Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ishsizlarga 700-910 yevrogacha to‘lovlar qilinadi...» – Finlyandiyadagi hamyurtimiz bilan suhbat

«Ishsizlarga 700-910 yevrogacha to‘lovlar qilinadi...» – Finlyandiyadagi hamyurtimiz bilan suhbat

Фото: «Xabar.uz»

Xabaringiz bor, 7 may kuni Finlyandiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan hamyurtimiz Rahmonbek Rasulov bilan suhbat e’lon qilingan edi. Bugun uning ikkinchi qismini e’tiboringizga havola qilamiz.

«Shunchaki «yksityisalue» yozuvi ilib qo‘yiladi...»

O‘zbekistonda ko‘plab go‘zal manzarali joylar devor yoki shaxsiy mulk qilib o‘rab olingan va odatda ularga kirish ham pullik.

«Har kimning tabiatga bo‘lgan huquqi» Finlyandiya qonunchiligining o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, bu huquq Finlyandiya hududida sayohatda bo‘lganlarga ham tegishli, qaysi davlat fuqaroligiga ega bo‘lishidan qat’i nazar tabiatning istalgan joyiga sayohat qilish imkonini beradi. Finlyandiyada har bir odam o‘rmonlar, botqoqliklar, tog‘lar va suv havzalarida bemalol harakatlanishi, qo‘ziqorinlar va mevalarni yig‘ib olishi va hatto baliq ovlashi mumkin.

Kirish mumkin bo‘lmagan shaxsiy joylarga shunchaki «yksityisalue» yozuvi ilib qo‘yiladi.

Shuningdek, finlar ta’lim tizimi bilan faxrlanishadi. Ularning O‘zbekistonda joriy qilinishi mumkin tajribalariga quyidagilarni keltirishim mumkin.

Mamlakatdagi barcha maktablarda sharoitlar teng yaratilishiga harakat qilingan. Okrug komissiyasi esa o‘quvchilarni maktablarga taqsimlaydi. Ota-onalar odatda farzandlari kelgusida qaysi maktabda o‘qishi haqidagi ma’lumotni pochta orqali oladi. Albatta, O‘zbekistonda bo‘lgani kabi, okrug bolalarni uyiga eng yaqin maktablarga yozishadi. Agar maktab uzoq bo‘lsa, bola bepul taksidan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Finlyandiyada uy vazifasi berilmaydi, degan gaplar yuradi. Bu biroz yanglish tushuncha. Shunchaki, vazifalar maktabning birinchi kunidan boshlab yuklanmaydi. Yuk asta-sekin o‘sib boradi. Ikkinchidan, uning hajmi o‘zbek maktabidagi hajmdan farq qiladi. Finlar uchun bolaning sevimli mashg‘ulotlari uy vazifasidan ko‘ra muhim. Ya’ni bolaning oilada va do‘stlari bilan vaqt o‘tkazishi, toza havoda sayr qilishi kabilar hisobga olingan. Shuning uchun maktabdan tashqari ularni bo‘sh vaqti bo‘lishi shart. O‘qituvchilar esa bolaning ijobiy tomonlariga ko‘proq e’tibor qaratishadi. Masalan, bir bola musiqaga, boshqasi sportga, uchinchisi ta’limga qiziqsa har bir bolaning qiziqishiga qarab o‘sha tomonga yo‘naltiriladi.

Hech qaysi bolaga faloncha matematikadan yaxshi o‘qiydi, sen ikkichisan deyilmaydi. Nari borsa sen ham harakat qilsang falonchiday o‘qishing mumkin deyiladi.

Maktab qoidalari:

1) O‘qituvchilar ko‘p yillar davomida bitta maktabda ishlamaydi. Ular ko‘pincha ish joylarini o‘zgartiradilar. Masalan, shahar o‘qituvchisi qishloqda dars berishi mumkin yoki aksincha.

2) Talabalar o‘zlari qo‘shimcha fanlarni tanlaydilar va jadval tuzadi. Shuningdek, ular qandaydir mavzuni o‘qitmoqchi bo‘lgan o‘qituvchini o‘zlari tanlashlari mumkin.

3) Barcha darsliklar, ish yuritish vositalari va aksessuarlar maktab o‘quvchilariga bepul tarqatiladi. Ular o‘zlarining shaxsiy shkaflarida narsalarini qoldiradi.

4) Mobil telefonlar taqiqlanmagan, ammo darsda ulardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, maktablar texnologiyalar bilan jihozlangan. O‘quvchilar sinfdan foydalanish uchun planshet va noutbuklar bilan ta’minlangan.

5) Maktab bufetidagi taomlar bepul, xilma-xil va qismlarga ko‘ra cheklanmagan.

6) Aldash qabul qilinmaydi. Finlyandiyalik o‘quvchilarning hech biri bunga jur’at etolmaydi. Kamdan kam hollarda bu ro‘y bersa ish o‘quvchini boshqa maktabga ko‘chirish bilan yakunlanadi.

7) Maktablarda din o‘qitiladi. Bola o‘ziga tegishli bo‘lgan mazhabning tarixi va an’analarini o‘rganadi.

8) Bu yerda maxsus darslar mavjud. Unda o‘qituvchi turli kasblar haqida va u yoki bu mutaxassis egasi bo‘lish uchun nima qilish kerakligi haqida gapiradi.

9) Maktablarning barcha o‘quvchilari shved va ingliz tilini o‘rganadi.

10) Eng muhimi maktablarda terining rangi, din yo‘nalishiga qarab kamsitish yo‘q.

Soliq

Finlyandiya soliqlari yuqori. Shu boisdan bo‘lsa kerak, soliq to‘lovchi to‘lagan pulini qayerga sarflanganini bilib turishi mumkin.

Umuman soliqlar fuqarolarning o‘zlariga ortig‘i bilan qaytariladi. Masalan toza, zamonaviy jamoat transportlari, harakatlanish qulay bo‘lgan shaharlar, ishsizlar uchun oyiga 700-910 yevrogacha to‘lanadigan pul, bepul ta’lim zamonaviy rivojlangan tibbiyot va ko‘plab boshqa ko‘rinishlarda fuqarolarga qaytariladi.

«Ikki hafta oldin amalga oshirildi...»

Butun dunyo Covid-19 pandemiyasining boshlanishida Shvetsiya hukumati harakatlariga diqqat qaratdi. Ammo endi Finlyandiyaga e’tibor qaratish mantiqan to‘g‘riroq menimcha. Chunki, bu yerda virus tarqalishi Yevropaning qolgan qismiga qaraganda past.

Koronavirus bilan kasallanganlar soni bahorda keskin ko‘tarilganda, hukumat zudlik bilan ikki oylik karantin joriy qildi. Xelsinki va poytaxt atrofidagi mintaqaga sayohat qilish taqiqlandi. Maktablar va boshqa muassasalar yopildi, keyinchalik restoranlar ham faoliyatni to‘xtatdi. Norvegiya, Daniya va boshqa Skandinaviya davlatlari bilan taqqoslaganda, bu taxminan ikki hafta oldin amalga oshirildi, Shvetsiya haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Shuningdek, hukumat kasallik yuqtirgan va yuqtirmagan odamlar aloqalarini tezkor aniqlashga tayandi. Bu borada deyarli barcha finlar o‘z smartfonlariga Corona-flash mobil ilovasini yuklab oldi.

Uchuvchilar tayyorlash maktabiga kirmoqchiman

Hozir fin va ingliz tillarini mukammal o‘rganishga harakat qilyapman. Shu bilan birga yaqin vaqtlarda Finlyandiyadagi uchuvchilar tayyorlash maktabi (Patria Pilot Training)ga o‘qishga kirish niyatim bor.

Bundan tashqari muloqot qobiliyatimni rivojlantirish, tilshunoslik, filologiya, aloqa nazariyalarini chuqur o‘rganish, Finlyandiya mamlakatini o‘zbekistonliklarga yaqindan tanitishni istayman.

Ochig‘i, har birimiz qalbimizda minglab orzu, rejalar, umidlar mavjud. Menda ham ular talaygina. O‘z oldimga juda katta maqsadlarni qo‘yganman va shu maqsadlar sari doim intilaman. Har kuni ertalab uyg‘onganimda shu maqsadlarimga bir qadam bo‘lsa ham yaqinlashishga harakat qilaman.

Bir so‘z bilan aytganda, hayotda mehribon umr yo‘ldosh, g‘amxo‘r ota bo‘lishni, oilamga barcha sharoitni ta’minlash va ular bilan dunyoning 6 ta qit’asi bo‘ylab sayohat qilish orzularim sirasiga kiradi.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring