Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahonning eng barqaror valyutasi haqida so‘zlanmagan hikoya

Jahonning eng barqaror valyutasi haqida so‘zlanmagan hikoya

Foto: AFP / Getty Images

Bat — shveysar frankini aytmaganda, 1998-yil boshidan buyon rivojlanayotgan va rivojlangan dunyoning AQSh dollariga nisbatan qiymatini eng yaxshi saqlagan valyutasi. Tailand Osiyo moliyaviy inqirozining o‘chog‘iga aylangan davrdan buyog‘iga uning valyutasi eng barqaror yo‘ldan kelmoqda. Financial Times maqolasi moliyaviy inqirozni yengib o‘tgan va jahondagi eng barqaror valyutaga ega Tailand haqida.

Bundan 25 yil avval, 1998-yilning fevralida Bangkok Osiyo moliyaviy inqirozining o‘chog‘iga aylandi. Tailand batining qulashi «domino effekti»ni qo‘zg‘adi: mintaqadagi boshqa valyutalar ham qulashni boshladi. Janubi-Sharqiy Osiyo ko‘chalari isyonchilar bilan to‘lib-toshgan, it egasini tanimas ahvolga kelgandi. Jahon yetakchilari global baloni yengishga urinayotgan bir pallada, Tailand va qo‘shnilari chuqur depressiyaga cho‘kkandi.

Faoliyati to‘xtagan moliyaviy kompaniyalar xodimlari Tailand banki oldida namoyish o‘tkazishmoqda. 1997-yil 12-noyabr.
Foto: Apichart Viravong/Reuters

Moliyaviy inqiroz Tailand iqtisodiyotini qariyb 20 foizga qisqartirib yubordi: aksiyalar 60 foizgacha qulab, bat dollarga nisbatan qiymatining katta yarmini yo‘qotgandi.

Paradoks: inqiroz davrida Bangkokda narx-navo aql bovar qilmas darajada arzon edi. Arzimas pulga do‘konlarni «supurib ketsa» bo‘lardi.

Ana shunday alg‘ov-dalg‘ov sharoitda Tailandga sarmoya kiritishga tavvakkalchilargina jazm eta olardi.

Tarixda qolgan, kutilmagan finalga ega voqea.

1998-yil boshida Tailand global radarlarda yo‘qolib qoldi, biroq bat puxta chiqdi: shveysar frankini istisno qilganda, 1998-yil boshidan buyon rivojlanayotgan va rivojlangan dunyoning AQSh dollariga nisbatan qiymatini eng yaxshi saqlagan valyutasiga aylandi.

1997-1998-yillardagi inqiroz Suxarto diktaturasiga xotima yasagan Indoneziyada buning teskarisini ko‘ramiz: hozir bu mamlakatda 1 AQSh dollari — 15 500 rupiy atrofida, inqirozgacha 2 400 rupiy edi. Tailandda esa vaziyat o‘zgacha: 1 AQSh dollari — 33 bat, inqirozgacha 22 bat edi.

1997-1998-yillardagi Osiyo inqirozi oqibatlari.
Manba: Forex.blog

Hozir Tailandda narxlar nisbatan qimmat emas: chet ellik bu yerda besh yulduzli mehmonxonani bir kechaga 200 dollardan arzonroqqa band qilishi, Pxuketdagi quyuq ziyofat uchun 30 dollar to‘lashi mumkin.

Qattiq valyutali Tailand jahon miqyosida raqobatbardoshligini ko‘rsata oldi. Inqiroz o‘chog‘i barqarorlik ramzi, uning tarixi boshqa rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun saboq bo‘ldi.

1998-yildan so‘ng aksariyat rivojlanayotgan, ayniqsa, Janubi-Sharqiy Osiyodagi inqirozdan eng ko‘p aziyat chekkan davlatlar moliyaviy konservativ yo‘lni tanladi. Ilgari palapartishlik va kronizm (tanish-bilishchilik) hukm surgan Indoneziya banklari oxir-oqibat yaxshi boshqaruvli modellarga o‘tdi. Filippin va Malayziya esa taqchillik bilan kurashardi. Biroq mintaqada hech qaysi davlat Tailand hukumatichalik iqtisodiyot masalasida qat’iyat va izchillik ko‘rsata olmadi: xorijlik sarmoyadorlarni cho‘chitib yuboradigan, valyutani qulatadigan ekssesslarga imkon qadar chap berilardi.

2000-yilga kelib Janubi-Sharqiy Osiyoda tiklanish davri davom etayotgan. O‘shandan buyon Tailand davlat budjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan o‘rtacha 1 foizni tashkil etmoqda. Ya’ni shakllanayotgan bozor iqtisodiyoti mamlakatlari uchun o‘rtacha ko‘rsatkichning yarmidan ham past. Tailand markaziy banki o‘ta ehtiyotkor yo‘l tutdi: stavkalarni nisbatan yuqori, pul massasi o‘sishini yiliga 7 foiz darajada ushlab turdi — bu rivojlanayotgan yirik iqtisodiyotlar orasida uchinchi eng past ko‘rsatkich.

Tailandliklarning qat’iyati past inflyasiya bilan taqdirlandi. Xuddi AQShdagi singari, Tailandda ham o‘rtacha inflyasiya 2 foizdan sal oshdi — rivojlanayotgan mamlakat uchun noyob hodisa. Rivojlanayotgan boshqa iqtisodiyotlar orasida 1998-yildan beri faqat Xitoy, Tayvan va Saudiya Arabistonida inflyasiya Tailanddagidan past bo‘ldi.

Inqirozdan oldin, Tailand bat kursini dollarga bog‘lab qo‘ygani uchun, mamlakat chet eldan katta qarzlar olish imkoniga ega edi, bu esa joriy hisoblarda katta taqchillikni keltirib chiqardi. Xorijliklarning Tailandga ishonchi pasayganidan so‘ng mamlakat hukumati «bat-dollar tuguni»ni yechishga majbur bo‘ldi, bat bozor oqimiga qo‘yib yuborildi. Avvaliga qattiq zarbalarga uchragan bat nihoyat o‘nglanib olib, volatilligi (o‘zgaruvchanligi) eng past valyutalar qatoriga kirdi.

Bunda tashqi savdodan olinayotgan barqaror daromadning o‘rni katta. Tailand rivojlanayotgan mamlakatlar orasida eng ochiqlaridan sanaladi. Savdo hajmi 1998-yilgi YaIMning 80 foizidan hozir 110 foiziga (o‘sha paytdagi YaIMga nisbatan) yetdi. Tailand yalpi ichki mahsulotining chorak qismini tashkil etuvchi sayohlik va qayta ishlovchi sanoat yo‘nalishlaridagi kuchli jihatlariga tayangani bois, qulash darakchisi — taqchillik o‘z o‘rnini to‘kinlikka bo‘shatib berdi.

Bangkok sharqiy sohillaridagi yashil pagodali tepaliklarda inqiroz davrida ilk zavodlar qurilishi boshlangandi. O‘sha ishlab chiqarish markazlari hozir yanada rivojlanib, kengaygan, masalan, elektromobillar uchun ehtiyot qismlar shu yerda tayyorlanadi. Yirik xorijiy investorlarni bu yer ohanrabodek o‘ziga tortmoqda.

Ayni bir paytda Pxuket va Samui sayyohlik markazlari gurkirab rivojlanmoqda, tibbiyot va sog‘lomlashtirish xizmatlariga talab oshib ketdi. Inqirozdan keyingi davrda turizmning YaIMdagi ulushi ikki baravardan ko‘proq oshib 12 foizgacha yetdi va xorijiy valyutalarning Tailandga oqimini kuchaytirdi. Bunaqa rivojlangan sayyohlik sektori iqtisodiyoti faqat turizmga bog‘langan kichik orol-mamlakatlardagina bor.

Albatta, mamlakatning muammolari yetarli. Uy xo‘jaliklari katta qarzga botgan, o‘xshash mamlakatlar singari Tailand aholisi tez qarimoqda. Biroq shu ko‘rsatkichlar fonida ham hozirgi Tailand inqirozdan oldingisidan tamomila o‘zgacha. Aholi jon boshiga daromad inqirozdan oldin 3 ming dollar edi, chorak asr davomida ko‘rchatkich ikki baravardan ko‘proq oshib 8 ming dollardan to‘g‘ri kelyapti.

Eng muhimi, betinim siyosiy evrilishlar (so‘nggi 25 yilda mamlakat konstitutsiyasi to‘rt marta yangilandi!)ga qaramasdan, Tailand moliyaviy barqarorlikni saqlab qoldi. Shveysar franki hech qachon duch kelmagan muammolarni yengib o‘tgan bat jahonning eng barqaror valyutasi sifatida mavqeini mustahkamlab, iqtisodiy iroda va xohishning ijobiy tomonlarini namoyon etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring