Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kanadalik professor COVID-19 borasidagi tahlillarini e’lon qildi

Kanadalik professor COVID-19 borasidagi tahlillarini e’lon qildi

Toronto universiteti professori Joshou Gans.

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi bilan deyarli barcha davlatlar kurashga bel bog‘lagan. Xususan, virusga qarshi vaksina yaratish ustida ko‘plab davlatlar bosh qotirishmoqda. Ular orasida virusning birinchi o‘chog‘i bo‘lgan Xitoy, rekord darajada zararlanayotgan AQSh va koronavirusni jilovlashga urinayotgan bir qator Yevropa mamlakatlari bor.

Albatta, ushbu sinovli kunlar ortda qoladi. Lekin, ko‘pchilikni COVID-19dan keyingi kelajak qiziqtirayotgani ham turgan gap. Bu borada esa, iqtisodchilar, siyosatchilar va boshqa soha vakillari o‘zlarining turli tahlillari va qarashlarini bildirishmoqda.

Jumladan, Toronto universiteti professori Joshou Gans «Koronavirus davrida iqtisodiyot» nomli kitob yozdi. Mazkur kitobning sakkizinchi «Kelajak» bobini qisqartirishlar bilan e’tiboringizga havola etamiz.

Jahon iqtisodiyoti bir-biriga bog‘langan. Agar sanoqli davlatlar koronavirus tarqalishini jilovlay olgan taqdirda ham bu jahondagi iqtisodiy yo‘qotishlar ta’sirini kamaytira olmaydi. Boshqacha qilib aytganda, epidemiyani jilovlash barcha davlatlarga taalluqli bo‘lishi kerak.

Ushbu yakuniy bobning maqsadi kutilayotgan yuqori darajadagi iqtisodiy muammolarni yoritib berishdir. Siyosiy va axloqiy muammolar ham mavjud. Ammo, men ularni boshqalar tahlil qilishiga qoldiraman. Bu yerda asosiy e’tibor pandemiyani jilovlash uchun qancha mablag‘ sarflashimiz kerakligini aniqlashga qaratilgan.

2015-yili Microsoft asoschisi, milliarder va yirik xayriyachi Bill Geyts TED munozarasi nutqida kelajakdagi global pandemiya va bunga bizning tayyorgarligimiz yo‘qligi to‘g‘risida ogohlantirgan. Pandemiyaning zararida millionlab o‘limlar va 3 trillion dollarlik global boylikning kamayishi taxmin qilingandi. Bu falokatning bashorati edi.

Pandemiya xavfiga tayyorgarlik uchun budjetlar kam milliardlarda bo‘lib, biz bu yetarli emasligini bilamiz. Faqatgina global boylikning trillionlarda kamayishi shundan dalolat beradiki, COVID-19 yoki boshqa ehtimoliy pandemiyaning oldini olish uchun yuzlab milliardlardagi budjetlar foydali bo‘ladi. Ammo, hukumatlarga ushbu mablag‘larni ajratish qiyin. Chunki, pandemiya toifasiga o‘xshash bir qator potensial halokatlar allaqachon mavjud. Ularning har biri sodir bo‘lish jihatidan ehtimoli turlicha. Lekin ularning har biri sodir bo‘lishi mumkin. Mazkur omillar pandemiyaga qarshi yuzlab milliardlardagi mablag‘ ajratishimizga ta’sir ko‘rsatmoqda. Mana shunday potensial xatarlarni hisobga olganda pandemiya uchun yuzlab milliardlarni sarflash kerakmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

2015-yili Iyan Martin va Bob Pindikning «Falokatlarning oldini olish: Skaylla va Charibdisning noodatiy iqtisodi» nomli maqolasi e’lon qilingan. Unda Gomerning «Odissey» asariga ishora bor. Ya’ni, o‘sha asarda dengizchi Odissey yirtqich Skaylla va to‘fon Charibdisdan qochishga harakat qiladi. Biroq, ikkalasidan ham qochib qutula olmaydi. Bu yerda tanlov xarajatlar va foyda tahlilidan kelib chiqib amalga oshirilishi lozim. Boisi, yirtqich hayvon bir necha ekipaj a’zosiga hujum qilishi mumkin. Lekin, to‘fon butun boshli kemani halokatga yo‘liqtirardi. Odissey yirtqich Skaylla bilan to‘qnash kelishi afzalroq edi.

Biz esa, bugungi zamonaviy halokatlarning soni ko‘p bo‘lgan davrda nima qilishimiz kerak? Ayniqsa, Skaylla va Charibdis misolidagi ikkita teng xatarga duch kelsak? Bular nafaqat pandemiya, balki iqlim o‘zgarishi, asteroid zarbalari yoki yadroviy urush bo‘lsa.

Bu borada Martin va Pindik fikrlari quyidagicha:

«Tabiiyki, biz bunday falokatlarning oldini olishni xohlaymiz. Ammo bu mumkin bo‘lsa ham, maqsadga muvofiqmi? Buning o‘rniga ba’zi bir falokatlardan qochib, boshqalarning muqarrarligini qabul qilishimiz kerakdir? Agar shunday bo‘lsa, ulardan qaysi birlaridan chetlanishimiz joiz? Odisseydan farqli o‘laroq biz xudolarga maslahat uchun murojaat qila olmaymiz. Buning o‘rniga biz iqtisodiyotga, chindan ham chinakam fanga murojaat qilishimiz oqilona qaror».

Ularning javobi har biri uchun alohida foyda tahliliga tayanmaslik. Buning o‘rniga nimaga duch kelishimizu va nimani chetlab o‘tishimiz kerakligini tanlashimizdadir. Buni tushunishimiz uchun keling yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan savollarga to‘xtalaylik.

Kelajakdagi pandemiya bilan kurashish uchun pul sarflashimiz kerakmi? Iqlim o‘zgarishi ehtimolini yuzaga keltiradigan tabiiy ofatlarni yumshatishgachi? Ikkalasi hammi? Yoki boshqa?

Agar biz iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlarga duch kelishdan qo‘rqsak, pandemiyaga qarshi qanday yo‘l tutish kerak? Martin va Pindikning javobi shundaki, agar biz iqlim o‘zgarishi haqida xavotirda bo‘lsak pandemiya bilan kurashish bo‘yicha ish aslida past darajada emas.

Intiyusiya quyidagicha: Siz pandemiyani yumshatish uchun doimiy resurslarni sarf qilsangiz, iqlimning favqulodda oqibatlari, masalan bo‘ronlar, dengiz sathi ko‘tarilishi, haddan tashqari issiqlik kabilar bilan kelajakda albatta kurashishingizga to‘g‘ri keladi. Bu shuni anglatadiki, siz bor narsani qadrlaysiz va uni himoya qilish uchun ko‘proq pul sarflaysiz. Boshqacha qilib aytganda, agar sizning kelajakda duch kelishingiz tayin bo‘lgan xatarlaringiz bo‘lsa, siz boshqa tahdidni kamaytirish uchun resurslarni kamroq sarflash taraddudida bo‘lasiz. Chunki siz bor narsangiz tabiiy ofatlardan xoli bo‘lgan dunyoda egalik qilishni xohlaysiz. Yana bir misol: O‘ylab ko‘ring, siz katta uyda yashaysiz va yong‘in uning yarmini xavf ostiga qo‘yishi bilan tahdid qilsa, qolgan yarmini asrab qolishga bor kuchingizni safarbar etasiz. Yoki bitta falokat uchun oldindan sug‘urtalashga mablag‘ sarf qilsangiz, ikkinchisi yuz berganda yo‘qotishlar nisbatan ozroq bo‘ladi.

Iqtisodchilar Tomas Skelling va Kip Viskusiga ko‘ra, agar biz odamlarning xavfli xatti-harakatlariga (o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan faoliyat) e’tibor qaratsak, ular o‘z hayotlariga qanday ahamiyat berishlarini taxmin qilishimiz mumkin. Bu statistika hayotning qiymati. Ko‘plab davlat idoralari ushbu qiymatni 10 million dollarga baholagan.

Xulosa sifatida, Joshua Gans moliyaviy inqiroz bilan kurashish va kelajakdagi pandemiyalarni oldini olish uchun Global institutlar tarmog‘i yaratilishi zarurligini ta’kidlaydi. Bu eng maqbul yechim bo‘lishi mumkin.

Shuningdek iqtisodchi professor fikriga ko‘ra, dunyo ikkita Jahon urushini boshidan o‘tkazgachgina Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xalqaro valyuta jamg‘armalariga asos solingan.

 Nurillo To‘xtasinov tarjimasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring