Taxta kana hujumi: Fransiya vahimada, Britaniya jim azob chekmoqda, boshqalar-chi?
Jamoat transporti, shifoxonalar, kutubxonalar, politsiya uchastkalaridagi taxtakana (klop – Cimex lectularius) hujumi haqida mavzu so‘nggi kunlarda Fransiya ommaviy axborot vositalarida trendga chiqdi. Mamlakat rasmiylari taxtakana bilan kurashishga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazmoqda. Odamlar hatto transportda dezinfeksiya qiluvchilarni – mutaxassislarni chaqirishga majbur bo‘lishmoqda. Ushbu hasharotdan nafaqat Fransiya, balki boshqa mamlakatlar ham aziyat chekmoqda, deb yozmoqda ria.ru nashri. Faqat ular bu haqda vahima qilmayapti.
Ushbu hasharot ilk bor yozda Parijning Sharl de Goll aeroporti kutish maydonida topilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Keyin kana nafaqat uylarda, balki kasalxonalar, kinoteatrlar, kutubxonalar, shuningdek, metro vagonlari, avtobuslar va poyezdlarda ham uchray boshladi. Ommaviy axborot vositalari yoz oylarida Fransiyada binolarni zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha so‘rovlar soni o‘tgan yilga nisbatan 65 foizga oshganini xabar qildi.
Buning yana bir sababi shundaki, mamlakat jamoat transportidagi barcha o‘rindiqlar yumshoq to‘qimachilik gazlamalaridan tayyorlangan bo‘lib, unda hasharot o‘zini juda qulay his qiladi. O‘tgan haftada taxta kana hujumi kuchaydi, odamlar ijtimoiy tarmoqlarda metroda topilgan o‘rmalovchining videolarini tarqata boshlashdi.
Fransiya Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni vahima qo‘zg‘atmaslikka chaqirmoqda. Chunki kelgusi yil Parij Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qiladi va bunday «reklama» katta zarar keltirishi mumkin. Parlament allaqachon bu hasharotga qarshi kurash bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlashga va transport vaziri transportda «katta tozalash»ni amalga oshirishga va’da bergan.
Fransiyadagi ayrim siyosatchilar hasharotning «to‘shakka bostirib kirishini» ommaviy immigratsiya muammosi bilan bog‘lashadi.
«Jimjitlik madaniyati»
Bu Muammo Londonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q, deb xabar bermoqda Sky News nashri.
Mikrobiolog Devid Keynning so‘zlariga ko‘ra, parijliklar bu haqda ochiq gapirishmoqda, britaniyaliklar esa jim turishni afzal bilishadi. Jimlik odamlarning muammo haqida bilmasligi yoki u bilan qanday kurashish kerakligini tushunmasligiga olib keladi, bu esa hasharotlarning tarqalishiga yordam beradi.
Vaziyat taranglashdimi?
Yevropaning boshqa mamlakatlarida taxta kana hali asosiy mavzulardan biriga aylanish uchun yetarlicha tarqalmagan. Biroq, ba’zi joylarda allaqachon ehtiyot choralari ko‘rilmoqda.
Belgiya aholisi profilaktika va boshqa maqsadlarda o‘z uylarini hasharotlarga qarshi dezinfeksiya qilish choralarini boshlab yuborishdi. Zararkunandalarga qarshi kurash bilan shug‘ullanadigan kompaniyalar xizmatlariga talabning 30% ga oshishini qayd etmoqda. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, Belgiyaga taxta kana transportda va shaxsiy buyumlarda Fransiyadan kelgan odamlar, shuningdek, chet eldan uyga qaytgan sayohatchilar tomonidan olib kelinadi.
Ayni paytda, Belgiya transport idoralarining xabar berishicha, poyezdlar, avtobuslar, tramvaylar va metrolarda gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilayotgani, o‘rindiqlar hasharotlar yashamaydigan plastik va charmdan qilinganligi sababli, hozircha hech qanday o‘rmalovchi taxta kana topilmagan.
Qimmatga tushgan sayohat
Parijdagi taxta kana epidemiyasi Gretsiyada ham xavotir uyg‘otmoqda, chunki bu hashoratlar sayyohlar bilan mamlakatga kirib kelmoqda, deb xabar berdi Gretsiya jamoat televideniyesi ERT.
Gretsiya ommaviy axborot vositalari mehmonxonada taxta kana borligini tekshirish va ularni olib kelmaslik bo‘yicha mutaxassislarning «foydali maslahatlari» yozilgan varaqalarni chop etmoqda: yukni gilam bilan qoplangan pollardan uzoqroq tuting, qorong‘ida yotoq mebellarini, mato stullar va divanlarni diqqat bilan tekshiring, choy daraxti, qalampir, yalpiz va lavanda yog‘larini seping...
Vengriyaliklarni taxta kana emas, balki Osiyodan olib kelingan meva va sabzavotlarga zarar yetkazadigan meva hasharotlari xavotirga solmoqda. Finlyandiyaliklar ham bu borada xotirjam va xavotirlanishga asos ko‘rmayaptilar, ular Parijda bo‘layotgan voqealarni qiziqish bilan kuzatib borishmoqda. Rasmiylar mamlakatda bunday epidemiya xavfi yo‘qligiga ishonchi komil. Ayni paytda, mamlakatdagi eng yirik zararkunandalarga qarshi kurash kompaniyasi Anticimex har yili mamlakat bo‘ylab ushbu parazitlarga qarshi kurashish uchun bir necha ming operatsiyalarni amalga oshirishini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter