Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Oddiy o‘qituvchilikdan diktatorlikgacha yoxud G‘arbiy Yevropaning so‘nggi diktatori

Oddiy o‘qituvchilikdan diktatorlikgacha yoxud G‘arbiy Yevropaning so‘nggi diktatori

«Mutlaq hokimiyat mavjud bo‘lishi mumkin, mutlaq erkinlik hech qachon mavjud emas».

Antonio de Salazar

 

XX asrni totalitar tuzumlar davri, deb atash mumkin. Ushbu davr mobaynida ko‘plab mamlakatlarda o‘ziga xos bir shaklda diktatura tuzumi ildiz otdi. Birinchi jahon urushidan so‘ng Yevropada Gitler, Stalin, Mussolini, Yon Antonesku va Miklosh Xorti kabi diktatorlar o‘z mamlakatlarini katta urush girdobiga tashlashdi. Ikkinchi jahon urushidan keyin esa Afrika va Janubiy Amerika davlatlarida yangi diktatorlar paydo bo‘ldi. Ular mamlakatni yuksaltirish niyatida hokimiyatda uzoq muddat qolishdi va o‘zlari anglamagan holatda buning aksini amalga oshirishdi.

Bugungi maqolamizda, oddiy universitet o‘qituvchiligidan haqiqiy diktatorga aylangan, Portugaliyani qariyb 40 yil davomida boshqargan va G‘arbiy Yevropaning so‘nggi diktatori hisoblanmish Antonio de Salazar haqida hikoya qilamiz.

Antonio de Salazar aslida kim?

Antonio de Salazarning shaxsiyati XX asrda o‘tgan diktatorlardan ko‘p jihatdan farq qiladi. U na harbiy zobit, na razvedkachi, na inqilobchi, na ommaviy harakat rahbari edi.

Antonio de Salazar 1889-yilda Portugaliyaning shimolidagi Vimeyro shahridagi kichik yer egasi oilasida dunyoga kelgan. Ota-ona dindor katolik bo‘lganligi uchun o‘z farzandlarini ruhoniy bo‘lishini istashar edi. Biroq har doim ham insonning istaklari amalga oshavermaydi. 1910-yilda Salazar Koimbra shahridagi eng qadimgi Portugaliya universitetining huquq fakultetiga o‘qishga kirdi. To‘rt yildan so‘ng u universitetni a’lo bahoga tamomlab, universitetda o‘qituvchi sifatida faoliyat yurita boshladi.

Bo‘lajak diktatorni tanigan odamlar uni kamtarin, tortinchoq va odamovi deb ta’riflashgan. Eng qizig‘i, Salazar ayollar bilan tanishishdan qochgan va umrining oxirigacha boshi ochiq o‘tgan. Bundan tashqari, bo‘lajak diktator tamaki chekmagan, spirtli ichimlik ichmagan va musiqa, teatr hamda raqsga befarq bo‘lgan. Antonio de Salazar hokimiyatga kelganidan keyin ham o‘z odatlariga sodiq qoldi.

Bunyodkorlik ortidan kelgan buzg‘unchilik

1910-yilda Portugaliyada qirol taxtdan ag‘darildi. Ta’sis majlis yangi konstitutsiyani qabul qildi va mamlakat demokratik respublika deb e’lon qilindi. Biroq Portugaliyada demokratiya barqaror rivojlanmadi. Respublika tarafdorlari birlasha olishmadi. Mamlakatda 16 yil ichida 9 ta prezident va 44 ta hukumat almashdi. Portugaliyadagi umumiy vaziyat Birinchi jahon urushi(1914-1918) dan keyin og‘irlashdi. Urushda Portugaliya rasman Antanta tarafida kurashib, g‘oliblar qatorida bo‘lsa-da, aslida bu urush unga zarar keltirdi.

XX asr boshlarida Portugaliya Yevropaning eng qashshoq mamlakatlaridan biriga aylandi. Mamlakat iqtisodiyotining asosi hali ham qishloq xo‘jaligi bo‘lib, texnikalar ham ancha eskirib qolgan edi. Portugaliyada import eksportdan ancha o‘sib, mamlakatning tashqi qarzi keskin sur’atda oshib ketdi. Iqtisodiy inqirozlar har doim o‘zi bilan inqilob ruhini olib yuradi. 1926-yilda Portugaliyadagi iqtisodiy va siyosiy inqiroz fonida harbiy to‘ntarish yuz berdi. Qo‘zg‘olon ko‘targan harbiy generallar mamlakatdagi iqtisodiy holatni o‘zgartirishga intilishdi. Biroq ularga iqtisodiy va moliyaviy bilimlar yetishmadi. O‘sha vaqtda Salazar Koimbra universitetining eng ko‘zga ko‘ringan ziyolilardan biri edi. Harbiy to‘ntarish boshlig‘i Gomes da Kosta  professor Salazarni moliya vaziri bo‘lib ishlashga taklif qildi. Bo‘lajak diktator bu taklifga rozi bo‘ldi, lekin unga berilgan vakolatlar kamligi uchun universitetiga qaytib ketadi.

Salazarning hokimyatga kelishi

Harbiylar o‘rtasidagi ichki kelishmovchiliklar tufayli Gomes da Kosta tez orada hokimiyatdan chetlashtirildi. Harbiylarning yangi rahbari Antonio di Karmona yanada muloyim inson edi. 1928-yilda harbiylar Salazar bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi. Ikki Antonio birgalikda ajoyib tandem tashkil qilib, biri moliya (keyinchalik Bosh vazir) vaziri, boshqasi prezident sifatida mamlakatni 20 yil davomida boshqardi.

Antonio de Salazar moliya vaziri bo‘lgach, mamlakat xarajatlarini qisqartirdi, mahalliy korrupsiyaga chek qo‘ydi, aksariyat ijtimoiy dasturlari qisqartirdi va xorijiy kapitallarni olib kirishni yengillashtirdi. Bu qilingan ishlar budjet taqchilligini yopish va inflyasiyani yengish imkonini berdi. Hukmron elita Salazarni mamlakatning qutqaruvchisi sifatida ko‘ra boshladi. 1932-yilda Salazar Bosh vazir etib tayinlandi. U Bosh vazir bo‘lganidan bir yildan so‘ng konstitutsiyani o‘zgartirish uchun referendum o‘tkazdi.

Salazar diktaturasining barpo etilishi

Yangi konstitutsiyada ijro hokimiyatining qonun chiqaruvchi hokimiyatdan ustunligi, fuqarolar huquqlari cheklanishi va bir qator hokimiyatni mustahkamlovchi qonunlar belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, mamlakatda muxolifat faoliyati taqiqlandi hamda uning a’zolari ta’qibga uchray boshladi. Bir so‘z bilan aytganda, bu o‘zgarishlar Salazar diktaturasini barpo etish fundament vazifasini o‘tadi.

Bu rejimga minglab portugaliyaliklar qarshi chiqdi. Ammo ularning taqdiri ayanchli yakun topdi. Salazarga qarshi chiqqanlar Tarrafal konslageriga jo‘natildi yoki shunchaki otib tashlandi.

Salazar hukmronligining dastlabki yigirma yilligi samarali o‘tdi. U qo‘llagan siyosat tufayli 1930 yilda yuz bergan buyuk depressiya Portugaliyaga ta’sir ko‘rsatmadi. Ikkinchi jahon urushi (1939-1945) davrida Portugaliya neytral davlat bo‘lib qoldi va urush oxiriga qadar shu pozitsiyasini saqlab qoldi. Portugaliya harbiy harakatlarda qatnashmagan bo‘lsa-da, Germaniya hamda unga qarshi bo‘lgan tarafga noyob volfram metallini sotdi. Bu orqali Portugaliya mo‘maygina pul ishlab oldi. Misol uchun, Germaniya volfram o‘rniga Portugaliyaga oltin bergan. Urush yakuniga kelib mamlakatning oltin zaxirasi yetti barobarga oshgandi.

1940-1950–yillarda Salazar armiya va flotni modernizatsiya qildi. 1961-yilga kelib, Portugaliya Osiyo va Afrikada sakkizta qaram hududga ega bo‘lgan. Bular: zamonaviy Angola, Sharqiy Timor, Gvineya-Bisau, Kabo-Verde, Mozambik, San-Tome, Hindistonning Goa provinsiyasi va Xitoyning Makao hududi. Salazar ularga mustaqillik berishni qat’iyan rad etdi. Hatto xalqaro hamjamiyatning bosimi ham uning qarorini o‘zgartirishga yordam bermadi.

Diktatorning izolatsiyadagi hayoti

XX asrning 50-yillariga kelib, Portugaliya mustamlakalarida fuqarolar urushi boshlandi. Bu harbiy xarajatlarni 2-3 barobar ko‘paytirdi. Mustamlakalardagi urushlar mamlakat iqtisodini vayron qildi. Natijada Portugaliyaning iqtisodi cho‘ka boshladi. Yosh portugallar yaxshiroq hayot izlab mamlakatdan chiqib ketdi.

1968-yilning yozida stulda tebranayotgan Antonio de Salazar qattiq yiqilib, miyasiga qon quyildi. U bir oy kasalxonada yotganida ham davlat rahbari bo‘lib qoldi. Salazarning ahvoli kundan-kunga og‘irlashdi. Shunda uning maslakdoshlari liberal professor Marselo Kaetanoni Bosh vazir etib tayinlashdi. Biroq kutilmaganda Antonio de Salazarning sog‘ligi tiklana boshladi. Bu uning tarafdorlari uchun ajoyib «sovg‘a» bo‘ldi. Sababi, ular o‘zlari uchun yangi rahbarni tayinlab bo‘lishgan edi. Shunda diktatorning hamrohlari uni to o‘limiga qadar shifoxonadan saqlab turishga qaror qilishdi. Shifokorlar va hamshiralar bemorga mamlakatdagi haqiqiy vaziyat haqida hech narsa aytmasliklari haqida ogohlantirildi. Ya’ni, Salazar haqiqiy hayotdan uzib qo‘yildi.

Salazar endi davlat rahbari emasligini bilmas, unga mamlakatda nima bo‘layotgani maxsus gazeta orqali yetkazib turilgan. Hatto, soxta hujjatlar tayyorlangan. Kutilmaganda hayotga qaytgan diktator har kuni vazirlar yig‘ilishini o‘tkazib, unga olib kelingan soxta hujjatlarni imzolab, qo‘l ostidagilarga ko‘rsatmalar bergan.

Bu soxtakorlik ikki yil davom etdi. 1970-yilda Portugaliya diktatori vafot etdi. U umrining so‘nggi daqiqalarigacha mamlakat Bosh vaziri bo‘lib qolganiga amin edi.

Sardor Ali 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring