Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shaxsiy sirning internetda «doston» bo‘lishiga faqat telefon ustalari sababchimi?

Shaxsiy sirning internetda «doston» bo‘lishiga faqat telefon ustalari sababchimi?

Shaxsiy rasm va videolarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketishiga telefon ustalari ham sababchi.

Foto: «Androidov.Net»

Smartfonlar chiqdi-yu qo‘lsoat, kalkulyator, radiopriyomnik, fotoapparat, videokamera degan narsalarni bir qurilmada «jamlab oldi». Mobil internet, messenjerlar uning qiymati va ommabopligini oshirgandan oshiryapti. Xullas, bugungi hayotiy haqiqat shuki, dunyoning eng boy kompaniyasi neft, gaz yoki oltin qazib olmayapti, avtomobillar yasamayapti, u «aqlli» gadjetlar sotyapti.

Shaxsiy «ijod mahsullar

Shuncha afzalliklari bo‘lganidan keyin, albatta, bu qurilma doimiy yo‘ldoshimizga, yaqin sirdoshimizga aylanadi-da. Shaxsiy ma’lumotlar, bank hisobraqamlari yondaftarchalardan telefonlarga ko‘chib o‘tyapti, erning xotindan, xotinning erdan xufiyona sirlari, bolaning ota-onasidan yashirgan (ularning ko‘rib qolishlaridan qo‘rqadigan) ma’lumotlari...

Ilgari internetda xorijda sodir bo‘lgan noxush voqealarga ko‘zimiz tushib qolsa, yoqamizni ushlardik. Endi-chi? Kunda-kunora hali mamlakatimizning u burchagida, hali qay yurtdadir yurgan millatdoshimiz haqidagi video yoki fotoxabar internetni «portlatyapti», telefondan-telefonga ko‘chyapti... Shunday tasavvur uyg‘onadiki, internet kengayib, mobil qurilmalar ko‘paygani sayin, internetdagi mazmun-saviya botqoqqa cho‘kib borayotgandek. Har holda joiz-nojoiz lavhalar yomg‘ir emaski, osmondan yog‘sa, e’tibor berilsa, ularning ko‘plari mobil telefonlarda olingan shaxsiy «ijod mahsuli».

Bir tanishim bilan shu mavzuda suhbatlashib qoldik. U bozorda savdo qiladi. Aytishicha, bunday rasm va videolarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketishiga ayrim tarbiyasiz, mas’uliyatsiz telefon ustalari sababchi.

Ertaga bu qizning rasmlarini internetda behayo so‘zlar bilan ko‘rgan yaqinlari nima deb o‘ylashadi?

«Yaqinda 18-19 yoshlar atrofidagi bir qiz ro‘paramizda ishlaydigan usta bolaga smartfonini tuzatish uchun olib keldi. Usta telefonni ko‘zdan kechirib, tuzatib qo‘yishini, ertaga olib ketishi mumkinligini aytdi.

Ertasi kuni bozorda har doimgidek g‘ala-g‘ovur, shovqin-suron ostida ish boshladik. Tushlikka yaqin qo‘shni ustaxona oldida bolalarning baqir-chaqiri, xo-xo-lab kulishlari e’tiborimni tortdi. Keyin kechagi qizning telefonidagi selfi qilingan rasm va videolarni muhokama qilishib, bir-birlariga telegram orqali uzatishayotganiga guvoh bo‘ldim.

Endi tasavvur qiling, ertaga bu qizning rasmlarini internet tarmoqlarida behayo so‘zlar bilan ko‘rgan yaqinlari nima deb o‘ylashadi, uning taqdiri nima kechadi?..»

Bu kabi g‘irrom ustalar juda ko‘payib ketgan, ular mijoz oldidagi  mas’uliyatni, javobgarlikni unutib qo‘yishgan.

Bunday nomaqbul xatti-harakatlarning oldini olishimiz va telefonim shaxsiy buyumim, deb har qanday narsalarni saqlab yuruvchi hamyurtlarimizni, yoshlarimizni ogohlikka chorlashimiz lozim. Bunaqa holatlar juda ham ko‘p uchrayapti, ayrimlarining oilasi buzilib ketyapti, deydi tanishim afsus bilan.

Qo‘lidagi telefoni uning kimligini anglatib qo‘yadi

— Ba’zi bir mijozlar tarbiyali ko‘ringani, bashang kiyingani bilan qo‘lidagi telefoni uning kimligini, qanaqa insonligini anglatib qo‘yadi, — deydi poytaxtda ishlovchi mobil qurilma ustasi (ayrim sabablarga ko‘ra uning ismini keltirmadik). — Ba’zi telefonlarni tuzatish jarayonida judayam xunuk manzaralarga guvoh bo‘lamiz. Bu matoh orqali razil ishlar qilayotganidan nafratlanib ketaman. Qarshingizda savlat to‘kib turgan insonga nisbatan fikringiz mutlaqo o‘zgaradi.

Darg‘azab usta o‘qituvchining behayo suratlarini internet tarmog‘iga joylashtirib yubordi

Yaqinda viloyatlarning birida o‘qituvchining videosi internetda  tarqab ketdi. O‘zining behayo qilmishlarini telefon apparatida saqlab kelgan «pedagog» telefoni buzilib qolgach, shahardagi ustaxonalarning biriga uchraydi. Usta telefonni olib qoladi. U tuzatish chog‘i qurilma xotirasidagi behayo tasvirlarni ko‘rib qoladi va o‘z kompyuteriga o‘tkazib oladi. Telefonini olgani kelgan mijozga hazilomuz gaplar bilan haligi videolarga shama qiladi. Bu holdan esankirab qolgan o‘qituvchi usta bilan tortishib qoladi. Usta bu videotasvirlarni yo‘qotish uchun o‘qituvchidan pul talab qiladi. O‘qituvchi aytilgan pulni olib kelguniga qadar, mijozining haqoratli so‘zlaridan darg‘azab usta behayo tasvirlarni internet tarmog‘iga joylashtirib yuboradi...

Bu voqea o‘qituvchining hayotini ostin-ustun qilib yubordi, sharmandalarcha ishdan haydashdi, mahalla-ko‘y oldida bosh ko‘tarolmay qoldi.

Mijoziga tovlamachilik qilgan ustaga qonuniy jazo bormi?

Mijoziga tovlamachilik qilgan ustachi? Unga ham jazo bormi. Umuman, birovning shaxsiy ma’lumotini yoki uning sha’niga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotni ruxsatsiz tarqatganlik uchun qonunchilikda qanday chora bor?

Inson hayotida sha’nning tutgan o‘rni va ahamiyati, shaxsi, hayotiy qarashlarini himoyalashga oid eng asosiy qoidalar Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan.

Insonning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish xalqaro-huquqiy normalarda ham nazarda tutilgan. Jumladan, bunday qoidalar 1948-yilgi Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 12-moddasida va 1966-yildagi Fuqarolik va siyosiy huquqlar haqidagi xalqaro Paktning 17-moddasi 1-qismida aks ettirilgan bo‘lib, unga muvofiq «Hech kimning sha’ni va obro‘siga qonunga xilof ravishda tajovuz qilinishi mumkin emas».

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 46-1-moddasiga ko‘ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish, — eng kam ish haqining o‘n baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

«Xabar.uz» tavsiya qiladi

Shaxsiy ma’lumotlarimiz daxlsizligini saqlaymiz:

Birinchi qoida. Smartfoningizni o‘g‘irlatib qo‘yishdan ehtiyot bo‘ling.

Ikkinchi qoida. Shaxsiy ma’lumotlarni (suratlar, videolar, parollar va hokazo) imkon qadar smartfonda saqlamang.

Uchinchi qoida. Mobil antiviruslardan foydalaning.

To‘rtinchi qoida. Bepul Wi-Fi hududlarida smartfon yoki planshetdan foydalanganda ehtiyot bo‘ling. Tanlang: sizga bepul internet kerakmi yo shaxsiy ma’lumotlaringiz daxlsizligi.

Beshinchi qoida. Telefoningizga ilovalarni har yerdan, har kimdan ko‘chirib olib o‘rnatmang. Eng yaxshi joy –  AppStore (ayfonlar uchun) va Google Play (androidlar uchun).

Oltinchi qoida. Yangi telefon xarid qilishimiz bilan eskisining bahridan o‘tishga shoshilamiz. Bu har doim ham to‘g‘ri chora emas. Siz o‘chirib yubordim deb o‘ylagan ma’lumotlar telefon xotirasida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Ularni, masalan, ma’lumotlarni shifrlash (Sozlamalar> Xavfsizlik> Qurilmani shifrlash) orqali butkul yo‘qotsa bo‘ladi. Bunda ma’lumotlar aralashib ketadi va maxsus kalit bilan himoyalanadi — shifrlangan ma’lumotlarni maxsus kodni termasdan tiklab bo‘lmaydi. Smartfondagi ma’lumotlar shifrlanib, zavod sozlamalariga qaytarilgach, xotirasini boshqa keraksiz ma’lumotlar bilan to‘ldirish va yana zavod sozlamalariga qaytarish kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring