Otabek Mahkamov nega shaxsiy, diniy va siyosiy savollarga javob bermaydi? (video)
Inson nimanidir ezgu maqsad qilsa, butun koinot uni shu maqsadiga yetishtirish payida bo‘ladi. Biz ham ko‘p qirrali ijodkor va barchamizga tanish huquqshunos Otabek Mahkamov bilan suhbat qurish maqsadimizni koinotdan biroz pastroqda, yer sathidan esa 110 metr balandlikda amalga oshirdik.
Otabek Mahkamov 1984-yil 5-sentyabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan.
Ozodbek Nazarbekovning «Meni kuchliroq sev» qo‘shig‘ining klipi ham unga omad olib kelgan.
U rol ijro etgan filmlar: «Bo‘rilar-3: Oxirgi qarz», «Majruh», «Men yulduzman», «Jodugar», «Yondiradi-kuydiradi» va «Fotima».
2016-yilda Otabek Mahkamov AQShga ko‘chib ketganidan buyon Nyu-York radiosi va shaxsiy YouTube kanalida jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.
– Assalomu alaykum, Otabek aka. «110 metr balandlikda» ko‘rsatuvimizda sizni ko‘rib turganimizdan bag‘oyat mamnunmiz. Avvalo, mart oyida rejalashtirilgan «Yuksaklik sari tasodif bo‘lmagan 100 ta uchrashuv» kitobingizning taqdimoti bilan oldindan muborakbod etmoqchimiz.
– Vaalaykum assalom, E’zozaxon. Juda ko‘p intervyularda qatnashganman, ammo bu qadar tarixiy va unutilmas lokatsiyada intervyu birinchi marotaba o‘tkazilyapti. Bu yerga kirib kelgan paytim shuni tushundimki, dunyodagi deyarli barcha teleminoralarda bo‘lgan ekanman-u, lekin o‘zimiznikida hech qachon bo‘lmagan ekanman. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deganlari shu bo‘lsa kerak. Ammo hechdan ko‘ra kech, mana siz sabab bugun bu xatoni tuzatdim. Buning uchun xabar.uz jamoasiga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Kitobimning taqdimotiga keladigan bo‘lsak, afsuski, may oyiga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi. Ramazondan keyin xalqimizga hayitlik bo‘ladi.
– Mana ushbu kitobingiz haqida biroz ma’lumot berib o‘ting, kitobning qahramonlari kimlar, ulardan olgan motivatsiyalaringiz...
– «Yuksaklik sari tasodif bo‘lmagan 100 ta uchrashuv» kitobimni uch tilda yozdim: o‘zbek, rus va ingliz. So‘nggi 3 yil davomida yozib, tugatilgan mazkur kitobimda 18 yillik ijodiy faoliyatim mobaynida dunyoning 52 ta davlatlarida uchratgan 100 ta yonimizdagi afsonalar va ularning har biridan olgan motivatsiyalarim haqida bayon etilgan. Ba’zilardan qanday bo‘lishni o‘rgangan bo‘lsam, boshqa birlaridan hayotda qanday bo‘lmaslikni ham o‘rgandim.
Kitobning asosiy shiori: «Bu hayotda hech kim do‘st ham, dushman ham emas. Har bir inson biz uchun ulug‘ ustoz!»
Kitobni 12 yil avval saratondan vafot etgan onajonimga bag‘ishladim va undan tushgan foydaning bir qismi bemor bolajonlarni davolashga sarflanadi.
– Jurnalistlik faoliyatingizdagi ilk suhbatingiz kim bilan bo‘lgan? Intervyudan ko‘nglingiz to‘lganmi?
– Rosti, o‘zim bilmagan holda boshlanib ketgan bu faoliyatim. Eng birinchi suhbatim bexosdan boshlanib ketgan, hatto u insondan intervyu olishni rejalashtirmaganman ham. Toshkent kinoforumida Andrey Malaxov bilan bo‘lgan ilk intervyudan umuman ko‘nglim to‘lmagan. Chunki uning kabi menda yaxshi taassurot qoldirmagan. Shu kunga qadar Bollivudda ham, Gollivudda o‘zim orzu qilgan deyarli barcha mashhur insonlar bilan tanishib, suhbat qurishga muvaffaq bo‘lganman va ularning 97 foizi kamtar insonlar bo‘lgan. Chunki buyuklik – oddiylikda!
– Hayotingizni o‘zgartirgan suhbat, qaysidir qahramonning gapidan qattiq ta’sirlangan paytingiz bo‘lganmi?
– Bunday suhbatlar juda ham ko‘p. Shuning uchun ham kelasi yil chiqarishni rejalashtirayotgan ikkinchi kitobimning nomi «Yuksaklik sari tasodif bo‘lmagan 100 ta intervyu» bo‘ladi. Ya’ni, bu kitobida faqat uchrashuvlar haqida yozilgan bo‘lsa, keyingisida uchrashgan insonlarim bilan bo‘lgan suhbat batafsil bayon etiladi. Menga eng ta’sirli bo‘lgan uchrashuv Enrike Iglesias bilan bo‘lgan edi. (Otabek Mahkamovning Enrike Iglesiasdan qanday hayotiy saboq olgani haqida Xabar.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin).
– Faoliyatingizni Amerikada yuritishingizning sababi nimada? O‘zbekistondagi yaxshi OAVlardan ham taklif bo‘lsa, ishingizni O‘zbekistonda davom ettirishingiz mumkinmi?
– Hozirda Nyu-York radiosida faoliyat olib boraman va u yerda men mazza qilib ishlayman. Sababi u yerda so‘z erkinligiga katta e’tibor qaratishadi. To‘g‘ri, O‘zbekistonda ham oxirgi besh yil mobaynida so‘z erkinligi bo‘yicha jiddiy shamollar bor. Albatta, hozir ham o‘zbek OAVlaridan bir qancha takliflar bo‘lyapti.
– Chet elda faoliyat yuritsangiz ham, asosiy qahramonlaringiz nega o‘zbeklar?
– Yo‘q, 50ga 50 desa ham bo‘ladi. AQShga endi borgan kezlarim O‘zbekistondan qachonlardir ketgan mashhur kishilarning deyarli barchasini topdim. Chunki xalq ularni sog‘ingan va hozirgi hayot tarzi, faoliyatiga qiziqardi. Keyinchalik esa dunyo tanigan ko‘plab insonlar bilan suhbat qurishga muvaffaq bo‘ldim.
– Bilamizki, AQShda radioboshlovchilikdan tashqari xorijdagi vatandoshlarimizning ham yaxshi kunlarida xizmat qilasiz. Xorijliklarning ham to‘ylarida xizmat qilganmisiz va u yerning urf-odatlari sizga qanchalik yoqadi?
– Juda ham ko‘p marotaba qatnashganman xorijliklarning ham to‘ylarida. Chunki Nyu-York dunyo poytaxti, u yerda yo‘q millatning o‘zi yo‘q. Menga eng esda qolarlilaridan biri – bu jazoirliklarning to‘ylari bo‘lgan. Chunki ularning noodatiy urf-odatlari menga juda yoqqan. Jumladan, ularda nafaqat kelin, balki kuyov ham oppoq liboslarda qo‘llarida olov ko‘tarib to‘yxonaga kirib kelishadi. Qolaversa, eronliklarning to‘yida qilich ko‘tarib raqsga tushishlari ham juda yoqadi. (Otabek Mahkamov qora tanlilarning to‘yida qanday raqsga tushishi sizga ham qiziq bo‘lsa, Xabar.uz YouTube kanalida videoni tomosha qiling).
– Axborot texnologiyalarining hayotingizda tutgan o‘rni qanday?
– Odatda texnikalarga unchalik qiziqmayman. Ammo texnologiya sohasining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlayman. Jumladan, IT texnologiyalariga nisbatan ham juda ijobiy fikrdaman.
– Smartfonlarning so‘nggi rusumdagisiga mukkasidan ketgan insonlar sirasiga kirasizmi? Hozir deyarli barcha mashhur insonlarning qo‘lida iPhone 13 Pro Max…
– Menda ham shunday, afsuski! O‘zim bilmagan holda. Chunki men uchun telefon faqat aloqa vositasi, 2-3 yillab ham telefonimni almashtirmay yuraveraman. Bu yil turmush o‘rtog‘im menga so‘nggi rusumdagi iPhone sovg‘a qilganligi uchungina foydalanyapman. To‘g‘risi, 16 yil mobaynida faqat android ishlatganligim uchun o‘zimni xuddi eng olis «kolxoz»dan kelgan kishidek his qilyapman.
– Men sizga siz kutgan va siz har doim eshitadigan savolni bermoqchi emasman, savolim aksincha: Amerikaga nima uchun bormaslik kerak?
– Agar o‘z yurtingizda muvaffaqiyatga erisha olmagan bo‘lsangiz, Amerikada ham erisha olmaysiz. Yaxshisi, bormaganingiz ma’qul. Agar muvaffaqiyatga erishishingizga kimdir to‘sqinlik qilayotgan bo‘lsa, u holda keting! Masalaning ikkinchi tarafi ham bor, O‘zbekistondagi raqobatga bardosh berolmagan kishining Amerikada nimagadir erishishi qiyin masala.
Otabek Mahkamov kimga jahl qilib kino olamiga kirib kelgani va qaysi jurnalistga intervyu olish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish uchun o‘z faoliyatini boshlaganligi hamda hech qaysi suhbatda aytmagan gaplari haqida Xabar.uz YouTube kanalida ko‘rishingiz mumkin.
E’zoza TURG‘UNOVA suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter