Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 «Jazirama yana kutilmagan «sovg‘a»lar hozirlagan...» — olimlar

 «Jazirama yana kutilmagan «sovg‘a»lar hozirlagan...» — olimlar

Foto: «AFP»

Yaqinda Kanadada kuzatilgan anomal issiqda yuzlab odam vafot etdi. Yozning birinchi oyi Shimoliy va Sharqiy Yevropa, Osiyo, hatto Sibir mintaqasida ham avval kuzatilmagan jaziramalar bilan yodda qoldi. Iqlim o‘zgarishlarini kuzatuvchi «Copernicus» loyihasi xulosasiga ko‘ra, iyun oyi Shimoliy Amerikada ham yaqin tarixdagi eng issiq oy bo‘ldi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 1998-2017-yillarda dunyo bo‘yicha anomal issiqdan 160 ming kishi vafot etgan.

Ammo anomal issiq oqibatida o‘lim topayotganlar soni rasmiy statistikadan ko‘proq bo‘lishi mumkin. Negaki, bu boradagi aniq raqamlar keyinroq yuzaga chiqadi.  Masalan, 2003 yili Yevropada favqulodda issiq harorat oqibatida dastlab 30 ming kishi nobud bo‘lgani aytilgan. Ammo keyinroq o‘lim ko‘rsatkichi 70 mingga yaqin bo‘lgani aniqlangan.

2021-yil yoz mavsumida haroratning favqulodda ko‘tarilib ketgani global isish jarayoni bilan bog‘liqdir.

«Bu borada asosiy omil iqlim o‘zgarishi ekaniga zarracha shubha yo‘q. Odatda odamlar ko‘cha-ko‘yda o‘lim topmaydi. Balki ular o‘z uyida, issiqdan yetarli himoya mavjud bo‘lmagan, konditsioner yo‘q sharoitda vafot etadi», – deydi Oksford universitet atrof-muhit o‘zgarishlari instituti professori Frederike Otto.

Tadqiqotlarga qaraganda, agar global isish hodisasi ro‘y bermaganda edi, anomal issiq oqibatidagi o‘lim ko‘rsatkichi ham bir yarim baravar kamroq bo‘lardi. Anomal issiqdan Tailand, Braziliya, Peru kabi ekvator chizig‘iga yaqin mamlakatlar aholisi ko‘proq jabr ko‘rishi ma’lum. Bu mintaqalarda nafaqat issiq harorat, balki o‘ta yuqori namlik ham inson organizmiga halokatli ta’sir ko‘rsatadi.

Olimlarga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi insoniyatga yana boshqa kutilmagan «sovg‘a»larni hozirlamoqda. Jumladan, Iqlim o‘zgarishlarini tadqiq etish instituti asoschisi, professor Brayan Hoskins sayyoramizda isish jarayoni shiddatli kechayotganidan xavotirda. Olimning qayd etishicha, Yer sayyorasininng qor va muz qoplamasi har yili 90 ming kvadrat metrga qisqarmoqda. Bu esa har yili Ozarboyjon davlati hududichalik muzlik erib bitmoqda deganidir. Buning ustiga, qishning qisqarib, yozning uzayishi kuzatilmoqda. 1979 yildan 2016 yilgacha qish fasli 10 kunga qisqargan, ya’ni sovuq faslda ham favqulodda iliq yoki issiq harorat qayd etilmoqda. 

Iqlim o‘zgarishiga doir Parij bitimi global harorat ko‘tarilishini 1,5-2 darajada saqlab qolishni ko‘zda tutadi. Ammo ekspertlar bu mushkul vazifa ekanini aytmoqdalar. Masalan, insoniyat tobora ko‘proq foydalanayotgan konditsionerlar atmosferaga juda katta miqdorda zararli gaz chiqarmoqda. Bu gazlar esa aynan global isish yanada kuchayishiga olib keladi.

Havo haroratining ko‘tarilishi insoniyat salomatligiga daxl qilib qolmay, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ham izdan chiqaradi. Gap shundaki, anomal issiq qurg‘oqchilikka, qurg‘oqchilik ochlikka olib boradi. Bu ikki ofat esa jamiyat barqarorligiga ayovsiz zarba beradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, Yaqin  Sharq va Shimoliy Afrika davlatlarini ostin-ustun qilgan, «Arab bahori» deb atalgan qo‘zg‘olon va ommaviy tartibsizliklarga ham qurg‘oqchilik asosiy sabablardan biri bo‘lgan. Yarim million insonning yostig‘ini quritgan Suriyadagi fuqarolar urushi zamirida ham global siyosiy omillardan tashqari aynan iqlim o‘zgarishi ta’siri ham mavjud.

Yoz fasli favqulodda jaziramalari bilan O‘zbekiston aholisini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Joriy hafta mamlakatimiz janubi va cho‘l mintaqalarida 44-46 darajagacha issiq kuzatilmoqda. Bu esa o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlardan 5-8 darajaga yuqoridir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring