Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? Maqsudiy va boshqa oilaviy munosabatlar (4-maqola)

Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? Maqsudiy va boshqa oilaviy munosabatlar (4-maqola)

Yirik kompaniyalar — «sog‘in sigirlar»

Siyosiy arbobda vijdon bo‘lmasa, boshqaruvga to‘g‘ri yondashmasa, o‘z xalqi tashvishlariga qo‘shilib yonmasa, maqsad-niyati adolatdan kuch olib turmasa, hokimiyatga egalik xohish-istagi bilan lavozim mas’uliyatini anglash-tushunish tuyg‘ulari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlay olmasa, uning liderligi mustahkam bo‘lmaydi.

Gulnora garchi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarligidan boshqa amaldagi hukumat tizimida birorta muhim lavozimni egallamagan bo‘lsa-da, O‘zbekistonda otasidan keyingi ta’sirli kuchga aylangan edi.

Yashirin qudratidan kelib chiqib, bu yerda biznes boshlashni istagan xalqaro yirik kompaniyalarni ham o‘zi uchun «zotdor sog‘in sigir» deb hisobladi. Ulardan doimiy ravishda juda katta miqdorda pora olib turdi, yo‘rig‘iga yurmaganlarga chiqish eshigini ko‘rsatib qo‘yishardi.

Gulnoraning o‘zi uchun oddiy tuyulgan biznesi endilikda qudratli davlatlarning bir-biriga bosim o‘tkazuvchi, Vashingtonni esa yirik kompaniya va korporatsiyalarni qulog‘ini cho‘zib qo‘yadigan va katta jarima undiradigan geosiyosiy dastagiga aylanib bormoqda.


Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (1-maqola)


Shu kunlarda Rossiyadagi mashhur MTS telekommunikatsiya operatori O‘zbekistondagi biznesi uchun Gulnora bilan oldi-berdi qilgani sabab, AQSh adliya vazirligi hamda uning qoshidagi Qimmatbaho qog‘ozlar va birja bo‘yicha komissiyasi nazoratiga tushdi. Endi kompaniya ish sudga oshirilmasidan avval kelishuvga erishishga majbur bo‘lmoqda.

Foto: «Amerika ovozi»

Aniqlanishicha, mazkur kompaniya O‘zbekistonga kirib kelish va bu yerda yaxshilab o‘rnashib olishi uchun Gulnoraga uzoq yillar davomida jami 420 million dollar miqdorida pora bergan. Ayni paytda kompaniya bu yerdagi sakkiz yillik faoliyati chog‘ida 2,4 milliard dollar daromad olgan.

Kompaniya rahbariyatining nafsi tobora o‘pqonlashib borgan O‘zbekistondagi xo‘jayini — Gulnora bilan so‘zi bir joydan chiqmay qolgach, 2012-yilga kelib, respublikadan bosh olib ketishga majbur bo‘ladi.

AQSh tomoni bu kirdikorlari uchun MTSni 850 million dollar miqdorida jarima to‘lashga majbur qilmoqda. Bu pullarni MTS hozirda alohida zaxira fondida jamg‘arib qo‘ygan va uni to‘lashga tayyor. Agar rasmiy Moskva bunga qarshi bo‘lmasa, albatta. Biroq MTS AQShga jarima to‘lamaslikka qaror qilsa, u xalqaro bozorda ortiq qololmaydi va tabiiyki kasodga uchraydi.

«Vimpelkom» kompaniyasi esa turli yillarda Gulnoraga 114 million dollar berishga majbur bo‘lganini tan oldi.

Bundan tashqari, Shvetsiya prokuraturasi 2012-yil sentyabrda tergov jarayonlarini boshlagan «TeliaSonera» telekommunikatsiya kompaniyasi sobiq ijrochi rahbari Lars Naybergni olaylik. Unga ham O‘zbekistonda biznes qilish uchun Gulnoraga 331 million dollar pora bergan, deb sudda ayblov e’lon qilindi.

Shvetsiyaning 2012-yilgacha bo‘lgan qonunchiligiga ko‘ra, pora oluvchi shaxs davlat amaldori bo‘lsagina bu jinoyat deb malakalangan. O‘zbekiston bozorida vositachi bo‘lgan kimsa esa Gulnoraning shotiri Gayane Avakyan edi va u hech qanday amaldor bo‘lmagan. Pullar 2007-2010-yillarda uning «Takilant» offshor firmasiga o‘zaro hamkorlar sifatida o‘tkazib berilgan.

Gulnora va Avakyan. Foto: «Proza.ru»

Qonunlar ortga qaytish huquqiga ega emasligi sabab Shvetsiya sudi ayblovdagi kompaniya rahbarini «pora bermagan» deb oqladi. Lekin bu jarayonlarning barchasi, O‘zbekistonning yaqin tarixidagi korrupsiya holatlari, bir sud qo‘yib, boshqasida mamlakatdagi poraxo‘rlik holatlari haqida shov-shuvli ishlar ochilishi xorijiy sarmoyadorlarni cho‘chitmasdan qolmaydi.

Gulnora Karimovaning kirdikorlari ayrim bank-moliya tashkilotlari obro‘siga ham jiddiy zarar yetkazdi. Masalan, Gollandiyaning ING banki allaqachon Shvetsiyaning «TeIiaSonyera» shirkati tomonidan «pora berish» ishi doirasida sudga tortildi va 900 million dollar jarima to‘lashga rozilik bildirdi.


Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? (2-maqola)


Prokuratura mijozlar bu bankdagi hisob-raqamlardan jinoyatchilar hech qanday to‘siqlarsiz, o‘z maqsadi yo‘lida foydalanib kelishgan, bank esa bunga ko‘z yumib, barcha imkoniyatni yaratib bergan, deya ayb qo‘ymoqda. Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan «Vimpelkom» shirkatiga pora sifatida berilgan millionlab dollarlar aynan ING bankidagi uning hisoblari orqali amalga oshirilgan.

Bu kabi ishlarning O‘zbekiston nomi bilan bog‘lanishi juda achinarli va mamlakat imijiga ta’sir ko‘rsatuvchi salbiy holatdir.

Maqsudiy va boshqa oilaviy munosabatlar

Gulnoraning oilasi haqida gapirilganda, u doimo bu ishlarning barchasi faqat uning shaxsiy hayoti ekanligini va uni muhokama qilishga hech kimning haqqi yo‘qligi aytib keladi.

Ammo o‘zini davlatning birinchi rahbari lavozimiga chog‘lagan arbobning shaxsiy hayoti bo‘lmaydi. Uning har bir oyoq olishi, ishdagi va oilaviy munosabatlari, aytayotgan so‘zi-yu, kiygan kiyimigacha jamoatchilikning diqqat markazida turadi.

Avvalo, Gulnoraning birinchi turmush o‘rtog‘i haqida. Amerikalik o‘zbek, yirik tadbirkorning o‘g‘li Mansur Maqsudiy bilan 1991-yilda nikohdan o‘tganidan keyin, kuyov bo‘lmish «Sosa-SoLa»ning Toshkentdagi vakolatxonasiga direktor etib tayinlandi.

Lekin ularning asosiy hayoti AQShda o‘tdi. 2001-yilgacha — o‘n yillik birgalikdagi hayotlari davomida Nyu-Jersidagi uylarida yashashdi. O‘rtalarida ikki farzand — Islom (1992) va Imon (1999) tug‘ildi.

Oilaviy munosabatlar tobora tarang tus olar, Gulnora tabiatidagi qaysarligi va o‘ziga bino qo‘yishi bilan asta-sekin Maqsudiyni nazar-pisand qilmay qo‘ydi. Kimsan prezidentning suyukli qizini kim ham tartibga chaqirishga jur’at qila olar edi.

Nihoyat, oilaviy mojaroga shaxsan Prezidentning o‘zi aralashgach, ikki quda o‘rtasiga sovuqchilik tushib, oilaga darz ketdi. Maqsudiylarning O‘zbekistondagi biznesi tortib olindi, o‘zlari bir amallab qochib qutildi, ko‘rilgan zarar o‘sha davr o‘lchamida juda katta edi.

Bu dunyoda ajrashgan oila kammi, dersiz. To‘g‘ri, oz emas. Lekin bu ajrashish siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston yetakchisi Islom Karimovning xalqaro nufuziga ta’sir qilmay qolmas edi.

Mansur Maqsudiy ham bolalarni o‘z ixtiyoriga olish uchun AQSh sudiga Gulnoraga nisbatan da’vo qo‘zg‘adi. Ikki yillik janjalli sud ishida Mansur Maqsudiy uzil-kesil yutib chiqdi. Natijada Gulnora farzandlarni tarbiyalash huquqidan to‘la mahrum etiladi.

Foto: «CA-News»

Farzandlar Maqsudiyning vasiyligiga o‘tishi kerak edi. Ammo ular allaqachon AQSh hududidan olib chiqib ketilgan, O‘zbekistonda yashar edilar.

Maqsudiy Gulnorani bolalarni zo‘rlik bilan o‘g‘irlab ketganlikda aybladi.

AQSh sudi qarori baribir bajarilmay qolib ketdi. Bolalar onasi ixtiyorida qoldi. O‘shanda prezident Karimov ancha ter to‘kishiga, o‘z kuchidan foydalanishiga to‘g‘ri keldi va oradan 9 yil o‘tib, bolalar voyaga yetishgach, AQSh sudi o‘z qarorini bekor qildi.

Ehtimol, bolalar otasida qolganida, Gulnora ham salgina bo‘yin egib, birinchi turmushi bilan tinchgina yashaganida boshiga shuncha tashvishu muammolar tushmasmidi, deb o‘ylab qolasan, kishi... Lekin taqdiri boshqa ekan.

Kichik Islom Karimov ota-onasi o‘rtasidagi sud ikki yil emas, yetti yilga cho‘zilgani, otasi bilan faqat bobosi vafot etganidan keyingina borib ko‘rishgani, qiyin paytda otasi uni tashlab qo‘ymasligiga ishonishi haqida «Bi-bi-si»ga intervyu bergan edi.

Lekin nega shuncha yillar o‘tib, aynan endi ko‘rishgani, bu uchrashuvdan keyin o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q Maqsudiy janoblari Gulnoraning xorijda muzlatilgan ko‘p yuz millionli pullarida o‘z ulushi borligi, mablag‘larni unga qaytarishni talab qila boshlaganida qiziq bog‘liqlik borga o‘xshaydi. Singlisi Imon hozirda AQSh fuqarosidir. Yiliga to‘lovi 30 ming dollardan kam bo‘lmagan pul to‘lab, London iqtisodiy maktabida tahsil oladi.


Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim «o‘ldirdi»? Xalqaro sanksiyalar kuchaymoqda (3-maqola)


Gulnora birinchi nikohidan ajrashganidan so‘ng ma’shuqlari ko‘p bo‘lgani haqida xalq orasida mish-mishlar ko‘p tarqar edi. Biroq bu haqda hech kim ochiq aytmagan. Toki, bu haqda so‘z ochgan borki, uzoq yillik qamoqqa mahkum etilar edi. Bu yerda jurnalistik etika nuqtai nazaridan aniq faktlarsiz fikr aytishni o‘rinsiz, deb bilamiz.

Gulnora ko‘kka parvoz qilayotgan yillari fuqarolik nikohidagi Rustam Madumarov nomi bot-bot tilga olina boshladi. Rustam bilan munosabatlari qachondan boshlangan va o‘rtasida qanday munosabatlar bo‘lgani ham noma’lum.

Rustam Madumarovning ota-onasi 1990-yillarda Tojikistondan yurtimizga ko‘chib kelishgan. Rustam asli turli tillarning qorishig‘idan qo‘shiqlar aytadigan «Dado» guruhi xonandasi sifatida dong‘i chiqqan edi. 2014-yil may oyida u xorijdagi offshor kompaniyasi orqali Gulnora bilan qilgan moliyaviy jinoyatlari sabab harbiy sud tomonidan uzoq muddatga qamaladi.

Foto: «isweet.com.ru»

Ammo boshqa fakt ular o‘rtasidagi fuqaroviy nikohni shubha ostiga qo‘yadi. Hujjatlar ular o‘rtasida haqiqiy nikoh bo‘lganini tasdiqlaydi. Shvetsiyadagi sud chog‘ida prokuror Rustam bilan Gulnora o‘rtasida ajrashish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etgani bunga yaqqol dalil. Demak, ular fuqarolik nikohida emas, balki qonuniy er-xotin bo‘lib yashagan, degan xulosaga kelish mumkin. Lekin bu bir niqob bo‘lishi ham mumkin. Chunki Rustamning nomiga to‘plangan Gulnoraning behisob boyliklari keyinchalik «opa»ning qonuniy egaligiga o‘tishi uchun ajrashish yorlig‘i o‘ziga xos kafolat hujjati edi.

Axir ular chindan ham birgalikda yashagan, haqiqiy er-xotin bo‘lishgan bo‘lsa, unda nima uchun sud orqali avvaldan ajrashib, uni seyfda yashirib kelishgan?

Yana bir nozik masala. Gulnoraning o‘z singlisi, hozirda AQShda uch nafar farzandi bilan yashayotgan Lola Karimova bilan 15 yil davomida muloqot qilmagani haqida. Kichik Islom «opa-singil o‘rtasida kuchli adovat tuyg‘ularini bobosi yaratganini, iste’dod bobida xolasi hech qachon onasiga tenglasha olmagani»ni jurnalistlarga ma’lum qildi.

Qiziq, bobosi nima uchun ikki nafar jonday farzandini, ya’ni opa-singillarni bir-biriga qayrab qo‘ygan ekan?! Axir o‘zbek oilasida farzandlarning noahil munosabatlari oqlanmaydi-ku?! Ota-ona tirikligida ular yuz ko‘rmas bo‘lib ketishsa, bu qanchalar og‘riqli ta’sir qiladi?! Butun O‘zbekistonni boshqargan inson nahotki o‘z qizlarini bir stol atrofida yarashtirishga qodir emas edi? O‘zi haqiqatdan ular orasida ola mushuk o‘tganmidi? Yoki bu ham kichik Islom Karimovning o‘ylab topgan navbatdagi uydirmasimi? Balki bu qiyin savolga vaqti kelib Lola Karimovaning o‘zi aniqlik kiritib berar?..

Foto: «BBC»

Xullas, faqat kichik Islom onasining qancha boylikka egaligini, hisob-raqamlari qayerdayu, qancha mablag‘i borligini juda yaxshi biladi. Onasining notarial tasdiqlangan va G‘arbdagi banklarning biri qutisidan chiqqan tasdiqnomaga ko‘ra, bu Gulnoraning barcha boyliklari, agar unga biror kor-hol yuz bersa, o‘g‘li Islom Karimovga meros sifatida o‘tkazilishi haqidagi vasiyatnomadir. Bu hujjatni Shvetsiya sudiga prokurorlar taqdim etishganini ommaviy axborot vositalari xodimlari hayronlik bilan tasdiqlagan edi.

Bu boyliklarni boshqalar olib qo‘ymasligi, o‘z nomiga legallashtirish uchun kichik Islom onasi Gulnorani o‘z mamlakatida hokimiyatning siyosiy qurboniga aylanayotgani, tazyiqlarga uchrayotgani, huquqlari qo‘pol ravishda poymol qilinayotgani haqida bong urmoqda.

Onasiga nisbatan sud qarorlari mustaqil tarzda chiqarilmayotgani, ruhiy va jismoniy bosimlar o‘tkazilayotgani, bobosining janozasiga borishni juda-juda istaganiyu, biroq O‘zbekistonga kirsa, uni o‘ldirishlari mumkinligi sabab bora olmagani haqida cho‘pchak to‘qishda davom etmoqda.

Gulnoraning xalqaro va mahalliy advokatlariga mijozi bilan ko‘rishishi uchun hech qanday to‘siq qo‘yilgani yo‘q. Agar chindan ham nevaraning onasiga yoki bobosiga ozgina bo‘lsa ham mehr-muhabbati bo‘lganida, qo‘rqoqlik qilib, O‘zbekistonga tosh otmasdan, ularning ziyoratiga kelib-ketgan bo‘lar edi.

Davomi bor.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring