Ekofaol Nargis Qosimova: «Har bir daraxtning joni, har bir hayvonning qalbi bor»
«110 metr balandlikda» loyihasining navbatdagi mehmoni O‘zDJTU media va kommunikatsiya fakultetining dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, mediatrener, ekojurnalist Nargis Qosimova.
— Xush kelibsiz. Bugungi kunda ekologiya muammosi butun dunyoni tashvishga solayapti. Bizda ham Ekopartiya tashkil qilindi, ekopolitsiya, ekonazoratchilar faoliyat boshladi. Ayni paytda ekologik muammolarning yechim topishi qay holatda deb o‘ylaysiz?
—15 yildan beri ekojurnalistika bilan shug‘ullanaman. Bundan to‘rt yillar oldin ekologuz telegram kanalini ochgandim. Boshlanishida botga murojaatlar juda kam kelardi. Hozir bir kunda 15 tadan ortiq murojaatlar tushadi. Demak, odamlarimiz orasida ekologiyaga munosabat o‘zgarmoqda.
2019 yili Ekopartiya ro‘yxatdan o‘tdi. Ekopartiya bu nodavlat tashkilot. Nodavlat tashkilot bilasiz pastdan turib muammolarni hal qiladi. Tashkil qilinganiga ikki yil bo‘lgan bo‘lsa-da, ularning samarali ishlarini ko‘rayotganim yo‘q. Ya’ni, bu sohada siljik juda oz. Sababi partiyaning a’zolari orasida tabiatga, hayvonot olamiga mehri baland, fidoyi odamlarning kamligida deb o‘ylayman. Masalan, bizga kelgan murojaatlarni hududlardagi ekologiya bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarga jo‘natamiz. Ekopartiyaning Namangan viloyati bo‘yicha a’zosi Sobirxon Mashrapov biz jo‘natgan murojaatni, ya’ni muammoni darrov o‘rganadi, ekohuquqbuzarga jarima soladi, tushuntirish ishlarini olib boradi. Chunki u kishining o‘zi bir necha yillar shu sohada jonkuyarlik qilgan. Boshqa viloyatlarda esa bunday fidoyilarni ko‘rganim yo‘q.
— Demak ekologiya sohasiga ekovolonterlarni jalb qilish kerak. Chunki volonter — ko‘ngilli, qalbi yonib turgan odam degani. Sizning telegram kanalingiz orqali ekovolonterlar ham kashf qilindimi?
— Bundan besh yillar oldin fakultetda ekojurnalistika fanini kiritdim. Bu juda katta olg‘a siljish edi men uchun. Chunki ekologiya bilan bog‘liq muammoni tushunib yetgan jurnalistgina ekologiyani chuqur yoritadi. Ana shu talabalarimiz orasidan keyinchalik ko‘ngilli, ya’ni volonterlar chiqdi. Umuman ,hech qayerda o‘qimagan volonterlar kerak bo‘lsa, jurnalistlardan yaxshi yozishadi. Muammo tug‘ilganda kimga murojaat qilish kerakligini bilishadi. Aynan bu borada NNTlarni ko‘paytirish kerak. Chunki muammolarni nodavlat-notijorat tashkilotlari ko‘tarib chiqqanidan keyin hal etilgan.
Masalan, «Mehr-oqibat» hayvonlar muammolari bilan shug‘ullanadigan NNT bor, faqat Toshkent viloyatidan ro‘yxatdan o‘tgan. Agar ular boshqa hududlarga yordam beradigan bo‘lsa u jarima to‘laydi. Lekin shunda ham «Mehr-oqibat»chilar boshqa hududlarga qo‘ldan kelguncha yordam berishadi.
— O‘zingiz ham ekologiya, tabiatni asrash yoki hayvonlarga munosabatni yaxshilash maqsadida nodavlat-notijorat tashkiloti ochishga urinib ko‘rganmisiz?
— Ha, albatta. Biz «Rahmdil bo‘l» NNTni respublika miqyosida ochmoqchi edik. 3 yildan beri sarsonmiz. Hujjatlar judayam ko‘p. Adliyadan shunaqa talab qo‘yilganki, topshirgan hujjatingizda vergul qolib ketsayam qaytadi. Aytgan xatoliklarni to‘g‘rilab jo‘natsangiz yana bir oydan keyin javob keladi. U javobda endi yana bir boshqa xatolikni ko‘rsatishadi. Hamma xatoni birdaniga ko‘rsatib jo‘natishsa, vaqtimiz tejalarmidi? Biz ochiqmiz va shaffofmiz, deb bong urishadi, lekin...
— Hayvonlar, umuman tabiatdagi barcha tiriklik borki, biz qanchalik yashashga haqqimiz bo‘lsa, ularning ham yashashga haqqi bor. Yo‘llarda haydovchilar qoidani buzsa jarima to‘lashadi, ammo hayvonni urib yuborsa yoki bosib ketsa hech qanday chora ko‘rilmaydi.
— 10 yildan buyon mashina haydayman. Ikki soatlik Jizzaxga yetib borgunimcha bir necha turdagi hayvonlarning bosib ketilganini ko‘raman. Nafaqat it, mushuklarni, balki kirpi, toshbaqa, tulki yoki boshqa sudralib yuruvchi jonzotlar o‘lib yotadi, haydovchilarning ehtiyotsizligi tufayli. Ularning orasida «Qizil kitob»ga kiritilgan noyob turlar ham mavjud. Ba’zi haydovchilar esa mashinani ataylab hayvonning ustiga haydashadi, o‘zlarini supermen his qilishadi. Nahotki buning gunoh ekanligini bilishmaydi. Mashinasi ozgina tirnalsa dod-voy soladi, jarima undirib oladi.
Yevropa davlatlarida maxsus kameralar o‘rnatilgan. Ekopatrullar kameraga tushgan, hayvonni urib yuborgan haydovchiga jarima soladi, nafaqat biror hayvonni urib yuborgan, balki yo‘lda yordamga muhtoj hayvonga o‘z vaqtida birinchi ko‘mak ko‘rsatmagan haydovchiniyam jarimaga tortishadi. Bu bilan ular insoniylikni targ‘ib qiladi.
Bizning hayvonot va o‘simlik olamiga munosabatimiz O‘zbekistonning tashqi imidjiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. «Sharq taronalari» xalqaro miqyosdagi tadbirdan oldin it mushuklarni ommaviy zaharlashgandi bir yili. O‘sha yili Toshkentga festivalga kelayotgan tanishlarimning ba’zilari bu voqeadan keyin fikridan qaytib, biletlarini topshirishgandi.
Daydi hayvonlar butun dunyoda katta muammo edi. Rivojlangan davlatlar insonparvarlik yo‘li bilan hal qilishdi. Turkiyada davlat tomonidan mablag‘ ajratiladi. Ularni boqib oladigan muruvvat uylari bor. Bizda esa vahshiyona munosabat. Bizlarda hayvonlar chiqindi sifatida ko‘riladi. Hayvon, o‘simliklarni muhofaza qilish — tabiatni muhofaza qiladigan tashkilotlarga emas, hokimiyatlarga, ya’ni obodonlashtirishga topshirilgan. Obodonlashtirish tasarrufidagi brigadalar, ya’ni «otlovka»lar ko‘chada yurgan hayvonlarni urib, qiynab, qopga xuddi chiqindi tiqqandek tutib olib ketishadi. Va besh kun abgor holatda saqlashadi.
Vaholanki, bu tutilgan hayvonlar besh kun ichida veterinar ko‘rigidan o‘tkazilishi, ovqat, suv berilishi lozimligi Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Afsuski, ular och qoldiriladi, o‘ldiriladi, hatto qassoblarga, maxsus kafelarga berib yuboriladi.
«Otlovka» yoki zaharlab o‘ldirishga ketadigan mablag‘ni hayvonlarni boqishga, yoki ularni stirillashga sarflasa, odamiylik qilgan bo‘lamizku. Hayvonlar uchun muruvvat uylarini ochish va ularga mablag‘ ajratish bilan davlat shug‘ullanish kerak. «Akfa» kompaniyasiga alohida rahmat aytmoqchiman. Salkam 1000 nafar hayvon sig‘adigan, sharoitlari mavjud bo‘lgan «Mehr» muruvvat uyi uchun. Boshqa xususiy muruvvat uylari esa ko‘ngilli volonterlar harakati bilan tashkil etilmoqda. Ularning oldida esa hayvonlarni boqish, ularga veterinar xizmatini ko‘rsatish kabi muammolar ko‘ndalang. Yaxshiyam hayvonlar taqdiriga befarq bo‘lmagan homiylar bor.
Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritayapmiz — «otlovka»larni «priyut»ga aylantirish masalasini. Hayvonlarni zaharlaydigan va ushlaydigan odamlargayam pul to‘lanadi. O‘sha pulni hayvonlarni qutqaradigan odamlarga to‘lash kerak. Odamlar bozordan emas, yuvib taralgan, shifokor ko‘rigidan o‘tgan hayvonlarni muruvvat uylaridan tekin olsin. Bunday maskanlarda hatto volonterlar tekin ishlashga tayyor.
— Ekopolitsiya, ekoinspektorlarning vakolatlari qanday?
— Ekoinspektorlarni qisqartirib tashlashdi. Borlariniyam oyliklari juda kam. Ekofaollarda brokonerlarni ushlash uchun qurol, mashina yetarli emas. Yaqinda bir ekopolitsiyachi brokonerni quvgan, brokoner esa uning quroli yo‘qligidan foydalanib otgan va u vafot etgan. Ichki ishlar bilan hamkorlikda amalga oshirish taklifi berilayapti. Ekoinspektorlarni oyligini ko‘tarsa, ular uchun ish o‘rinlarini ko‘paytirsa, vakolatini kengaytirsa, ichki ishlarga berilayotgan imtiyozlar berilsa ular ham fidoyilik bilan ishlashadi.
Keyin yana bitta muammo — Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasini alohida vazirlik qilish lozim. Barcha ekologiya, tabiat, hayvonot olami bilan bog‘liq tashkilotu muassasalar bitta vazirlikka birlashsin.
— «Qizil kitob» nashr qilinganiga 15 yil bo‘ldi. Umuman fauna, flora, jonivorlarning naslini saqlab qolish yoki ularning kamayib ketmasligida bu kitobning ahamiyati qanday?
— «Qizil kitob»ning 2019 yil qayta to‘ldirilgan nashri chop etildi. Qaysidir bir turlar saqlanib qoldi, ko‘paydi. Qaysidir turlarning esa butkul yo‘qolib ketgani statistikasini ko‘rishingiz mumkin. Achinarlisi, biz bolaligimizda har yerda uchratadiganimiz cho‘l toshbaqasi hamda ayovsiz kesilgan chinor «Qizil kitob»ga kiritildi. Bu yig‘laydigan holat. Aholi «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvon va o‘simliklardan xabardor emas. Buning uchun maktablarda bir oyda bir soat darsni «Qizil kitob»ga bag‘ishlash kerak. Kichkina «qizil kitob»chalar ustida bosh qotirish kerakdir.
— Balki maktablarda jonli burchaklarni tiklash kerakdir. O‘quvchilar tajriba maydonchalarida o‘z qo‘llari bilan gul parvarishlar...
— Bolaligimizda jonli burchaklar, tajriba maydonchalarimiz bo‘lardi. Tabiatga, hayvonot olamiga mehr qo‘yishimizda mana shu ta’lim uslubi katta yordam bergan. Biz o‘quvchilar guruhlarga bo‘linib navbati bilan hayvonlarga, yerga ekilgan o‘simliklarga qarardik, parvarishlardik.
Xitoydagi bir maktabda ekologiya darsini ko‘rib juda hayron qolgandim. Bolalarga dars tabiat qo‘ynida o‘tilarkan, har bir daraxt, har bir o‘simlikning foydali tomonlari tushuntirilarkan. Dars oxirida bolalar o‘qituvchisi ta’riflab bergan daraxtni borib quchoqlashdi, qo‘llari bilan silashdi.
Tajriba maydonchalarida bolalarning mehnat bilan shug‘ullanishi bu ta’limning to‘g‘ri shakli deb hisoblayman. Bolalar mehnatini paxtaga nisbatan ta’qiqlash to‘g‘ridir, lekin tabiatga, o‘z atrofini chiqindilardan tozalashga o‘rgatish bu bolalani mehnatkashlikka o‘rgatadi.
— Demak Ekopartiya turli xil aksiyalarni maktab bolalari, talabalar o‘rtasida o‘tkazishi kerak. Aytaylik «Har bir hayvonning qalbi bor», «Har bir daraxtning joni bor» mavzularida...
— Partiyani faolligini ko‘proq saylovlar paytida ko‘rayapmiz. Odamlarga yordam berish orqali aksiyalar o‘tkazmoqda. Sardobada suv toshqini bo‘lganida odamlarga yordam berishdi. Lekin o‘sha paytlari odamlarga yordam beradiganlar juda ko‘p edi. Bu fojiadan nafaqat uy hayvonlari, balki tabiatga ham zarar yetkazildi. O‘simliklar, yovvoyi hayvonlariga ham zarar yetdi. Milliy gvardiya va volonterlar hayvonlarni qutqarishga bel bog‘lashdi. Lekin ekopartiya emas. Partiya hukumat oldiga «tabiat zarar ko‘rdi, bunga kim javob beradi», degan talabni qo‘ymadi. Ekopartiya volonterlar tomonidan ochilayotgan xususiy muruvvat uylari bilan aloqani mustahkamlash, o‘rni kelsa yordam berishi zarur.
Ekoturizmni rivojlantirish uchun qurilishga ruxsat berildi. Bekobodda, Zarafshonda daraxtlar kesilayapti. Bu ulkan qurilish ishlari hayvonot va o‘simliklar dunyosiga zarar keltirmoqda. Bu bilan ham ekopartiya shug‘ullanishi kerak.
— Ekoko‘pirklar masalasi ham og‘riqli muammo.
— Katta trassalarda hayvonlar kesib o‘tadigan joylarga maxsus belgilar qo‘yilgan. Lekin bu yerda soatiga 20-30 tezlikda haydashi kerak bo‘lsa, bizning haydovchilar 100-120 tezlikda o‘tib ketishadi. Yaqinda bir haydovchi katta trassalarning birida «Qizil kitob» ga kiritilgan Xongul bug‘usini urib yubordi. Ammo unga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmadi. Xitoyda, Yaponiyada ekoko‘priklar mavjud. Qashqadaryo, Qamchiq dovonlariga ham shunday ekoko‘priklar bo‘lishi shart. Hayvonlarning migratsiyasini ta’minlash kerak.
— Dunyoni tashvishlantirayotgan yana bir muammo yelim xalta, yelim idishlar...
— Men ba’zida o‘zimni katta chiqindixonada yashayotgandek his qilaman. Yo‘l-yo‘lakay chiqindilarni terib ketaman, kechga yana shu ahvol. Yevropa davlatlarida bir martalik idishlarga ta’qiq qo‘yildi. Bu yer yuzida asrlar davomida chirib ketmay tabiatni zaharlab yotadigan chiqindilarning kamayishiga sabab bo‘ladi. Odamlarning aynan bu borada onggini oshirish kerak. Masalan katta tezlikda ketayotgan mashina ichidan yelim idish otiladi, orqadagi mashina oynasiga u tosh kabi qattiq zarba bilan urilishi mumkin. Yoki biron joyga mashinani noto‘g‘ri qo‘ysangiz istagan odam suratga olib jo‘natishi mumkin. Chiqindi masalasida ham tashlayotgan odamni suratga olib jarima to‘lattirish lozim.
— Ekologik madaniyat qachonlardir shakllanadi, degan umid bormi?
— Tabiatga muhabbat aslida oilada shakllanadi. Ta’lim tizimiga ekologiya fanlarini kiritish kerak. Faqat ekologiya darsida emas, aytaylik matematika fanida misollar ekologiyaga oid bo‘lsin, adabiyot darsida qisqa, tabiatga mehr uyg‘otadigan hikoyachalar bo‘lsin.
Jurnalistika fakultetlari barcha hududlarimizda ochildi. Har bir fakultetda ekologiya fani bo‘lsin. Kelajakda esa fakultet sifatida shakllansin. Jurnalistlar ekologik muammolarning ichiga kirib borib qancha ko‘p yoritsa shuncha muammolar bartaraf bo‘ladi. Ekologiyaning sofligi kelajak avlodning baxtli hayoti, tabiat bu bizning hayotimiz, bizning bir bo‘lagimiz...
— Mazmunli suhbat uchun rahmat.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter