Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nega ayollar IT sohasida ishlamasliklari kerak? (video)

«Dasturlash sohasi ayollar uchun emas deya fikrlovchilarga doim xuddi shu savolni beraman», – deydi qahramonimiz.

Darvoqe, yaqinda dunyoga mashhur CNN telekompaniyasi u haqida maxsus lavha tayyorlagandi.

Durdona Bahronova «ayti» sohasidagi uch yillik tajribasidan kelib chiqib, ushbu soha aynan xotin-qizlar uchun juda mos ekanligini ta’kidlaydi.

«Ayti» sohasiga endi kirib kelayotganlar nimalarga e’tibor berishi kerak va aynan ayollar uchun dasturlash sohasi qanday imkoniyatlarni yaratadi? Nega jamiyatda «ayti» ayollar uchun emas degan yanglish fikr targ‘ib qilinadi va aynan qolipni buzish uchun qahramonimiz qanday loyihalarga qo‘l urgan?

Xabar.uz ijodkorlari ushbu savollarga javob topish maqsadida Durdona Bahronova bilan suhbatlashdi.

— «Ayti» sohasida o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar dastavval qanday bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishlari lozim?

— «Ayti»da muvaffaqiyatga erishish uchun til bilish juda muhim hisoblanadi, negaki dasturlash uchun yagona til — ingliz tilidir. Shu vaqtgacha yaratilgan barcha dasturiy ta’minot aynan shu tilda yuritiladi. Bu tilni bilmasdan turib «ayti»ni o‘rganish juda qiyin kechishi tayin. Yana bir muhim jihati «Muammolarni yecha bilish qobiliyati»dir, bunga esa matematikani o‘rganish orqali yetib kelish mumkin. Eng muhim va eng asosiy narsalardan yana biri bu – sabr. Ko‘pchilik aynan shu yerga kelganda taslim bo‘ladi. Aytaylik siz ingliz tilini bilasiz, muammolarni hal qila olish qobiliyatingiz shakllangan, endi bilim va ko‘nikmalaringiz sizga muvaffaqiyat keltirishi uchun sizdan yaxshigina sabr talab etiladi.

— Nega «ayti» sohasida ayollar kam? Bu nimalarga bog‘liq deb o‘ylaysiz?

— Bu aslida katta muammo va aniq bir jihat yoki kamchilikni misol keltirib bo‘lmaydi. Lekin nazarimda ayollarning o‘ziga bo‘lgan ishonchsizligi ham bunga sabab bo‘lgan. Bu faqat «ayti» sohasida emas, balki umumiy aniq fanlarda kuzatiladi. Ayollar orasida muhandis, matematik yoki dasturchilar juda kam.

Bu yillar davomida shakllanib, qolib ketgan streotipdir. Negadir ayollar boshlab bergan aynan «ayti» sohasi keyinchalik erkaklar kasbiga aylanib ketdi. Ayollar ham buni osonlik bilan qabul qildilar. Lekin xursand bo‘ladigan jihati ham bor, hozirgi kunga kelib ushbu sohada ayollarning o‘rni qanchalar dolzarb va muhimligi anglab yetildi va ayollar uchun bu borada juda keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

— Uy bekalari uchun «ayti» sohasi qanday imkoniyatlarni yaratadi?

— Pandemiya sharoitida nafaqat «ayti» sohasi, balki barcha sohalarda masofaviy ishlash imkoniyati oshdi, bu albatta barcha uchun juda qulay. «Ayti» sohasiga keladigan bo‘lsak, hech bo‘lmasa bir yil asosiy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirib olgunga qadar ish joyida faoliyat yuritish ma’qulroq. Keyinchalik esa bemalol masofaviy shaklda ishlash mumkin.

— «Ayti» sohasini o‘rganib olgunga qadar qancha mablag‘ sarflanadi?

— Agar insonda o‘z-o‘zini boshqarish qobiliyati yaxshi shakllangan bo‘lsa. Tizimli va tartibli tarzda ishlarini rejalashtira olsa, albatta iloji bor. Bu individual yondashuv, kimgadir esa ustoz ko‘magi kerak. Aniq narx masalasiga kelsak, bunga aniq javobim yo‘q. Agar xohish-istak bo‘lsa, tekinga ham o‘rgansa bo‘ladi deb ayta olaman.

— «Ayti» sohasining yaqin besh yilligini tasavvur qilib ko‘raylik?

— Ayniqsa, pandemiya sharoiti bu sohani rivojlantirib yubordi, hozirga kelib sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirdik, robototexnikadan keng foydalanishni boshladik. O‘ylaymanki, kelajakda inson aqliy mehnati talab qilinmaydigan barcha sohalar texnikalar yordamida boshqariladi.

— «Ayti» ayollar uchun emas deydiganlarga javobingiz?

— Nega ayollar IT sohasida ishlamasliklari kerak? Xuddi shu savolni qayta beraman. Oldindan negadir bu fikr qotib qolgan, ayollar bu sohani eplay olmaydi, ularning kasbi emas deya. Tasavvur qiling, «ayti» sohasi butun dunyo uchun hayotimizni yaxshilaydigan yechimlar yaratib bersa-yu, nega biz unda ishtirok etmasligimiz kerak? Muammo bormi, buni hech kim ayollarchalik yaxshi tushunmaydi va albatta uning yechimi ham bizning qo‘limizda.

Durdona Bahronovaning oliy maqsadi ham aynan «Ayti» sohasida ayollar faolligini oshirishga qaratilgan. Bugungi kunga kelib u «Women Techmakers» hamjamiyati yetakchilaridan biri hisoblanadi.

Suhbatning to‘liq shaklini videoloyihamizda ko‘ring. Videoga layk bosishni va izoh yozishni unutmang!

Muallif: Mahfuza Ro‘yiddinova,

Tasvirchi va montajchi: Akmal Qudratov, Ravshan Narzullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring