Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oriyatni yer yutyaptimi? Yoxud «o‘rgimchak odam» to‘ridagi kelajak...

Oriyatni yer yutyaptimi? Yoxud «o‘rgimchak odam» to‘ridagi kelajak...

Fotokollaj: «Xabar.uz»

Har qanday jamiyatdagi muammolar (aksariyat hollarda) e’tibordan chetda qoladigan, arzimas hisoblanadigan (lekin oqibatda tanazzulga olib boradigan) ko‘rguliklarga bog‘liq bo‘ladi. Mening nazarimda, bugungi kunimizning (barcha jamiyatlar uchun taalluqli) ana shunday muammolaridan biri — erkaklarning o‘z asliyatini boy berib qo‘yayotganidir.  

Sizningcha, erkak bo‘lmoqlikning eng birinchi sharti nima? Turli davrlar uchun bu shart turlicha bo‘lgan va (mening fikrimcha) bugungi kunda erkak bo‘lmoqlikning eng asosiy sharti — ayolga o‘xshab qolmaslik (bo‘lib qolganday).

Olamdagi ilk jamiyatlarda erkaklar, avvalo, ovchi va jangchi edilar. Ulardan katta jismoniy kuch, abjirlik, hushyorlik, qo‘rqmaslik, g‘alabaga ishonch, sabr va qaror berishda o‘ta aniqlik talab qilingan. Ming afsuski, kechagina erkakning fayzi hisoblangan fazilatlar (jumladan, qat’iyatlilik, hukmronlikni qo‘ldan bermaslik, qarorlar qabul qilishdagi ustunlik, o‘ziga bo‘ysundirish va hokazolar) bugungi kun oilalarida  ma’lum muammolarni keltirib chiqarmoqda. Boshqacharoq aytganda, bugungi erkaklar oiladagi hukmronlikni (har jihatdan mustaqil bo‘lishni istaydigan, aytganini qildirishga urinadigan, tili uzun) ayollarga berib qo‘ymaslik uchun kurashishga majburlar. Ya’ni, bugun ko‘pchilik ayollar juda ko‘p masalalarda erlariga bo‘ysunishni istashmaydi.

Ayollar har jabhada erkaklar bilan tenglashayotgan (to‘g‘rirog‘i, tenglashishga urinayotgan), bellashayotgan, hatto iqtisodiy masalalarda to‘liq erkinlikni qo‘lga kiritayotgan, «oilani ta’minlash – erkak kishining ishi, ayolning vazifasi – bola tarbiyalash va uy bekasi bo‘lish» degan gaplarga burun jiyirayotgan, erini o‘ziga moslab «qayta tarbiyalashga» urinayotgan va (tan olish kerak) juda ko‘p sohalarda erkaklarga nisbatan ustunlikka erishib borayotgan bir davrda muhtaram erkaklarimiz (o‘zlari sezib-sezmagan holda) katta sinovdan o‘tmoqdalar. (Silliqlamay aytadigan bo‘lsam), bugungi kun erkaklari oldida bitta muhim vazifa bor: erkakning qaddini va qadrini, erkaklikning asliyatini tiklash! Va shu yo‘l bilan o‘z nasllarini tanazzuldan saqlab qolish!

Viqorini yer yutganlar

Bizning bolaligimizda o‘g‘il bolalarga (hozirgidek) «haqiqiy erkak qanday bo‘lishi kerak?» degan mazmundagi o‘gitlar aytib, alohida gaplashib o‘tirilmasdi. Otalarning: «O‘zingga qara, sen erkaksan!», «Erkak bo‘l!» degan dag‘al ohangdagi ogohlantirishi yetardi. U otalar o‘g‘illariga quruq gap bilan emas, amalda o‘rnak bo‘lishardi. O‘g‘il bolalar (yiqilib yoki mushtlashib, burnini pachoq qilib olsa ham) yig‘lamasdi, yig‘lagani or qilardi, uyalardi; bir-birini sotmasdi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bugungi juda ko‘p o‘g‘il bolalarning haqiqiy erkak bo‘lib shakllanishi borasida jiddiy muammolar bor. Ishonavering, bu muammolar atayin shakllantirildi. Chunki millatlarni tanazzulga uchratishning sinalgan usuli – ayollarni ayollikdan, erkaklarni erkaklikdan mosuvo qilishdir.

Sizningcha, yuzlari-yu, qosh-ko‘zlariga «salon»larda oro berib, «popukdek» bo‘lib yurgan; beli ingichka shoyi kuylagu tor shim kiyib, sochini allambalo qilib turmaklab, to‘da-to‘da bo‘lib hiringlashib ketayotgan; yuziga upa-elik surtib «ZAGS»ga borayotgan yigitchalar nimaning mahsuli? (To‘g‘ri, bu masalada «ona o‘g‘il» tarbiyalaydigan aqli kalta onalar va ori yo‘q otalarning ham katta aybi bor, ammo gapirilaverganidan ta’sir qilmaydigan bo‘lib ketgan bu mavzuni hozir qo‘ya turaylik. Bugun masalaning e’tibordan chetda qoladigan boshqa tomoni haqida gaplashamiz).

Ilgari o‘g‘il bolalar ko‘pkarida otni yeldek uchiradigan chavandozlarga, kuragi yerga tegmagan polvonlarga havas qilishardi. Yaqin o‘tgan davrlardagi bolalarning ham sevimli qahramonlari (harqalay) erkaklik sifatiga ega edi: epchil, hushyor va jasur Bryus Li yoki qo‘l jangini mohirona namoyish qiladigan kinoqahramonlarga havas qilmaydigan o‘g‘il bola yo‘q edi hisob. Ammo bugunning bolalari teleekranlar orqali muttasil qanday erkaklarni ko‘rishga mahkum etilganini, kimlarni o‘zining qahramoni deb bilishini, kimlarga havas qilishini va kimlarga o‘xshab borayotganini bilasizmi?

Ular bugun uchar «Betmen»larga, maxluqsifat «Xalk»larga, gurzisini parrak qilib uchadigan «Tor»larga, supermenu «o‘rgimchak odamlar»ga havas qiladi.

  • Ular juda yoshligidanoq, «Jilet» reklamalaridagi — soqol oladigan ko‘pikning mayinligidan rohatlanadigan, yuzida ustarani silliq yurgizib iljayadigan yigitchalarni;
  • bir pechene reklamasidagi kabi — shirinlik ustida xotiniga g‘amza qilib suziladigan va xotin kishi bitta kalla qo‘ysa, ag‘darilib tushadigan shirintomoq yigitlarni;
  • sahnada buzuq xotinga o‘xshab qilpanglab, ashula so‘zlarini (xushtoriga erkalanayotgan olifta qizday) tantiqlanib talaffuz qiladigan, bema’ni, bedavo ashulachi yigitchalarni;
  • bo‘yanish va soch turmaklashdan tortib kiyinish masalalariga qadar xotinlarga ustozlik qiladigan, muloyimgina «stilist» yigitlarni;
  • sahnada besharm va behayo latifalarni aytib, odamlarni bema’ni hiring-hiringlarga ko‘niktirayotgan, mahmadona «qiziqchilik guruhlari»ni;
  • xotinidan qo‘rqadigan erkaklarning ahvoli ko‘rsatiladigan tomoshalarni ko‘rib katta bo‘lyapti.

Bugungi milliy seriallarimiz qahramonlari ham «ona o‘g‘il»lar! U seriallarda, kinolarda oiladagi hamma masalani ona hal qiladi. Onalar, qaynonalar bitta shallaqilik bilan oila boshlig‘ining ovozini o‘chirib qo‘yadi. Ota, qaynota – hech kimga gapi o‘tmaydigan, bachkana, ming‘ir-ming‘ir qilib, xotiniga tobe bo‘lib yuradigan, mayda bir odam! Onasining pinjiga kirib serial ko‘radigan bolalar ana o‘shalarni ko‘rib ulg‘ayyapti!

Bugungi yosh yigitlar — o‘zining har xil soch turmaklarini, kiyim-kechaklarini reklama qiladigan, reklama roliklarida ayollardek taqinchoq taqib chiqadigan, besoqolbozlar bilan quchoqlashib suratga tushadigan Devid Bekxemlarni o‘ziga etalon deb bilyapti.

«Qancha yasansang, shuncha sevimli bo‘lasan», «Rang-barang ipak kiyimlar va orolanish bilangina qiz-ayollarga yoqish mumkin», degan nojinslar targ‘ibotiga ergashyapti. Yasan-tusan va pardozda, ko‘rimlilikda qizlardan o‘zishga urinyapti.

Insonning qanday kiyinishiga qarab, uning ichki-ma’naviy dunyosi haqida bemalol xulosa chiqarish mumkin. Kiyim-boshning inson ruhiyatiga va hatto axloqiga ta’sir etishi ham bor gap. Islomda erkak kishiga ipak kiyim kiyish ma’n etilganligi (harom qilinganligi)da ham katta hikmat bor: ipak — juda mayin, nozik mato va u o‘zidan foydalanayotgan kishidan ham noziklik va mayinlik talab qiladi. Ya’ni, ipak kiyim kiyishga o‘rgangan erkakning fe’lida yumshoqlik shakllanadi, zabardastligi yo‘qoladi. Va buning isbotini (shoyi-ipak ko‘ylaklar kiyadigan muloyim yigitlar misolida) o‘zingiz ham ko‘rib turibsiz...

Bugungi – qadr-qimmatni kiyim-bosh bilan o‘lchaydigan, ayolmonand erkaklarning, yuz-ko‘ziga zeb berib orolanadigan yigitlarning, erkaklik g‘ururini boy bergan dayuslarning  o‘zini yutmasa ham, oriyatini, viqorini, sha’nini yer yutib bo‘ldi…

Qarg‘aga yetaman degan chumchuqning holi

...Har qancha qarorlar chiqarilib, nazoratga olinmasin va har qancha nasihatu tanqid qilinmasin – to‘y, ma’raka, marosimlardagi quyushqonga sig‘maydigan odatlar, sarf-xarajatlar, bid’atlar (avjiga chiqsa chiqyaptiki), to‘xtayotgani yo‘q. Chunki ayni masalalarda erkaklar molparast va obro‘parast xotinlarga o‘z gapini o‘tkaza olmayapti, xotinining orzu-havasiga bo‘ysunib, dunyoga qul bo‘lyapti.

Chet yurtlarda ne xorlik va qiyinchiliklar bilan bo‘lsayam pul topib kelib, mantiqsiz marosimlarga, hasham va dabdabaga sarflayapti, oqibatda qarg‘aga yetaman degan chumchuqning holiga tushyapti.

«Xotinining nafsoniy orzulariga bo‘ysungan har bir erkakni Alloh jahannam otashiga otmay qo‘ymaydi», deganlar Hasan Basriy hazratlari. Ne yoziqki, bugun juda ko‘pchilik bunday erkaklarning jahannami shu dunyoning o‘zidayoq boshlangan: oilada obro‘siz; xotiniga, bolalariga gapi o‘tmaydi; mahalla-ko‘y orasida o‘z o‘rni yo‘q; oilasidan totuvlik, ro‘zg‘oridan baraka qochgan; o‘zini qayerga urishini bilmaydi – osmon uzoq, yer qattiq!..

Hazrati Luqmon o‘z o‘g‘illariga nasihat qila turib: «O‘g‘lim! Yomon xotindan ehtiyot bo‘l! Chunki u seni imkoniyatingdan ortiq ishlarga da’vat etib, kuchingni bema’ni narsalarga sarflashingga, yo‘ldan ozishingga va erta qarishingga sabab bo‘ladi. Mabodo shunday xotinga uylanib qolsang, undan saqlanishning birgina yo‘li bor – izmingni unga berib qo‘yma, boshqaruv o‘z qo‘lingda bo‘lsin!» — deya ta’kidlagan ekanlar.

O‘sha boshqaruvni qo‘ldan chiqargan erkak nima ko‘yga tushayotgan bo‘lsa, o‘zidan ko‘rsin, hozir gap bunda emas. Hamma gap — o‘shanaqa oilalardan jamiyatga yetayotgan zararda! Ya’ni, erkakning so‘zi o‘tmaydigan oilalarda erkakshoda qizlar, xotinchalish yigitlar shakllanadi. Bu ikki toifa har qanday jamiyatga, har qanday millatga birdek zararlidir.

Uyat, hayo masalasi faqat ayollargagina daxldor deb o‘ylaydigan erkaklar o‘z o‘rinlarini yo‘qotib qo‘yayotganlaridan qachon uyaladilar?!

Erkak o‘z o‘rnida bo‘lishi uchun xontaxtani mushtlab, baqir-chaqir qilishi yoki zo‘ravonlikka o‘tishi shart emas. Chunki ayollar labbayxo‘ja erkaklarni qanchalik yomon ko‘rsalar, hurmatlamasalar —  zug‘umkor erkaklarni ham shunchalik yoqtirmaydilar; ulardan cho‘chishlari mumkin, lekin hurmat qilmaydilar. Erkak har taraflama hurmat va muhabbatga sazovor bo‘lsagina, o‘z asliyatiga —  hukmronligiga, rahbarligiga qaytadi.

Biz ana o‘sha tom ma’nodagi rahbarlikni kutamiz. Biz o‘g‘illarimizning o‘z akalari, otalari qolib, o‘rgimchak odamlarga havas qilib ulg‘ayishini istamaymiz.

Dilfuza Komil, 
«Ma’rifat saodati» gazetasi bosh muharriri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring