Gulnora, «Qodirov ishi», korrupsiya va o‘lim jazosi (6-maqola)
O‘tgan davrda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tashkilotlarning o‘zi aksariyat hollarda korrupsiya botqog‘iga botib ketgani kimga sir edi?! Poraxo‘rlarning «joyini ko‘rsatib» qo‘ygan mas’ul-u majburlarning o‘zlari pora orqasidan kekirib-o‘kirib ketmaganmidi?! «Prokuratura» va «poraxo‘ratura» so‘zlari egiz tushunchaga aylanib, bitta ma’no kasb etayozmaganmidi?! Keyingi ikki yarim yil ichida eng ko‘p «tozalangan» shu tizim emasmi?
Nima deysizki, «Amnesty international»day xalqaro tashkilot o‘n besh yil O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimida o‘tirib, tizimni poraxo‘rlik botqog‘iga botirishdan tashqari, inson huquqlarini buzishda ham «katta o‘rnak» ko‘rsatgan Rashid Qodirovning go‘yoki «qiynoqlarga solinayotganidan xavotir» bildirib, «unga nisbatan qo‘llanilayotgan qiynoqlarni to‘xtatishni» talab qilishga tushibdi?!
Vaholanki, Shavkat Mirziyoyev aynan Qodirov kabi zulmkor va qudratli kimsalar yaratgan qiynoqlar tizimining avra-astarini chiqarib, tarix sahifalarida qoldirishga urinayotganini ko‘rmaslik uchun odam so‘qir bo‘lishi kerak.
Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (1-maqola)
Rashid Qodirov yillar davomida inson huquqlarini himoya qilishdan ko‘ra ko‘proq o‘z lavozimini «himoya» qilmadimi? O‘rniga kelib qolishi ehtimoli bo‘lgan ozmuncha hamkasblarining boshiga yetmadimi?! Alisher Sharofiddinov (bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari), Muhiddin Qiyomov, Akbar Azizov (Samarqand viloyati sobiq prokurori), Bahriddin Valiyev (Toshkent shahrining sobiq prokurori, ayni paytda Buxoro viloyati prokurori), Yusup Abdukarimov (Farg‘ona viloyati sobiq prokurori)... eh-he, ularning nomini yozsa ado bo‘lmaydi.
Qodirovni xalqaro miqyosda «oqlash kampaniyasi» boshlab yuborilishi o‘z-o‘zidan bo‘lmayotgani, buning zamirida katta mablag‘ yotganini his etish uchun zo‘r aql shart emas. Qolaversa, Qodirov va boshqalarning ishi sudda ko‘rilayotgan paytda xalqaro tashkilotlar tomonidan bosim uyushtirilishi sud ishiga qo‘pol aralashishdan boshqa narsa emas. O‘zini hurmat qilgan huquqiy-demokratik jamiyat bunday surbetlikka toqat qila olmasa kerak.
Mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning ijtimoiy tarmoqlarda bildirishicha, «Rashid Qodirovga qiynoq qo‘llanilyapti» mazmunida xabar tarqatishi uchun unga bir necha yuz ming AQSh dollari taklif qilishgan:
«Menga ma’lum bo‘lishicha, Rashid Qodirov haqidagi yolg‘on xabarni «Amnesty International» va boshqa xalqaro tashkilotlarga o‘zbekistonlik huqubonlardan biri (O‘zbekistondan chiqib, Yevropada yashayotgan va xalqaro tashkilotlarning ishonchiga kirgan bir huquqbon) taqdim qilgan.
Uning ismi-sharifi menga ma’lum, odob yuzasidan uning kimligini hozircha aytmay turaman.
O‘sha huqubon mazkur xabarni xalqaro tashkilotlarga pullik buyurtma asosida taqdim qilgan, degan asosli shubhalarim bor. Chunki bundan bir necha oy avval «Rashid Qodirovning tarafdorlarimiz» deb, oldimga kelgan notanish kishilar mendan aynan shu («Rashid Qodirovga qiynoq qo‘llanilyapti») mazmunda xabar tarqatishimni iltimos qilib, evaziga bir necha yuz ming AQSh dollari va’da qilishgan edi.
Aftidan, Rashid Qodirovning O‘zbekistondagi yugurdaklari olis Yevropaga borib, pulsevar huquqbonni qo‘lga olishgan. U esa «Amnesty International» va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarni jallodning himoyasiga otlantirgan», — deb yozadi Malohat Eshonqulova.
Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (2-maqola)
Qodirov bosh prokurorlik yillarida sudda oqlov hukmi chiqishi anqoning urug‘i bilan barobar edi. Bunday hukm chiqargan sudya kamida ishdan olinar, yo‘qsa, qamab yuborilar edi. Bitta misol keltirsak. 2000-yillarning boshida Farg‘ona viloyat sudi sudyasi A.Aliqulov qotillikda ayblangan marg‘ilonlik besh nafar fuqaroga (sudlanuvchilar bir-biriga qarindosh edi) nisbatan oqlov hukmi chiqargan edi. Hukmning ertasigayoq sudyaning «o‘z xohishiga ko‘ra» ishdan ketishi so‘ralgan arizasi olindi, o‘n kunga qolmay oqlov hukmi bekor qilindi (prokuror protesti asosida!). Eng qizig‘i, oqlov hukmi bekor qilinib, «ish» qo‘shimcha tergovga yuborilgan bo‘lsa-da, «delo» baribir qayta sud yuzini ko‘rgani yo‘q. Chunki, «qotil»larning aybi yo‘q edi-da. Shunga qaramay, sudya ming bir g‘urbatga mubtalo bo‘ldi, ularni qamagan tergovchilar esa javobgarlikka tortilmadi. Tergov boshida turgan Farg‘ona viloyat prokurori o‘rinbosari-ku Qo‘qonga hokim etib yuborildi. Bunaqa misollar qancha...
Hozir esa, shukrki, aybsiz odamga nisbatan oqlov hukmi chiqarish favqulodda hodisa bo‘lmay qoldi. Sudyalarning erkin qaror qabul qilishi uchun barcha huquqiy va amaliy kafolatlar yaratib berilmoqda. To‘g‘ri, bu borada qilinadigan ishlar ham yo‘q emas hali. Biroq ikki yarim yil ichida bunday inqilobiy o‘zgarishlar yaqin-yaqingacha hatto tushga ham kirmas edi-da.
Qodirov bosh bo‘lgan kezlar salgina tanqidiy yondashuvdagi odamlar yoki yonib tashabbus qilib turgan rahbarlarni xizmat topshirig‘iga ko‘ra qirg‘in qilish yoki hibsga olish, «millat yoki davlat dushmani» tamg‘asini yopishtirib, uzoq yillarga qamash odatiy ish bo‘lib qolganini ham inkor etib bo‘lmaydi.
Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanganidan keyin imzo chekkan ilk qonun bu — «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonun edi (2017-yil, yanvar). Qolaversa, bu hujjat mustaqil O‘zbekiston tarixida korrupsiyaga qarshi ilk qonun ekani bilan ham ajralib turadi. Prezident qayerda va qanday chiqish qilmasin, avvalo, poraxo‘rlik kabi eng og‘ir jinoyatni tomiri bilan sug‘urib tashlash kerakligini bot-bot ta’kidlamoqda.
Bu borada shubhasiz, Parlament palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli qo‘mitalar tuzilgani ham katta qadam bo‘ldi. Natijalar ham ko‘p kuttirayotgani yo‘q. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti monitoring olib borib, Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakat rejasining barcha tavsiyalari bo‘yicha O‘zbekistonda ijobiy o‘zgarishni e’tirof etmoqda. «Xalqaro Transparensi» tashkilotining korrupsiya bo‘yicha oxirgi yillik hisobotida O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 158-o‘rinni egalladi va pozitsiyasini oz-ozdan bo‘lsa-da, yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi. Ammo hali ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.
O‘rni keldi, aytishimiz kerak: Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Prezident huzuridagi kengashga aylantirilishi lozim va unga Bosh prokuratura emas, Prezident Administratsiyasining rahbariyati tayinlanishini davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Korrupsiyaga barham berishning yana bir yo‘li ko‘p milliardli xalqaro tenderlar ham omma uchun sirli bo‘lib qolmasligiga erishishdir.
Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? G‘ofur Rahimov, «qora ro‘yxat» va Gulnora (3-maqola)
Bunday loyihalar nima uchun Yaponiya, Koreya yoki Turkiyaga emas, Birlashgan Arab Amirliklari yoxud Fransiyaga emas, balki Rossiya kompaniyalariga taqdim etilgani, O‘zbekiston uchun loyihalarning biri boshqasidan afzalroq va foydaliroq ekanligini ochiq ko‘rsatib berish lozim. Gulnora Karimova boshqargan «Zeromaks» kabi kompaniyalar ko‘p milliardli loyihalaridan keyin sun’iy bankrotlik orqasida xalqaro mojarolarga tortilib, og‘irligi o‘zbekistonlik soliqchilar yelkasiga tushmasligi kerak.
Poraxo‘rlik illatiga ham Prezident istayotganidek, barham berish qiyin kechmoqda. Pora olishga o‘rgangan amaldorning ishida na rivoj, na fikrida bir qo‘nim bo‘ladi. U jamiyatning eng katta kushandasidir. Xorijdan O‘zbekistonga investitsiya kiritaman, deb kuyib-pishib yurgan sarmoyadorlardan «cho‘tal» talab qilayotgan nobakorlar millatning eng katta dushmanlaridir.
Poraxo‘rlik jamiyat kushandasi ekan, buni ko‘ra-bila turib, unga qarshi kurashmaslik og‘ir jinoyat hisoblanadi aslida.
Bir paytlar G‘arbga yaxshi ko‘rinish uchun bekor qilingan o‘lim jazosini ham yirik mikdordagi poraxo‘rlik, korrupsiya, terrorizm va qotillikning o‘ta og‘ir turlari uchun qayta tiklash haqida ham balki o‘ylab ko‘rish kerakdir?! O‘zini demokratik davlat, deb jar soladigan AQShning o‘ttizdan ortiq shtatida hamon o‘lim jazosi saqlanib qolmoqda-ku?! Rivojlanayotgan Xitoy ham bundan voz kechmadi. Bunday davlatlarni istagancha sanash mumkin.
Umuminsoniy g‘oyalar va gumanizm tamoyillariga hech kim qarshi emas. Lekin ashaddiy jinoyatchiga nisbatan mehr-muhabbatning ham chek-chegarasi bo‘ladiki, toki bundan halol, qonunni hurmat qiladigan odamlar aziyat chekmasligi, ularning prinsipial fikr-yondashuvi buzilmasligi kerak.
Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? Maqsudiy va boshqa oilaviy munosabatlar (4-maqola)
Bizda o‘lim jazosini bekor qilish orqali jamiyatga va davlatga keltirilgan foyda va zararning farqi hanuzgacha chuqurroq amaliy tahlil qilib ham berilmadi. Hozirda jinoyatchilik kamaydi, deb raqamlarga yopishib qolmasdan, o‘ta og‘ir jinoyatlar kesimida sabab va oqibatlar ham chuqur o‘rganilishi juda kerak. Mudhish qotilliklardan tap tortmayotgan yovuz kimsalarga ham belgilanayotgan yengil jazolar katta e’tirozlarga sabab bo‘layotganini-da hisobga olish zarur.
«Sudya xato qilsa, o‘lim jazosi qo‘llanilgan odamni orqaga qaytara olmaymiz», «prokuror poraxo‘r bo‘lsa, keyin begunoh insonni qanday tiriltiramiz?» kabi o‘zgaruvchan fikrlar bilan jinoiy tizimni tubdan isloh qilib ham bo‘lmaydi.
Aksincha, jinoyat sodir qilganlarning qonunlarni zarracha hurmat qilmayotgani yoki hech narsadan qo‘rqmayotgani, millionlab, hatto milliardlab dollarni tap tormay o‘marayotganini ko‘rayapmiz. Shu sababli ham milliard-milliardlarni hech narsa ko‘rmagan o‘pqonday yutib yuborib, sudda ko‘zini mo‘ltillatib, «huquqim buzilyapti, e-voh!» deydigan shovvozlar soni kun sayin ko‘payib ketmayaptimi?
Shu xalqni ayovsiz talab-xonavayron qilgan, inson joniga qasd qilgan kimsalarni yana 20 yil va undan uzoq muddatga hukm qilib, keyin esa shu xalq qora mehnat bilan topgan mablag‘ hisobidan qamoqda uzoq yillar boqishda ham jo‘yali mantiq ko‘rinmaydi. Uni qo‘riqlagan mirshab esa bu davrda pensiyaga chiqib ketadi va unga ham otning kallasidek pensiya to‘lash shu xalqning gardaniga tushadi.
Biz tanqid qilayotgan yuqoridagi xalqaro tashkilotlar ertaga O‘zbekiston o‘lim jazosini qaytarishni istayapti, deb ayyuhannos solishdan ham tap tortmaydi. Ammo bu haqda har kimning erkin fikri borligini va buni bugun ochilayotgan demokratik jamiyat tufayli jurnalistlar erkin yoza olish imkoniyatiga ega bo‘lganini ham bir xomcho‘t qilib qo‘yishsa, yomon bo‘lmasdi.
Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? Mudhish xato takrorlanmasligi uchun... (5-maqola)
Hozir boshqaruvning barcha bo‘g‘inlarida ishlash uchun keng sharoitlar va erkinliklar taqdim etilayotgani ham korrupsiyaning oldini olishda yaxshi chora bo‘lmoqda. Vaholanki, Islom Karimov o‘z tabiatiga ko‘ra hokimiyatni hech kim bilan bo‘lishishni istamas edi. Uning davrida biror hokimning chet elga borib, o‘z hamkasbi bilan muzokaralar o‘tkazgani, vazir ommaviy axborot vositalarida tanqidiy mulohaza bildirgani, hatto bosh vazirning biror joyda ochiq ko‘rsatilganini eslay olmaymiz.
«Hamma bir kishi uchun, bir kishi faqat o‘zi uchun» qabilidagi boshqaruvning bunday shakli allaqachon eskirgan, mo‘rt va yashovchan emasligini hayotning o‘zi yana bir karra isbotladi. Axir, dunyoviy davlatda prezidentlik lavozimi podshohlik taxti emaski, otadan bolaga meros qilib o‘tkazib berilsa...
Hozirgi boshqaruvning avvalgisidan eng katta farq shuki, rahbariyat barcha bo‘g‘inlar bilan bahamjihat va «komanda» bo‘lib ishlashga, xonada biqinib olib, hech kimga keraksiz amaldorlarga aylanishni emas, balki joyiga chiqib, oddiy odamlarni qiynayotgan muammolarni yechishiga urg‘u berilmoqda.
Ish chog‘ida ozroq xato qilgan rahbarning qo‘liga kishan solinib, «podval»ga olib ketilayotgani yoki «qora ro‘yxat»larga tirkalib, o‘zi va farzandlari faoliyatiga bir umrlik qizil chiziq tortib qo‘yilayotgani ham yo‘q.
Bosh vazir, vazirlar, hokimlar va boshqa amaldorlarga o‘z tashabbuslarini realizatsiya qilishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilib, fikrini erkin ayta olishi uchun to‘siqlar olib tashlandi. Ular ham xalqning orasiga va ommaviy axborot vositalariga chiqib, o‘z fikrini erkin bildirmoqda.
Albatta, bunday progressiv jamiyatda Gulnora Karimova kabi pul desa yaqinlarini ham sotib yuboradigan kimsalarning o‘rni qayerda ekani haqida xulosa chiqarish o‘quvchining o‘ziga havola...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter