Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? Mudhish xato takrorlanmasligi uchun... (5-maqola)

Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? Mudhish xato takrorlanmasligi uchun... (5-maqola)

Gulnora Karimova hamda Saidov, Nazarbekov va Ortiqxo‘jayevlar

Yaqinda Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati (e’tibor bering, uning behisob mablag‘lari saqlanayotgan davlat vakili!) Greguar Manja o‘z mijozi bilan uchrashib ketdi. U mijozi Zangiotadagi (Toshkent viloyati) 21-sonli ayollar koloniyasida saqlanayotganini tasdiqladi, shuning barobarida ko‘p narsalar mavhumligi, jumladan, Karimovaning qolgan jazo muddati haqida rasmiylardan izoh ololmagani, bu odam o‘g‘irlashga tengligi, o‘zbekistonlik sobiq advokatlar sustkashligidan yozg‘irishni ham unutmadi. Biroq advokat o‘z mijozi sodir etgan jinoyatlari tayinlangan hukmga qaraganda anchayin og‘irroq ekanligi haqida lom-mim demaydi.


Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (1-maqola)


...Gulnoraning siyosiy ambitsiyalari amalga oshmay qolganiga shukr qilmoq lozim. Rost-da, davlat ishi o‘yinchoq emaski, uning mas’uliyatsiz va tantiq kimsalar qo‘liga o‘tishiga yo‘l qo‘yib bo‘lsa?! Bu millatning katta fojiasiga aylanmasmidi?! Shusiz ham yaqin to‘rt asrda bu xalqning ko‘kragiga chinakam ozodlik, hurlik shamoli kam tegdi. Yetar shunisyam?!

Gulnora o‘ziga bino qo‘ymaganida, xalqini ayovsiz talamay, uning uchun kuyinganida, o‘zining yaxshi insoniy fazilatlarini ko‘rsatib, millat uchun fidoyi bo‘lganida O‘zbekistonda unga munosib ish topilar edi, albatta.

Xo‘sh, Gulnora Karimovaning siyosiy istiqbolini kim o‘ldirdi? Kim uni siyosiy murdaga aylantirdi? Bunga javob bitta: uning o‘zi! O‘z nafsiga qulligi uni ma’nan o‘ldirdi. U otasi tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlarni tugamas oliy ne’mat, o‘zini esa abadiy daxlsiz oliymaqom shaxs deb o‘yladi. Barcha narsani chalkashtirib yubordi, muvozanatni yo‘qotdi, barcha harakati shu davlatni, shu elni o‘ylab emas, balki havoday shishgan biznes imperiyasi manfaatlariga qaratildi.

Mana, oxiri nima bo‘ldi? Birovlarga zulm qilib, rohatda o‘tgan biror kimsa bormi bu dunyoda?! O‘zganing haqi buyurganmi o‘zi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezident Islom Karimov davrida nohaq qamalgan, burni qonagan, noqonuniy ishlarning qurboni bo‘lgan, diniy e’tiqodi uchun hibsga olingan necha minglab insonlar kutgan adolatni qaytardi, shu bois ham beqiyos siyosatchi sifatida xalqaro hamjamiyatning e’tirofiga munosib ko‘rilmoqda.

Gulnora Karimovaning ayanchli va murakkab taqdiri barchamizni qator xulosalar chiqarishga undaydi.

Foto: «Republic.ru»

O‘zbekistonni uzoq yillar boshqargan, kamtar va ziyoli inson Sharof Rashidovning o‘z farzandlariga bergan tarbiyasiyu halolligi, komilligi va yuksak ma’naviyati barchamizga o‘rnak emasmi?


Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (2-maqola)


Avvalo bugungi zamonaviy yoshlarimiz, ota-onasi, tog‘ayu xolasi, amakisiyu ammasi kim bo‘lishidan, orqasida qaysi idora turganidan qat’i nazar, o‘z kuchiga ishonishni, qonunlarga qat’iy amal qilishni, oddiy insoniylikni yo‘qotmaslikni, oyog‘i yerdan uzilib qolmaslikni o‘rganishi kerak. Dunyoga hech kim ustun bo‘lolgan emas. Uzoq o‘tmishni emas, yaqin tarixni olaylik. Iroq diktatori Saddam Husaynning betiyiq o‘g‘illari ming davr-u davron surgani bilan oxir-oqibat itdek o‘lim topishini kim o‘ylabdi? Liviya «dohiysi» Muammar Qaddofiy nima bo‘ldi? Uning bola-chaqasi ne ko‘ylarga tushmayapti bugun?

Ularni-ku, qo‘yaylik. Farzandlarining «erkaligi» oqibatida o‘zimizda ham necha amaldorlarning yuzi yerga qaramadi?! Tashvishlanarlisi, bunday chirkin holatlarning birin-ketin «misi» chiqib boraveryapti-boraveryapti... Axir, bulardan o‘z vaqtida xulosa chiqarmoq uchun katta aql shart emas.

Kechayu kunduz halol mehnat qilayotgan, o‘z manfaatini davlat manfaatidan ustun qo‘ymaydigan, sadoqatli va halol yangi rahbar xodimlar qayerda shakllanadi? Kim bunga mas’ul? Yoshlar Ittifoqi yoki Prezident akademiyasimi? O‘rtada ulkan uzilish va jarlik paydo bo‘ldiki, buni to‘ldirish uchun juda jiddiy choralar ko‘rish vaqti allaqachon yetgan.

Davlat xodimlari ham katta maosh olishsin, pulga zoriqib, noqonuniy ishlarga qo‘l urishmasin. Ertaga navbatdagi «sokrasheniya» yoki rahbari o‘zgarishi bilan ishsiz qolish xavotiri ich-etini kemirmasin. Ularning kuchli ijtimoiy himoyasini kafolatlovchi «Davlat xizmatchilari to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish fursati yetmadimikan?

Bu masalaning bir tomoni. Masalaning ikkinchi tomoni ham bor.

Davlat amaldorlarining daromadi ochiqlanishi shart!

Davlat nomenklaturada turgan rahbarlarning barchasi va ularning oila a’zolari soliq deklaratsiyasini to‘ldirishi, topayotgan daromadi haqida ochiq ma’lumotlar taqdim etishi lozimligi ham qonun bilan qat’iy mustahkamlab qo‘yilishi shart. Deklaratsiya hujjatini hukumat portali, soliq qo‘mitasi yoki rasmiy axborot saytlarida hech ikkilanmay berib borish amaliyotini joriy etish lozim.

Masalan, vazir maqomidagi Akmal Saidov asosiy ishidan ortib, sakkiz joyda qiynalib dars o‘tayotgan, har yili o‘nlab kitoblar yozib, yaxshigina qalam haqi olayotgan bo‘lsa, qandini ursin. Va olgan foydasini oshkor qilsin. U, garchi amaldor bo‘lsa-da, pedagogik, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan yanada ko‘proq jonbozlik ko‘rsatayotganini aholi bilsin va shunga yarasha hurmatini qilsin ham.


Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? G‘ofur Rahimov, «qora ro‘yxat» va Gulnora (3-maqola)


Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov hukumatdagi yumushlaridan keyin, to‘yu tomoshalarda aholiga xizmat qilib, ijodi orqasidan qozonini qaynatayotgan bo‘lsa, marhamat, hech qanday qarshilik yo‘q, degan qonuniy me’yor bugun juda kerak. Aks holda kunduzi hukumat amaldori bo‘lib o‘tirgan odamning tunda to‘yda qo‘shiq ko‘ylab, qistir-qistirlarga uchrayotganini ko‘rish juda erish tuyuladi. Marhamat, topayotgan daromadini ko‘rsatib qo‘ysin, solig‘ini to‘lasin. Ijodiga baraka!

Qaysidir vazir biror daromadli korxona yoki baquvvat bank aksiyasiga ega bo‘lib, mo‘may dividend olayotgan bo‘lsa, hech qaysi organ bezovta qilmasin. Tushumini ochiq ma’lum kilsin, deklaratsiya to‘ldirsin va mazza qilib yashayversin.

So‘nggi paytlarda Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtga rahbar lavozimida o‘tirguniga qadar yirik kompaniya rahbari bo‘lgani, ammo avvalgi biznesidan to‘liq uzilmay, ikkinchi muhim lavozimni birgalikda olib ketayotgani bo‘yicha unga qo‘yilayotgan qator ayblar qizigandan-qizimoqda. Yirik kompaniya rahbarlarining istiqbolda hokim bo‘lishiga to‘siq qo‘ymaydigan, ammo davlat ishi biznes bilan uyg‘unlashib ketmaydigan, faqat o‘z manfaatiga xizmat qiladigan lobbisini faol ilgari surishiga yaxshi platforma yaratmaydigan, xullas, bunday faoliyatni tartibga soluvchi qonun albatta kerak.


Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? Maqsudiy va boshqa oilaviy munosabatlar (4-maqola)


Ularning avvalgi biznesidan topgan qonuniy daromadlari, mulku ulushlari albatta, daxlsiz bo‘lishi kerak. Aks holda ertaga katta biznesga ega shaxslar davlat va jamoat ishlariga kelishdan qochadi, umuman mamlakatdan ham «quyonni» surib qoladi. Hozircha bunday mukammal qonunning o‘zi yo‘q ekan, Ortiqxo‘jayevni muttasil ayblash ham foydasiz yumushdir. Shu bilan birga viloyat va tuman hokimlari ham topayotgan daromadlari ochiqlanishi shart.

Deklaratsiya to‘ldirish tashabbusini o‘rnak sifatida Davlat soliq qo‘mitasi rahbari boshlab berib, hamkasblarining hammasini bu jarayonga jalb qilsa... Nima deysiz?!

(davomi bor)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring