«Shavkat Mirziyoyev universitetimizning faxriy professori...» Nagoya universiteti doktoranti bilan suhbat
«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi suhbatdoshi Yaponiyaning Nagoya universiteti doktoranti Davron Ubaydullayev. Qahramonimiz 1994-yili Andijon viloyatida tug‘ilgan.
U bilan suhbatimiz yuridik sohani nega tanlagani, Shavkat Mirziyoyevning Nagoyaga tashrifi, ilmiy ishi, sohadagi muammolar va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.
«Adolatga nisbatan qarashim tengqurlarimdan farq qilib kelgan»
Otam yuridik sohada o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Amakilarim orasida ham huquqshunos sifatida xizmat qilayotganlari bor. Menda ularning faoliyatiga bolalikdan havas uyg‘ongan. Shu sababdan adolatga va qonunga nisbatan qarashim boshqa tengqurlarimdan har doim farq qilib kelgan.
Jamiyatimizda adolatsizlik va qonunbuzarlikni oldini oladigan organlarda ishlash va oliy yuridik ta’lim olish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirganman. U yerni 2018 yil tamomlab magistraturani Yaponiyaning nufuzli ta’lim dargohlaridan biri – Nagoya universitetida davom ettirdim. Hozir ushbu universitetda doktorantura bosqichida o‘qiyapman.
«Shavkat Mirziyoyev universitetimiz faxriy professori»
Oliygohimiz 1939 yili davlat universiteti sifatida tashkil etilgan. Yaponiyadagi universitetlar ichida yetakchi o‘ntalikka kiradi. Eng rivojlangan sohalar bu – tibbiyot va injenering yo‘nalishlari. Bu sohalarda imkoniyatlar juda ko‘p. Qolaversa, huquq va boshqa sohalar bo‘yicha ham Nagoya universiteti birinchi safdagi universitetlar qatorida turadi. Nagoya universiteti bilan bog‘liq insonlardan 7 nafari Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, 2019 yil 18 dekabrda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Nagoya universitetiga tashrif buyurgan va faxriy professor unvonini qabul qilib olgan.
O‘sha marosimda biz talabalar ham ishtirok etganmiz. Prezident o‘z nutqida, Nagoya va boshqa universitetlarda o‘qiydigan talabalardan faxrlanishi hamda bizga katta ishonch bildirishini ta’kidlagan.
Tashrif bizda kuchli taassurot qoldirgandi. Albatta, har bir talaba bu yerga o‘z maqsadlari va orzularini amalga oshirish uchun keladi. Lekin bu uchrashuv bizga o‘z maqsadlarimiz sari yanada kuchliroq harakat qilishimiz kerakligini ko‘rsatgan va xotiramizga chuqur muhrlanib qolgan.
«Transnatsional korporatsiyalar tomonidan inson huquqlari buzilishi katta muammo»
Doktoronturadagi ilmiy ishimni xalqaro xususiy huquq yunalishida olib boraman. Ya’ni, transnatsional korporatsiyalarning faoliyati oqibatida inson huquqlari buzulganda, jabrlanuvchilarning huquqlarini qanday himoya qilish mumkinligi haqida. Albatta bu muammoning boshqa huquq yo‘nalishlari bilan bog‘liqligi kuchli, lekin men xalqaro xususiy huquq sohasidan kelib chiqib, bu muammoning yechimi bilan shug‘ullanmoqchiman.
Transnatsional korporatsiyalar tomonidan inson huquqlari buzilishi hozirgi kunda juda katta muammo. Ularning yuridik tuzilishi murakkab bo‘lganligi uchun javobgarlikka tortish ham qiyinchilik tug‘diradi. Buning usullari turli xil bo‘lib, har bir davlatda har xil yo‘l tutiladi.
«Boshqa huquqiy sohasi rivojlangan davlatlar chetda qoldirildi»
Mamlakatimizda xalqaro xususiy huquq to‘siqlari deb ko‘p omillarni aytish mumkin. Masalan, Fuqarolik kodeksining bir bo‘limi sifatida xalqaro xususiy huquq normalari u qabul qilingandan beri uzoq yillar o‘zgarmagan. Bu davr ichida sohani rivojlantirishga bo‘lgan harakatlar ham kuchli bo‘lmagan. Natijada olimlarimiz xalqaro xususiy huquq sohasiga jiddiy e’tibor berishmadi.
Bugungi kunda bu sohani rivojlantirishga harakat qilayotgan olimlar soni oshib bormoqda. Ammo ularning soni juda kam. Fikrimcha, bu sohadagi ilmiy ishlarni soni va sifatini oshirish uchun albatta moliyaviy ko‘mak kerak. Chunki, har bir olimni rag‘batlantirish, bu olimni kelajakdagi ilmiy ishlarini oshirishga xizmat qiladigan investitsiya deb o‘ylayman.
Yana bir muammo, biz uzoq yillar davomida Rossiya huquqiy tizimiga kuchli e’tibor qaratib, boshqa huquqiy sohasi rivojlangan davlatlar chetda qoldirildi. Hozir ham bunday tendensiyalar juda kuchli deb o‘ylayman. Shuning uchun, huquq tizimi bizga yaqin bo‘lgan Germaniya, Yaponiya yoki Fransiya, huquq tizimi kuchli farqlanadigan, lekin ilg‘or g‘oyalarga boy AQSh va Buyuk Britaniya huquqiy tizimlarini o‘rganishga ahamiyat berishimiz kerak.
«Yapon talabalari o‘z majburiyatlariga jiddiy qarashadi»
Ko‘pincha o‘zimga bir savol beraman: «Toshkent davlat yuridik universitetidagi talabalar va Nagoya universitining huquq yo‘nalishidagi talabar o‘rtasida qanday farq bor?»
Bu savolga to‘liq javob berish qiyin bo‘lsa-da, o‘zimning dunyo qarashlarimdan va uchratgan odamlarimdan kelib chiqib quyidagilarni ayta olaman.
Birinchi o‘rinda, imkoniyatlar. Nagoyadagi talabalarning imkoniyatlari juda ham ko‘p. Universitetdagi Markaziy kutubxona va u yerda minglab kitoblar, jurnallar va ilmiy ishlar to‘plangan. Buni ilmiy ish olib bormoqchi bo‘lganlar uchun haqiqiy jannat desa bo‘ladi.
Bundan tashqari har yili Yaponiya bo‘ylab va chet elda chop etiladigan kitoblar, ilmiy ishlar hamda maqolalar ham bu yerga keltiriladi. Undan tashqari, elektron jurnallar va ma’lumotlar bazalarining soni havas qilarli. Bu esa, Yaponiya va butun dunyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar, tendensiyalarni o‘z vaqtida kuzatib borish imkoniyatini beradi.
Ikkinchidan, yapon talabalarining asosiy qismi vaqtini to‘g‘ri tasarruf qilishadi. Misol uchun, har bir talabaning kundalik daftari bo‘lib, o‘z rejalarini u yerga muntazam ravishda kiritib boradi. Ya’ni, 3 yoki 6 oy oldindan rejalashtirilgan ishlar, uning amalga oshish ehtimolligini oshiradi. Shuning uchun har bir talaba o‘qishdan tashqari haftasiga 20 soatgacha ishlab pul topishga ham ulguradi.
Uchinchidan, yapon talabalarining asosiy qismi o‘z majburiyatlariga jiddiy qarashadi. Bu xarakter yaponlarda kichkinaligadan rivojlantirilib, butun umr saqlanib qoladi. Shu boisdan uy vazifasini bajarish bu odatiy hol. Boshqalardan uy vazifasini bajarishda yoki imtihonda yordam so‘rash holatlari deyarli uchramaydi.
«Naruto» animesi juda mashhur»
Bo‘sh vaqtlarimda asosan yapon mangasini o‘qish bilan o‘tkazaman. Manga – bu yapon komiksi bo‘lib, 19 asr oxirlarida Yaponiyada shakllangan. Mangalar mamlakatda juda ommalashgan bo‘lib, nafaqat yoshlar balki o‘rta yoshli va yoshi ulug‘lar orasida ham juda mashhur. Mangalar odatda yillar davomida yoziladi. Masalan men yaxshi ko‘rgan manga «One Piece» 1999 yildan boshlab hozirgi kungacha davom etadi. Ommabop mangalar keyinchalik animatsiyalashtirilib, anime sifatida butun dunyoga yoyiladi. Yoshlar orasida «Naruto» animesi juda mashhur.
Mangadan tashqari novellalarni o‘qishni ham yaxshi ko‘raman. Oxirgi paytlar xitoy tilidan rus tiliga tarjima qilingan «Kambag‘al boy» nomli novellani o‘qiyapman. Bu novellada boy bo‘lishiga qaramasdan, kichkinaligidan qiyinchilik va yo‘qchilikda tarbiya topgan bola Chen Xaoning hayoti ifodalangan. Anchayin ommabop novella. Unda birdaniga boy bo‘lib ketgan Chen Xaoning yon atrofidagilariga bo‘lgan munsobatlaridagi o‘zgarishlar, o‘zligini saqlab qolishiga bo‘lgan harakatlari haqida ham hikoya qilinadi.
Shu bilan birga, dam olish kunlari do‘stlarim bilan tog‘ning cho‘qqisiga chiqishni, qish paytlarida chang‘ida uchishni, yoz paytida esa dengizga borishni yaxshi ko‘raman.
Kelajakda O‘zbekiston yoki Yaponiyada bo‘lishimdan qat’i nazar ilmiy ishimni davom ettirib, huquq sohasini rivojlantirishga xizmat qilmoqchiman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter