Kanadadagi hayot va «o‘zgacha qarz» – dasturchi Muhammadjon Toshpo‘latov bilan suhbat
Xabaringiz bor, bir necha oy ilgari Kanadaning Dalhauz universitetida o‘qiyotgan vatandoshimiz Yulduz Xo‘jayeva bilan suhbat e’lon qilingan edi.
«Xorijdagi vatandoshlar» loyihamizning navbatdagi qahramoni mazkur universitetning magistratura bosqichida tahsil olayotgan yana bir hamyurtimiz Muhammadjon Toshpo‘latov bo‘ldi.
U bilan suhbatimiz dasturlash sohasini nega tanlagani, Kanadaga ketish, u yerdagi hayot va «o‘zgacha qarzi» haqida kechdi.
Eng to‘g‘ri qaror
Har bir inson uchun hayotida oliy ta’limgacha bo‘lgan davr, ya’ni o‘quvchilik yillari juda muhim bosqich, deb hisoblayman. Boisi, aynan shu davrda bir umrga esda qoladigan, «toshga bitilgan» bilimlar egallanadi. Yaxshi o‘quv maskanini tanlash esa, asosan, ota-onalarning qo‘llarida.
O‘rta ta’limni Namangan shahridagi 2-maktab-internat hamda Namangan davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litseyda olishimga ota-onam sababchi bo‘lishgan va bu eng to‘g‘ri qaror bo‘lganiga hozir ham amin bo‘lyapman.
Maktab va akademik litseydagi o‘qituvchilar, tizim va muhit fanlarni chuqurroq o‘rganishimga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, akademik litseyda meni matematikadan olimpiadalarga tayyorlagan o‘qituvchim Zokirjon To‘lanov ushbu fanga boshqacha nazar bilan qarashga o‘rgatdi. Har bir formula yoki teoremani shunchaki ishlatish emas, balki birinchi isbotlash kerakligini shu ustozimdan o‘rgandim. Natijada matematikani darslik doirasidan tashqarida o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
Axborot texnologiyalari sohasini tanlash
Akademik litseydagi o‘qishni tamomlashim arafasida yangi oliy ta’lim muassasasi – Toshkent shahridagi Inha universiteti ochilishi haqida xabar topdim. Axborot texnologiyalari sohasida Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi yangi universitet aynan biz bitirayogan yilda ochilishi xuddi bizga berilgan imkoniyatdek tuyuldi. Matematikaga kuchli qiziqqanim, ingliz tilini bilganim hamda axborot texnologiyalari davrida yashayotganimiz uchun shu universitetni tanlashga qaror qildim.
Toshkent shahridagi Inha universiteti O‘zbekistondagi boshqa ko‘plab universitetlardan ajralib turardi. Universitetda talabalarning yaxshi bilim olishi eng yuqori maqsad qilib qo‘yilgan edi. O‘qituvchilarning chet davlatlardan olib kelinishi va Janubiy Koreya tomonidan nazorat qilinib boriladigan yuqori sifatli ta’lim bunga misol bo‘la oladi. Ayniqsa, to‘rtinchi bosqichni o‘qish uchun barcha talabalarning Koreya Respublikasiga jo‘natilishi bizga o‘ziga xos yangilik, ya’ni haqiqiy xalqaro muhitni xis qilish imkoniyatini berdi.
Yangi universitetni «birinchi qaldirg‘ochlar» qatorida biritirib, so‘ng ikki yil davomida «Maroqand», «O‘zbektelekom» AKning «Axborot tizimlari» filialida mobil dasturchi bo‘lib ishladim.
Magistratura bosqichiga tayyorgarlik
Rivojlangan davlatlarda ta’lim olish va yashash shu davlatlarning ustun taraflarini yaxshiroq anglab yetishga yordam beradi. Bunday davlatlarning ustunligi faqat iqtisodiyot tomonidangina emas, balki qonunlarning ishlashi, odamlarning ularga rioya qilishi kabi jabhalarda ham o‘z aksini topadi. Shu sababdan 2017 yilda Janubiy Koreyada ta’lim olayotgan paytimda magistratura bosqichini rivojlangan davlatda o‘qish to‘g‘ri qaror bo‘lishini hamda bu menga orttiradigan tajribalarimni keyinchalik O‘zbekistonga joriy qilish imkoniyatini berishini tushunib yetdim. Bakalavrni tugatishim bilan o‘zim uchun to‘g‘ri keladigan universitetlar ro‘yxatini tuzishni boshladim. Universitetlarni tanlab olish uchun asosiy jihatlar quyidagilar edi:
- Men qiziqqan yo‘nalishlar – «Machine Learning», Sun’iy ong va Kiberxavfsizlikning universitetda mavjudligi hamda universitet joylashgan davlatlar ushbu sohalar bo‘yicha yuqori tajribaga ega bo‘lishi;
- Reyting – Jahonda TOP-500 talikda bo‘lishi;
- Til – Ta’limning ingliz tilida olib borilishi;
- Grantlar – Yangi va o‘qiyotgan talabalar uchun grantlarning mavjudligi.
Yuqoridagi jihatlarni hisobga olgan holda Kanada hamda Avstraliyadagi universitetlarga e’tibor qaratdim. Yakunda 3 ta universitetga hujjat topshirdim va barchasiga qabul qilindim: Melburn universiteti, Monash universiteti (Ikkalasi ham Avstraliya), Dalhauzi universiteti (Kanada).
Nega aynan Dalhauzi universiteti?
Ochig‘ini aytishim kerak, Melburn universiteti mening birinchi raqamli tanlovim edi. Biroq o‘qish to‘lov pullari juda qimmatligi (yiliga taxminan 32 000 AQSh dollari) asosiy muammo edi. Shu sababdan 2018 yilda tashkil qilingan «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi uchun hujjat topshirish variantini ko‘rib chiqdim. Fondning bir nechta talablari orasida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish talabi ham bor edi. Endigina bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lganim uchun bu fondga hujjat topshira olmadim va Melburn hamda Monash universiteti tanlovlaridan voz kechishimga to‘g‘ri keldi va e’tiborimni Dalhauzi universitetiga qaratdim.
Hozirda Dalhauzi universitetida «Kompyuter fanlari» mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichida o‘qiyapman. Ko‘plab magistratura yo‘nalishlari kabi bu yo‘nalish ham ikki yillik. Faqat farq shundaki, bu yerda o‘quv yili ikkiga emas, uchga bo‘linadi.
Talabalardan birinchi yilda asosan «Kompyuter fanlari» yo‘nalishidagi to‘rt fanni o‘qib tugatish talab etiladi, qolgan vaqtda esa ilmiy ish jarayonlarida qatnashib, tezis yozish kerak. Mening tezisim Internetdagi kiberhujumlarni «Machine Learning» yordamida aniqlashga qaratilgan. Bunday mavzuni tezis yozishda menga ko‘rsatma beradigan professorning tavsiyasi hamda o‘zimning qiziqishimdan kelib chiqib tanladim.
Kanadadagi bir nechta universitetlar kabi Dalhauzi universiteti ham ilmiy ishlar miqyosi hamda natijalari bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turadi. Bunga asosiy sabablardan biri universitet professorlar hamda talabalarga ilmiy ish qilishlari uchun zarur bo‘lgan yordamni ayamaydi. Bundan tashqari o‘qish davomida yaxshi natija ko‘rsatgan talabalarga grantlar ajratiladi. Men ham dekabr oyida ilmiy ish uchun universitet tomonidan grant sohibiga aylandim. Oradan ko‘p o‘tmay, birinchi bosqichda yuqori baholarga o‘qiganim uchun universitet yana qo‘shimcha grant ajratdi. Bunday yutuqlar talabarni, shu jumladan meni yanada yaxshiroq izlanishga undamoqda.
Buni qandaydir tahririyat yoki bloger aniqlab o‘tirmaydi
Dalhauzi universitetidagi va Kanadadagi bir yillik tajribalarimda juda ko‘p muhim jihatlar e’tiborimni tortdi.
Birinchisi bu – ilmiy ishlarning hukumat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanishi. Har yili hukumat ilmiy ishlar va tadqiqotlar uchun budjetdan pul ajratadi. 2016-2019 yillarda Kanada hukumati shunday maqsadlarda 10 mlrd Kanada dollaridan ko‘proq pul ajratgan. Bu pullarning bir qismi universitetlardagi ilmiy ishlar uchun yo‘naltiriladi.
Keyingisi universitetlar bitiruvchilarining ko‘pchiligi o‘zlari o‘qigan ta’lim maskanlariga pul o‘tkazish orqali xayriya qilishadi. Xayriya pullarining qanday maqsadda foydalanishini shu bitiruvchilarning o‘zlari tanlashlari yoki universitetning o‘zi tasarruf qilishiga ruxsat berishlari mumkin.
Masalan, biror bir universitetning saytiga kirib, grantlar haqida o‘qib ko‘rsangiz, odamlarning ismi bilan nomlangan grantlarga ko‘zingiz tushadi. Bunday grantlar o‘sha bitiruvchilar tomonidan qilingan xayriya pullari evaziga tashkil etiladi.
Shuningdek, bu yerda universitetlar tarkibiy jihatdan bir-biridan mustaqil qismlarga bo‘lingan:
- Universitet administratsiyasi – universitetning boshqaruvi va budjetga javobgar;
- O‘qituvchilar assosatsiyasi – universitetdagi o‘qituvchilar;
- Talabalar birlashmasi – talabalar nomidan faoliyat olib boradiganlar.
Bu guruhlar bir-biridan mustaqil, ochiq va bir-birlarinining faoliyatini kuzatib turishadi. Misol uchun universitet administratsiyasi o‘qituvchilarning oyligini kamaytirmoqchi bo‘lsa, O‘qituvchilar assosatsiyasi bilan kelishmasdan turib buni amalga oshirolmaydi. Yoki talabalar nimadandir qoniqmayotgan bo‘lishsa talabalar birlashmasi orqali universitetni xabardor qilishlari lozim.
Yana bir holat, mamlakatda qanday tashkilot bo‘lmasin atrofida bo‘layotgan yangiliklar, o‘zgarishlar haqida jamoatni xabardor qilib turadi. Buni qandaydir tahririyat yoki bloger aniqlab o‘tirmaydi, aksincha tashkilotlar bunga o‘zlarini javobgar deb hisoblashadi. Buni asosan aholi orasida ommabop bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar orqali (Asosan Twitter va Facebook) amalga oshirishadi. Misol uchun, qisqa tutashuvni deb shaharning qaysidir qismi elektrdan uzilib qoldi. 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas, Twitterda elektr tarmoqlari tashkiloti bunga nima sabab bo‘lgani va hozirda qanday ishlar amalga oshirilyogani to‘g‘risida aholiga xabar beradi. Agar jarayon cho‘zilib ketsa, yangi ma’lumotlarni berish orqali aholi orasidagi shubha-gumonlarni kamaytirishadi.
Fursatdan foydalanib, muhim deb bilgan bir masalaga to‘xtalmoqchiman. O‘zbekistonda doimiy ravishda chetdan kirib kelayotgan, fanga oid so‘zlarni o‘zbek tilidagi muqobil variantini belgilab berilishi va bundan doimiy ravishda jamoatni xabardor qilib turilishi kerak. Suhbatimiz davomida yuqorida ikki marta «Machine Learning» degan terminni ishlatishimning sababi aynan shu. Bu terminni o‘zimcha tarjima qilsam, ma’nosini buzib qo‘yish ehtimolligi bor. «Machine Learning», «Deep Learning», «Big Data», «Data Science» kabi hozirgi kunda eng ommalashib borayotgan sohalarni o‘zimizning yurtda boshlash uchun avvalo odamlar orasida ular haqida tushunchani shakllantirish zarur. Nazarimda, ularning tarjimasini bilmay turib bunga erishib bo‘lmaydi.
1-2 yil qolganda qo‘shimcha kurslarga borishni reja qilmang
O‘zimni katta tajribaga ega odam hisoblamayman, biroq hozirgacha ko‘rgan-bilganlarimdan hisobga olgan holda maktabdagi o‘quvchilar, talabalar va boshqa yoshlar uchun quyidagi tavsiyalarni berishni xohlardim.
Maktab o‘quvchilariga
- Universitetga hujjat topshirishga 1-2 yil qolganda qo‘shimcha kurslarga borib, qattiq o‘qib-tayyorlanish orqali o‘qishga kirib olishni aslo reja qilmang. Agar shunday qilsangiz o‘sha paytga kelib o‘zingiz xohlagan joyga emas, faqatgina kuchingiz yetgan joyga topshira olasiz. Hozirdanoq yaxshi o‘qishni boshlash kerak.
- Qaysidir sohani erta tanlab olib, faqat shu sohaga taalluqli fanlarni o‘qimang. Maktabdagi barcha fanlarni yaxshi o‘zlashtirishga harakat qilish zarur. Balki siz hozir noto‘g‘ri o‘ylayotgandirsiz, maktabni bitirgungacha boshqa sohaga bo‘lgan qiziqishingiz ortib ketishi ham mumkin.
- Til o‘rganing. Men ingliz tilini o‘rganishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Bu sizga jahonda bo‘layotgan voqelalar, yangiliklar bilan tengma-teng ketish hamda mustaqil fikrlash imkoniyatini beradi.
- Talaba bo‘lish eng katta maqsadingiz bo‘lib qolmasin. Bu shunchaki keyingi maqsadlar uchun bir ko‘prik vazifasini o‘tashi lozim.
Talabalarga:
- O‘zingizga investitsiya kiriting. O‘qib-o‘rganish orqali. Faqatgina darslik bilan cheklanib qolmagan holda qo‘shimchasiga so‘nggi texnologiyalarni o‘rganishga harakat qiling. Buning uchun internet bo‘lsa bas.
- Ma’lumotlarni to‘g‘ri filtrlashni o‘rganing. Biz har kuni minglab axborot qurshovida qolamiz, faqatgina kerakli va to‘g‘rilarini ajratib olishimiz juda muhim.
- Oson yo‘lni tanlamang. Agar shunday qilsangiz erishadigan muvaffaqiyatingiz ham kichkina bo‘ladi.
- Agar magistratura bosqichida o‘qimoqchi bo‘lsangiz, undan oldin 1-2 yil ishlab biroz tajriba orttiring. Shunda to‘rt yil davomida o‘qiganlaringizni amalda qo‘llab, bilimlaringizni mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Magistraturada o‘qiyotganingizda buning foydasi katta bo‘ladi.
Talaba bo‘lish nasib etmaganlarga esa, talaba bo‘lmasdan turib ham muvaffaqiyatga erishish uchun dasturlashni o‘rganishni tavsiya qilaman.
Jamiyatdan olingan qarz
Yaqin kelajak uchun birinchi reja, albatta, o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib olish. Olingan ta’limni amalda qo‘llab ko‘rish juda muhim, deb hisoblayman. Shuning uchun Kanadaning o‘zidagi katta kompaniyalardan birida 2-3 yil tajriba orttirishni maqsad qilganman. So‘ngra O‘zbekistonga qaytib borib, bu yerda o‘rganganlarimni, tajribalarimni joriy etishga harakat qilaman. Bu asosan, yurtimizda unchalik rivojlanmagan yoki biror-bir yangi sohada bo‘ladi.
Fikrimcha, har bir odam yoshligidan olgan ta’limni, o‘zlashtirib kelgan bilimlarini, to‘plagan tajribalarini jamiyatdan olingan qarz sifatida qabul qilishi kerak. Bir kun kelib biz ularni jamiyatga qaytarishimiz zarur: kimdir ta’lim berish orqali, kimdir xayriya qilish, yana kimdir, shunchaki, tajribalarini o‘rtoqlashish orqali. Faqat bu qarzning boshqalardan farqi shundaki, hech kim hech qachon hech narsa yo‘qotmaydi!
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter