O‘zbekistonda tarqalayotgan guruhli kasallanishlar haqida ochiq aytish fursati yetdi (video)
Keyingi paytlarda respublika bo‘ylab juda ko‘p turli guruhli kasallanishlar haqida xabarlar tarqalyapti. Bu raqamlarni ochiq-oydin aytish fursati yetdi. Boisi bundan aholimiz jabr ko‘ryapti.
Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining ikkita tarmoqqa ajratilganidan boxabarsiz. Bugun «Xabar.uz» sayti yangi tashkil etilgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Otabekov Nurmat Satiniyozovich bilan suhbatlashib, keng jamoatchilikni bu tarmoq ishlari bilan yaqindan tanishtiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq, sanitariya-epidemiologiya xizmatini tubdan takomillashtirish maqsadida mavjud tizim ikkita tarmoqqa ajratilganidan xabaringiz bor. Avvallari u Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufida yaxlit tizim sifatida faoliyat yuritgan bo‘lsa, endilikda nazorat funksiyasi bilan shug‘ullanadigan qismi Vazirlar Mahkamasi darajasiga ko‘tarildi.
Shu paytgacha sanitariya-epidemiologiya xizmati deganda biz 8 ta muassasani tushunardik. Bular: sanepidnazorat markazlari, OITSga qarshi kurash markazlari, o‘lat, karantin, o‘ta xavfli kasalliklar muhofazasi markazlari, dezinfeksiya stansiyalari va 4 ta ilmiy-tekshirish instituti.
Ya’ni ham ijro etuvchi, ham nazorat qiluvchi soha bitta tashkilot tarkibida bo‘lgan. Aynan mana shu maqsadlar qarama-qarshiligi nuqtai nazaridan, Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra, nazorat funksiyasi Vazirlar Mahkamasiga, ya’ni bir pog‘ona yuqori darajaga ko‘tarildi. Endilikda sanitariya-epidemiologiya xizmati tarkibida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil topdi.
Ularning vazifalari Prezidentimiz tomonidan aniq ko‘rsatib berildi. Aynan Davlat inspeksiyasi zimmasiga beshta global vazifalar qo‘yildi. Buni ijro etish barobarida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar, ya’ni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amaldagi sanitariya me’yorlari, qoidalari va gigiyenik normativlarga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatiladi.
Inspeksiya, shuningdek, hokimiyat va boshqaruv organlari bilan sanitariya-epidemiologiya xizmatining bevosita nazoratini amalga oshiruvchi vazifalarni muvofiqlashtiradi, uyg‘unlashtiradi. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanitariya me’yorlari, qoidalari va gigiyenik normativlarga rioya etilishi ustidan zamonaviy nazorat metodologiyasini ishlab chiqish orqali ish yuritadi. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va aholiga yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan muassasalar, qo‘yingki, boshqa xalq xo‘jalik ob’yektlari ustidan xalqaro andozalarga mos ravishda, o‘rnatilgan tartibda nazoratni amalga oshiradi.
Yana shu sohaga oid mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash ishlarini amalga oshiradi va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda mahalliy mutaxassislarning chetga chiqib malaka oshirib kelishlarini ta’minlab, tizim faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Shu o‘rinda unda Agentlikning vazifalari nima, degan savol tug‘iladi. Aslini olganda, shu paytgacha sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlariga faqat nazorat qiluvchi, tekshiruvchi muassasa sifatida qarab kelingan. Biroq bu faoliyatning bitta qismi xolos. Uning boshqa qator vazifalari ham bor. Shu tufayli biz erkin muloqotdamiz, erkin ko‘chaga chiqamiz, xotirjam ovqatlanamiz, xotirjam u-bu joyga boramiz. Chunki yuqumli, o‘ta xavfli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik barqarorlik ta’minlanyapti. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Demak, profilaktik tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishi, kasallikning chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini oladigan choralar ko‘rilishi, aholi orasida tushuntirish, targ‘ibot ishlarini olib borish, har bir xalq xo‘jalik sohalari uchun alohida sanitariya me’yorlari, qoidalar va gigiyenik normativlarni ishlab chiqish, qo‘yingki, bu sohada ilmiy izlanishlarni amalga oshirib, natijalarni tibbiyot amaliyotiga tatbiq etish – bularning hammasi agentlik zimmasidagi vazifa.
Endilikda biz zimmamizda turgan vazifalarni to‘liq ado etish orqali sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashga hissa qo‘shish borasida bosh qotirishimiz kerak. Ayni paytda Davlat inspeksiyasi va Agentlik nizomlarini ishlab chiqdik. Unda vazifalarimizning har birini alohida ko‘rsatdik. Asosiy vazifamiz sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgani bois hamkorlikda qiladigan vazifalarimiz borligini ham unutmayapmiz. Hozirda sal kam 30 ta hukumat qarorlariga, bir nechta qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ustida ishlayapmiz.
Keyingi paytlarda respublika bo‘ylab juda ko‘p turli guruhli kasallanishlar haqida xabarlar tarqalyapti. Biz fursatdan foydalanib bu raqamlarni ochiq-oydin aytmoqchimiz. Boisi bundan aholimiz jabr ko‘ryapti. Tahlillardan ko‘rish mumkinki, 2017 — 2019 yillar davomida O‘zbekiston bo‘yicha 140 ta guruhli kasallanish holati qayd etilgan. Bunda qariyb 1500 ga yaqin odam jabrlangan. Eng achinarlisi, ularning 300 dan ortig‘i bolalar. 11 ta holatda ovqatdan zaharlanish oqibatida o‘lim qayd etilgan. Albatta, o‘lim holatlari 100% botulizm kasalligidan, ya’ni uy sharoitida sanitariya qoidalariga amal qilmay tayyorlangan konserva mahsulotlari iste’moli oqibatida yuzaga kelgan.
Keyingi paytlarda, ayniqsa, umumiy ovqatlanish va oziq-ovqat muassasalari, maktabgacha ta’lim va umumta’lim muassasalarida bu kabi holatlarning qayd etilishi bizni yanada xavotirga solyapti. Tahlil va o‘rganishlar natijasida bu kabi guruhli kasallanishga ko‘proq oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, tashish va aholiga yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan muassasalarda, birinchidan, ovqat tayyorlash texnologiyasining buzilgani, ikkinchidan, oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash jarayonida sifati kafolatlanmagan mahsulotlardan foydalanish, uchinchidan, oziq-ovqat pishirish texnologiyasini biladigan mutaxassislarning yo‘qligi, to‘rtinchidan, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan va kerakli sanitariya minimum tayyorgarlik kurslarini o‘tmagan mutaxassislarning ishga jalb etilgani, o‘sha oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlashda ishlatiladigan jihozlarning ma’nan eskirganligi – hamma-hammasi sabab bo‘lyapti.
Aynan mana shu muammolarni bartaraf etish uchun Prezidentimiz tegishli ilovaga o‘zgartirish kiritib berdi. Unga muvofiq kelgusida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish, tashish va saqlash bilan shug‘ullanadigan, shu jumladan, aholiga ichimlik suvi yetkazib berish hamda kanalizatsiya suvlarini chiqarib tashlash faoliyatini olib boradigan muassasalarni uch oyda bir, xodimlari o‘rnatilgan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘lgan sohalar, oziq-ovqat va savdo muassasalaridan tashqari kosmetologiya, sartaroshxonalarni olti oyda bir, davolash, diagnostika va profilaktika yo‘nalishida faoliyat yurituvchi xususiy tibbiyot muassasalarini yilda bir marta tekshiradigan bo‘ldik. Demak, nazorat davom etadi.
Biroq bundan ko‘zlangan asosiy maqsad kimnidir jazolash, tahqirlash, kamsitish yoki chora ko‘rish emas. Yurtboshimiz tomonidan shuncha e’tibor berilib, tadbirkorlikka imkoniyatlar yaratib berilayotgan bir paytda ularning qonuniy faoliyat yuritishi, sanitariya me’yorlari va qoidalari, gigiyenik normativlar asosida ishlashiga ko‘maklashishimiz kerak. Demak, Davlat inspeksiyasining vazifasi faqat nazorat bo‘lib qolmaydi. Biz kelgusida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi timsolida tadbirkorlik sub’yektlarining maslakdoshi, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi, ishonadigan tashkilot sifatida tan olinishini juda xohlardik.
Boisi bu xizmat sha’niga tegadigan gaplar ko‘p tarqaldi. Ehtimol, bunga asoslar bo‘lgandir?! Bu yog‘iga nufuz va mavqeimizni ko‘tarish, sohani faol, jonkuyar xodimlar bilan to‘ldirish, qolaversa, mutaxassislar har xil korrupsion ishlarga aralashib qolishining oldini olish maqsadida Prezidentimiz bizga yana bir imkoniyat yaratib berdi. Ya’ni Davlat inspeksiya qoshida jamg‘arma tashkil etiladi. Bunda vaqtida to‘lanmagan jarimalardan undiriladigan penyalarning 50 foizi o‘sha jamg‘armaga tushishi rejalashtirilgan. Bu kelgusida xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun imkoniyat ekanini tan olish kerak.
Endi shunday tartib o‘rnatiladiki, biror bir muassasa faoliyatini o‘rganishda bir xil yondoshuv bo‘lmaydi. Bu bolalar va o‘smirlar gigiyenasi, kommunal-gigiyena, mehnat gigiyenasi yoki davolash, diagnostik-profilaktika, radiatsion gigiyenani o‘rganadigan soha bo‘ladimi, xullas, barchasiga alohida yondashuv ta’minlanadi. Toki borib o‘rganilgan paytda yozilgan, yig‘ilgan ma’lumot o‘sha mutaxassis saviyasiga zinhor bog‘liq bo‘lib qolmasin. Shu o‘rinda bir jihatga ham alohida e’tibor qaratmoqchimiz. Ya’ni inspeksiya xodimlari kimningdir qo‘liga qarab qolmasin. Ular ishlayotgan joyining qadriga yetsin. Shunday bir nufuzli tashkilotda ishlayotgani va faoliyatidan ketib qolish ehtimoli doim xayolida tursin...
Endilikda Respublika davlat inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmalarining tarkibiy tuzilmasida jamoatchilik bilan ishlash bo‘limlari alohida o‘rin tutadi. Aynan jamoatchilik bilan ishlash zimmamizga juda katta vazifalarni yuklaydi. Ko‘p yillardan beri sog‘liqni saqlash tizimida rahbar lavozimlarida ishlagan bo‘lsam-da, aynan tarkibiy tuzilmaga jamoatchilik bilan ishlash bo‘limlarining kiritilganini kamdan-kam kuzatganman. Bundan ko‘rinib turibdiki, biz OAV, keng jamoatchilik, har bir fuqaro, lozim bo‘lsa, har bir tadbirkorlik sub’yekti bilan ishlashimiz darkor. Faqat nazorat qilish bilan chegaralanib qolmasligimiz zarur. Tekshirish paytida muammo kelib chiqmasligi uchun tadbirkorlik sub’yektlari oldindan murojaat qilib, maslahatlar so‘rashsin. Mutaxassislarimiz borib, aniq yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsin, kamchiliklarini ko‘rsatib bersin.
Hozirda biz nizomimizga sinov uchun xarid qilish orqali mahsulotlar sifatini tekshirish talablarini ham kiritganmiz. Bunda bizning mutaxassislar o‘zlarini tanishtirmay turib, mahsulotlarni xarid qilishadi. Keyin o‘rnatilgan tartibda sifati bo‘yicha munosabat bildirish huquqiga ham ega bo‘ladi.
Bu yog‘iga biz tizimda mavjud bo‘lgan mavqe, tizimda mavjud bo‘lgan obro‘, qolaversa, tizimda mavjud bo‘lgan nufuzni tiklashimiz kerak. Xalqimizda chiroyli bir gap bor: Dumalab ketayotgan narsaning orqasidan yugurib ketish oson. Lekin turgan narsani dumalatish yoki bo‘lmasa yurgizish doim qiyin kechgan. Biz yangi tashkilot sifatida dumalab ketayotgan narsaning orqasidan yugurmoqchi emasmiz. Asosiy maqsadimiz yangi-yangi mexanizmlarni, usullarni, amaliyotlarni o‘zimizga tatbiq etib, xorijiy tajribalarni o‘rganib, ularni O‘zbekistonga moslashtirib, bir joyda qotib qolgan tizimni yurgizish orqali zimmamizga yuklangan vazifalarni to‘laqonli ochib bermoqchimiz. Niyatimiz yurtimizda ham sanitariya-epidemiologiya talablariga to‘liq javob beradigan muassasalar ko‘paysin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter