Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Eldor Samanov: Yaponlar o‘z sohalarida doimo birinchilikka da’vogar. Ular tinim bilmas asalariga o‘xshaydi

Eldor Samanov: Yaponlar o‘z sohalarida doimo birinchilikka da’vogar. Ular tinim bilmas asalariga o‘xshaydi

Nimagadir biror mavzu haqida yozadigan bo‘lsam hech qachon xorijda yashayotgan, o‘qiyotgan yoki yurtimizga qaytib ish faoliyatini davom ettirayotgan qahramonlardan intervyu olish qiyin kechmaydi. Ular bajonidil rozi bo‘lishadi, tajribalari bilan o‘rtoqlashgisi keladi. Va eng muhimi ularning izchillik va aytilgan vaqtda suhbatga tayyor bo‘lishlari. Balki vatandoshlarimiz berayotgan ma’lumotlari o‘z ona yurtiga foyda keltirishini ich-ichidan istashar, balki xorijdagi tartiblilik va OAVga bo‘lgan munosabat ularni ham chetlab o‘tmagandir. Nima bo‘lganda ham bunday suhbatlar juda yoqimli va zavqli. Bu galgi suhbatdoshimiz samarqandlik Eldor Samanov Yaponiya va o‘zining faoliyati haqida juda qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

 – Eldor yoshingiz nechada va til o‘rganishni qachondan boshlagansiz?

– 1992-yili Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilganman. Yoshligimda matematika hamda dzyudoga juda qiziqar edim. Xorijiy tillarni o‘rganishni 19 yoshimdan boshlaganman. Hozirda ingliz, yapon va rus tillarida erkin muloqot qila olaman.

Mutaxassisligim biznes huquqi, 2012 yilda Toshkent davlat yuridik universitetidan bakalavr va 2022 yilda Yaponiyaning Xitotsubasi universitetidan magistrlik darajasini olganman. Hozirga qadar ikki marta Yaponiya hukumatining MEXT ta’lim granti g‘olibi bo‘lganman. 2017-yil Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlab, bir muddat Samarqand shahar iqtisodiy sudida sudya yordamchisi va «SamAvto» MChJda yurist bo‘lib ishladim. 2018-yili Yaponiyaga Xitotsubasi universitetida biznes huquqi bo‘yicha magistraturada tahsil olish uchun ketdim. Talabalik davrimda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hukumatlararo uchrashuvlar hamda Yaponiyaning huquqni muhofaza qilish organlarida tarjimon bo‘lib faoliyat ko‘rsatdim. Qolaversa, O‘zbekistonga birinchi yapon universitetini olib kirish loyihasiga huquqiy maslahatchi va loyiha koordinatori sifatida hissa qo‘shdim hamda  Toyota guruhiga kiruvchi Toyota Tsusho korporatsiyasidan bir umrlik shartnoma bilan ish taklifi olishga muvaffaq bo‘ldim.

– Siz kompaniyada menimcha mas’ul xodimlardansiz...

– Hozirda Toyota Tsusho korporatsiyasining Nagoyadagi bosh ofisida xalqaro savdo bo‘yicha faoliyat olib boraman. Bu kompaniya Toyota Motors Corporation (TMC) va Toyota Industries Corporation Organization(TICO)ning sho‘ba korxonasi hisoblanadi. Uning tarixi 1936 yilga borib taqaladi va dastlab Toyota mashinalarini sotib olishni moliyalashtirish uchun tashkil qilingan. Hozirda esa asosan xalqaro savdo va investitsiya faoliyati bilan shug‘uullanadi. Yillik daromadi 70 mlrddan ortiq bo‘lgan bu kompaniya iqtisodiyotning deyarli barcha eng muhim sektorlariga kirib bora olgan. Men hozirda ushbu kompaniyaning Mobility boshqarmasi logistika bo‘yicha yechimlar bo‘limida asosiy mas’ul xodim bo‘lib ishlayman. Faoliyatim asosan (Markaziy Osiyo va Janubiy Koreya bo‘yicha) xalqaro savdo bilan bog‘liq bo‘lib, Toyotaning yuk ko‘tarish mashinalari eksporti va mahalliy sotuvi kabi barcha turdagi operatsiyalarni nazorat qilaman. Shuningdek, ushbu davlatlardagi logistika sohasiga oid yangi bizneslar va omborlarni avtomatlashtirish uchun kerakli bo‘lgan yechimlarni taqdim qilishda ham ishtirok etaman.

Yaponiyada kadrlarga munosabat qanday?

– Yaponiyada kadrlarga bo‘lgan e’tibor dunyoning old o‘rinlarida turadi, deb ayta olmayman. Chunki, bilasizki madaniy jihatdan yaponlar ancha qattiq ishlaydigan xalq hisoblanishadi. Yaponiyada ko‘p ishlash natijasida dunyodan erta ko‘z yumish ijtimoiy muammoga aylanib bo‘lgan. Yaponiyaning hech qanday qazilma boyliksiz bir vaqtlar dunyoning ikkinchi iqtisodiga aylanish sabablaridan biri sifatida ham qattiq mehnatkashlikni aytib o‘tish mumkin. Lekin, bu muammolarga qarshi hukumat oxirgi yillarda ayovsiz kurashib kelmoqda va bu o‘z samarasini berayapti. Shu bilan bir qatorda Yaponiyada ishchiga munosabatning ijobiy tomonlari ham ko‘p. Shulardan biri bir umrlik mehnat shartnomasining tuzilishi. Yaponiyada doimiy xodimlar huquqlari juda ham yaxshi himoya qilingan va siz biror huquqbuzarlik sodir qilmasangiz, umringizning oxirigacha hech kim sizni ishdan bo‘shata olmaydi. Undan tashqari, ta’lim yaxshi rivojlangan Yaponiyada ham yaxshi kadrlar yetishmasligi muammosi bor. Chunki, iqtisod juda katta va uni to‘yintirish juda ham qiyin. Shu sababli har yili kompaniyalar yangi xodim jalb qilish uchun millionlab mablag‘ sarflashadi. Ya’ni, nafaqat ish qidiruvchilar, balki ish beruvchilar ham o‘zaro ayovsiz raqobat qilishadi. Qo‘shimcha sifatida, Yaponiya kompaniyalarining ish beruvchi sifatidagi yana bir eng katta plyuslaridan biri bu xodimni o‘qitish tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilganligidir. Masalan, jismoniy tarbiya fakultetini bitirgan talabani qisqa muddat ichida qayta tayyorlab va ish o‘rgatib, moliya sohasidagi kuchli mutaxassis qilib yuborishlari bu yerda oddiy holat hisoblanadi.

– Yaponiyada odamlarning ishiga va kasbiga bo‘lgan muhabbatini qanday izohlaysiz?

– Yaponiyada yuqorida ham aytib o‘tdim, bir umrlik mehnat shartnomasi tamoyili birinchi jahon urushidan keyin joriy qilingan. Bunda hech qanday tajribaga ega bo‘lmagan universitet talabalari kompaniyalarga bir umrlik mehnat shartnomasi bilan ishga kirishgan, shu orqali o‘z hayotlarini ishsizlik va u bilan bog‘liq boshqa xavflardan himoya qilishgan. Kompaniyalar esa bu talabalarga o‘zlari xohlagan usulda ishdan ajralmagan holda ta’lim berishi orqali, kompaniya madaniyatini tan oladigan bir umrlik sodiq xodimlarga ega bo‘lishgan. Bu tizim butun yapon jamiyatiga qattiq o‘rnashib qolgan va aynan bir ishni 40-50 yildan ortiq bajarayotgan yaponlar deyarli mutloq ko‘pchilikni tashkil qiladi. Masalan, mening hozirgi ish joyimdagi ustozimning yoshi 64 yoshda va u 40 yildan oshiq aynan shu kompaniyada bir xil vazifani bajargan. Undan tashqari, Yaponiyada professionallik juda ham qadrlanadigan xislatlardan biri hisoblanadi. Yaponlar o‘z sohalarida doim birinchilikka da’vogar. U qanday ish yoki faoliyat bo‘lishidan qat’i nazar, ular doim mukammal va kamchiliksiz bo‘lishga harakat qilishadi. Bu yaponlarning hayotiy prinsiplaridan biri bo‘lsa kerak. Yapon sifati degan brend ham shu orqali dunyoga kelgan. Va nihoyat, ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, yaponlarda ish hatto oiladan ham ustun qo‘yilishi oddiy holatga aylangan. Yaponlarning ishxonasi bu oila darajasiga ko‘tarilgan. Shuning uchun ham ular dunyodagi eng ko‘p ishlaydigan xalq hisoblanishadi. Men yuqorida ko‘p ishlashdan vafot etish holati ijtimoiy muammoga aylangan deb aytib o‘tdim. Lekin, mening atrofimdagi ko‘pchilik yaponlar uzoq muddatli mehnatdan o‘zini azob chekayapti, deb hisoblamaydi. Qaytanga g‘ayrat qilib yanada ko‘proq ishlagisi kelaveradi. Ko‘proq pensiyani olib uyda oyoq ko‘tarib yotgandan ko‘ra, shundan kamroq summaga har kuni ishlashga tayyor yaponlar ham ko‘pchilikni tashkil qilishadi. Xullas, bu xalqni bir so‘z bilan mehnatkash asalariga qiyoslash aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, deb hisoblayman.

– Huquqiy madaniyat va ong haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...

– Bilasizki, Yaponiya dunyodagi eng xavfsiz va jinoyat kam davlatlardan biri hisoblanadi. Bunga jinoyatchilikka qarshi kurashish emas, balki xalqning huquqiy ong va madaniyatini oshirish orqali erishgan degan fikrdaman. Chunki, kuchli jamoatchilik nazorati orqali hamma bir-birini tiyib turadigan va bunga yoshlikdan o‘rgatiladigan jamiyatda o‘zgalarga zarar yetkazadigan huquqbuzarlar chiqishi qiyin. Yaponlar har bir qilayotgan ish uchun jamiyat oldida mas’uliyatli ekanliklarini his qilib turishadi. Agar kimdir jamiyatga qarshi harakat sodir qiladigan bo‘lsa, alohida ajratib qo‘yiladi. Undan tashqari, Yaponiyada qonunning barcha uchun barobarligi prinsipi barcha uchun birdek ekanligini ham sanab o‘tishimiz kerak. Hatto imperator ham qonunda ko‘rsatilganidan ortiqchasini amalga oshirishga haddi sig‘maydi. Sud, Ijro etuvchi va Qonun chiqaruvchi hokimiyatlarning bir-birini tiyib va nazorat qilib turish funksiyasi doim soat millaridek to‘g‘ri ishlab turadi.

Yaponiyada hali ham siz ko‘nika olmayotgan jihatlar bormi?

– Ha, bor albatta. Masalan, yaponlarning o‘zaro mehrsiz va samimiy emasliklariga hali ham ko‘nika olmayman. Juda ham xushmuomala bo‘lishlari mumkin, lekin o‘zimizning dangal, to‘pori madaniyatimiz bilan tenglasha olmaydi, baribir. Chunki, ko‘p yaponlarda mehr va samimiylik yo‘qligini his qilaman. Shu sababli, bularda oila ham bizdagidek qadrlanmaydi. Undan tashqari, byurokratiya Yaponiyada o‘zining pik nuqtasiga chiqa olgan desam xato bo‘lmaydi. Bir qaraganda tizim juda chiroyli ishlayotgandek tuyuladi, lekin uning ortida juda ham katta miqdordagi keraksız mehnat yotgan bo‘ladi. Aynan shuning uchun ham yaponiya samaradorlik bo‘yicha ancha ort o‘rinlarda turadi. Oxirgi yillarda yaponlardan dunyoni o‘zgartira oladigan startaplar chiqmayotganiga ham sabab, bu davlat va jamiyatdagi byurokratiyaga kuchli moyillik bo‘lsa kerak, degan fikrdaman.

Yaponiya orzusidagi yoshlarga nima maslahat berasiz?

– Qisqa muddatda pul topib boyib ketaman degan xayolda bo‘lsangiz, Yaponiyaga kelmang. Bu yerga bilim olish, yaponlarning madaniyati va ish tajribasini o‘rganish uchun kelsa bo‘ladi. Albatta, katta pul topish ham mumkin. Lekin, buning uchun ancha arqonni uzun tashlay olish kerak. Yaponiya qisqa muddatli loyiha emas, shuni esdan hech qachon chiqarmang.

Tushunchalar va qarashlaringiz o‘zgardimi?

– Ha, birinchi marta kelganimdan ko‘ra ancha o‘zgardi, deb ayta olaman.  O‘zga yurtda ma’lum bir muddat yashasangiz, o‘sha yerning havosi va madaniyati sizga bilinmasdan ta’sir qilar ekan. O‘zingizni tutishingizdan tortib, dunyoqarash va hayotiy prinsiplaringizgacha. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ba’zida do‘stlarim va jigarlarim ham meni tushunmay qolishadi. Chunki, ba’zida yaponlardek fikrlayman va bu ular uchun juda g‘aliz tuyuladi. Misol uchun, oxirgi vaqtlar bizda unchalik e’tibor bermay qo‘yilgan lafz masalasini olaylik. Kimdir menga kichik bir masalada bo‘lsada va’da berib qo‘yib, keyin uni bajarmasa, juda ham qattiq jahlim chiqadi. Yoki kimnidir kuttirib qo‘yishlariga umuman chidab tura olmayman. Bu men uchun haqoratdek tuyulaveradi. Chunki, inson uchun berilgan umr bu eng oliy ne’matdir, uning bir daqiqasini bo‘lsa-da uvol qilishga hech kimning haqi yo‘q. Shunga o‘xshash holatlar ko‘p va har gal ona vatanga qaytganimda teskari madaniy shok qurboniga aylanaman.

– U yerdagi qaysi qadriyatlar hayratlantiradi yoki to‘g‘ri kelmaydi sizga?

– Yaponiyada meni hayratda qoldiradigan qadriyatlar juda ham ko‘p. Ularning ba’zilarini yuqorida sanab o‘tdim. Yaponiyada bo‘lib turgan musulmonlar ichida «bularda iymon yo‘q ekan-ku, lekin insof bor ekan», degan gap bor. Ya’ni, dinimizda buyurilgan ko‘p xislatlarni yaponlarda topish mumkin. Va’daga vafo, omonatga xiyonat qilmaslik, yolg‘on gapirmaslik, birovga ziyon yetkizmaslik va hokazo. Undan tashqari, yaponlarda mehnatkashlik, professionallik, uyushqoqlik, sabrlilik kabi ajoyib xislatlar o‘z cho‘qqisiga chiqa olgan.

Menga to‘g‘ri kelmaydigan xislatlari ham bor, albatta. Yaponlarda g‘iybat qilish odatiy holatga aylangan. Kim jamoada bo‘lmasa, shuning orqasidan gapiriladi. Undan tashqari, nosamimiylik odamni ozgina charchatib qo‘yadi. Xushmuomala ikkiyuzlamachidan ko‘ra, qo‘pol bo‘lsa-da samimiy munosabatni qadrlayman. Va albatta, yaponlarning dinimizga to‘g‘ri kelmaydigan turli xil xislatlari bor, ularni qabul qilib bo‘lmaydi.

– O‘zbekistonga qaytish niyatingiz bormi?

– Albatta, ona vatanga qancha erta qaytsak shuncha yaxshi, degan niyatdamiz. Lekin, hozir imkon borida bu yerda turib O‘zbekiston rivojiga hissa qo‘shishga harakat qilyapmiz. O‘zim ishlab turgan hamda boshqa yapon kompaniyalarining loyihalarini vatanga olib kirishga harakat qilyapmiz. Orzuimiz ona vatanimiz ham shu davlatlardek rivojlansin va bu yo‘lda hissa qo‘shish har birimizga nasib qilsin.

– Suhbat uchun ajratgan vaqtingiz bejiz ketmadi, degan umiddaman, rahmat.

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring