O‘zbekistonga «aqlli tartibga solish» modeli qanchalik muhim?
«Amerikaning Kaliforniya, Nevada, Arizona shtatlarida tadqiqotchilar yo‘l qoidasini buzishga telefon sabab bo‘layotgani bois, qonun ishlab chiqishni taklif qilishdi. Ammo haydovchilar uyali telefondan foydalanmayotganiga qaramasdan baxtsiz hodisalar sonini kamaymadi. Hozirda biz ushbu nomuvofiqlik sabablarini aniqlash uchun ma’lumotlarni yig‘ayapmiz», — deya izoh beradi Avtomobil yo‘llari xavfsizligi sug‘urta instituti prezidenti amerikalik Adrian Lund.
Xo‘sh, nima uchun taqiq samarasiz bo‘ldi? Muammoning to‘g‘ri tavsifi nima?
Maqola avtomobil halokatlari haqida emas, balki qabul qilingan qonunlar yoki qonunlarni «aqlli tartibga solish» haqida.
Qonunlar qabul qilinadi, keyin to‘ldiriladi va o‘zgartiriladi, muammolar esa ko‘p hollarda hal etilmay qoladi.
«Aqlli tartibga solish» modeli o‘zi nima?
Qonunchilikka ko‘ra, tartibga solish tahlili (TST) ma’lum bir davlat organiga adekvat siyosat ishlab chiqish va uni amalga oshirish imkonini beradigan muayyan vositalar, usullar, tartiblar majmui. TST natijalariga ko‘ra, tartibga soluvchi vositani qo‘llash samaradorligiga qarab, hujjat bekor qilinishi yoki qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Bu tushuncha ilk bor Qo‘shma Shtatlarda 1974 yil 27 noyabrda AQSh Prezidenti Jerald Fordning 11821-sonli buyrug‘i bilan inflyasiya ta’sirini baholash dasturi rasman ishga tushirildi. Dasturni amalga oshirish ish haqi va narxlar barqarorligi bo‘yicha kengash zimmasiga yuklatildi. Bunday tartib-taomil xalqaro amaliyotda esa XX asrning 60 yillaridan qo‘llanila boshlangan. Bugungi kunda Buyuk Britaniya, Daniya, Fransiya, Germaniya, AQSh, Rossiya, Qozog‘iston kabi 60 dan ortiq davlatlarda samarali yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur model davlatning sifatli va muvozanatlashgan normativ-huquqiy bazasini yaratishni, ya’ni, ortiqcha xarajat va muddat, qog‘ozbozlik, byurokratik to‘siqlardan holi bo‘lgan qonun hujjatlarini qabul qilinishi ta’minlaydi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, «aqlli tartibga solish» usullarini qo‘llash hisobiga Germaniyada 2000—2005 yillarda 10,5 milliard yevro, Avstraliyada 2013—2015 yillarda 4,5 milliard avstraliya dollari, Rossiyada 2020 yilda 2,5 trillion rubl miqdoridagi ortiqcha xarajatlarning oldi olingan.
O‘zbekistonda tartibga solishni tahlil qilish tizimi yaqinda qo‘llanila boshlandi. Ya’ni bu davlat rahbarining 2021 yil 15 martdagi «O‘zbekistonda tartibga soluvchi ta’sirni baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qarorda ta’kidlanganidek, katta iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasi orqali tashkil etiladi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek atrof-muhit muhiti sifatida TSTni amalga oshiradi.
Hozircha baholash faqat to‘rtta toifadagi hujjatlar bo‘yicha amalga oshirilmoqda: litsenziyalash tartib-taomillarining yangi cheklovlari va turlarini, tadbirkorlik sub’yektlariga litsenziya berishni, yuridik shaxslarning ustav kapitalining eng kam miqdoriga qo‘yiladigan talablarni oshirishni, har qanday turdagi hujjatlarni belgilashni nazarda tutuvchi hujjatlar.
«Aqlli tartibga solish» hisoboti loyiha ta’sirining aniq tavsifini (ijobiy, salbiy yoki neytral) aks ettiradi. Mazkur hujjat, shuningdek, normativ-huquqiy hujjat loyihasi bir vaqtning o‘zida bir nechta davlat organlari tomonidan o‘rganilmoqda. Xususan, Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi – tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri uchun, Monopoliyaga qarshi qo‘mita – raqobatga ta’siri uchun, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi – atrof-muhitga ta’siri uchun. Birinchi yil yakunlariga ko‘ra, vazirlik mutaxassislari tomonidan davlat organlari tomonidan ishlab chiqilgan va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun qabul qilingan 118 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari —qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, hukumat qarorlari o‘rganildi.
Aniqlanishicha, barcha loyihalarning atigi 29 tasi (25%) tartibga solish tahlilidan o‘tgan. Qolgan 89 tasida (yoki 75 foizida) Iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi qo‘mita tomonidan protsedura natijalari bo‘yicha TST hisobotlari va xulosalari bo‘lmagan.
Shuningdek, kelib tushgan hujjatlarning tartibga solish tahlili natijalariga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlarining asossiz qo‘shimcha xarajatlariga olib kelishi mumkin bo‘lgan 400 dan ortiq normalar aniqlangan va ular zudlik bilan chiqarib tashlandi. Tasavvur qilayapsizmi, 400 dan ortiq ushbu normalarni deb qanchadan qancha tadbirkorlar ham vaqtini, ham naqdini yutqazganini...
Endilikda tizim samarali ishlashi uchun Adliya vazirligi tomonidan mazkur yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash ishlari faol boshlandi.
Bundan 4 yil avval — 2018 yiling 17-18 avgust kunlari Adliya vazirligi, Birlashgan millatlar tashkiloti rivojlanish dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi, Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va «Mintaqaviy muloqot» XNNTning O‘zbekistondagi filiali (Sloveniya) tomonidan norma ijodkorligi jarayonini takomillashtirishga bag‘ishlangan «Aqlli tartibga solish» modelini norma ijodkorligi jarayoniga tatbiq etishning muhim vazifalari» mavzusida xalqaro ekspertlar davra suhbati o‘tkazilgandi.
Davra suhbatida norma ijodkorligida «Aqlli tartibga solish» modeli elementlarini qo‘llash ehtiyoji mavjudligi alohida tilga olingandi. Ammo bu uzoq davom etadigan jarayon. Masalan, Qo‘shma Shtatlar ushbu tizimni to‘liq joriy etish uchun 30 yil vaqt sarfladi.
Qo‘shni davlatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, tartibga solish tahlili Qirg‘izistonda 2007 yildan beri birinchi bo‘lib joriy etilgan. Shu paytdan boshlab tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tartibga solish tahlilidan o‘tkazilgan.
Tartibga solishni tahlil qilish ya’ni «Aqlli tartibga solish» mezonlari Qirg‘izistonda quyidagilardan iborat: metodologiya va Qirg‘iziston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlari talablarini bajarish, hujjat formati talablariga muvofiqligi, xulosalar va tavsiyalarning asosliligi, xulosalar (hisob-kitoblar) amalga oshiriladigan ma’lumotlarning ishonchliligi.
Qozog‘istonda esa 2014 yildan beri «Aqlli tartibga solish» modeli biznes sohasiga ta’sir qiluvchi me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishning majburiy tartibi hisoblanadi. Qonun hujjatlariga muvofiq, TST joriy etilgan tartibga solish vositasi va tegishli talablardan tadbirkorlik sub’yektlari uchun foyda va xarajatlarni taqqoslashning tahliliy tartibi bo‘lib, kelajakda davlat tomonidan tartibga solish maqsadlariga erishishni baholash imkonini beradi.
Xo‘sh, «Aqlli tartibga solish» modelini oson tilda qanday tushuntirish mumkin?
Daniyel Sigankov, Oliy Iqtisodiyot maktabi (Rossiya) qoshidagi tartibga solish ta’sirini baholash markazi direktori «Aqlli tartibga solish» modelining bosqichlarini quyidagicha belgilaydi: Muammoning bayoni va tavsifi, baholash maqsadini belgilash, maqsadga erishishning mumkin bo‘lgan variantlari tavsifi, taqdim etilgan muqobillarni tahlil qilish, maslahatlashuvlar, xulosa va natijalar, tavsiya etilgan variantni taqdim etish,tanlangan muqobilni amalga oshirish, keyingi monitoring.
Bir qator mamlakatlarda tartibga solishni tahlil qilish tizimi (TST) qabul qilingandan keyin qo‘llanilsa, to‘liq hisoblanadi.
Masalan tartibga solishni tahlil qilishga misol keltiramiz. Ya’ni dori vositalaridan bolalarning zaharlanish holatining ko‘payishi bilan bog‘liq hujjatning qabul qilinish mexanizmini ko‘rib chiqamiz.
Muammoning ta’rifi: tabletkalarni qabul qilgan bolalarda zaharlanish keltirib chiqaradi.
Qonunning maqsadi: 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida tabletkalarni qo‘llash natijasida zaharlanish holatlarini kamaytirishdir.
Muammo tartibga solish bilan hal qilindi: dori idishlarini juda oson ochish.
Yechim: qiyin ochiladigan flakon qopqoqlarini ishlab chiqish — bolalardan himoyalangan qopqoqlar, ya’ni ochilishi qiyin bo‘lgan qopqoqlar.
Endi, nima uchun xorijda avtoulov boshqarilayotganda telefondan foydalanish ta’qiqlansada, halokatlar kamaymadi, degan savolga javob izlasak. Bunda muammo to‘liq o‘rganilmagan, balki jamoatchilik nazorati bo‘lmagan — muhokamaga qo‘yilmagandir.
Balki yo‘llarning ahvoli e’tibordan chetda qolgandir.
Tezlik oshishi sabab bo‘lgandir. Bunga jarimalarning pastligi sababdir. Buni mutaxassislar o‘rganishmoqda. Har holda telefondan foydalanish avtohalokatlarning ko‘payishiga sabab bo‘lmagani o‘z isbotini topgan. Ya’ni bunda to‘liq tartibga solish tahlili amalga oshirilmagan. Bizda ham bu borada yechimini kutayotgan muammolar ko‘p. Shunchalik ko‘pki, ba’zi qonunlar, qonun osti hujjatlari, qaror va farmonlar iqtisodiyotga, biznesga, tadbirkorlikka va hatto inson hayotiga zarar keltirsada qabul qilingan. Shu boisdan chalkashliklar, tushunmovchiliklar, adolat qaror topmasligi ba’zi noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Demak bizga ham «Aqlli tartibga solish», ya’ni tartibga solish tahlili o‘ta muhim va shart.
B.Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter