynan endi bu mavzuni ko‘tarishayotgani zaminida siyosiy masxarabozlik borligini ta’kidladi.

«Qolaversa, men uzoq yillar men saylov kampaniyalarimda son-sanoqsiz insonlarning qo‘lini qisganman, ularni do‘stona quchoqlaganman, qo‘llab-quvvatlaganman, og‘ir vaziyatda xotirjamlikka chaqirganman. Lekin hech qachon o‘zimni axloqsiz kishiday tutmaganman», deydi Bayden.

Bu bo‘yicha Tramp fikr bildirmadi. Chunki uning o‘zini ham ayollarga shilqimlik va suyuqlik qilganlikda aylab, ancha qiynashgan edi.

Ayrim sharhlovchilar hozir amerikacha sotsializm uchun kurashayotganini, Bayden esa liberal Amerika tarafdori ekanligini, u bu orqali eski an’analar tarafdori ekanligini aytishmoqda. Bu bilan u kelajakni ko‘ra olishga qodir emas, deb hisoblashadi.

Tramp demokratiyaga xavfdir...

«Trampning prezidentlik yillarida Amerikani Amerika qilgan barcha narsalar – millatimiz asosiy qadriyatlari, jahondagi o‘rnimiz, demokratiyamiz xavf ostida qoldi. Bizning jamiyat va uning butun institutlari bo‘linmasdir», dedi AQShning amaldagi prezidentini to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilar ekan.

U Tramp ma’muriyatining adliya tizimini, ayniqsa Federal tergov byurosini tizim sifatida to‘liq kamsitayotganini jiddiy tanqid qilmoqda va vaziyatni fojiaviy darajada deb atagan.

Shuningdek, Trampni AQShda ekstremistik g‘oyalarni tarqatish, ekstremizmga qarshi kurashni moliyalashtirish bo‘yicha davlat xarajatlarini qisqartirishda ayblamoqda.  

«Tramp janoblari o‘zining immigrantlarga qarshi qaratilgan chiqishlari bilan oq tanlilarning ustunligini, tengsizlik haqidagi g‘oyalarini olovlantirmoqda. U ziddiyat, irqchilik va bo‘lib tashlash tamoyillariga asoslangan siyosiy strategiyani hech ikkilanmay yuritmoqda. Kambag‘al bolalar ham oq tanlilar va boylarning bolalari kabi iste’dodli va qobiliyatlidir», deydi u kuyunib.

Trampning ekstremistik g‘oyalari salbiy oqibati sifatida shu yil 3 avgustda Texas shtatining El-Paso shahridagi savdo markazi hududida 21 yoshli oq tanli yigitning quroldan o‘t ochishi oqibatida 22 nafar kishi qurbon bo‘lganini tanqid qildi.

Qotil hatto internetda meksikalik immigrantlarni Texasga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik chag‘irig‘i bayon etilgan manifestni ham joylashtirishga ulgurgan.

Bayden bu chiqishlari orqali AQShda yashayotgan qora tanli va lotin amerikaliklarni, o‘rta va quyi qatlam vakillari ovozini jamg‘arishni ko‘zlayotgani ham e’tiborga molik. Chunki hozir AQShda ijtimoiy tengsizlik shu qadar kuchaymoqdaki, bu sotsializm g‘oyalarining baravj kurtak yozishiga olib kelmoqda.

Yosh masalasi ham unga pand berib qo‘yishi mumkin. «NBC News» va «The Wall Street Journal» nashri o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, 62 foiz amerikaliklar 75 yoshdan katta nomzodlarga ovoz berishni umuman istamasligini bildirgan.

Baydenning donishmand siymosi o‘zidan uch yosh katta Sanders, uch yosh kichik Tramp kabi jo‘shqin va g‘ayratli ko‘rinmaydi. Shu bilan birga AQShda yosh biroq o‘ta tajribali va kuchli siyosatchilar nihoyatda kamligini hisobga olsak, yoshlarga tayanishga hali juda umid qilmasa bo‘ladi.

U demokratlar orasidan yagona nomzod qilib ko‘rsatilsa ham Trampning katta moliyaviy mablag‘larga egaligi, o‘zining barqaror siyosiy elitasi shakllangani Baydenni mushkul ahvolga solishi mumkin.

Ammo, federal tergov byurosi kabi AQSh adliya tizimining mustahkam ustunlari bilan hamkorlikni o‘rnata olsa, hali tergov amaliyotlari uzil-kesil to‘xtamagan Trampni burchakka qisib qo‘yishi ham mumkin.

L.Hasan o‘g‘li

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring