Qirg‘in avjiga chiqmoqda
19-fevral kuni Nigeriya prezidenti mamlakatning Niger shtatidagi maktabga hujum chog‘ida asirga olingan o‘quvchilarning barchasini qaytarish bo‘yicha qurolli kuchlar operatsiya o‘tkazishini talab qildi. 17-fevral kungi hujum chog‘ida bir o‘quvchi o‘ldirilgan, 27 nafar o‘quvchi, 3 ta o‘qituvchi va 12 nafar ota-ona garovga olingan edi. Bu paytda internatda 650 nafar bola bo‘lgan.
So‘nggi paytlarda Nigeriyada «Boko Xaram» terrorchilari tinch aholiga hujumlarni ko‘paytirmoqda. Hukumat ularga qarshi samarali kurashishga tayyor emas.
Boz ustiga, shu kunning o‘zida «Al-Qoida» jangarilar Burkina-Faso shimolida va Mali markaziy qismidagi mahalliy aholiga nisbatan bosqinchilik harakatlari natijasida 20 kishi qurbon bo‘ldi.
Bunday qonli harakatlar 16 fevral kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning terrorchilar boshlig‘ini yo‘q qilgani haqidagi bayonoti ortidan kuchaydi.
Fransiya uran xom-ashyosisiz qolishidan xavotirda
Fransiya prezidenti G‘arbiy Afrikaning Saxel mintaqasida joylashtirgan harbiylar sonini yaqin orada qisqartirish rejasi yo‘qligini ham ma’lum qilgan edi. Hozirda Burkina-Faso, Chad, Mali, Mavritaniya va Nigerda 5 ming nafar fransuz askarlari xizmat qilmoqda.
«Saxelda natijalarga erishdik. Biz o‘z kuchlarimizni safarbar qilmoqdamiz. Biz, Saxel uchun koalitsiya a’zolari kollektiv xavfsizlikni yaratish uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirganmiz», dedi Fransiya rahbari o‘z «Twitter»ida.
Bu o‘rinda gap Fransiya harbiy kuchlarining «Saxel beshligi» davlatlari (Burkina-Faso, Mavritaniya, Mali, Niger va Chad) harbiy qismlari bilan hamkorlikda 2014 yildan buyon olib borilayotgan «Barxan» antiterror operatsiyasi haqida bormoqda.
Rasmiy Parij o‘zining an’anaviy ta’sir doirasini saqlab qolish uchun bir necha yildan buyon Mali shimolida tuareglarga qarshi faol harbiy amaliyotlar olib bordi. Bu ko‘chmanchi qabilalar nafaqat Malida balki Niger va Jazoir hududlari bo‘ylab ham qurolli harakatlarni olib bormoqda. Ular Fransiya agar o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketmasa, undan o‘ch olishini e’lon qilib kelmoqda.
Fransiya hukumati o‘tgan oyda yana bir ittifoqchisi – Nigerdagi uran konlarini qo‘riqlash uchun maxsus bo‘linmalarni yuborgan edi. Bu yerdagi konlar Fransiyaning davlat atom monopol kompaniyasi Arevaga tegishlidir. Bu konlarda ikki yarim mingdan ortiq fransuz mutaxassislari faoliyat ko‘rsatadi.
Niger hukumati isyonchi tuareglar konlarni egallab olishidan xavfsirayotgan bo‘lsa, rasmiy Parij atom stansiyalari uran xom-ashyosisiz qolishidan xavotirda. Chunki mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasiga 75 foizi AESlarda hosil bo‘ladi. Aynan Niger olinadigan uran yarim asrdan buyon Fransiya AESlari uchun sermahsul yadro yonilg‘isi vazifasini o‘tamoqda.
Tug‘ilish ko‘rsatkichi bo‘yicha birinchi o‘rinda
Nigerda har yili 3 ming tonna uran qazib olinmoqda va jahon zaxiralarining 10 foizi shu yerda joylashgan. G‘arbiy Afrikadagi bu davlat garchi uran ishlab chiqarish hajmlari kattaligi bo‘yicha dunyoda Kanada va Avstraliyadan keyin uchinchi o‘rinda tursa-da, aholisining 60 foizi yoki 15 millioni qashshoqlik chegarasida yashamoqda.
Niger tug‘ilish ko‘rsatkichi yuqoriligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Bu yerda bitta ayolga o‘rtacha 6,9 tug‘ruq to‘g‘ri kelmoqda. 60 yil muqaddam mustaqillikka erishilganda bu yerda atigi 3 million aholi bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib ular soni 25 million nafarga yetdi.
Biroq 15-24 yoshdagi 17 foiz xotin-qizlar savodsizdir.
Ikki o‘t orasida
Aslida Liviyada Muammar Kaddafiy hokimiyatdan chetlashtirilganidan so‘ng butun Shimoliy Afrikada radikal kayfiyat kuchayib, qonuniy qurolli tuzilmalar faollashib ketdi, beqarorlik kuchaydi.
80 foiz hududi Sahroyi Kabir cho‘lida joylashgan Niger davlati «Boko Xaram» terrorchilar guruhi keng harakat qiladigan Chad ko‘li mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash uchun muhim rol uynaydi. Hozir u ikki o‘t orasida yashamoqda.
Janubiy qo‘shnisi Nigeriya bilan chegarasida «Boko Xaram» guruhi bot-bot hujum uyushtirayotgan bo‘lsa, g‘arbiy qo‘shnisi Mali bilan yondosh hududlarida «Al Qoida»ning bo‘linmalari – «Buyuk Saxarda Islom davlati» bilan qattiq kurashishga to‘g‘ri kelmoqda.
Yanvar oyida ham Niger shimoli-g‘arbidagi Tillaberi tumanida terrorchilar 100 nafar tinch aholini o‘ldirib ketgan edi. Bunday og‘ir sharoitda mamlakat tashqi yordam olmasdan yakka o‘zi kurashishga qodir emas. «Boko Xaram»ga qarshi Chad, Kamerun, Niger va Nigeriya bilan koalitsiya tuzgan.
Shu bilan birga, bu yerda Fransiya va AQSh Qurolli kuchlari Afrika qo‘mondonligi askarlari hukumat kuchlariga terrorchilarni yo‘q qilishda yordam ko‘rsatib kelmoqda. Pentagonning Afrikada harbiy kuchlari soni ko‘pligi bo‘yicha Niger (800 nafar) Jibutidan keyin (4 ming nafar) ikkinchi o‘rinda turadi. AQSh bu yerda qiruvchi samolyotlar va zarba beruvchi uchuvchisiz qurilmalar joylashgan bazasiga ega.
Bundan tashqari, Niger orqali Liviyaga Afrika mamlakatlaridan Yevropaga asosiy migratsiya yo‘nalishlari o‘tadi. Bu yerdan esa dengiz orqali Yevropa janubiy qirg‘oqlariga asosan, Italiyaga ular noqonuniy yo‘llar bilan kirib olishadi. Yevropa davlatlari, ayniqsa Italiya bu boradagi kurash maqsadida o‘tgan yiligi katta miqdorda mablag‘ ajratdi.
Pandemiya sababli bu mablag‘larning ajratilmay qolishi aholining iqtisodiy ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda.
Gulruxsor Ravshanova,
Xalqaro sharhlovchi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter