Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon o‘zining o‘limini bashorat qilganmidi?

O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon o‘zining o‘limini bashorat qilganmidi?

«Tobutni to‘rt o‘g‘lim yelkaga olar, Bittasi oldinda yurar otamlab...»

O‘zbek adabiyotiga, millatimiz bolalariga katta adabiy meros qoldirgan O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli adib Anvar Obidjonning umr yo‘ldoshi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibasi Karomatxon aya Obidjonova bilan suhbatlashar ekanmiz, hayotda juftliklar yillar davomida har tomonlama bir-biriga o‘xshab, bir-birini to‘ldirib boraveradi, degan fikrga yana bir karra ishonch hosil qildik. Shoirning rafiqasi ham o‘zi kabi kamtar, kamsuqum va sokin ummon ostidagi marvarid kabi ulug‘ qalb egasi ekan.

– Bolalik – inson umrining eng beg‘ubor va betashvish fasli, ota-onasi, yaqinlari bag‘rida erkalanib, ulg‘ayadigan davri. U pallalarni yillar shamoli uchirib ketsa ham inson sog‘inch va ajib bir entikish bilan eslaydi. Ammo ustoz Anvar Obidjon bilan sizning bolaligingiz urushdan keyingi og‘ir tiklanish yillariga to‘g‘ri kelgan. Ustoz bolaligini qanday xotirlardi, siz o‘z bolaligingiz haqida o‘ylaganda nimalarni eslaysiz? 

– Dunyoda hech bir inson bo‘lmasa kerakki, bolaligini sog‘inmasa. Bolalik qimmatchilik-qahatchilikda o‘tsin, ochlik, kambag‘allik, yo‘qchilikda o‘tsin, baribir, har bir odam uni entikib xotirlasa, olis yillarni qo‘msasa, sog‘insa kerak. Chunki u hayotining ajralmas bir qismi, ortga qaytarib bo‘lmaydigan tarixi. Unda bugun hayotida yo‘q bo‘lgan yaqinlari bilan o‘tgan go‘zal xotiralari bor. Inson uchun bolalik eng beg‘ubor palla bo‘lib, u bilan bog‘liq xotiralar toabad yuragining bir burchida azizlik maqomida turadi. Men uchun ham shunday: yaqinlarim, menga aziz bo‘lganlar, meni aziz bilganlar... Ular qatorida Anvar aka bilan bog‘liq o‘y-xayollarim – mening buyuk durdonalarim...

Anvar aka bilan bitta maktabda tahsil olganmiz. U kishi 4-sinfgacha boshqa maktabda o‘qigan. Biz tug‘ilib o‘sgan Oltiariq tumanidagi Poloson qishlog‘ida yangi 13-umumta’lim maktabi qurilib, foydalanishga topshirilgach, Anvar aka ham shu dargohga kelib, o‘qishni davom ettirgan. Taqdir degani shunchalar sirli va ajoyib ekan-da. Bo‘lmasa bir maktabda shuncha yil birga o‘qisak ham bir-birimizga nigohimiz tushib, ko‘ngil berish u yoqda tursin, hatto yaqinroq tanish ham emasdik. U qishloqning boshqa mahallasidan, men bosh­­qasidan kelib o‘qirdik.

Maktabni tamomlaganimizdan keyin taqdir bizni bir-birimizga ro‘baro‘ qildi. Menga sovchilar kelgani, yigit bilan maktabdosh ekanimni aytishdi. Qaynotam rahmatli o‘g‘illari harbiy xizmatda ekanligidayoq meni kelin qilishni ko‘ngillariga tugib qo‘ygan ekanlar.

U paytlarda bugungidek dabdabayu isrofgarchiliklar bormi – ikki yoshning turmush qurganini elga, mahallaga bildiruvchi ixchamgina to‘y bo‘lib o‘tdi.

– Bugungi yoshlarimizning o‘qish, bilim olish, turmush qurib, bekamu ko‘st yashashi uchun barcha shart-sharoit muhayyo. Ammo yosh oilalarga tezda darz ketib, ajrashishlar soni ko‘payayotgani achinarlidir. XX asrning 60 – 70-yillari yoshlari, ya’ni, sizlar uchun bunday imkoniyatlar mavjud emas edi, lekin oilalar mus­tahkam, bir-birovga mehr-muhab­bat, hurmat, oqibat kuchli bo‘lgan. Sababi nimada edi? 

– Men ham bu haqda ko‘p o‘ylayman. Xulosalarim shuki, mehnat odamga o‘zini ham, o‘zgalarni ham hurmat qilishga, birovni qadrlashga, shukr qilishga o‘rgatadi. Xalqimizda ajoyib bir naql bor: «Ochlik neni yedirmas, to‘qlik neni dedirmas». Bu maqolni mushohada qilib ko‘rsangiz, zamirida juda katta hikmat bor. To‘qlikni ko‘tara olmagan ba’zi odamlar o‘ylamasdan gapirib, birovning ko‘nglini og‘ritadi, Allohning bergan rizqu nasibasiga shukr qilish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik kerakligini unutadi. Hayotida qiyin­chilik, mashaqqat ko‘rgan odamlar nonning uvog‘ini ham uvol qilmaydi. Qaynonam rahmatli har bir narsaning qadriga yetadigan inson edilar. U kishining bu fe’llari Anvar akaga ham o‘tgan.

Biz Anvar Obidjon bilan 1969 yilda turmush qurganmiz. O‘sha paytda men endigina 17 yoshga kirgan, soddagina qiz edim. Ularning oilada 8 nafar farzand bo‘lib, shundan uch nafari qiz, 5 nafari o‘g‘il edi. Anvar aka o‘g‘il farzandlarning eng kattasi, ya’ni ota-onasining suyangan, ishongani edi. Men kelin bo‘lib tushganimdan ikki oy o‘tgach qaynotam olamdan o‘tdi. Bu ko‘p bolali xonadonimiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Bolalarning qornini to‘yg‘azish, ustini butlash, ularni o‘qitib, uylantirib, uyli-joyli qilish mas’uliyati, ro‘zg‘or yuki o‘z-o‘zidan Anvar akaning zimmasiga tushdi. Shu sababli, tirikchilik g‘amida, onasiga yordam berish uchun turli joylarda ishladi. Ana shunday pallalarda biz hayot qiyinchiliklariga sabr qilib, barcha sinovlarni birgalikda yengib o‘tdik.

– Ma’lumki, ustoz avval moliya sohasida tahsil olib, jamoa xo‘jaligida hisobchi, klub mudiri bo‘lib faoliyat olib borganlar. Keyinchalik jurnalistika sohasida bilim olishlariga nima turtki bo‘ldi? Diplomsiz ham ijod qilaverishi mumkin edi-ku?

– Anvar akaning bolaligidan adabiyotga qiziqishlari katta bo‘lgan, she’r­lar yozgan. 6-sinfda o‘qib yurgan paytidayoq she’rlari o‘sha paytdagi «Lenin uchquni» gazetasida Miraziz A’zam tahriri ostida chop etilganini ko‘p gapirardi.

Dalada ishlasalar ham, klub mudiri bo‘lib ishlagan paytlarida ham ijoddan to‘xtamas, dilida jurnalistika sohasida o‘qib, bilimlarini yanada mus­tahkamlash istagi bor edi. Ota-onasi oldidagi burchlarini bajarib, ya’ni ukalari tashvishidan qutulgach, qalbining tub-tubidagi yagona istagi u kishini oliy o‘quv yurtiga yetakladi va bu dargoh Anvar akaning maqsadiga yetishiga, ishini poytaxtda, ijodkor do‘stlari safida davom ettirishiga zamin yaratdi.

– Farg‘ona vohasi insonlarining har birini hajv, kulgi ustasi desak bo‘ladi. Ustozga bu xis­lat yurtdoshlaridan o‘tganmi yoki otamerosmi?

– Gapingiz to‘g‘ri, farg‘onaliklar, ayniqsa, Oltiariq xalqi kulgini, hajv va askiyani yaxshi ko‘radi. Ularning to‘rt kishi to‘plangan tadbiri yo‘qki, kulgisiz, hajviyasiz o‘tsa. Qaynotam rahmatli kulgiga juda moyil, hamisha ko‘tarinki kayfiyatda, tabassum bilan yuradigan, so‘zamol, hozirjavob odam sifatida xotiramda qolganlar. Balki Anvar akaga ham bu xislat otamerosdir. Qishloq odamlarining sodda va samimiy kulgusi ularga doim ilhom baxsh etib turgan bo‘lsa ajab emas.

– Muxlislari hajvchi shoir sifatida yaxshi biladigan ustoz yaratgan asarlarning o‘zbek adabiyotidagi o‘rni nihoyatda katta. Anvar aka hayotda, oilada, farzandlari bilan muomalada, odamlar bilan munosabatda ham hajvdan keng foydalanarmidi?

– U kishi juda kamtarin, soddadil inson edilar. O‘rni kelganda, hazil-mutoyibani ham boplardilar. Hamqishloqlar bilan suhbatlari doim kulgi, askiya va payrovlarga ulanib ketardi. Anvar aka odamlardan ilhom olardi go‘yo. Bejiz asarlaridagi qahramonlar ham aynan oddiy qishloq odamlari bo‘lmagan. O‘zlari uzoq yillar kolxozda ishlab, og‘ir mehnatning nonini yegani uchunmi yoki o‘zining qalbiga yaqinmidi ular, bilmadim, lekin qishloq odamlarini juda yaxshi ko‘rardilar. Olti­ariqqa borganda ularni mahalla guzaridan topardik. Qishloqdoshlari, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla odamlari bilan gaplashib, askiya, hazil-mutoyiba qilib, yayrab o‘tirganini ko‘rardik. Xalq orasidagi o‘zaro so‘zlashuvlarda ishlatiladigan iboralarni tinglab rohatlanar va ulardan ijodida mahorat bilan foydalanardi.

Kolxozda birga ishlagan odamlarni ko‘rib qolsalar ko‘zlari quvonchdan porlab ketar, suhbatlashib, huzurlanar edilar.

– Shoirning zamondoshlari hamisha tabassum bilan yuradigan kamtar va samimiy, kezi kelganda mutoyibani do‘ndiradigan inson sifatida hurmat bilan eslashadi. Demoqchimanki, shoir bu borada qanday e’tirofga molik xislatlarga ega edi?

 – Anvar aka juda kamtarin, soddadil kishi edi. Hatto Cho‘lpon nashriyotiga direktor bo‘lganini uch-to‘rt oydan so‘ng boshqalardan eshitib, nega mendan yashirib yuribsiz, deb xafa bo‘lsam, «Shoirlikdan yanayam pastladim, deyishga uyaldim-da», – deb o‘zini oqlagan edi.

Kamtarligini taomlanishda ham ko‘rish mumkin edi: nima tayyorlasangiz ham shukrona keltirib, kamgina tanovul qilardi. Qaymoq sho‘rvani juda yaxshi ko‘rar edi. O‘zlari esa qaynatma sho‘rvadan boshqa biron taomni tayyorlashni bilmas edilar.

Anvar aka ba’zida oila davrasida ham hazil-mutoyiba qilib qo‘yardi.

Bir kuni televizorda urush haqida kino ko‘rayotgan Boburjon o‘g‘lim: «Dada, siz ham armiyada zambarak otganmisiz?» – deb so‘rab qoldi.

– Yo‘q – dedi dadasi. Boburjon bola emasmi, «Nimaga otmagansiz?» – deb, savolga tutaverdi. Shunda Anvar aka jiddiy turib: «Birovlar ko‘rsatgan tomonga qarab otgim kelmagani uchun otmaganman. Otganga yarasha o‘zing xohlagan tomonga qaratib otsang ekan», – degan edi.

Bu bilan bolalariga hayotda har kimning mustaqil fikri bo‘lishi, birovning ta’siriga tushib, nag‘masiga o‘ynamasligi kerak, degan fikrni singdirish yo‘li bilan tarbiya berganlar-da.

Ba’zida xafagarchiliklarni mutoyiba bilan yengardi. Toshkentga ko‘chib kelganimizda ancha kamxarj edik. Tuzukroq kiyim-kechak olib berolmagani uchun «Siz bilan yashab, mana, qulog‘imdagi tillo baldog‘imdan boshqa hech nimam yo‘q», – desam:

– Menda nima bor ekan? – deb mug‘ombirona kuldilar. – Meniyam tillo baldoqli xotinimdan bo‘lak bisotim yo‘q, – dedilar.

Farzandlari tarbiyasiga juda e’tiborli edilar. Shoir hayotda qanchalik kamtarin, kamsuqum bo‘lsa, oilada shunchalik qattiqqo‘l va e’tiborli edi. 

Uncha-munchaga jahli chiqmas, hamisha kulib yurardilar. Ammo agar achchiqlansa bormi, hech kimni va hech nimani ayamas, bunday paytlarda u kishidan faqat qochib qutulish mumkin edi. U kishi mas’uliyatsiz odamni yoqtirmas, ikkiyuzlamachilarni ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Agar men yoki bolalarning birortasi mas’uliyatsizlik qilsak, bir qarashi bilan noroziligini bildirar edi. Shunday qarardiki, o‘sha bolam kaltak yegandan battar his qilardi o‘zini va bir haftagacha otasining ko‘ziga ko‘rinishdan qo‘rqib, panada yurardi. Mabodo ko‘cha yoki maktabdan kim bilandir urishib kelishsa, dadasining ko‘ziga ko‘rinishmas, buvisiga yoki menga aytishardi. Chunki dadasi bilib qolsa, o‘zi dashnom eshitishini bilishardi.

Anvar aka unaqa po‘rim bo‘lib yurishga qiziqmas, ammo ozoda kiyinishni yaxshi ko‘rar, bolalardan ham shuni talab qilardi. Farzandlariga sifatli va qimmat kiyimlarni sotib olardi. Arzon kiydiradigan darajada boy emasman, derdilar. Endi bu gaplarining ma’nisini tushunaman: ketma-ket 5 nafar o‘g‘il bola arzon kiyimni bir hafta yoki bir oyga yetmasdan yirtib kelar, sifatli kiyim anchagacha chidar edi-da.

– To‘rt qayin uka, keyinchalik besh o‘g‘il farzand... Ularning ozoda yurishi, xonadon tozaligi, oshxonadagi yumushlar sizni charchatgan pallalar bo‘lmay iloji yo‘q. Shunday vaqtda turmush o‘rtog‘ingiz yordamlasharmidilar?

– Anvar akam umri davomida faqat o‘qidilar, ishladilar va ijod qildilar. Besh o‘g‘limiz birin-ketin ulg‘ayib, ro‘zg‘or ishlarini zimmalariga olishdi. Oshxona yumushlarini men o‘zim bemalol eplardim. Chunki oshxonaning egasi faqatgina ayol kishi deb o‘ylayman. Keyin ketma-ket kelinlar tushgach, menga ham ish qolmadi.

– Shoir uchun eng qadrlilar kimlar va nimalar edi?

– Bolalar, bolalar va yana bolalar! Uydami, yo‘ldami, to‘ydami – qayerda bo‘lmasin, kichkintoylarni ko‘rsa yoniga chopib borardilar. Ular bilan gaplashib, o‘ynab, suhbatlashib to‘ymas edilar. Nevaralari bilan ham xuddi tengdosh o‘rtoqdek bolalarcha suhbatlashardilar. Anvar Obidjonni bolalarga bo‘lgan mehri shoir qilgan bo‘lsa ajab emas.

Shoir uchun qadrlilar kimlar dedingiz. Avvalo, onasi desam, to‘g‘ri javob bergan bo‘laman. U kishi onasini judayam yaxshi ko‘rardi. Opalari mehmonga kelishsa, kuvonchi ichiga sig‘mas, bolalikdagi ukaga aylanib qolardilar go‘yo.  

– Shodon ersang, yashirma hargiz,

Kulishaylik,

Suhbatni bezat.

G‘aming bo‘lsa tortmagin yolg‘iz,

Ikki tortim menga ham uzat – 

degan satrlarni bitgan shoir barchaning quvonchu g‘amiga yelka tutishga tayyorligini ko‘rsatadi. Shunday emasmi?

– To‘g‘ri, u kishining do‘stlari juda ko‘p edi. Do‘stlari va shogirdlariga juda mehribon edi. Ahmadjon Meliboyev eng qadrli do‘sti va maslahatgo‘yi, Erkin Vohidov va Miraziz A’zamlarni esa ustoz deb bilardilar. Shogirdlarining men tanigan-tanimaganlarim qancha! Ular bilan doimiy muloqotda bo‘lar, qo‘llaridan kelgan yordamini ayamasdi. Ayniqsa, A’zam O‘ktam, Hulkar Hamroyevalarni yaxshi ko‘rardi.

Buning ustiga juda mehmondo‘st edilar. Toshkentda yashagan paytimizda uyimizdan odam arimas, uyimizning eshigi 40 yil qulflanmagan desam, ishonavering. Deyarli har kuni uzoq-yaqindan mehmonlar kelishar, ayniqsa, Farg‘ona, Oltiariqdan keladigan tanish-bilishlarning keti uzilmas, ba’zida notanishlar ham kimningdir kimi ekanligini aytib kelaverishardi. Kimlardir bemorligi sabab tajribali shifokor izlab kelsa, boshqalari yana qandaydir yumush bilan kelar, hatto ijaraga uy topolmay qolgan shogirdlari ham haftalab xonadonimizda qolishar, bu Anvar akaga aslo malol kelmas, aksincha, har biri bilan o‘z yaqini kabi dildan suhbatlashar, imkoni bo‘lsa kerakli manziliga o‘zi olib borib kelar, mablag‘i kamligini sezsa, shifokorga ham o‘zi borib, yashirincha pul to‘lab kelardilar.

– Anvar akaning «Kipriging nega nam...» she’riga e’tibor beraylik:

Emasmiz shunchaki tirik jon,

Eng oliy ong mavjud odamda.

Va bizda bor ekan to vijdon, 

Yiglash-chun sabab ko‘p olamda.

Kipriging nega nam, jonginam?

 

Yana bir she’r esa:

Urilajak do‘qlardan,

Uzilajak o‘qlardan,

Omon asra meni, charx!

Tug‘ilajak nafratdan,

To‘qilajak tuhmatdan,

Omon asra meni, charx! – 

deb boshlanadi. Shoir yuragidan to‘kilgan bu satrlar bejiz bo‘lmasa kerak? U kishi hayotda nimalardan quvonar, nimalardan azoblanar, qiynalar edi?

– Anvar aka, odatda juda sirli, kamgap va kamsuqum odam edi. Buni do‘stlari, shogirdlari, tanigan-bilganlar yaxshi bilsa kerak. Oilada ham shunday bo‘lgan, ichidagini doim to‘kib solmasdi, kam gapirardi. Nimadandir iztirob chekib she’r yozgan bo‘lsalar ham menga sezdirmasdilar. Dardu tashvishini ichda saqlardilar. Bu biz, yaqinlarini ayaganlaridan bo‘lsa kerak... Lekin bir narsani aniq bilamanki, barcha she’rlarida hayotda o‘zlari guvoh bo‘lgan va ta’sirlangan voqealar, xulosalar, hikmatlar aks etgan.

– Yozib tugatilgan asarning birinchi o‘quvchisi... 

– Odatda, u kishi yozgan asarlarini menga yoki farzandlariga darrov o‘qib bermasdilar. Tinmay yozaverardilar, biz esa bu asarlarni gazeta-jurnallar, kitoblarda chiqqanidan so‘ng o‘qirdik.

– O‘tgan umr yo‘llaringizga qarab, ko‘nglingizdan nimalar o‘tadi: xatolar, saboqlar, faxr tuyg‘usi...

– Men oddiy qishloqdan chiqib, mamlakat markazi – Toshkentga kelib, kezi kelsa qiynalib, o‘zbek shoiru yozuvchilari qatorida o‘z o‘rnini topib, butun mamlakatning katta shoiri – O‘zbekiston xalq shoiri darajasiga yetgunicha u kishining yonlarida turdim. Aslida o‘rta ma’lumotliman. Oliy o‘quv yurtida o‘qimaganman. Adabiyotni o‘qimishli odamlar kabi tushunmasam ham, katta bir ijodkorning rafiqasi bo‘lib, uning ijod qilishi uchun bolalar tarbiyasi, uy yumushlarini zimmamga olishga harakat qilib, imkon qadar yordamlashib, u kishi bilan birga hayot kechirganimga doimo shukrona keltiraman.

– Bog‘bon uchun ekkan hosilining mevasi shirin. Shunday ekan, ustoz farzandlari kamolini ko‘rib qanday huzurlanar edilar? 

– Bizga Yaratgan besh nafar o‘g‘il farzand berdi. Hammasini o‘qitib, uyli-joyli qildik. To‘ng‘ich o‘g‘lim Bahromjon ota kasbini tanlagan. Jurnalistika sohasida o‘qidi. Hozir Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasi raisi bo‘lib ishlayapti. Bahodir – tadbirkor, Botir – iqtisodchi. Bobur va Bunyod esa fermerlik bilan shug‘ullanadi. O‘g‘illarimizning har biri o‘z kasbi-kori, daromad manbaiga ega. El-yurt xizmatiga kamarbasta. Ulardan nevara, hatto chevara ham ko‘rdik. Anvar akamning o‘zlari nevaralariga Barchinoy, To‘maris deb ulug‘ ajdodlarimizning ismlarini qo‘yganlar.

Men bugun komil ishonch bilan ayta olamanki, turmush o‘rtog‘im o‘g‘illari bilan ich-ichidan faxrlanardilar. Buni ancha oldin yozilgan she’rda shunday ifodalaydilar:

Tangrimdan roziman ming bor, ming marta,

Mehribonlik qilib ehtiyot shartdan –

O‘g‘il berdi menga beshtasin jamlab.

Tobutni to‘rt o‘g‘lim yelkaga olar,

Bittasi oldinda yurar otamlab...

Bu haqda farg‘onalik shoir Abduvosit Siddiq shunday yozadi: «Qiziq, bu satr­larda qanday ma’no bor?.. O‘shanda bir muddat o‘yga tolganim rost. Anvar Obidjon O‘zbekiston Xalq shoiri bo‘lsa, shunday mashhur odamning janozasiga do‘stlari kechikadimi, kelmay qoladimi?

...O‘sha mash’um kun – 2020 yilning 12 aprelida karantin qoidalari kuchaytirilgan edi. O‘zbek adabiyotining ulug‘ adibining tobutini o‘zi yozganiday, besh o‘g‘li va faqat yaqin jigarlari ko‘tarishdi.

...Hamon o‘yga tolaman. O‘sha satrlarni yozayotganida ustoz koronavirus degan balo chiqishi, bu balo dunyoni tahlikaga solishini, karantin joriy etilib, to‘y-ma’rakalar bir muddat to‘xtab qolishi, janozasiga odamlar kela olmasligini ichki bir tuyg‘u bilan sezganmikan?

Agar sezgan bo‘lsa, demak, avliyo ekan...»

Men el koriga yarayotgan o‘g‘illarimizga, nevara-chevaralarimizga qarab, ularda otasining, bobosining xislatlarini ko‘rib quvonaman. Bir o‘zbek ayoli, ona erishishi mumkin bo‘lgan barcha narsaga erishganimni yuragimdan his qilaman. Men uchun eng katta baxt Anvar Obidjondek zabardast ijodkor bilan birga yashaganim va qolaversa, farzand­larimizning baxtu kamolini ko‘rayotganimdir.

O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli adib tug‘ilib, yashagan Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi Poloson qishlog‘idagi ko‘chaga Anvar Obidjon nomi berilgani, har yili 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida Oltiariq tuman hokimligi tomonidan katta stadionda «Hayotning har lahzasi go‘zal» deb nomlangan shoir xotirasiga bag‘ishlangan tadbir muntazam tarzda o‘tkazilishi, asarlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinib, dunyo bolalari tomonidan sevib o‘qilayotgani shoir asarlarining umrboqiyligidandir.

«Men Oltiariqning oddiy bolasiman», deb yozgan Anvar Obidjon asarlari bilan elda aziz bo‘lib, o‘ziga mahobatli haykal qo‘ydi. Dunyoda bolalar bor ekan, o‘zbek xalqi bor ekan, uning asarlari sevib o‘qilib, nomi abadiy yodda saqlanadi:

Do‘stlarim marmardan bermangiz sayqal,

Qabrim ham ko‘rinsin o‘zimday sodda.

Yurtga kerak bo‘lsam shu o‘zi haykal,

Elga aziz bo‘lsam, saqlashar yodda!

Saodat MATYoQUB qizi suhbatlashdi

(«Adolat» gazetasidan)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring