Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chorlovga shaymisiz? Yaqin kelajakda dunyoni «nol» va «bir» boshqaradi!

Chorlovga shaymisiz? Yaqin kelajakda dunyoni «nol» va «bir» boshqaradi!

Sanoat inqilobi XX asr ideologiyasini belgilab bergani singari, bugun axborot texnologiyalari inqilobi ham yangicha fikrlashni talab qilmoqda. Bizni yana qanday chorlovlar kutmoqda, yaqin kelajak yana qanday ijtimoiy-siyosiy modellarni «tuhfa» etadi? Kim bilsin, balki texnologiya rivojini to‘xtatib, virtual olamdan ortga, yana xalqona hayotimizga, qadimiy an’analarga qaytish kerakdir?

Biz bilgan dunyo ko‘z o‘ngimizda butkul o‘zgarib boryapti, texnologiya singari qadriyatlar ham o‘zgarishga majbur bo‘layotgani — achchiq haqiqat. Qayerga ketayotganimizni, nima qilish kerakligini, qanday qobiliyatga ega bo‘lishni tushunmay qolyapmiz ba’zida. Atrof-muhit to‘xtovsiz zararlanib borishi, ommaviy qirg‘in qurollari, ham yaxshi, ham zarar uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan ilg‘or texnologiyalar bu masalalarni yechish uchun vaqt ham qoldirmayapti. Fikrimcha, texnologiyaning ulkan kuchini to‘g‘ri ishlatish uchun insoniyat hayotning mazmunini, olamning barcha masalalari haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishi kerak! Vahima emaski, texnologiyalar rivoji insoniyat oldida bir qancha muammolarni ko‘ndalang qilib qo‘ydi. Shuningdek, hozirgi vaqtda fanning kuchi shu darajada yuqoriki, texnologiya insonlar asab tizimidagi har qanday ehtimollarni hisoblaydigan milliardlab miya neyronlarini ham tadqiq etishga qodir.

Birinchidan, yaqin kelajakda sun’iy intellekt inson ish o‘rinlarini butunlay egallaydi. Bu esa yaqin kelajakda inson oldida yangi kasblarni, noyob bilimlarni egallash zaruratini vujudga keltiradi. 2050 yilga borib sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan mashinani o‘rganish insonlar ishining odatiy shakllarini butkul o‘zgartiradi. Xo‘sh, bu o‘zgarishlarning tabiati qanday bo‘ladi? Shu joyda fikrlar qoq ikkiga bo‘linib ketdi: ba’zi ekspertlar bir necha o‘n yillar mobaynida milliardlab odamlar ishsiz qolishidan xavotir bildirishayotgan bir paytda, boshqalari ish o‘rinlari ko‘payib, insonlar yana bir malakaga ega bo‘lishlariga ishonishadi. Qaysi biri to‘g‘ri — hozir aytish qiyin.

Yaqin kelajakda kompyuter haydovchining, bankirning, piyodaning, advokatning ishiga osonlikcha javob berishi mumkin. Nevrologiya rivojlanib, piyoda yoki muzokarachilarning niyatlarini oldindan ko‘ra olish qobilyatiga bo‘ladi. Ya’ni oldindan har qanday taxminlarni yechib chiqadigan, millionlab ehtimollar ichidan aniq birortasini topadigan darajada tez hisob-kitob qiladigan nanotexnologiyalar paydo bo‘lishi yuqoridagi fikrlarga asos bo‘ladi (AQShda 2018 yil dekabrida haydovchisiz taksi sinovdan o‘tkazildi. Xitoy 2022 yildan haydovchisiz poyezdlarni ishga tushirishni ko‘zlab turibdi).

Yaqin kelajakda, ehtimol, sun’iy intellekt insonni tibbiyotdan, hatto san’atdan (his-tuyg‘ularni o‘rganib chiqadi va insonga ta’sir kuchi ortadi) ham «haydashi» mumkin! Bugun biz dardimizga davo istab to‘ppa-to‘g‘ri shifokor huzuriga chopamiz, 2050 yildan esa kasallikka birinchi tashxisni algoritmlar va biometrik ma’lumotlar beradi, ya’niki kasallikni u hali jiddiy oqibatlarga olib kelmasidan burun davolash mumkin bo‘ladi.

Mabodo muallifni «voqealar rivojidan» sal ilgarilab ketganlikda gumon qiluvchilar bo‘lsa, aytmoqchimanki, siz haqsiz, kamina fikr yuritayotgan texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt hali bu ishlarni qila olmaydi. Ammo kuzatuvlarimiz yaqin kelajakda bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisalar haqida. Aytmoqchimanki, biz odamlar «nol» va «bir»larni ichiga olgan algoritmlar bilan raqobat qilishimiz shart emas, faqat ularni to‘g‘ri ishlatsak bas.

Mana masalan, uchuvchisiz parvoz taraqqiyoti bir qator ishlarni bartaraf etish barobarida masofadan boshqarish, ma’lumotlarni tahlillash va kiberxavfsizlik sohasida yangi kasblarning yaralishiga ham sabab bo‘ladi. Ammo ana shu foydali texnologiyalarning rivojlanishi, bir vaqtning o‘zida, yuqori ishsizlik va malakali kadrlar yetishmasligiga olib kelishi ham mumkin.

Ikkinchidan, raqamli diktaturaning paydo bo‘lishi yuqorida aytib o‘tilgan «ommaviy ishsizlik» muammosidan ham tahlikaliroq ko‘rinmoqda. Ma’lumki, liberalizmning qadriyatlari — inson erkinligi, demokratik saylovlar, erkin bozor tamoyillari. Shaxsiy erkinlik boshqalarning huquqlarini poymol etmasligi kerak va bu shartlar ostida amalda cheklov bo‘lmaydi. Ammo yaqin kelajakdagi texnologik inqilob shaxsiy erkinlikning unutilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Olimlar va siyosatchilar internet aloqasi tezligi va BIG DATAlarning oshirilishiga emas, balki inson miyasini o‘rganishga e’tibor berishlari kerak. Biz esa umuminsoniyat taraqqiyoti haqida unutib, nuqul texnologiyalarni rivojlantirish bilan bandmiz! Insonlar haqiqiy hayotni unutib, virtual hayotga bog‘lanib qolayotganlari haqiqiy xavf emasmi?

Hozirgi kunda foydalanuvchilar global ijtimoiy tarmoqlarga qaramligini ko‘rishimiz mumkin. Mark Sukerberg (Facebook ijtimoiy tarmog‘i asoschisi, yosh milliarder)ning shaxsan o‘zi Facebook odamlarni virtual birlashtirish uchun o‘ylab topilganini ta’kidladi.

Ko‘pgina yoshlarimiz virtual olamga bog‘lanib qolgani va aksincha oddiy hayotdan uzilib qolish jarligigacha yetib kelgani achinarli holat — bu o‘z shaxsiy kuzatuvlarim asosidagi xulosalar.

Ijtimoiy tarmoqlar butun dunyo bo‘ylab chegarasiz aloqa qila oladigan foydalanuvchilariga ega. Ammo jamiyat chuqur ildizlarga ega bo‘lishi uchun uning a’zolari jonli muloqotga muhtoj. Masalan, hozir ko‘plar qiziqarli bir narsa ko‘rganlari zahoti uni smartfonlari yordamida ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish payida bo‘lishadi. Bu paytda hatto o‘zlarini qanday his qilayotganini ham tushunishmaydi, faqat onlayn munosabatlar bildirilganidan keyingina ularga «aql kiradi». Hatto hissiyotlar ham raqamli texnologiyalarga bog‘lanib qolyapti.

Insoniyat yaralibdiki, izlanishda. U misli ko‘rilmagan darajada katta hajmdagi ishlarni bajarmoqda. Chegarasiz tasavvur, so‘nmas bilim dunyoni o‘zgartirib yuborishga kifoya qilmoqda.

Xullas bugun bir narsa ayon haqiqatki, raqamli texnologiyalar inson hissiy va mafkuraviy qarashlarini balki boshqarmayotgandir, ammo qaysidir ma’noda o‘zgarishiga sabab bo‘layotgani tayin. Ha, o‘sha — kompyuterlardagi, smartfonlardagi «nol» va «bir»lar bizni o‘zgartirmoqda...

Ana shu jarayon, ana shu kurashda eng muhim bir narsani unutmasak bas, bugun bizni asosan birlashtirayotgan va «sal o‘zgartirayotgan» raqamli texnologiyalar ertaga xavf manbaiga aylanib ketishiga indamay qarab turmasligimiz kerak. Har holda ertaga olam va odam o‘rtasidagi muvozanat tizgini kimning qo‘lida bo‘lishi shunga bog‘liq.

G‘ulomjon Nazarov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring