Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Nemis mo‘jizasi»: Germaniya ta’lim inqilobini qanday amalga oshirgan edi?

«Nemis mo‘jizasi»: Germaniya ta’lim inqilobini qanday amalga oshirgan edi?

Ikki jahon urushidagi ayanchli mag‘lubiyatdan so‘ng Germaniya ta’limga investitsiyani jadal tarzda kiritishni boshlaydi. Shu bilan birgalikda oliy ta’limni xalqaro talabalar uchun tekin qilib qo‘yadi va natijada turli davlatlarning «oltin boshlari» bu yerda yig‘ila boshlaydi. Ular bilan Germaniya nafaqat ta’limda, balki iqtisodiyotda ham yuksak natijalarga erishib kelyapti. Hozirgi kunda Germaniyani kelib chiqishi nemis bo‘lmagan turli soha vakillarisiz tasavvur qilish juda qiyin.

Germaniyada ta’limning gurkirab rivojlanish XIX asrga borib taqaladi. O‘sha vaqtga qadar ta’lim birinchi navbatda cherkovlar zimmasiga yuklanar edi. XIX asrga kelib esa davlat ta’lim tizimini rivojlantirishni o‘z zimmasiga oldi. Shu maqsadda ish, avvalo o‘qituvchilarni professional tarzda tayyorlashdan boshlandi.

Ta’lim malakasi dastlab davlat xizmatiga kirish uchun shart qilib qo‘yildi. Bu shaxsning kasbiy va ijtimoiy hayotidagi o‘rnini tobora ko‘proq belgilaydigan bo‘ldi.

Birinchi jahon urushidan keyin boshlang‘ich maktab, kasb-hunar ta’limi va umumiy o‘rta maktab kengaytirildi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, nafaqat butun Yevropada, balki Germaniyaning har bir federal hududida kam ta’minlangan oilalarning bolalari uchun o‘rta ma’lumot kengaytirildi, o‘rta maktab, universitet va texnikumlar ochildi.

Germaniyaning hozirgi kundagi yalpi ichki mahsuloti deyarli 4 trln dollar, yer maydoni 357 ming kv/kmdan ortiqroq. Taqqoslash uchun: Rossiya Federatsiyasi yalpi ichki mahsuloti 1,7 trln dollar va uning yer maydoni 17 mln kv/km. Aytmoqchimanki, Germaniya Rossiyadan 48 barobar kichik bo‘lishiga qaramay, topayotgan puli salkam ikki yarim marta ko‘p.

Germaniya YaIMning qanchasini ta’limga sarflaydi?

Ta’lim xarajatlari tizimda mavjud bo‘lgan moliyaviy resurslar va jamiyatning ta’limga berayotgan ahamiyati ko‘rsatkichi hisoblanadi. 2007-yilda Germaniyada ta’lim, tadqiqot va fan uchun 204,1 mlrd yevro mablag‘ ajratilgan.

Ta’lim darajasi qanchalik baland bo‘lsa, o‘quvchiga shuncha ko‘p pul sarflanadi. Agar 3 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan aholiga ta’lim muassasalari uchun sarflanadigan xarajatlarni hisoblab chiqsak va uni kishiga boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot (YaIM) bilan bog‘laydigan bo‘lsak, bir kishi uchun YaIMning 18 foizi ta’limga sarflanadi. 

Ammo YaIMning yuqori-pastligi davlatlarning ta’limga oz yoki ko‘p pul sarflashini anglatmaydi. Shunday davlatlar borki, YaIMi juda oz bo‘lishiga qaramay, armiya va boshqa shunga o‘xshash sohalarga nisbatan ta’limga ko‘proq pul ajratadi.

Germaniya iqtisodiyoti pandemiyagacha bo‘lgan 20 yil davomida doimiy o‘sib borgan, ammo so‘nggi yillarda ta’lim xarajatlarining o‘sishi YaIM ulushida biroz orqada qoldi, lekin shunga qaramasdan, YaIMning doimiy ravishda o‘sishi ta’limga ajratilayotgan summa foizda kamaysa ham umumiy hisobda ortyapti.

Buni yuqoridagi statistikada ham ko‘rish mumkin (1995 yildan beri ta’limga ajratilayotgan summa doimiy ravishda o‘sib boryapti va hozirda 158,6 mlrd dollarni tashkil etadi, bu summa O‘zbekistan YaIMning 3 barobariga to‘g‘ri keladi)

1995-yilda ta’lim uchun YaIMning 6,8 foizi va 2007-yilda esa 6,1 foizini tashkil etdi (hisobot 2010-yil).

Hozirgi kunda Germaniya dunyoda eng yaxshi ta’lim beruvchi davlat sifatida 4-o‘rinni egallaydi. «The Times Higher EducationWorld University Rankings 2020»ga ko‘ra 99 ta eng yaxshi universitetdan 8 tasi Germaniyada joylashgan. Oliy o‘quv yurtlari soni 424 ta va bu yerda jami 2 948 700 talaba tahsil oladi. 2020-yılda oliy ta’limga 488 600 nafar yangi talaba qabul qilingan.

 

Eng katta universitetlar:

  • Hagen universiteti — 67.873 talaba
  • Kyoln universiteti — 54.105 talaba
  • Lyudvig-Maksimillians universiteti — 52.425 talaba
  • Reyn-Vestfaliya texnika universiteti — 45.944 talaba
  • Frankfurtdagi Gyote universiteti — 45.604 talaba
  • Vestfaliyadagi Vilgelm universiteti — 45.022 talaba
  • Hamburg universiteti — 43.509 talaba
  • Rur Boxum universiteti — 43.166 talaba
  • Duysburg-Essen universiteti — 43.029 talaba
  • Myunxen texnika universiteti — 41.768 talaba

Eng ko‘p talabalarga ega shaharlar:

  • Berlin — 194.000 talaba, aholining 5,5 foizi
  • Myunxen —114.00 talaba, aholining 7,5 foizi
  • Kyoln — 106.000 talaba, aholining 9,5 foizi
  • Hamburg — 93.000 talaba, aholining 5 foizi
  • Frankfurt — 73.000 talaba, aholining 9,5 foizi
  • Myunster — 62.000 talaba, aholining 19,5 foizi
  • Dyusseldorf — 59.500 talaba, aholining 9,5 foizi
  • Boxum — 59.500 talaba, aholining 16,5 foizi
  • Axen — 59.000 talaba, aholining 24 foizi

Talabalar eng zich shaharlar:

  • Mittvay – aholi soni 14 900, 46 foizi (6 800) talaba
  • Gisen – aholi soni 88 500 kishi, 45 foizi (39 750) talaba
  • Furtvangen – aholi soni 9 100 kishi, 38 foizi (3 450) talaba
  • Vildau – aholi soni 10.100, 37 foizi (3.700) talaba
  • Birkenfeld – aholi soni 6.900, 32 foizi (2.150) talaba
  • Marburg – aholi soni 76.750, 32 foizi (24.250) talaba
  • Gottingen – aholi soni 120.000, 30 foizi (35.750) talaba
  • Vayngarten – aholi soni 25.000, 30 foizi (7.450) talaba
  • Tubingen – aholi soni 89.500, 29,5 foizi (26.800) talaba
  • Ayxstett – aholi soni 13.500, 29 foizi (3.900) talaba

Xorijdan kelgan talabalar

2020-yilda dunyo bo‘ylab 4,7 million xorijiy talaba tahsil oldi. Xorijiy talabalarni o‘ziga jalb qilishda AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliyadan keyin 4-o‘rinni Germaniya (359.000 nafar talaba, 2017 yil) egallaydi. Bu degani butun dunyodagi xalqaro talabalarning 7,6  foizi Germaniyada bilim oladi.

Hozirgi kunda har 100 talabadan 12,8 nafari Germaniyada chet ellik hisoblanadi. Bunga asosiy sabablardan biri bu yerda to‘lov kontraktining mavjud emasligidir. Faqat birgina federal mintaqa — Baden-Vyurtembergda bu to‘lov mavjud, u ham yiliga 3000 yevroni tashkil etadi.

Eng ko‘p talabalar Xitoy, Hindiston, Rossiya, Avstriya va Italiyadandir. Umid qilamanki, yaqin yillarda O‘zbekiston ham shu qatorga qo‘shiladi.

Nemis universitetlari o‘rtacha hisobda bitta talaba uchun yiliga 11 000 yevro sarflaydi. Ulardan eng qimmati tibbiyot talabasi uchun — 31.690 yevro (tax. 383 mln so‘m). Eng arzoni san’at sohasi uchun — 6700 yevro.

Xulosa qilib aytish lozimki, bir jamiyatning rivojlanishida ta’lim umuman o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas narsa misolida bo‘lishi lozim. Buni urushdan butunlay vayron holda chiqqan va davlati ikkiga — g‘arbiy va sharqiy Germaniyaga bo‘lingan bir holatda nemis xalqi o‘z misolida ko‘rsatib berdi.

Hojimurod Umrdinov,
Haynrih Hayne nomidagi Dyusseldorf
universitetining tibbiyot fakulteti 3-kurs talabasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring