Propiskaga oid vazifalar qay darajada bajarildi?
Prezident farmon va qarorlarida belgilangan vazifalarning hammasi ham o‘z vaqtida bajarilmayotganligini davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham o‘z nutqida ta’kidlab o‘tdi. Xususan, shunday deyiladi: «Qabul qilingan qonun hujjatlarida belgilangan 13 mingdan ortiq topshiriqlarning 20 foizi muddatida ijro qilinmagan».
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining telegram kanalida propiskaga oid belgilangan vazifalar qay darajada bajarilganini sarhisob qildi.
Harakatlar strategiyasi doirasida 2018-yil 22-yanvar kuni PF-5308-sonli Prezident farmoni bilan 2018-yilgi davlat dasturi qabul qilingan edi.
Ushbu dasturning 56-bandida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlarini ta’minlash maqsadida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish masalasi belgilangan. Undagi har bir vazifani alohida-alohida tahlil qilamiz:
✅❌ pasport olish, ta’lim olish, mehnat qilish va boshqa huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlarni bartaraf qilish;
- Ushbu band qisman bajarildi. Jumladan, 28.08.2018-yildagi PF-5528-sonli Prezident Farmonibilan pasport tizimi to‘g‘risidagi nizomga ayrim o‘zgarishlar kiritildi. Masalan, propiskasi yo‘q shaxslar ham pasport olishi mumkinligi belgilandi.
- propiskasiz mehnat qilish huquqi bo‘yicha ham Mehnat kodeksining 80-moddasiga o‘zgarish kiritish haqida qonun loyihasitayyorlandi. Lekin hozircha ushbu Qonun qabul qilingani yo‘q. Ya’ni bugungi kunda ham ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan bo‘lsa RASMAN ishga qabul qilish rad etilishi mumkin. Garchi juda ko‘plab OAVlar «endi ishga kirishda propiska talab etilmaydi», deb yozishgan bo‘lishsada, ammo fakt shuki, aslida unaqa emas. Qonun loyihasi fevral oyidayoq tayyor bo‘lgandi, ammo mana yil tugay deb qoldi, haligacha qabul qilinmadi. Kutamiz, balki 13-dekabr kuni bo‘ladigan Senatning yalpi majlisida qabul qilinib qolar. Yoki keyingi yilga qolarmikin. Kim bilsin.
✅❌ voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish;
- Ushbu band bo‘yicha ham yuqoridagi ahvol. Ya’ni Qonun loyihasifevral oyidayoq tayyorlangan edi, ammo haligacha Qonun qabul qilingani yo‘q. Bu degani bugungi kun (9 dekabr) holatida ham voyaga yetmagan shaxsni belgilangan muddatda pasport olmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortish mumkin.
✅❌ mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligini bekor qilish;
- Yana shu holat. Loyihabor, lekin hali qonun qabul qilinmadi. Hozir ham mabodo propiskasiz yoki propiska muddati o‘tgan xodimni ishga qabul qilgan rahbarni ma’muriy javobgarlikka tortish mumkin.
✅❌ vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik uchun ma’muriy jazo choralarini yengillashtirish, yashashga yo‘l qo‘yganligi uchun javobgarlikni bekor qilish nazarda tutiladi.
- Yana shu holat. Loyiha bor, lekin hali qonun qabul qilinmadi. Hozir ham mabodo propiskasiz yashashga yo‘l qo‘yganlarni ma’muriy javobgarlikka tortish mumkin.
✅ mavsumiy ishlarga (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda) jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabini bekor qilish;
- 22.10.2018-yildagi 845-sonli Vazirlar Mahkamasi qaroribilan bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Masalan, mavsumiy ishchilarni noturar joy binolarga ham hisobga olish mumkinligi belgilandi.
Lekin ahamiyatli tomoni Adliya vazirligi taklif qilgan loyihada «mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanish uchun yetib kelgan fuqarodan vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha hisobga turishi talab qilinmaydi» degan qoida bor edi, ammo ming afsuski yakunda bu taklif qabul qilinmadi. Xalqqa juda yengil bo‘lib ketsa ham yaxshimas, deyishgandir.
❌ Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha amaldagi talablarni soddalashtirish;
- Rostini aytsam, Farmonning ushbu qismida doimiy propiskasi bor fuqarolarga mulk sotib olishda talablarni soddalashtirish deyilgani uchun, aynan nima nazarda tutilganini uncha tushunmadim. Menimcha, ayrim bandlar bo‘yicha doimiy propiskaga kirib, lekin 3 yilgacha uy sotib olishga huquqi bo‘lmagan shaxslar nazarda tutilgan bo‘lsa kerak. Agar shu nazarda tutilgan bo‘lsa, unda bu bo‘yicha hech narsa amalga oshirilmadi. Haligacha, Toshkentning doimiy propiskasiga ega ayrim fuqarolar uy sotib olish huquqidan mahrum.
Yoki uy oldi-sotdisini notariusda rasmiylashtirishdagi tartib va davlat boji nazarda tutilgan bo‘lsa, unda 06.04.2018 yildagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ushbu band bajarilgan.
✅ ichki turizmni rivojlantirish maqsadida vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmasdan) bo‘lish muddatini uzaytirish;
- Ushbu band bajarildi. 22.10.2018-yildagi 845-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan vaqtincha propiskaga qo‘yish muddati 1 yilgacha uzaytirildi. Ilgari eng maksimali 6 oy edi.
Lekin yana bir ahamiyatli tomoni, Adliya vazirligi tomonidan xalqqa e’lon qilingan loyihada vaqtinchalik propiskaga qo‘yish muddatini 5 kundan 10 kunga uzaytirish hamda 10 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kelgan fuqarolarni hisobga olish shart emasligi haqidagi qoida bor edi, lekin yakunda 5 kunligicha qoldi. Ya’ni Toshkentga 5 kundan ortiq muddatga kelgan fuqaro albatta vaqtinchalik propiskaga qo‘yishi kerak. Yana o‘sha gap. Takrorlamayman.
❌❌❌ Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyasiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish;
- Bu band katta ehtimol bilan joriy yilda amalga oshmaydiganga o‘xshaydi. Va o‘zi qachon amalga oshishi ham dargumon.
Yana bir muhim joyi: Adliya vazirligi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan loyihasida Toshkentdan uy sotib olish uchun propiska talab qilishdan butunlay voz kechish taklif qilingandi. Davlat boji ham hozirgidek, 5% emas, 3% ko‘rsatilgandi. Ammo mazkur loyiha oxir-oqibat xalqqa e’lon qilinganday emas, tamomila boshqacha mazmunda qabul qilindi. Ya’ni faqat yangi uy sotib olish talabi kiritildi, davlat boji ham loyihadagidan qimmatroq belgilandi.
Vaholanki, Adliya vazirligining loyihasidagi o‘zgarish (uy sotib olishda propiska so‘rashni butunlay bekor qilish) Prezident farmonida qo‘yilgan vazifaning ayni o‘zi edi. Ya’ni Prezident aynan shuni xohlagandi. Ammo nimadir bo‘lganu, qaror loyihasi toki tasdiqlangungacha bu “band” tushib qolgan.
Xo‘sh, hurmatli mutasaddilar, Sizlarga savol: Prezident farmonini bajarish niyatingiz bormi yoki yo‘q? Ikkilamchi bozordan uy sotib olishda propiska bo‘yicha cheklovlar olib tashlanadimi yoki Prezident farmonidagi vazifalar qog‘ozlarda chang bosib qolib ketaveradimi? Agar olib tashlansa, unda qachon? Axir Davlat dasturi 2018-yil uchun ediku. Mana, yil ham tugashiga 20 kun qoldi. Xullas, savollar ko‘p, lekin hozircha bu savollarga javob yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter