Korrupsiya sabablari: O‘zbekistonda davlat xizmatchisiga yaratilgan shart-sharoit uning «to‘g‘ri yashashi»ga yetarlimi?
«Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash Davlat dasturi» ishlab chiqilishi arafasida unda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida «Xabar.uz» portalida turkum fikr va takliflar berib borilyapti.
Birinchi maqolada tadbirkorning to‘g‘ri ishlashi qonunni buzib ishlashidan ko‘ra oson bo‘lishi haqidagi mulohazalar bayon etildi. Quyidagi ikkinchi maqolada davlat xizmatchilarining korrupsiya va tamagirlikdan yiroq bo‘lishi uchun qanday choralar ko‘rilishi lozimligi haqida so‘z boradi.
Qachon davlat xizmatchilariga to‘g‘ri ishlash tamagirlik qilib ishlashdan qulay bo‘ladi?
O‘zbekistonda davlat xizmatchisiga yaratilgan shart-sharoit uning to‘g‘ri yashashiga yetarlimi?
Moliya vazirligining yillar davomida yuritgan noto‘g‘ri siyosati tufayli davlat xizmatchilarining oyliklari va boshqa rag‘batlantirishlari kesilib kelingan. «Moliyachi»larning fikricha, davlat xizmatchilari uchun 1–1,5 million so‘m oylik maosh — normal holat. Bundan turli soliqlar ajratib tashlansa, xizmatchining qo‘lida qancha qoladi? Hozirgi sharoitda bu summa oila tebratish — uy-joy, kommunal to‘lovlar, oziq-ovqat, kiyim-kechak, farzandlarning yaxshi bilim olishi va hokazolar uchun yetarlimi?
Maoshi past bo‘lgan aksariyat davlat xizmatchilari ro‘zg‘or tebratish uchun «qing‘ir» yo‘llarni qidira boshlaydi. Avvaliga noilojlikdan, vijdoniga qarshi borib bu ishga qo‘l ursa, bora-bora nafsi hakalak otib, «tilla baliqcha»ga ega chiqqandek «hoyu havas»lariyam ulkanlashib boraveradi. Uning buzuq nafsi ortidan qanchalab kishi jabr chekadi, mamlakat iqtisodiyoti jiddiy zarar ko‘radi.
Bunga o‘zimiz sharoit yaratganmiz
«Corruption Index 2016» reytingida O‘zbekiston 156-o‘rinda qayd etilgan. Yashirishning hojati yo‘q, deyarli har birimiz u yoki bu ko‘rinishda tamagirlik holatlariga duch kelganmiz. Imkon tug‘ildi deguncha vaziyatdan unumli foydalanishga, ko‘ziga ko‘ringan pulni (davlatning mulki, o‘zgalarning rizqi va mehnati mahsuli bo‘lsa ham) o‘zlashtirishga urinuvchilar juda ko‘p oramizda.
Bu illat qaysidir ma’noda qon-qonimizga singib ham ketgan. Shuning uchun ko‘pincha ko‘z yumib qo‘yaveramiz. Chunki bunga o‘zimiz sharoit yaratganmiz. Undan xalos bo‘lish uchun endi ancha ter to‘kilishi kerak bo‘ladi. Qiyin bo‘lsa-da, bunga erishgan mamlakatlar ko‘p.
Xorijda bu illat qanday yo‘qotilgan, bizda ahvol qanaqa?
Jahon tajribasida korrupsiya bilan kurashishning minglab uslublari ishlab chiqilgan. Mutaxassislarning fikricha, korrupsiya yuzaga kelishining bir qancha sabablari bor. Shulardan birinchisi — oylik maoshning ozligi.
Bu muammoni yechish uchun Singapurda vazirlar va boshqa amaldorlarning oylik maoshi xususiy sektordagi kompaniya va tashkilotlar rahbarlari maoshi darajasigacha ko‘tarib qo‘yilgan. Xodimlar masalasida ham shunday. Xususiy sektorda rahbar va xodimlar daromadi oshib borishi barobarida parallel ravishda davlat xizmatchilari oyliklari ham ko‘tarilib boradi.
Singapurda davlat xizmatida ishlash va karera qilish uchun ko‘p vaqt va jiddiy mehnat talab qilinadi. Shuning uchun davlat xizmatchilari pora olish va tamagirlik qilishdan o‘zlarini tiyishadi, aks holda nafaqat mashaqqat bilan erishgan ishidan ajraladi, balki yuqori oylik va ijtimoiy kafolatlardan ham quruq qolishadi.
Albatta, faqatgina katta maosh tayinlash bilan korrupsiyani yo‘qotib bo‘lmaydi. Singapurda bu holat uchun qat’iy moliyaviy va ma’muriy jazolar belgilangan. Va albatta, davlat idoralariga yetuk kadrlarni yetishtirib beruvchi murakkab va mukammal mexanizm yaratilgan. Bu endi alohida bir mavzu.
Bizda yosh iqtidorli kadrlar davlat idoralariga ishga borishdan ko‘ra, xususiy sektor yoki xorijga ketishni tanlaydi. Chunki u yerda yaxshi to‘lashadi. Ishlash uchun shart-sharoitlar ham soz, motivatsiya ham kuchli.
O‘zimizga qaytsak. Bizda yosh iqtidorli kadrlar davlat idoralariga ishga borishdan ko‘ra, xususiy sektor yoki xorijga ketishni tanlaydi. Chunki u yerda yaxshi to‘lashadi. Ishlash uchun shart-sharoitlar ham soz, motivatsiya ham kuchli.
Natijada davlat organlariga asosan «kazo»larning tanishlari (orqa baquvvat bo‘lsa, tamagirlik qilib ishlashiga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi); tezroq amalga erishib, o‘rnini «yog‘li» joyga aylantirish «orzusi»dagilar; yoki institut va universitetni zo‘rg‘a tamomlagan, iqtidorsiz kadrlar boradi. 100 foiz emas, albatta. Iqtidorli, ishga chanqoq va vatanparvar davlat xizmatchilari ham bor. Lekin ulardagi ishchanlik va intilish u muhitda uzoq cho‘zilishiga kafolat yo‘q. Maqsadi sarobga aylanishini sezishi bilan yaxshiroq taklif tushgan (xususiy sektor yoki xorij) joyga o‘tib ketadi.
Singapur tajribasidan bizda ham foydalanish mumkin-ku!
Ya’ni ma’lum sohaning rahbari (vazir), o‘sha sohadagi eng katta kompaniyalar boshqaruvchilaridan kam bo‘lmagan oylik va yillik rag‘batlantirishga ega bo‘lsa. Xodimlar ham shunga yarasha.
Amallab ishga kirvolib, katta oylikni olib yuraversa-chi, degan savol tug‘ilishi mumkin sizda. Singapur tajribasi namuna qilib olindimi, uning faqat oylik belgilash qismi emas, davlat xizmatchilariga qo‘yiladigan talablari ham shunga yarasha belgilanadi. Masalan, Singapurda davlat xizmatchisiga oylik maosh 60+40 shaklida belgilanadi. Ya’ni maoshning 40 foizi xodimning ish unumiga qarab to‘lanadi. Ishida unum bo‘lmasa, ololmaydi deyarli teng yarmini. Agar bu hol davom etaversa, u ishidan ajraladi. Yaxshi va samarali xizmat qilish uchun motivatsiya bu.
Singapurda shu tariqa korrupsiya minimal darajaga tushirilgan va tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgan. O‘zimizda esa haligacha «nam delayut vid chto platyat, a mi delayem vid chto rabotayem» qabilida ish tutib kelinyapti.
Oddiy davlat xizmatchisi
Tahririyatdan: Ushbu mavzuda doirasida yana kimda qanday taklif-mulohazalar bor? Marhamat biz bilan bog‘lanib, o‘z fikrlaringizni yuboring.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter