Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Noyabrda Toshkent shahrida uy savdosi hajmi yillik kesimda 8 foizga oshdi — PMTI

Noyabrda Toshkent shahrida uy savdosi hajmi yillik kesimda 8 foizga oshdi — PMTI

Foto: Xabar.uz

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan 2022-yilning noyabr oyida Toshkent shahrida uylarning narxi qanchalik o‘zgarganligi tahlil qilindi.

2022-yilning noyabr oyida Toshkent shahrida uy savdosi hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan o‘rtacha 8 foizga (7 814 tadan 8 408 taga) oshgan.

Mazkur davrda uyning 1 kv. metri uchun narxlar o‘rtacha 27 foizga oshgan, ya’ni ushbu ko‘rsatkich 2021-yilning noyabr oyida 849 AQSh dollarini tashkil etgan va 2022-yilning noyabrida 1 078 AQSh dollariga yetgan.

Toshkent shahrining ayrim hududlarida uyning 1 kv. metri narxi o‘rtacha ko‘rsatkich (1 078 dollar)dan sezilarli darajada yuqori hisoblanadi. Xususan, Mirobod tumanida — 1 285 dollar (+20 foiz), Yakkasaroy tumanida — 1 178 dollar (+9 foiz), Shayxontohur tumanida — 1 144 dollar (+6 foiz), Mirzo Ulug‘bek tumanida — 1 137 dollar (+6 foiz), Yunusobod tumanida — 1 117 dollar (+4 foiz). 

Ma’lumot uchun: 2022-yilning 9 oyida Toshkent shahri bo‘yicha o‘rtacha ish haqi 5,9 million so‘mga yetib, 2021-yilning mos davridagiga nisbatan 32,5 foizga o‘sgan. Ushbu davrda yillik inflyasiya darajasi 12,2 foizni tashkil etgani hisobga olinsa, real ish haqi 20,3 foizga oshgan. Ushbu davrda so‘mning 1 AQSh dollariga nisbatan almashinuv kursi 10 672,30 so‘mdan 10 973,39 so‘mga (2,8 foiz) o‘zgargan. 

2022-yilning noyabr oyida o‘rtacha ta’mirlangan 2 xonali xonadon narxi o‘rta hisobda 55,7 ming dollarni tashkil etdi (2021-yilning noyabrida — 41,6 ming dollar). Toshkent shahrida uy-joyga bo‘lgan talabning oshishini, bir tomondan, yashash uchun ijtimoiy infratuzilmalarning nisbatan yaxshiroq ekanligii bilan izohlash mumkin.

Ta’kidlash kerakki, tug‘ilish koeffitsiyenti ham sezilarli darajada oshgan, ya’ni, Toshkentda bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni 2010-yilda 1,99 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 3,02 ga yetgan. Mazkur ko‘rsatkich ham oilaning kengroq maydonga ega xonadonga ko‘chib o‘tish istagini shakllantirishda ahamiyatli bo‘lishi mumkin.

Mamlakatimizda tug‘ilish darajasining nima sababdan yuqori bo‘lganini aniqlash maqsadida PMTI tomonidan 2022-yilning sentyabr va oktyabr oylarida so‘rov o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 25-45 yosh oralig‘ida bo‘lgan, 3 nafar va undan ko‘p farzandi bor 200 nafar ayol ishtirok etdi. So‘rovda qatnashganlarning 43,8 foizi farzand ko‘rishga qaror qilishida asosiy sabab sifatida salomatligining yaxshilanishini, 43,8 foizi esa oilaviy sharoitining yaxshilanishini ko‘rsatgan.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturlari ko‘lamining kengaytirilishi uy bozoridagi faollikning saqlanib qolayotganiga asosiy sabab bo‘lmoqda. 2022-yil 9 oyi mobaynida banklar tomonidan aholiga 10,3 trillion so‘m miqdorida ipoteka krediti ajratilgan. Bu esa 2021-yilning mos davridagiga nisbatan 68 foiz ko‘p, demakdir.

O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi (O‘zIQMK) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilning 4-choragidan 2022-yilning 3-choragigacha bo‘lgan davrda berilgan ipoteka kreditlarining 73,1 foizi Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan, 16,8 foizi banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan va 10,1 foizi O‘zIQMK mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.

PMTI oldingi sharhida Toshkent shahrida uy-joy narxlarining tez sur’atlarda o‘sishini mazkur bozorning spekulyativ xususiyatga ega ekanligi bilan izohlagandi. Bu uy narxlarining oshib borishi talab nuqtai nazaridan farzandlar soni, daromad va migratsiya omillaridan tashqari, aholi jamg‘armalarini investitsiyalarga yo‘naltirish bo‘yicha moliyaviy vositalarning cheklanganligidan dalolat beradi, ya’ni, mamlakatimizda kapital bozorining rivojlanmaganligi uzoq muddatli jamg‘armalarga ega aholi qatlamining ortiqcha mablag‘larini uy-joy uchun investitsiya sifatida yo‘naltirishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga global miqyosda uy-joy narxlari tushishi kuzatilmoqda. Buni yashash uchun birlamchi xarajatlarning oshganligi, foiz stavkasining ko‘tarilishi va ishsizlik darajasining oshishi bilan izohlash mumkin.

Izoh: Ushbu tahlil uchun ma’lumotlar www.olx.uz saytidan veb-skreping (web-scraping) usuli yordamida olingan. 2020–2022-yillar uchun to‘plangan 113,5 mingta kuzatuv o‘rganilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring