Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Keyingi «nishon» — Germaniya. Vengriyada ilmiy ish qilayotgan hamyurtimiz bilan suhbat

Keyingi «nishon» — Germaniya. Vengriyada ilmiy ish qilayotgan hamyurtimiz bilan suhbat

Foto: «Xabar.uz»

Vengriya o‘zining boy tarixi, ajoyib ob-havo sharoitlari va turistik salohiyati bilan ko‘plab sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelgan. Bugungi kunda nafaqat Yevropa, balki jahonda ham o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tayotgan davlatlardan biri.

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihamizning navbatdagi qahramoni mazkur mamlakatda ilmiy izlanishlar olib borayotgan hamyurtimiz Oxunjon Sayfiddinov bo‘ldi. Vatandoshimiz 1990-yil Samarqand viloyati Paxtachi tumanida tug‘ilgan. Hozirda Vengeriyadagi Mishkols universitetining PhD bosqichida tahsil olmoqda.

— Xorijga yo‘l olishingiz va aynan PhD bosqichini Vengriyada o‘tashingizga nima sabab bo‘ldi?

Ilmiy yo‘nalishga qiziqqan har bir inson, albatta, o‘rganish, tajriba to‘plash uchun faol harakatda bo‘lishi kerak. Mening xorijga yo‘l olish borasidagi qarorim ham tajriba oshirish ishtiyoqi tufayli bo‘lgan. Aynan Vengriya davlatini tanlashimga esa bir qator omillar mavjud. Avvalambor, ilmiy ish olib borayotganda ilmiy rahbarning yuqori malakaga egaligi, siz tahsil olish niyatidagi universitetning laboratoriya bazasida qanchalik ko‘p davlatlar bilan ilmiy loyihalar amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratish lozim.

Men ilmiy izlanish olib borayotgan Mishkols universiteti bu borada 60 yillik tarixga ega. Vengriyaning eng nufuzli muhandislik bilim yurti hisoblanadi. Universitet shahardan biroz chetroqda joylashgan bo‘lsa-da, barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Boy kutubxona, sport markazi, katta stadion, suzish havzasi va deyarli har bir binoda joylashgan alohida laboratoriya xonalari shular jumlasidan. Hozirda u yerda 15 mingga yaqin talaba tahsil oladi.

Foto: «Xabar.uz»

Bu yerda Mashinasozlik texnologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy izlanish olib boryapman. Ilmiy ishim «Materiallarning yuza qatlami xususiyatini tahlil va tadqiq etish» mavzusida.

— PhD bosqichi Vengeriyada qanday olib boriladi, bu borada ulardan o‘rganishimiz mumkin bo‘lgan jihatlar bormi?

Albatta bor. Vengriyada PhD bosqichi 4 yil – 2x2 tizimida olib boriladi. Ya’ni, 2 yil ilmiy ish uchun kerakli fanlar va ilmiy ish metodlari to‘g‘risida ta’lim beriladi. Shuningdek, maqolalar tayyorlash va tadqiqotlar ustida ishlash shu 2 yillik ichiga kiradi. Qolgan 2 yil davomida laboratoriyada qilingan ilmiy tadqiqotlar natijasi turli ilmiy jurnallarda e’lon qilinib, dissertatsiya yakuniy qolipga olib kelinadi. Mana shu 4 yil davomida har bir semestrda qilingan ishlar bo‘yicha hisobotlar tayyorlanadi. Qolaversa, ular baholanadi va dissertatsiya bo‘limlari tarkibiga kiritiladi. Bundan xulosa qilish mumkinki, yozilgan hisobotlar natijasida ilmiy ish 3 yilda tayyor holga keladi va oxirgi yil faqat dissertatsiya himoyasi bilan ish olib borish mumkin.

Bilishimcha, bizda ilmiy izlanish olib borish uchun darslar va rejali kurslar tashkil etilmagan. PhD bosqichida o‘qiyotganlar faqatgina o‘zlari va ilmiy rahbarlari bilan birgalikda tayyorlangan reja asosida ishlashadi. Ular tayyorlagan hisobotlar hech qanday ball sifatida qabul qilinmaydi. Hisobot ortiqcha qog‘ozbozlikka aylanib qolgan. E’tiborlisi, hisobotlar baholanmasligi oqibatida uning ahamiyatliligi yo‘qolib, natijada ilmiy izlanuvchining himoyaga tayyor yoki tayyor emasligini aniqlash mushkul bo‘lib qoladi. Shular ortidan ko‘p hollarda doktoranturani tamomlayotganlar himoyani bir necha yildan keyin amalga oshirishmoqda.

Vengeriyadagi tizimni o‘zimizda tatbiq etish, yaxshi samara beradi, deb o‘ylayman.

— Vengerlar O‘zbekistonni bilishadimi?

Hozirda men yashayotgan Mishkols Vengeriyaning eng katta shaharlaridan biri. Shahar tog‘lar bag‘rida joylashgan, chiroyli va tarixiy maskanlarga boy hudud. Daraxtlar va o‘rmonlar mavjud. Og‘ir sanoat yaxshi rivojlangan. Ko‘pgina vengeriyalik professor o‘qituvchilar va talaba-yoshlar bilan bo‘lgan suhbatlarimdan ularning samimiy va doim ko‘mak berishga hozir xalq ekanligiga guvoh bo‘ldim. Ushbu jihatlari o‘zimizning mehmondo‘st xalqimizga o‘xshataman.

Foto: «Xabar.uz»

Yana bir e’tiborimni tortgan jihat, mamlakatning soliq tizimi juda qat’iy tartibda bo‘lib, bu yerdagi qo‘shimcha narxlar uchun 27 foiz qo‘shimcha soliq belgilangan.

Venger tilining ko‘p so‘zlari rus tilidagi so‘zlarga o‘xshab ketadi. Faqatgina aytilishi va ma’nosi butunlay o‘zgacha ko‘rinish kasb etishi mumkin.

Qolaversa, Budapeshtga kelgan turistlar ko‘chalar bo‘ylab poytaxt tramvayida sayohat qilish imkoniyatiga ega.

Ochig‘i, ular O‘zbekiston haqida ko‘p ham ma’lumotga ega emas. Lekin mamlakatimizni rivojlanib kelayotgan va tarixiy qadamjolari bor davlat sifatida bilguvchilar topiladi.

—Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

PhD dissertatsiyamni himoya qilib, DSc ilmiy darajasini Germaniyada olish niyatim bor. Shuningdek, Yepropaning nufuzli universitet va ilmiy tadqiqot markazlari bilan shartnomalar tuzib, ularni O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirmoqchiman. Yo‘nalishim bo‘yicha yurtimizning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi shogirdlar ham yetishtirish, o‘ylaymanki, O‘zbekiston rivoji yo‘lidagi hissam bo‘ladi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring