Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ozodlik yoki o‘lim»...

«Ozodlik yoki o‘lim»...

Foto: TCH

Dunyo xaritasida beqarorliklarning yana bir qaynoq nuqtasi paydo bo‘layapti. Bu – 7,4 million aholiga ega Gongkong yoki xitoychasiga Syangan. Bu yerdagi norozilik namoyishlari mana besh oydirki, uzluksiz davom etmoqda.

Birgina 18 avgust kuni 1,7 million aholi ko‘chalarga bayroq ko‘tarib chiqdi. Qora rangni tanlagan radikal namoyishchilar esa «ozodlik yoki o‘lim shiori» bilan chiqishmoqda.

Ular yuzlariga niqob o‘rab olishgan, ko‘zlariga ko‘zoynak taqishgan, boshlariga sariq rangli qurilish maskasini kiyishgan, o‘z harakatlarini asosan «Telegram» messenjeri orqali muvofiqlashtirmoqda. «Twitter» vakillarining aytishicha, Gongkongdagi voqealarga bevosita aloqador 200 ming akkaunt yopib qo‘yildi.

Bezorilar politsiya uchastkalariga hujumlar uyushtirmoqda. Ko‘chalarni to‘sib qo‘yib, ish tashlashlar o‘tkazyapti, barcha transport harakatlarini to‘xtatib qo‘yishgan. Gongkongni Xitoy bilan bog‘lovchi tonnelni, bir muddat Osiyodagi eng yirik xalqaro aeroport ishini ham to‘xtatib qo‘yishdi.

Politsiya kuchlari namoyishlarni tartibsizliklarga aylantirayotgan guruhlarni har safar bostirishga urinmoqda. Hozirga qadar mingga yaqin kishi hibsga olingan. 200 politsiya xodimi jiddiy jarohat oldi. Politsiya ularni tarqatib yuborish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalanmoqda.

Osiyo moliya markazida ro‘y berayotgan bu galgi beqarorlik 1997-yildan buyon ya’ni Britaniya uni Xitoy ixtiyoriga qaytargan davrdan buyon eng davomlisi va eng xavotir uyg‘otadigani ekani bilan ajralib turibdi.

Foto: TCH

Qonun – bir bahona...

Bu galgi notinchliklar boshlanishiga ekstraditsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi sabab bo‘ldi.

Gongkong hozirda dunyoning 20ta mamlakati bilan ekstraditsiya haqidagi bitimni imzolagan bo‘lib, ular orasida Xitoy yo‘qligini Pekinni jahlini chiqarmoqda. Chunki, o‘z tarkibidagi hududda uning huquqiy ta’sir choralari ishlamasligi yoqmayapti.

Hozir qidiruvda bo‘lgan, lekin qo‘lga tushgan shaxslarni Xitoyga topshirishning har bir holati bo‘yicha parlament majlislarida alohida muhokamalar o‘tkaziladi. Bu kamida ikki-uch oyga cho‘ziladi. Bu vaqtda jinoyatchi istagan tomoniga juftakni rostlab qolishi mumkin va qonunda uni tutib turishga to‘sqinlik qiladigan me’yor yo‘q.

Yangi hujjatning kuchga kirishi bilan Chin o‘lkasida qidiruvda bo‘lgan va qonunlarni buzgan shubhali shaxslar Gongkongda tutilsa, Xitoyga zudlik bilan topshirilishi kerak edi. Buning uchun u yoki bu shaxsning aybdorligiga ishonchli fakt bo‘lsa yetarli va Gongkong ma’muriyati rahbarining oddiy qarori kifoya qilardi.   

Garchi xalqning qarshiligi tufayli keyinroq qonun loyihasi umuman bekor qilingan bo‘lsa-da, namoyishlar to‘lqinini bostirishning imkoni bo‘lmayapti. Endi olamon shahar ma’muriyati va Pekin rahbarlariga qarshi umumiy harakatlar uchun oyoqqa qalqmoqda. Qo‘llarida Britaniya va AQSh bayroqlarini ko‘tarib olishgan.

Shu sababli Xitoy bu qaltis ishlar ortida AQSh va Britaniya qo‘li borligini, voqealarni esa «rangli inqilob», deb baholamoqda.

Foto: aftershock

Politsiya namoyishchilarning beqarorlik keltirib chiqarishda, jamoat tartibini buzishda, zo‘ravonliklarni amalga oshirishda, jurnalistlar va sayyohlarga qarshi hujum qilayotganlikda ayblamoqda.

Gongkong ma’muriyati rahbari, ushbu qonunchilik tashabbusi bilan chiqqan Kerri Lam xonimning aytishicha, ayni paytda shaharda tartibsizliklar va sarosima muhiti hukmron.

Aholi qonunni bekor qilish bilan cheklanmayapti. Endi Kerri Lam xonimni xitoyliklarga sotqinlikda ayblab, iste’foga ketishini, xalqqa kuch ishlatgan politsiya vakillarining barchasi jazolanishini talab qilmoqda.

Xitoyning Gongkong va Makao ishlari bo‘yicha boshqarmasi namoyishchilarni terrorchilarga tenglashtirdi va og‘ir jinoyatlar qonunchilikka ko‘ra og‘ir jazolanishi bilan ogohlantirdi.

Ayrim ekspertlar inqilobiy tusdagi chiqishlarda AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi turganini ishonch bilan aytishmoqda.

Namoyishlar boshlanishidan bir muddat oldin AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va ko‘zga ko‘ringan kongressmenlar gongkonglik muxolifat vakillarini qabul qilgan. AQShning Gongkongdagi bosh konsulligi xodimasi Juli Ide bilan uchrashgan buzg‘unchi kuchlar esa birdan faollikni oshirgan.

Olamon «Gongkong bu Xitoy emas, biz Xitoyning oddiy bir shahri bo‘lishni istamaymiz», deb shiorlar ko‘tarib olishmoqda. Ular Britaniya va Xitoy o‘rtasida imzolangan bitim muddati 2047 yilda tugashini, unga qadar o‘z mustaqilliklarini saqlab qolishni rejalashtirmoqda.

O‘sha hujjatga ko‘ra Gongkong hukumati mudofaa va tashqi siyosatdan boshqa barcha masalalarni mustaqil hal qilish huquqiga ega. Xitoy esa buncha uzoq vaqtni kutib o‘tirmasdan uni o‘z tarkibiga tezroq integratsiya qilishni istaydi.

Shuncha ishdan keyin Gongkong rahbari Kerri Lam xonim ishdan ketadimi-yo‘qmi hozircha noma’lum. Gongkong ma’muriyati rahbari umumiy saylovlarda saylanmaydi, balki turli ijtimoiy va korporativ guruhlarni namoyon etadigan 1200 vakil tomonidan saylanadi. Eng muhimi, u Xitoy bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishi lozim.

Xonim muqaddam siyosat bilan shug‘ullanmagani va omma bilan muloqot qila olish tajribasi kamligi sababli boshqaruvga qobilligini shubha ostiga qo‘ydi.   

Tartibsizliklar ortida AQSh turibdimi?

Xitoyning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Chjan Xanxuey esa bu ishlar ortida Gongkongda «rangli inqilob»lar o‘tkazishga urunayotgan G‘arb davlatlari turganini, bu orqali Xitoy taraqqiyoti uchun jiddiy murakkabliklar tug‘dirish niyatlari borligini bildirishdi.

«Gongkong – bu Amerika yoki Angliyaning emas, balki Xitoyning Gongkongidir. Biz boshqalarni o‘z burnimiz tagida ichki ishlarimizga aralashishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. O‘z manfaatlarimizni, hududiy yaxlitligimiz va suverenitetimizni qat’iy himoya qilish uchun yetarli imkoniyat va irodaga egamiz», deya ta’kidladi diplomat.

Aslida Gongkongga hujum 2014 yilda Obama tomonidan boshlangan, biroq Ukraina inqirozi qalqib chiqqach, Vashington asosiy e’tiborini Sharqiy Yevropaga qaratishiga to‘g‘ri kelgan edi.

Foto: Bloomberg

Albatta, hozir AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo urushining yangi bosqichi boshlanmoqda. Bunday sharoitda Vashington siyosatchilari va diplomatlari Gongkongdagi muxolifatni faol qo‘llab-quvvatlashdan, bu orqali mamlakatda tartibsizliklar keltirib chiqarishdan manfaatdordir.

Buni prezident Donald Trampning «Osmon osti o‘lkasi»ga berayotgan ikki tomonlama zarbasi desa ham bo‘ladi. AQShning Xitoy mahsulotlari importiga kiritgan ko‘p yuz milliardli boji Pekin iqtisodiyotiga qattiq bosim bo‘lib iqtisodiy o‘sish sur’atlari sekinlashmoqda, mahsulot eksporti hajmi qisqarmoqda.

Xitoy markaziy hukumatining Gongkongda o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilishi esa kompartiyaning maxsus rayon avtonomiyasini bosqichma-bosqich kamaytirib borilishiga o‘ziga xos ishora hamdir.

AQSh Prezidenti Xitoy qo‘shinlari Gongkong hududi tomon harakatlanayotganini ma’lum qildi va barcha tomonlarni xotirjamlik saqlashga chaqirdi. «Ishonaman, rais Si Szinpin agar muxolifat vakillari bilan muzokaralar olib borsa, bu muammoni tezda hal qilishga qodir», dedi u. Tramp agar uning aytgani bo‘lmasa, qat’iy choralar ko‘rishga to‘g‘ri kelishini ham qistirib o‘tdi.

AQSh Vakillar palatasi a’zolari esa rasmiy Pekinni Gongkongdagi chiqishlarni har qanday bostirishdan voz kechishga chaqirdi. Kongress aks holda Gongkongga AQShning eng qulay shartlarda savdo va investitsiya operatsiyalari huquqi taqdim etish orqali imtiyozli savdo sherigi maqomini berish taklifini ilgari surmoqda.

Bu barcha jarayonlar Xitoy iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmay qolmayapti. Gongkong Osiyoning eng yirik moliya markazi bo‘lishi barobarida, Janubiy Xitoyning muhim savdo-transport chorrahasida joylashgan.

AQSh navbatdagi savdo muzokaralari oldidan ustun pozitsiyaga chiqib olmoqchi va o‘ziga maqbul shartlarni o‘tkazish payida. Tramp amerikaliklar uchun manfaatli shartnomani imzolay olsa, kelgusi yildagi saylovlar oldidan kuchli siyosiy divedentlarga ega bo‘ladi.

Namoyishchilarning aksariyati esa Britaniya ma’muriyatini yordamga chorlab, Xitoy bilan imzolangan bitimni bekor qilishga chaqirmoqda. Chunki Pekin uning bandlarini bajarmayapti.

Rasmiy London ham o‘zining 150 yillik mustamlakasi bo‘lgan Gongkong aholisi uchun Britaniya fuqaroligi berilishini yengillashtirish taklifini ilgari surmoqda.

Yevropa Ittifoqi esa ziddiyatni kuchaytirmaslikka, hukumatning zo‘ravonliklardan tiyilishga chaqirmoqda. «Fuqarolar o‘zlarining yig‘ilish o‘tkazish bo‘yicha fundamental huquqlaridan foydalanmoqda. Ularga nisbatan maqbul bo‘lmagan zo‘ravonlik harakatlari qo‘llanilgani kuzatildi», deb bayonot berdi.

Bostirib kirish – Xitoy zarariga o‘ynaydi

Agar Gongkongda ish urushga qadar yetib borsa, Xitoyning dengiz orqali zamonaviy Buyuk Ipak yo‘lini yaratish g‘oyasi, ko‘p milliardli loyihalari chippakka chiqadi. 50 trillion dollarlik bozorlarni qamrovchi Osiyoda erkin savdo zonasini yaratish maqsadi ham amalga oshmay qoladi.

Bundan tashqari, Gongkong mustaqil sud tizimi orqali G‘arbning ulkan kapitali va moliyasini Xitoy bozoriga asosiy oqimini ta’minlab kelmoqda. Uning AQSh ta’sir doirasiga o‘tishi yoki o‘zi tomonidan egallab olinishi ushbu moliyaviy imkoniyat va salohiyat yo‘liga g‘ov bo‘ladi.

Xitoyga AQSh boshchiligida xalqaro sanksiyalar qo‘llanishiga olib keladi. Avvalroq maxsus xizmatlarga aloqadorlikda ayblab, Xitoyning smartfonlar ishlab chiqaruvchi «Huawei» kompaniyasiga nisbatan kiritilgan sanksiyalar bunga yaqqol misoldir.

Xitoy uchun eng xatarlisi, Pekinning bosqinchilik siyosatiga qarshi Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasida AQShga xayrixoh o‘ziga xos harbiy alyans vujudga kelishi mumkin.

Shu sababli hozirgi bosqichda Xitoyning Uyg‘ur avtonom hududidagi inson huquqlariga zid harakatlariga ham G‘arb bosimi oshayotgan sharoitda Gongkongga nisbatan kuch ishlatilishi rasmiy Pekinni siyosiy jihatdan boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadi.

Biroq u tartibsizliklarga uzoq vaqt qo‘l qovushtirib o‘tirishi ham aholida turli savollarni keltirib chiqarmoqda. Rasmiy Pekinning ma’lum qilishicha, Xitoy xalq ozodlik armiyasi Gongkongda o‘z gornizoniga ega bo‘lib, namoyishlar chog‘ida ular o‘z kazarmasidan chiqmadi.

Garnizon qo‘mondoni Chen Daosyan esa harbiylarni shaharning xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashga tayyor turishlikka buyruq bergan.

Foto: Bloomberg

Biroq politsiya bunchalar katta tartibsizliklarni mustaqil o‘zi bostira olishga qodir emasligi oydinlashmoqda. Kuchishlatar tizimlarning aksiyaga aralishish ehtimoli ham yo‘q emas.

Xitoyning Britaniyadagi elchisi Lyu Syaominning aytishicha, Pekin to‘lqinni tezgina bostirish uchun yetarlicha kuchga ega. «Vaziyat murakkablashsa, markaziy hukumat chetda tomoshabin bo‘lib o‘tira olmaydi», dedi u.

Xitoylar harbiylar Gongkong chegarasida keng ko‘lamli harbiy mashqlarni boshlab yuborishgan. Biroq ularning Gongkongga kirishi, mahalliy aholi tomonidan «bostirib kirish», deb baholanishi mumkin.

Vaziyatni hozircha «jamoat tartibi masalasi» deb baholashmoqda. U qachongi «milliy xavfsizlikka va mamlakat bo‘linishiga tahdid» deb ta’riflansa, armiya qo‘llaniladi. U holatda Gongkongda avtomatik tarzda Xitoyning qonunlari joriy etiladi.

Xitoy 1989 yilda Pekindagi Tyananmen maydonida namoyishchi talabalarni tanklar yordamida bostirgan va oqibatda yuzlab odam nobud bo‘lganini yodga olsak, hozirgi hukumat ham chorasiz qolganda «yumshoq kuchlar» siyosatidan voz kechishi mumkin.

 G‘arb Xitoydagi «bir mamlakat – ikki tizim» formulasi ish bermaganini, aksincha bu tamoyil kun sayin yemirilib borayotganini baralla jar solayotgan paytda har qanday urush shu tamoyil asosida Tayvan qaytarishga bo‘layotgani urunishlarni puchga chiqaradi. Chunki bu tamoyil insonlarga zid, tinchlikdan yiroq, degan kayfiyat hosil qilinadi.

Gongkong nufuzi tushmoqda

Gongkong jahondagi eng xavfsiz shaharlaridan biri, global biznes markazi, pul yuvishning eng qulay va jozibador manzillaridan biri bo‘lib, bu yerda oxirgi 8 yilda shubhali transaksiyalar miqdori 4 barobarga ortdi va yiliga 100 mingtani tashkil qilmoqda. Trillion dollarlik pul aylanmasi qayd etiladi.

U xorijiy investitsiyalar va kompaniyalar uchun tinch qo‘nalg‘a maqomini yo‘qotib bormoqda. Har kuni 1,6 milliard dollarlik kapital asosan Singapur, Tayvan, Vetnam, Malayziya va Indoneziyaga chiqib ketmoqda. Aholi turmushi yomonlashib, maoshlar qisqarmoqda, ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlik sezilarli o‘sdi. Gongkong iqtisodiyoti o‘tgan 5 oyda 20 milliard dollar zarar ko‘rdi.

Hozirda namoyishchilarning aniq bir maqsadi yo‘q va muayyan yetakchiga ham ega emas. Ular keltirayotgan katta zarari, ko‘plab investorlar shaharni tark etayotgani sababli aksariyat mahalliy aholi endilikda isyonchilardan uzoqlashmoqda.

Gongkonglik boylar ham tinchlikka qaytishni xohlamoqda. Xususan, dunyodagi eng boy kishilardan biri, 30 milliard dollarga ega gongkonglik Li Kashin zo‘ravonliklar va hukumatga qarshi ommaviy namoyishlarni to‘xtatishga chaqirdi. Chunki u o‘tgan vaqt davomida 3 milliard dollar mablag‘ yo‘qotdi. Agar boshboshdoqliklar davom etaversa, boy qatlam vaziyatni bostirish uchun Pekindan har tomonlama yordam so‘rashi ham mumkin.  

L.Hasan o‘g‘li

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring