Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ochlik, sarson-sargardonlik, mashhurlik va ikki infarkt

Ochlik, sarson-sargardonlik, mashhurlik va ikki infarkt

U oqshomlari tomda yotgancha yulduzli osmonga tikilardi. Ko‘kdagi cheksizlik o‘ziga tortar, shon-shuhratga safarbar etuvchi yo‘lni ko‘rsatardi. Bir-biridan chaqnoq yulduzlar uni kichikligidan maftun etardi. Keyin esa, oradan yillar o‘tib, o‘zi ham mashhur yulduzga aylandi. 4296-raqamli sayyoralardan biri xalqaro katalogda Smoktunovsky nomi bilan ro‘yxatga olingani bejiz emas. Iqtidorli kinoaktyor Innokentiy Mixaylovich Smoktunovskiy shunga munosib edi.

Ocharchilik balosi!

Bo‘lajak aktyor Rossiyaning Tomsk viloyati Tatyanovka qishlog‘ida tug‘ilgan. Ota-onasi ochlikdan xalos bo‘lish uchun bu qishloqni tark etishdi. Krasnoyarskka yo‘l oldilar. Keng yag‘rindor ota bandargohda yuk tushiruvchi bo‘lib ishlay boshladi. Ona kolbasa fabrikasidan ish topdi. 1932-yili ikkinchi marta yalpi ocharchilik boshlandi. Ular bolalarini ammasi Nadejda Petrovnaga topshirishga majbur bo‘lishdi. Nadejdaning farzandlari yo‘q edi. U butun mehrini jajji qarindoshlariga baxsh etdi.

Ma’lum vaqt o‘tgach, Innokentiy maktabni tashlab, feldsherlikka o‘qidi, so‘ng kinomexanik bo‘lib ishladi. Urush boshlandi. Alp qomatli otasini urushga kuzatayotganlarida Innokentiy beixtiyor dahshatli o‘yga berildi: «Naqadar katta nishon!» Padarini go‘yo oxirgi marta ko‘rayotgandek his-tuyg‘u qamrab oldi. Afsuski, shunday bo‘ldi...

Innokentiy harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirdi. Ayni tahsil olayotgan chog‘ida daladagi kartoshkani yig‘ish o‘rniga ofitserlik pogonini yulib olishdi-da, urush gurkirab turgan Kurskka yuborishdi.

Smoktunovskiy xotiralaridan:

«Men bir martayam jarohatlanmadim. Bu o‘zimga ham g‘alati tuyuladi. Vaholanki, ikki yil davomida nemis avtomatlari nishonida bo‘lganman, qurshovda mushtlashganman, asirlikdan qochganman... O‘shanda 18 yoshli horg‘in yigitcha edim. Meni o‘z jonimni saqlab qolish hissiyoti boshqarib, qutqarib qolardi. Bir gal olis qishloqning katta yo‘lga ega bo‘lmagan, o‘rmonlari zich va quyuq botqoqdan iborat dehqonlar qo‘rg‘oniga qarab qochganim jonimga oro kirdi. U yerda fashistlarning qiladigan ishi yo‘q. Men Dmitrovkagacha yetib oldim... Birinchi duch kelgan eshikni taqillatdim, ochishdi. Ichkariga bir qadam tashladim va gapirishga holim kelmay ostonada yiqildim. Meni ko‘tarib olib, karavotga yotqizishgan. O‘zimga kelgach, ovqatlantirishdi, cho‘miltirishdi. Qizlar piq-piq kulishar, boisi, men qovurg‘alarimni sanash darajasida oriqlab ketgandim».

Innokentiy qishloqda bir necha oy qoldi. Keyin esa partizanlarni topdi. Otryadda jang qilib, shimoli-g‘arbiy Berlinda urushni yakunladi.

U Krasnoyarskka qaytdi. O‘rmon xo‘jaligi institutida o‘qishni rejalashtirgandi, negadir teatr studiyasida tahsil olishni istab qoldi. Ko‘p o‘qimadi – mushtlashgani uchun studiyadan quvib solishdi. Innokentiy Norilskka yo‘l oldi. Dushman qo‘lida harbiy asirlikni boshidan kechirgan Smoktunovskiy shunga majbur – pasport rejimiga ko‘ra, u 39 ta shaharda bo‘lishi taqiqlangan edi. Krasnoyarskka esa, o‘sha shaharda yashagani uchun ruxsat berishgandi. Qarangki, uni Norilskdan ham chiqarib yubormoqchi bo‘lishdi. Ijodiy truppa yig‘ayotgan teatr direktori Duchman yalinib-yolvorib, Smoktunovskiyni olib qolishga erishdi.

«Kinoda o‘ynamaysan

Smoktunovskiyga yaxshi maktabda o‘qigani foyda berdi. Norilskda GULAG teatrining mahbus aktyorlari ishlashardi. Bunday iste’dodlarni faqat «Maliy» teatri va MXATda uchratish mumkin edi. Darvoqe, Smoktunovskiy u yerda Georgiy Jjenov bilan tanishdi.

Umuman aytganda, Innokentiyning mahorati oshib, ijro etgan rollari ko‘zga tashlana boshladi. Biroq hayotining to‘rt yilini ixtiyoriy surgunda o‘tkazgan aktyorning sog‘liligiga putur yetgan edi.

1955-yili u Moskvani «zabt etish»ga qaror qildi. Shu tariqa sakkizta teatrga ish izlab bordi va... hammasidan rad javobini eshitdi! Tanish-bilishlarning yordami ham foyda bermadi. Smoktunovskiy yig‘ib-tergan pullar tugadi. U och-nahor yurar, lash-lushlarini sotar, aziyat chekar, biroq shunga qaramay, poytaxtdan ketish haqida o‘ylamasdi. Nihoyat yosh aktyor ko‘chma teatrga qabul qilindi.

Smoktunovskiy bitta ham rolni rad qilmas, jon deb ijro etar, ammo yashashi, yurish-turishi xuddi avvalgidek edi. U do‘stlarinikida tunab qolardi. Kimdir kinoaktyorlar studiyasida omadini sinab ko‘rishi lozimligini aytib qoldi.

Mazkur studiya Vorovskiy ko‘chasida bo‘lib, u yer sokin va salqin edi. Smoktunovskiy borganida yosh xizmatchilar qandaydir sim tarmog‘ini o‘tkazishayotgandi. Ulardan ish borasida kimga murojaat qilishni so‘rab ko‘rdi. Shundan so‘ng izolyasiya uchun ishlatiladigan tasmadan ozroq kesib olib, qo‘liga o‘radi-da, direktorning xonasiga yo‘naldi. U yerda Smoktunovskiyni kotiba to‘xtatdi: «Direktorning huzuriga deysizmi?.. Xo‘sh, nima masalada?» «Ish masalasida». «Bizga elektr ustalari kerak emas». «Men usta emas, artistman». «Shunaqami?! Artistlarning-ku, mutlaqo keragi yo‘q...»

Baribir qabul qilishdi, faqat bir shart bilan – u kinoda suratga olishlarini so‘ramaslikni aytib, ont ichishi kerak! Innokentiy Smoktunovskiy umrining oxirigacha so‘zida turdi: agar o‘zlari rol berishmasa, hech qachon so‘ramadi. U mashhur yulduzlarning yonida jim yurar, ishlarini kuzatar, tajriba va malaka oshirar, mo‘’jiza ro‘y berishini sabr-toqat bilan kutardi.

Nihoyat 1956-yili Smoktunovskiy «Askarlar» filmida leytenant Farberni ijro etdi. So‘ng Tovstogonov sa’y-harakati bilan Mishkinni o‘ynadi. Rejissyor bu aktyorda Mishkinning ko‘zlari aks etishiga ishonch hosil qilgandi. Ana shu lahzadan barcha biladigan Smoktunovskiy namoyon bo‘ldi. O‘shanda u o‘ttiz ikki yoshda edi. Ammo yosh aktyor uzoq vaqt davomida mashhurlikka ko‘nikolmay yurdi. Bir kuni Alenning iltimosiga ko‘ra Chiliga taklif qilganlarida «adashishgan», – deb kulib qo‘ydi.

Mashhur «Telba»ning premerasi 1957-yil 31-dekabrda bo‘lib o‘tdi. Agar taqdir uni Dostoyevskiy bisoti bilan to‘qnashtirmaganida ijodiy faoliyati, umuman, hayoti qanday kechishi noma’lum edi. Aktyor keyingi barcha rollarini Mishkin darajasi bilan o‘lchadi, ularni u yoki bu tarzda Dostoyevskiy qahramonlarining xislati bilan sayqalladi. O‘n ikki mingta maktub olishiga sababchi bo‘lgan Gamlet, «sodda va g‘alati» Detochkin, hatto ko‘pchilik salbiy rol hisoblagan «Bir yilning to‘qqiz kuni»dagi Ilya Kulikovni ham!

Muhabbat va oila

Innokentiy Smoktunovskiy bo‘lajak umr yo‘ldoshi bilan Lenkomda uchrashdi.

«O‘shanda uni birinchi marta ko‘rishim edi. Xipchadan kelgan, sochlari bir quchoq qiz. U shoshilmay qadam tashlardi. Zinadan tusharkan, menga jim va xotirjam qaradi. Nigohi hech nimani so‘ramas, so‘zlamasdi ham. «Men keldim», degandek tuyulardi, xolos».

Tanishuv shu zaylda kechdi. Keyin, oradan ko‘p o‘tmay Smoktunovskiy Sulamifa Mixaylovnaga dil izhori qildi. Qiz rozi bo‘ldi. Sulamifa, aftidan, bo‘lajak umr yo‘ldoshini ilk daqiqalardayoq anglab yetgandi.

Buyog‘i – sadoqatli rafiqa, Filipp va Masha ismli ikki bolaning onasi! Aktyorlar muhitidagi noyob hodisa! Smoktunovskiy umri mobaynida xotiniga sadoqat ko‘rsatdi, unga Solomka deya muloyim murojaat qilar, bunga javoban rafiqasi har qanday og‘ir sharoitda ham yelkadosh bo‘lardi. Innokentiy qiynalgan vaqtlarida Sulamifa chiroyli maslahatlar berardi: «Omadsizlikdan sira ranjima, o‘zingni ojiz hisoblama, sipolik qilma – sen iste’dodli odamsan». Xalq artisti injiqlik qilgan paytlarida esa Sulamifa uning ko‘plab nishon va medallari taqilgan kostyumini jimgina chiqarib berar va Smoktunovskiy uyalib qolardi.

Smoktunovskiyning qizi Masha xotirlalaridan:

«Otam uyda muloyim edi. Ishdan bo‘sh vaqtlarida faqat oila davrasida bo‘lardi. Bayram-tantanalarda dasturxon atrofida o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. Onamning pishiriqlarini yoqtirardi. O‘zi salat tayyorlardi. Koreys, yapon oshxonasiga hurmati baland, tayoqchalarda ovqatlanar, bu o‘sha xalqlarni tushunishga yordam berishini ta’kidlardi.

Darvoqe, otam menga Yaponiyadan kimono olib kelgan. Oila u kishining qo‘rg‘oni edi. Uyning allaqayerlarini o‘zgartirar, nimadir qo‘shar, parmadasta bilan ishlar, allanimalarni burash bilan ovora bo‘lardi. Ba’zida otamning diqqatini chalg‘itish befoyda edi. Deylik, idish-tovoq yuvayotganida lablari pichirlardi. «Nima?» – deb so‘rasak, «Ryepetitsiya qilyapman», – derdi.

Oilamiz Leningraddan Moskvaga ko‘chib o‘tgach, Suvorov xiyobonidan uy oldik. Men kichkina edim – farqi yo‘q, otam uchun esa bu maskan o‘ta sershovqin tuyuldi. 1989-yili «Belorussiya» muyulishidagi sokin uyga o‘tganimizdan so‘ng o‘zini baxtiyor his etdi. «Bu uy – bayram», – deb takrorlaydigan bo‘ldi».

Moskvada yashayotganlarida, dala-hovlilari bo‘lmasa-da, shahardan tashqariga chiqib kelishardi. Mashinalari bor edi. Innokentiy Mixaylovich «Volga»ni ishonchli hisoblardi. Uni o‘zi boshqarardi. Mashina haydashni «Avtomobildan saqlaning» filmini suratga olish chog‘ida o‘rgangandi.

Darvoqe, Smoktunovskiyning haydovchilik guvohnomasini olishi uni Detochkin roliga qo‘yarda-qo‘ymay taklif qilayotgan Eldar Ryazanov uchun ham muhim edi.

To‘ntarilgan avtomobil

«Bu noxush hodisa kuz oyida sodir bo‘lgandi, – deydi Masha. – Qayerdadir yer quruq, qayerdadir esa shilta loy edi. O‘zimiz bilan yeguliklar olib, sayrga chiqdik. Yedik, ichdik, so‘ng uyga qaytishga hozirlandik. Yo‘lga tushishimiz bilan otam: «Myen tezlikni sal oshiraman», – dedi. Keyin esa gazni bosishi bilan g‘ildiraklar loyga botib qoldi-da, mashina… teskarisiga ag‘darildi. Bu ko‘z ochib yumguncha ro‘y bergan, nima bo‘lganini hech kim payqamagandi. Tasavvur qiling: magnitofondan musiqa sadolari yangrayapti, mashina esa to‘ntarilgan! Kutilmaganda, xuddi fantastik filmlarda bo‘lganidek, old siniq oynadan qo‘l kirib, otamni mashinadan chiqarib oldi. Keyin esa bu xaloskorimizning quvnoq ovozini eshitdik: «O, Smoktunovskiy! Avtomobildan saqlaning!» Xudoga shukr, hammamiz sog‘-salomat edik. Onam va men uyga avtobusda qaytdik. Otam esa akam bilan birga old oynasi siniq mashinani ohista haydab kelishdi».

Aytishlaricha, mashhur aktyorlarning farzandi ota-onasining hayot yo‘lini tanlashi qiyin kechadi. Ammo Mashaning fikricha, otasi ularning aktyor bo‘lishiga qarshilik qilmagan bo‘lardi. Biroq balet ustasi bo‘lishni orzu qilgan bu qiz xoreografiya bilim yurtiga o‘qishga kirdi. Tahsilni tugatgach, «Bolshoy teatr»ning ko‘p kishilik raqslarni ijro etuvchi artistlar guruhiga qabul qilindi. Otasi uni ra’yidan qaytarmasa-da, hayotda raqsdan bo‘lak boshqa go‘zalliklar ham borligini isbotlashga harakat qilardi.

Masha teatrdan ketib, tushkunlikka tushganida Smoktunovskiy chinakamiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi. Hatto rejissyor Leonid Pchelkindan o‘zining ishtirokidagi «Yurak tosh emas» filmidan rol topib berishini iltimos qildi. Otasining yengil qo‘li tufayli Masha keyin yana o‘nlab filmlarda rollar o‘ynadi. Ota-bola birgalikda MXAT sahnasiga chiqib, «Yomg‘ir chuvalchanglari hayotidan» spektaklida ishtirok etishdi, mazkur asar orqali Amerika bo‘ylab turneda ham bo‘ldilar. Filipp esa otasi bilan «Til Ulenshpigel», «Kichik fojialar» filmlarida rol ijro etdi. Shunga qaramay, u aktyor bo‘lib yetishmadi, ingliz tilini puxta egallab, o‘zini badiiy tarjimalarga bag‘ishladi.

Innokentiy Smoktunovskiyning so‘nggi kunlari haqida Masha ma’yuslanib shunday deydi:

«1994-yil fevralida otamda infarkt ro‘y berdi. U tezda oyoqqa turdi. Hatto shifoxonaga sevimli Janchikni keltirishimizni iltimos qildi. Onam ikkimiz shifokorlarni kasalxonaga kuchuk olib kirishga ko‘ndirdik. Jan bu karavotdan unisiga sakraganida otam nihoyatda baxtiyor edi!

Otam oxirigacha davolanmadi – u rejissyorlar Igor Apasyan va Vladimir Naumovning filmlarida suratga tushayotgandi. Har ikkala filmda ham otamning qahramonlari umri oxirlayotgan keksa chollar bo‘lib, bittasi falajlanib qolgan, xullas, ahvol og‘ir edi. Shunga qaramay, otam katta ishtiyoq bilan rol ijro etdi. Biroq qish manzarasi tugab borayotganidan negadir g‘amga tushgandi otam. Suratga olish ishlari yakunlangach, u har qalay davolanish uchun oromgohga ketdi. Bir necha kundan so‘ng esa sanatoriy yoqmayotganini aytib, olib ketishimizni so‘radi. Biz ulgurolmadik. Oromgohdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: ikkinchi infarkt!.. Yaqin insoning ketsa – hamisha juda dahshatli yo‘qotish bo‘lgan. Agar xayrlashib qolsang yoki yonida bo‘lganingda birmuncha yengil kechishi mumkindir. Bir tomondan, o‘lim qo‘qqisdan kelsa, uni yengil, deyishadi. Ammo men bunday hisoblamayman, ayniqsa otam bilan bog‘liq bo‘lgani uchun».

Smoktunovskiy o‘zining yetmish yoshigacha yetmadi – yana yarim yil yashamadi. U 1994-yilning 3-avgustida hayotdan ko‘z yumdi.

Akbar FATHULLAYeV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring