Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu – tiz cho‘kib qilingan qaroqchilik». Taniqli jurnalist Karim Bahriyev bilan suhbat

«Bu – tiz cho‘kib qilingan qaroqchilik». Taniqli jurnalist Karim Bahriyev bilan suhbat

Daryo toshib, qirg‘oqdagi qishloqlarni suv bosadi. Asov oqim bir ayolni ham yosh go‘dagi bilan oqizib keta boshlaydi. Juvon suvda dohiyning portretini ko‘rib qolib, bolasini tashlaydi va dohiyning rasmini bag‘riga bosgancha amallab qirg‘oqqa olib chiqadi...

Hatto birlamchi oziq-ovqat mahsulotini do‘konda navbatda turib xarid qilayotganlar «Biz baxtlimiz!» deya qo‘shiq aytdi...

Bizga uyalib, qo‘rqib yoxud ayab aytilmagan gaplar baribir ortimizdan baralla so‘zlanadi – ammo izoh-tushuntirish bermoq imkonimiz bo‘lmaydi u mahal...

Mahallangizdagi holatni tanqid qilsangiz, «Lo‘lidan botir chiqsa, o‘z kapasiga o‘t qo‘yadi», deb yozg‘irishadi...

Shuning uchun ular xalqqa emas, mansabdorlarga yoqadigan qarorlar qabul qilish, yiqiladigan yeriga somon to‘shab qo‘yishni ma’qul ko‘radi...

To‘g‘ri, bu hol hech birimizga yoqmaydi, lekin nachora, oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi...

Bu – tiz cho‘kib qilinadigan qaroqchilik, itoat niqobidagi hujumdir...

Germaniyaga borganimizda prokuratura, sud, parlamentda uchrashuvlar o‘tkazdik. O‘zbekchilik – chopon, do‘ppi, pichoq kabi sovg‘alar olib borganmiz. Qaysi idoraga kirib rahbariyatiga hadya topshirsak, negadir sovg‘ani rad etadi...

Taniqli jurnalist Karim Bahriyev dolzarb savollarga javob beradi.

– Karim aka, puturdan ketgan imoratning peshtoqini bo‘yash bilan demokratik jamiyat qurib bo‘lmasligi kundek ravshan. Bu borada bahs ketganda, bir toifa zamondoshlarimiz xalqimiz hali demokratiyaga tayyor emas, binobarin, erkinliklarni bosqichma-bosqich berish kerak, degan nuqtai nazarni oyoq tirab himoya qiladi. Boshqa bir guruh esa, demokratiya – G‘arb tafakkuri mahsuli, birovning eski kovushini sudramoq chikora, deya e’tiroz bildiradi. Siz demokratiya mavzusida o‘nlab maqolayu risolalar yozgansiz, ta’bir joiz bo‘lsa, sochingiz ana shu qadriyat himoyasi yo‘lida oqardi. Xalqimiz chindan ham erkinliklarni oqilona tasarruf etishga tayyor emasmi? Ingliz adibi Jorj Oruellning o‘zingiz o‘zbek tiliga o‘girgan va qo‘lma-qo‘l o‘qilayotgan «1984» romanida «Insoniyat «Erkinlik kerakmi yoki baxt?» tarzidagi tanlovga ro‘baro‘ keladi. Aksar ko‘pchilik erkinlikdan ko‘ra baxtli bo‘lmoqni afzal ko‘radi» degan fikr bor. Bu yorug‘ olamda odamzod erkinliksiz ham saodatmand hayot kechirishi mumkinmi?

– «Puturdan ketgan imoratning peshtoqini bo‘yash bilan demokratik jamiyat qurib bo‘lmasligi» ayni haqiqatdir – buni dunyo tarixi, jumladan, o‘z yaqin kechmishimiz ham isbotladi. Konstitutsiyasida demokratik huquqiy davlat deb e’lon qilingan bir yurtda so‘z erkinligining cheklanishi, aybsiz insonlarning qamalishi, mahbuslarga g‘ayriinsoniy munosabatlar, xalq nasibasi bo‘lgan budjetning talon-toroj qilinishi kuzatildi. Agar demokratiya poydor bo‘lganida, biz bu fojialarni ko‘rmas edik.

Xalqimiz hali demokratiyaga tayyor emas, degan qarash nomaqbuldir. «Kelajagimiz – huquqiy demokratik davlat», «Buyuk kelajakka bosqichma-bosqich boramiz» qabilidagi gaplar puch ekanini ko‘rmadikmi?! Mustaqillikning ilk yillarida erishilgan erkinliklarni «bosqichma-bosqich» yo‘qotmadikmi?!

Demokratiya va inson huquqlari – birbutun universal tizimdir: uning unsurlarini oldinma-keyin joriy etib bo‘lmaydi; bu chala homiladorlikdek gap. Masalan, so‘z erkinligini muayyan mavzularga tatbiq qilib, boshqasini tilga oldirmaslik o‘sha daxlsiz sohaning barbod bo‘lishiga olib keladi. Yoki iqtisodiyot islohot etilsa-yu, siyosatda o‘zgarishlarga yo‘l berilmasa, alaloqibat iqtisodiyot ham inqirozga yuz tutadi. Negaki, haqqoniy siyosiy raqobat va kuchli fuqarolik jamiyati bo‘lmagan, so‘z erkinligi jilovlangan muhitda korrupsiya va tanish-bilishchilik, qavmu qarindoshchilik ildiz otadi.

Xo‘sh, nega demokratiyaga tadrijiy yo‘l bilan o‘ta olmadik? Aksincha, yildan-yilga inson huquqlari doirasi toraydi, xalq zabun holga tushdi. Sabab shulki, siyosiy raqobatning yo‘qligi iqtisodiyotda suiiste’molchiliklar, xalq mulkining bir toifa shaxslar tomonidan tasarruf etilishi, yerosti hamda yerusti boyliklari talanishiga olib keldi; bunga qarshi chiqqan muxolif va haqgo‘ylar ta’qibga uchradi. Agar so‘z erkinligi berilib, siyosiy raqobatga yo‘l ochilganida, jamoatchilik bularning bari xususida hisob talab etardi. Balki shu vajdandir, sobiq davlat rahbari demokratiyaga ro‘yxushlik bermadi, pirovardida esa o‘z xatolarining asiriga aylandi.

Xayriyatki, hokimiyat o‘zgarib, barcha sohalarda islohotlar e’lon qilindi. O‘tmish xatolari tan olindi, inchunin, kechmish davr «qo‘rquv saltanati» bo‘lgani e’tirof etildi. 

Demokratiya – G‘arb tafakkuri mahsuli, degan fikr xuddi Mag‘rib va Mashriqni ayro tasavvur etish kabi nisbiydir. Yer yumaloq bo‘lgani bois uning har nuqtasi markazdir – agar sharqdan g‘arbga qarab yuraversangiz, yana harakat boshlagan joyingizga qaytib kelasiz. XX asrda aksar demokratik davlatlar G‘arb deb atalmish hududlarda bo‘lgani bois shunday qarash yoyildi. Demokratiya so‘zi ham, o‘zi ham qadimgi yunonlardan keladi. Hokimiyat taqsimlanishi tamoyili esa G‘azzoliyning «Kimyoi saodat»i va «Ihyou ulumiddin»idayoq ma’lum ma’noda aks etgan.

«Demokratiya – G‘arbniki» degan fikr eskirdi. Jahonning kuchli demokratik davlatlari bugun Sharqda. Tabiiy boyliklari bo‘lmasa-da, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya – eng farovon yurtlardir. Iqtisodiy ravnaqi sabab ular «Osiyo yo‘lbarslari» degan nom oldi.

Demokratiyaning negizini adolat tashkil qiladi. Eng yirik demokratik davlatning valyutasiga «Adolat bu – Xudodir» deb yozib qo‘yilgan. Amir Temurning qilichida ham «Adolat  bu – kuchdir, qudratdir» degan hikmat darj etilgani ma’lum.

Siyosiy mohiyatiga ko‘ra, demokratiya – xalqning erkin saylov va vakillar orqali davlat boshqaruvidagi ishtiroki; hokimiyat tarmoqlarining mustaqilligi va faqat qonunga itoat qilishidir. Huquq va burch nuqtai nazaridan esa fuqarolarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, o‘z  hayoti uchun mas’uliyatni zimmasiga olishi demak. Xo‘sh, xalq bunday haq-huquqlarni rad etadimi? Uni tinimsiz ezg‘ilab, mol-mulkini talashlari, taqdirulamal masalalarni uning ishtirokisiz hal etishlarini istaydimi?! Yo‘q, albatta!

Nazarimda, «demokratiyaga tayyor emasmiz» degan da’vo xalq moli va mehnatini bebiliska istifoda etishni ko‘zlaganlarning bahonasidir. Hayotiy misol keltirsam: mashina haydashni o‘rganish uchun ulovga o‘tirish, chambarakni tutib, yo‘l yurib ko‘rish kerak bo‘ladi. Xalq ham demokratiyaga o‘rganishi uchun o‘sha muhitda yashay boshlamog‘i darkor. Deylik, hokimlarni saylash yo‘lga qo‘yilsa, dastavval ayrim nomzodlarni tanlashda xatolar bo‘lar, lekin xalq albatta buni ham o‘rganadi. «Hali tayyor emasmiz» desak, hozirlik jarayoni xuddi «buyuk kelajak»ni kutganimiz kabi avlodlar umri qadar cho‘zilaveradi.

Demokratiya adolat tamali o‘laroq chinakam farovonlikka xizmat qiladi. E’tibor bering, moddiy zaxiralari bo‘lmasa-da, demokratik davlatlar boy va farovon; yerosti-yerusti boyliklari mo‘l, raiyati mehnatkash o‘lkalar esa totalitar va avtoritar tuzum tufayli qashshoq va huquqsizdir.

Mashhur «1984» romanida bahs etilgan erkinlik va baxt tanlovi xususidagi fikrni yodga oldingiz. Bu – barchani teng, baxt-saodatli etmoqni e’lon qilgan sotsialistik tuzum oxir-oqibatda diktaturaga aylangani haqidagi romandir. Sho‘ro hukumati balandparvoz shiorlarni niqob etib millionlab insonlar yostig‘ini quritdi. Birlamchi oziq-ovqat mahsulotini ham do‘konda navbatda turib xarid qilayotgan tobeinlariga «Biz baxtlimiz!» degan qo‘shiqni ayttirdi. Behbudiy, Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriyni qatl etib, buyuklarimizni surgun va qamoqqa hukm qilarak, omon qolgan qalamkashlarni «adabiyotning gulisiz» deb avradi. Ularni «Ko‘p ajoyib yurtimiz bor: yarmi – jannat, yarmi – bog‘», «Assalom, rus xalqi – buyuk og‘amiz» deya madhiya o‘qimoqqa majburladi...

Odamzod erkinliksiz saodatmand hayot kechirishi mumkin emas. Bu – hayvoniy, nafsoniy saodatdir, aslo insoniy emas!

– Keyingi yillarda mamlakatimizda ro‘y bergan e’tiborga molik hodisalardan biri fikr aytish erkinligining ko‘z ochgani bo‘ldi. Uzoq vaqt qorong‘i yerto‘lada o‘tirgan odam quyoshga birdan tik qaray olmasligi ayon. Chorak asr mobaynida sukut saqlamoqqa odatlangan jamiyat ahli ham tutilib-duduqlanib bo‘lsa-da, o‘z fikrini ayta boshladi. So‘z va matbuot erkinligi jabhasidagi umidbaxsh o‘zgarishlarni xalqaro tashkilotlar ham e’tirof etayotir. Ayni choqda, sergak-hushyor torttirmog‘i lozim bo‘lgan xavfni ham aytmasak bo‘lmaydi. Bir muddat pana-pastqamda biqinib turgan maddohlik, qulluqbozlik kabi illatlar so‘nggi vaqtlarda yana bosh ko‘tarib qoldi. «Tanqid va oshkoralik to‘xtagan joyda hamdu sano, maddohlik va pinhonalik boshlanadi» degan edi O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov. Darhaqiqat, maddohlik ildiz otgan yurtga dushman qo‘shin tortishi ham shart emas, yolg‘onu o‘trikning o‘zi o‘lkani g‘orat qiladi. Birov xushomadgo‘ylarning boshidan tuproq sochishni, boshqa birov maddohlikni qonun yo‘li bilan taqiqlashni taklif etayotir. Sizningcha, bu illatga qay yo‘l bilan barham bersa bo‘ladi?

– Yolg‘on, avvalo, katta gunoh; rost esa savobdir. Yaratgan «Imonli bo‘lingiz va rost so‘zlangiz» deya amr etadi (Qur’oni karimning «Azhob» surasi). Demak, rost so‘zlamoq – imonning asosiy shartlaridan biri. Imom Molik rivoyat qilgan hadisi sharifga ko‘ra, bir kuni sahobalar «Ey Ollohning Rasuli, mo‘min qo‘rqoq bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘rashdi. «Ha, bo‘lishi mumkin», dedilar u zot. «Ey Ollohning Rasuli, mo‘min baxil bo‘lishi mumkinmi?» deya savol berildi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yana tasdiqladilar. «Mo‘min yolg‘onchi bo‘lishi mumkinmi?» deb so‘ralganda esa,  «Yo‘q!» deya qat’iy javob berdilar.

So‘z erkinligi insonning asosiy haq-erkinliklaridan sanaladi. U davlatlar va xalqlar taqdirida hal qiluvchi kuchga ega. Sho‘ro saltanati ham so‘z erkinligi va oshkoralik zarbidan quladi. Imkon berilishi bilanoq mazlumlar yurti, millati, diniyu tiliga sohib chiqib, qafasda yashashni istamasligini baralla aytdi. Ulkan sho‘ro o‘rdusi, qatag‘on tizimi, tashviqot mashinalari hali harakatda edi, ammo qayta uyg‘ongan o‘zlikka dosh berolmadi.

So‘z erkinligi – zolim tuzumning dushmanidir, u adolatsiz tartibotni qulatadi. So‘z erkinligi – odil davlatning do‘stidir. Adolatli tuzumlar so‘z erkinligidan qo‘rqmaydi, rost so‘zlaganlarni qatag‘on qilmoqqa zarurat ham bo‘lmaydi. Adolatsizlik kuchaygani sari so‘z erkinligi sarhadi toraya boradi, yolg‘onu maddohlik avjiga chiqadi. Laganbardorlik – tiz cho‘kib qilinadigan qaroqchilik, deydilar. Chunki maqtayotgan shaxs maqtalayotgan odamdan boylik, mansab yoxud unvon tama qiladi. Sirasi, maddohlik – itoat niqobidagi hujumdir. Maqtalayotgan insonning o‘zi ham o‘triklarga mahliyo bo‘la boshlashi esa chin fojia...

Inson rost so‘zni aytmog‘i kerak. Biz miyasi va zaboni bor xilqat, tili va madaniyati bor millat vakili sifatida million yillardan beri mavjud bo‘lgan va yana ehtimol million yillar davom etadigan bu dunyo hayotida oldingilar ko‘rmagan, keyingilar ham ko‘rmaydigan bir davrning shohidi ekanimizni teran mushohada etmog‘imiz darkor. Nodirai davronning «Maqsad na edi jahona kelding? / Kayfiyatini bayon etib ket» degan da’vatini eslang. Imom G‘azzoliy esa «Kimyoi saodat»da masalani yanada keskin qo‘yadi: «Xullasi kalom buki, hech nimarsa o‘zingga o‘zingdin yovuqroq ermastur. Vaqtiki o‘zingni tanimasang, o‘zgani nechuk tanig‘aysan? Hamono aytursanki, o‘zimni tanurmen. G‘alat qilursanki, bu nav’ tanimog‘liq Haq cubhonahu va taoloni tanimoqg‘a sabab bo‘lmaski, chahorpolar ham o‘zlarini bu nav’ tanurlar. Ey inson! Zohiringni tanimoqda bosh, yuz, qo‘l, fut va go‘shtdin o‘zgani tanimassen. Botining ahvolidin munchalik bilursenkim, vaqtiki och bo‘lsang, non yersen. Va tashna bo‘lsang, suv icharsen. Vaqtiki, g‘azabing kelsa, bir kishiga izzo berursen. Va shahvat g‘olib kelsa, xotun olursen. Va hama chahorpo va hayvonlar bu ishlarda sening birla barobardurlar. Bas, senga lozimdurki, haqiqatingni talab qilg‘aysen,o‘z asling ne nimarsadur va ne yerdan kelibsen va ne yerga borgungdur? Bu olam manzilgohiga nima ishga kelibsen va seni nima uchun ofarida qilibdur? Caodating ne ishdadur?» 

Nazarimda, o‘zligimizga doir shu kabi savollarni javobsiz qoldirib ketmoq noravo. Inson o‘zini mudom hali-veri o‘lmaydiganday tutadi. Bir donishmand ayol «Umrimning to‘rtdan uch qismini «Hali hammasi oldinda! Hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi» deb o‘tkazib yuboribman» degan edi nadomat ila. Shoir Bulat Okujava esa «Mana, kun ham o‘tdi... O‘tar umr ham. Tuproqqa tusharmiz bargixazonday...» deb yozadi. Ayrim narsalarni hozir mavridi emas deb, aytmay yuramiz. Xoliqi olam umr chirog‘imizni shamni shamol o‘chirgandek nogoh so‘ndirsa-chi?..

Bizga uyalib, qo‘rqib yoxud ayab aytilmagan gaplar baribir ortimizdan baralla so‘zlanadi – ammo izoh-tushuntirish bermoq imkonimiz bo‘lmaydi u mahal. Shuning uchun rost so‘zimizni bugun aytib ketganimiz ma’quldir.

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor – aytilgan so‘z munosib qabul qilinmog‘i muhim. Mahallangizdagi holatni tanqid qilsangiz, «Lo‘lidan botir chiqsa, o‘z kapasiga o‘t qo‘yadi», deb yozg‘irishadi. Mamlakatdagi kamchiliklarni yozsangiz, mamlakat obro‘yini to‘kish va hatto «xoin»likda ayblanasiz. Holbuki, maqsad-muddaongiz – mahallani, yurtingizni kamchiliklardan xoli ko‘rmoq, xolos.

Rost gapirish insonning birlamchi majburiyatidir. Birovni aldash, ko‘zni lo‘q qilib yolg‘on so‘zlash unga nisbatan hurmatsizlikdir. Bir kishiga aytilgan yolg‘on kechirilmas ekan, butun bir xalqni aldash-chi?! Bu nafaqat xalqqa nisbatan nopisandlik, Yaratganning amriga qarshi chiqish hamdir. Zero, muqaddas kitobda aytilganidek, Olloh rostgo‘ylarni sevadi.

Rivoyat qilishlaricha, saljuqiy hukmdor sulton Sanjarning saroyida Muiziy degan shoir bo‘lar ekan. U hukmdorning o‘tirib-turishi, yegan taomi, kiygan libosigacha madh qilib yurarkan. Bir kuni sulton a’yonlari safida Muiziyni ham ovga olib ketibdi. Shikor vaqti hukmdor kiyikni otaman deb Muiziyni otib qo‘yibdi. Jarohatlangan shoirni ko‘tarib saroyga olib kelishibdi. O‘q o‘z hunarini ko‘rsatibdi. O‘lim to‘shagida yotganini his etgan Muiziy shohni chaqirishlarini so‘rabdi. Sulton Sanjar «O‘ladigan bo‘lsa, holidan xabar olganim bo‘lsin» debdi. Hukmdor  yoniga kelishi bilan maddoh shoir sulton otgan o‘qni madh etib, ash’or o‘qibdi va joni uzilibdi. O‘sha so‘nggi she’r mazmuni bunday ekan: «Siz otgan o‘q shunday chiroyli uchdiki, unga mahliyo bo‘ldim, o‘qingiz unga ko‘ngil berganimni sezdi shekilli, mening ko‘ksimdan joy oldi».

Chingiz Aytmatov shunday hikoya qilgan: «Rus tilida chiqadigan bir koreys jurnalida Koreyaning shimoliy qismini yaqin yarim asr boshqargan va tirikligidayoq ilohiylashtirilgan Kim Ir Senga bog‘liq bir voqeani o‘qib qoldim. Bir kuni daryo toshib, qirg‘oqdagi qishloqlarni suv bosadi. Asov oqim bir ayolni ham yosh go‘dagi bilan oqizib keta boshlaydi. Juvon suvda Kim Ir Senning portretini ko‘rib qolib, bolasini tashlaydi va dohiyning rasmini bag‘riga bosgancha amallab qirg‘oqqa olib chiqadi. Jurnal juvonning bu ishini oliy vatanparvarlik deb atabdi».

Mana – laganbardorlik, maddohlikning dahshatli oqibati! Shaxsga sig‘inish, jamiyat hayotini o‘ta siyosiylashtirish va bir g‘oyaga bo‘ysundirish siyosiy manqurtliklarni tug‘diradi. Ha, cheksiz hokimiyat oxir-oqibat odamlarni o‘z mustaqil qarashidan, insonlik sha’nidan mahrum etadi. Bu illatga qarshi kurashish uchun har namoyon bo‘lganida uni fosh qilmoq, odamlarni hushyorlikka da’vat etmoq lozim.

– Demokratik davlatlarda parlament muhim o‘rin tutadi, kezi kelganda, hokimiyatning boshqa bo‘g‘inlarini jilovlab-tergab turadi. Ikki yil avval ulkan umidlar bilan yangi parlamentni sayladik. Afsuski, qonunchilik idorasi elektorat ishonchini to‘liq oqlay olmayotir. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, bamisoli porox solingan idish deysiz! Yurtdoshlarimiz monopoliyadan tortib korrupsiyaga qadar – jamiyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan katta-kichik muammolar haqida bong urmoqda. Aksar deputatu senatorlarimiz esa to‘ni yamoq, qo‘li qadoq raiyat g‘am-tashvishidan bexabar go‘yo. Parlament majlisida mudrab o‘tirgan vallamatlarni ko‘rib, bular yanglishuv sabab saylanib qolibdi-da, degan xayolga borasiz. Siz o‘tgan asrning dolg‘ali yillarida deputat bo‘lgansiz. U yillar parlamenti faoliyati zarbulmasal ham bo‘lib ketgan. Bugungi qonunchilik idoramiz a’zolari chinakam xalq noibi sifatida faoliyat yuritishiga nima to‘sqinlik qilyapti ekan?

– Avvalo, parlament demokratiyasining asl mohiyatini aniqlashtirib olsak. Davlat – jamiyat uchundir, xalq va inson uchundir. Shu jihatdan, «Kuchli davlatdan – kuchli jamiyat sari» degan da’vat ahamiyatli edi. Afsuski, jamiyatimiz hanuz o‘z haq-huquqiga to‘liq sohib va talabgor emas, kezi kelganda kuchli davlat qarshisida zaif bo‘lib qolayotir.

Xalq irodasi aks etmog‘i uchun parlament tarkibi elektorat, ya’ni saylovchilarning istaklariga uyg‘un kelishi kerak. Bu asosan partiyalar vositasida amalga oshiriladi. Xalq orasida biznesmenlar ko‘p bo‘lsa, qonunchilik idorasida tadbirkorlar yetakchilik qiladi; dehqonlar ko‘p bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi vakillari ustun keladi; milliyatchilik kayfiyati kuchli bo‘lsa, milliy harakat tamsilchilari asosiy o‘rin egallaydi. Saylov qancha erkin bo‘lsa, parlamentda xalq irodasi shu qadar aniq aks etadi. O‘z istaklari parlamentning yuksak minbarida aks sado berayotgani, uning manfaatlariga mos qonun-qarorlar qabul qilinayotganiga ishonch hosil qilgan xalq norozilik namoyishiga chiqmaydi. Demak, risoladagi parlament tinchlik va barqarorlikka ham zamin hozirlaydi. Aks holda, dardi ichida qolgan olomon tahlikalidir. Binobarin, xalq saylovga jiddiy yondashishi, anglagan holda ovoz berishi shart. Jorj Oruell «Zolim, johil, badniyat kimsani saylagan xalq uning qurboni emas, hamtovog‘idir» deganda haq edi.

O‘tgan asrning 80-yillaridagi parlamentni yodga oldingiz. O‘sha kezlar saylov bir qadar erkin o‘tgan va unda jamiyatning keng qatlami qatnashgan. Qolaversa, u – sho‘ro davlati zaiflashgan, jamiyat o‘z kuchini anglay boshlagan sharoitda saylangan parlamentdir. Saylov oldidan besh yil «qayta qurish va oshkoralik davri» kechgan, ya’ni so‘z erkinligi va siyosiy plyuralizm sharoitida shaxslar o‘zini namoyon qilishi, siyosatchilar yetishib chiqishi, xalq ularni tanishi uchun muddat va sharoit bo‘lgan edi. Salmoqli qismi erkin fikrli, elparvar, oriyatli deputatlardan iborat parlament yurt mustaqilligi va prezidentlik respublikasini e’lon qildi, Konstitutsiya va besh yuzga yaqin qonunlarni amalga kiritdi.

Saylovni bir kun yoki uch oy (nomzod ilgari surishdan ovoz berishgacha) deb o‘ylash xatodir. Aslida, ovoz berish o‘tgach, besh yildan so‘ng bo‘ladigan keyingi saylov mavsumi boshlanadi. Demak, elektorat ishonch bildirgan vakillarining so‘ziyu amalini baholab borishi, ko‘rib-kuzatib yangi nomzodlarni tanlashi kerak. Munosib nomzod lop etib saylov kunida chiqmaydi, u yillar bo‘yi tarbiyalanadi.

Ehtimol, fikrim bahsli tuyular, ammo hozirgi parlamentimizda bir guruhgina haqiqiy deputat bor, xolos. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu deputatlarni ilk sessiyada nomma-nom sanab, ularning qat’iyatini e’tirof etdi. Qonunchilik idoramiz a’zolarining saviya-darajasi meni ham ko‘pdan buyon o‘yga toldiradi. Sabab-omillar bisyor, men bir qismini aytaqolay.

Birinchidan, amaldagi deputatlar mavjud firqalar ilgari surgan nomzodlardir. Rasmiy partiyalarimizning dasturlari deyarli bir xil, ijro hokimiyatining qarorlariga ko‘pincha e’tiroz ham bildirilmaydi. Menimcha, chinakam raqobatchi firqalar ham ro‘yxatga olinishi, ilgari bo‘lgani kabi, mehnat jamoalari, aholining tashabbuskor guruhlari ko‘rsatgan, biror partiya a’zosi bo‘lmagan nomzodlarga ham saylanish huquqini berish kerak. O‘zbekistonda jami partiya a’zolari bir millionning nari-berisida bo‘lsa, aholining katta qismi biror firqaga a’zo emas, axir...

Ikkinchidan, deputatlar xalq ichidan yetishib chiqishi kerak. Hozirgilarning tarjimai holiga qarasangiz, aksari ijroiya hokimiyati yoki boshqa davlat idorasidan kelganini ko‘rasiz. Demak, vakolat muddati tugasa, yana amaldor bo‘lish ehtimoli katta. Shuning uchun ular xalqqa emas, mansabdorlarga yoqadigan qarorlar qabul qilish, yiqiladigan yeriga somon to‘shab qo‘yishni ma’qul ko‘radi. «Jim o‘tirsam, itoatgo‘y bo‘lsam, yana saylanaman, yuqoriroq mansabga o‘taman» degan xomxayol sabab xalqqa hisobdorlikni unutadi.

Uchinchidan, bizda siyosiy islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, hokimiyatlarning taqsimlanishi va bir-biridan mustaqilligi to‘liq ro‘yobga chiqqanicha yo‘q. Gohida sud hokimiyati hukm e’lon qilishda ijro hokimiyatining qosh-qovog‘iga qaraydi. Parlamentda ijro hokimiyatiga itoat me’yorga aylangandek, ijro tizimi harakatlarini muntazam so‘roqlaydigan bir-ikki deputatga esa telbaga qaragandek qarashadi. Hokimiyatlar aralashib-uyqashib ketgan o‘rinlar ham bor. Masalan, kamida yettita ijro hokimiyati a’zosi – vazirlar bir vaqtning o‘zida qonun chiqaruvchi idora vakili, senatordir. Yoxud viloyat, shahar va tuman kengashlarida hamon hokimlar raislik qilmoqda. Bu hol konstitutsiyaviy hokimiyat taqsimlanishi tamoyiliga to‘g‘ri keladimi?!

Sirasini aytganda, parlamentimiz taqdiri siyosiy, iqti­sodiy va ijtimoiy islohotlarning to‘laqonli amalga oshirilishi va qonunchilik hokimiyatining chinakam mustaqilligiga bog‘liqdir.

– Korrupsiya taraqqiyotimizga tushov bo‘layotgan jiddiy xatarlardan biri ekani sir emas. Ilohlik da’vo qilgan Fir’avndan «Nega bu qadar og‘ir gunohlarga qo‘l urding?» deb so‘ralganda, «Meni yomonlikdan qaytaradigan odam topilmadi», deb javob bergan ekan. Omonatga xiyonat qilayotgan korrupsionerlarni ham o‘z vaqtida to‘xtatish, kichik yirtqich ulkan nahangga aylanmasdan qarmoqqa ilintirish – oqilona yo‘ldir. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi beayov kurash e’lon qilingan. Ammo u xuddi saraton hujayrasi kabi, jamiyatning bir a’zosini davolasangiz, tananing boshqa uzviga o‘tib jon saqlayotgandek. Suhbatlardan birida «Davlat tashkilotiga korrupsiyani tugatish uchun pul ajratish – araqxo‘rga ichkilikbozlikni tugatish uchun araq ajratish bilan barobar. Ya’ni korrupsiyaga qarshi ajratilgan pullar ham korrupsiya qurboni bo‘ladi», degan edingiz. Sizningcha, korrupsiya atalmish yuhoni to‘xtatmoq uchun qanday keskin chora-tadbir ko‘rish kerak?

– Yurtni sevganlar va uning taqdiriga kuyungan insonlarni quvontirib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashishga doir davlat dasturini imzoladi. Davlat xizmatchilari daromadi deklaratsiya qilinishi, poraxo‘rlik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda «Korrupsiyasiz soha» loyihasi amalga oshirilishi e’lon qilindi. Dasturning mohiyati bunday: davlat xizmatchilari va amaldorlar daromadini deklaratsiya qiladi, mansabdorlar tanlov asosida saralanadi, sud hokimiyati mustahkamlanadi va matbuot erkinligi ta’minlanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash mavsumiy kampaniya emas, jadid bobolarimiz ta’rifi bilan aytganda, hayot-mamot masalasidir. Mana, so‘zning amalga aylanishi mushkul kechayotgan iqtisodiy, siyosiy, ma’muriy, moliyaviy islohotlarning taqdiri ham ana shunga bog‘liq bo‘lib turibdi. Uzoq yillar mobaynida davlat, jamiyat hayotining aksar sohalarini o‘rgimchak to‘ri kabi qamragan illatga qarshi kurashgina qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va  mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishga xizmat qiladi. Rivojlangan davlatlarning taraqqiyot siri shundaki, korrupsiyaning davlat barqarorligi va milliy xavfsizlikka tahdid ekani barvaqt anglab yetilgan. Qoloq davlatlarda esa aynan korrupsiya taraqqiyotga tushov bo‘layotganini ko‘rish mumkin.

Ming afsuski, mamlakatimiz poraxo‘rlikka botgan o‘lkalar ro‘yxatida qolyapti. Transparency International tashkiloti hisobotida (2020 yil) O‘zbekiston 180 davlat orasida 146-o‘rinda qayd etilgan. Jahon banki hisobotida ham korrupsiya ko‘rsatkichi yuqori davlatlar guruhiga kiritilganmiz. To‘g‘ri, bu hol hech birimizga yoqmaydi, lekin nachora, oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi, yillar mobaynida yuzaga kelgan vaziyat kundek ravshan. Korrupsiya illati beshikdan to qabrgacha yetib bordi – tug‘ruqxonadagi shifokordan tortib qabriston xo‘jayinigacha qo‘lga qarashga odatlandi.

Korrupsiya katta-kichik davlat amaldori ishtirok etgan jinoyat ekani, aynan shunisi bilan kissavurlik yoki firibgarlikdan farq qilishini hisobga olsak, faqat mansabdorlardan iborat komissiya bilan unga qarshi samarali kurashib bo‘lmaydi. Takror bo‘lsa-da aytaman, korrupsiyaga barham berish uchun mansabdorlarga pul ajratish – piyonistalarga ichkilikbozlikni tugatish uchun araq ajratish bilan barobardir. Chunki davlat mablag‘i  korrupsion sxemalar orqali talon-toroj etib yuborilmasligiga kafolat yo‘q.  Korrupsiyani jamiyat va jamoat nazoratisiz, odil sudlov va huquq-tartibot tizimisiz,  erkin ommaviy axborot vositalari hamda jasur va halol fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokisiz yengish amrimahol. Aksilkorrupsiya kurashi davlat xizmatini o‘tashda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, aholi huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni ham taqozo etadi. Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiya qilish tartibi esa zudlik bilan joriy etilishi kerak.

Hukumatning aksilkorrupsiya kampaniyasidan ayrim mansabdorlarning birovdan qutulish yo o‘ch olish maqsadida foydalanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Qolaversa, haq va xalq xizmatidagi fuqarolik jamiyati faollari va jurnalistlar ham davlat va qonun himoyasida bo‘lmog‘i lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bir gal «pora bermasang, qo‘l qo‘ymayman» qabilida ishlayotgan tizimni sindirish oson kechmayotgani, shu balodan qutulsak, tadbirkorlarga ko‘p yengillik bo‘lishini aytgan edi. Darhaqiqat, inson omiliga bog‘liq bo‘lgan byurokratik tizim poraxo‘rlikka zamin yaratib, xorijiy sarmoya istiqboliga soya soladi. Gohida esa qonunchilikdagi «tuynuk»lar pand beradi. Ayrim xorijiy sarmoyadorlar mamlakatimizdagi murakkab litsenziyalash tizimi, mujmal soliq qonunchiligi va valyuta cheklovlaridan yozg‘irishi bejiz emas.

Keling, jamiyatimizda uchrayotgan ayrim korrupsion jinoyatlarni tahlil qilib ko‘raylik.

Birinchisi – davlat budjeti talon-toroji. Tanish firmalarga davlat buyurtmasini tendersiz berish, qurilish yoki ta’mirga atalgan mablag‘ni o‘zlashtirish, «o‘lik jonlar» vositasida cho‘ntak qappaytirish va hokazo. Budjetni o‘marish turli miqdorda, turfa xil sohalarda uchrayotir. Bu dardning davosi – budjet mablag‘i ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdan iboratdir.

Ikkinchisi – poraxo‘rlik. Pora odatda mansabdorning biron «xizmati» evaziga beriladi. Yo‘l noziriga – jarima qo‘llamasligi, huquq posboniga – jinoyatni xaspo‘shlashi, hokimga – yer ajratishi, bojxonachiga – kontrabandaga ko‘z yumib turishi, amaldorga  –  litsenziya berishi uchun shirinkoma tarzida tutqaziladi. Bu hol barham topishi uchun amaldorning izniga bog‘liq hujjatlarni jiddiy qisqartirish, litsenziyani internet orqali, ya’ni mansabdor va talabgorning bevosita uchrashuviga yo‘l qo‘yilmaydigan tartibda berish kerak.

Uchinchisi – manfaatlar to‘qnashuvi. «Falon hokim milliardlab so‘mli davlat buyurtmasini qizining firmasiga olib berdi», «Falon mansabdor oilaviy biznesiga sharoit yaratish uchun ayrim mahsulotlarni chetdan olib kirishga bojni oshirdi» mazmunidagi xabarlarni o‘qib-eshitib turibmiz. Bunday nomaqbul holatlarga ochiq huquqiy baho berilmas, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘yganlar muqarrar jazolanmas ekan, illat urchiyveradi.

To‘rtinchisi – turli sohalardagi monopoliya. Bu hol milliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash, bir necha ming odamga ish o‘rni yaratish bahonasi ila, millionlab farzandi muhojirlikda mehnat qilayotgan xalqni  mahsulot va xizmatni tanlash huquqidan mahrum etmoqda. Monopoliyadan voz kechib, rasmana bozor iqtisodiyoti tartiblari, raqobat sharoitini joriy etish vaqti allaqachon keldi.

Shoir Abdulla Oripov suhbatlardan birida poraxo‘rlik illatini tirnoqqa o‘xshatgan edi, ya’ni u o‘sib chiqaveradi, faqat muntazam qirqib turish kerak. Darhaqiqat, korrupsiyani batamom yenggan mamlakat yo‘q, ammo uni jilovlaganlar bor – bu davlatlar tajribasi esa bizga asqatishi shubhasiz.

Germaniyada korrupsiyaga qarshi kurash borasida ochiq va izchil mexanizm yaratilgan. Qing‘irlikka moyil sohalarda o‘ziga xos kurash usullari tatbiq etilgan. Masalan, davlat xaridlari ochiq va oshkora tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda korrupsiya haqida keskin materiallar e’lon qilinadi. Olmon amaldorini pora evaziga og‘dirish mushkul, chunki u bir lahzada mansabi, imtiyozlari, jumladan, kafolatlangan pensiyadan quruq qolishdan qo‘rqadi.

1998 yili Germaniyaga borganimizda prokuratura, sud, parlamentda uchrashuvlar o‘tkazdik. O‘zbekchilik – chopon, do‘ppi, pichoq kabi sovg‘alar olib borganmiz. Qaysi idoraga kirib rahbariyatiga hadya topshirsak, avval rad etadi, qistaganimizdan keyin sovg‘ani kirim qilib, hujjatlashtirib qo‘yadi deng! 7 dollardan ziyod miqdorda sovg‘a olish mumkin emas ekan.

O‘zbek musavviri Isfandiyorning «Oltin kuz» asari Luvr muzeyida saqlanishidan faxrlanamiz. U dovruqdor muzeydan qanday qilib o‘rin olgan? Gap shundaki, kartinani O‘zbekiston yetakchisi Fransiya prezidentiga sovg‘a qilgan. Farang rahbari sovg‘ani o‘ziga olishi mumkin bo‘lmagani uchun muzeyga topshirgan...

Singapur mustaqillikka erishgan ilk kezlar korrupsiya nihoyatda avjida bo‘lgan. «Korrupsiya – osiyocha hayot tarzining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri. Odamlar mukofotni ochiqdan-ochiq qabul qilar, zotan, bu ular hayotining bir qismi edi. Uni yo‘qotishda ishni qarindoshu do‘stlaringizdan uchtasini panjara ortiga o‘tqazishdan boshlang. Buning sababini siz ham, ular ham yaxshi bilasiz. Jazoning muqarrarligi korrupsiyani jilovlovchi birlamchi omildir», degan edi atoqli davlat arbobi Li Kuan Yu.

Demak, ishni korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhit yaratishdan boshlash kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashda ilgari siljimoq uchun bizda ham iqtisodiy, ham siyosiy tizim isloh qilinayotir. Endilikda mustaqil adliya tizimi rivojlanishi, matbuot va fuqarolik jamiyati institutlari yanada erkinlashishi lozim. Bu kurashda hammamiz ishtirok etsak, davlatimiz, sha’nimiz va nomusimizga sohib chiqsak, murod hosil bo‘lgusi...

– Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga qaraganda, yurtimizda 2000 yilda kutubxonalar (axborot-resurs markazlari) 6027tani tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda ular soni 400taga tushgan. Qarangki, 20 yil ichida kutubxonalarimiz qariyb 90 foizga qisqargan! Publitsist Halim Saidov halokat ostonasidagi millat ziyoxonalarini asrash uchun davlat dasturi qabul qilinishi kerak, deb yozdi. Bozor iqtisodiyoti (balki uni shafqatsiz kapitalizm deb atayvergan ma’quldir) tutumlari ilmiy-ma’rifiy jabhaga ham mo‘r-malaxdek bostirib kelayotgan bir pallada kutubxonalarni saqlab qolish imkoni bormi? Har narsani moddiy manfaat, aqchayu bo‘g‘cha bilan o‘lchaydigan arboblarni ma’rifat maskanlari suv bilan havodek zarur ekaniga ishontirib bo‘larmikan?

– Vahki, vaziyat aytganingiz kabidir, balkim undan-da yomon. Muammo murakkablashib ham ketgan. Chunki odamlar kitob o‘qish ko‘nikmasini boy berayotir, kitobat sanoati rivojlanayotgan bo‘lsa-da, adadlar kamayib ketgan. Taklif va talablarga qaramay, noshirlik biznesi ham soliqlardan ozod etilmadi. Ayrim hududlarda esa hokimlar kutubxona binosini tadbirkorlarga berib yuborgan. Oxirgi yigirma yilda 5 ming 500 kutubxonaning yo‘q bo‘lib ketgani – katta fojiadir. Biz xorijni tanqid qilamiz, ammo u yerlarda minglab kutubxonalar ishlayotir, avtobus bekatlariyu xiyobonlarda ham mo‘’jaz kutubxonalar, ko‘chma kitob do‘konlari tashkil qilingan. Ajnabiy millatlar kelajak kitobga bog‘liq ekanini teran anglaganda biz nega befarqmiz?

Bizda ham kutubxonalar tiklanishi, vaqt sinovidan o‘tgan ilmiy, badiiy kitoblar, gazeta-jurnallar har bir maktab kutubxonasiga yetkazilishi lozim. Qolaversa, boy elektron baza shakllantirilishi kerak. Toki yoshlar jahonda chop etilayotgan yangi adabiyotlarni planshet va smartfonida o‘qib borsin. Bunga mablag‘ topish imkoni bormi? Bor, albatta. Deylik, haligacha yasama ko‘tarinkilikdan qutulolmayotgan davlat telekanallari hamda dabdabali tadbirlarga ajratilayotgan mablag‘ning bir qismini kitob sohasiga yo‘naltirish mumkin.

«Har narsani moddiy manfaat bilan o‘lchaydigan arboblar»ga kelsak, ular ilm-ma’rifatga aslo qarshi emas – ana, o‘z jigarbandlarini jaraq-jaraq pul to‘lab xususiy yoki xorijiy ta’lim dargohlarida o‘qitayotir. Oddiy xalqning bolalari tahsil ko‘radigan maktablar, ziyo maskanlarimizning ahvoli esa xiyla nochor. Vaziyatni o‘nglamasak bo‘lmaydi!..

– Karim aka, «charxi kajraftorning shevasi»ni ko‘ringki, ayni kuchga to‘lgan navqiron yillaringiz «uzlatnishinlik»da o‘tdi, qizg‘in siyosiy jarayonlardan chetda tutildingiz, talay yillar ilmiy, adabiy kitoblaringiz nashriga izn berilmadi. Bunga esa murosasiz siyosiy faoliyatingiz sabab bo‘lgani ma’lum. Qodir Olloh sizga umr yo‘lini yangidan bosib o‘tish imkonini tuhfa etsa, yana qilich tig‘idek keskir siyosat yo‘lidan yurarmidingiz yo «el qatori» yashamoqni ma’qul ko‘rarmidingiz?

– «Men haqimni olarman tundan», deb yozgan edi Aleksandr Blok. Kamina ham «uzlatnishin»likka o‘rganib, haqimni mehnatdan oldim. Maqtanchoqlikka yo‘ymasangiz, savol bahonasida ijodiy ishlarimni sarhisob etib chiqsam. «Tomchidil» she’riy to‘plamim, «Demokratiya va inson huquqlari», «Jurnalistning huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyati», «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari» kabi ilmiy-ommabop kitoblar, «OAV va saylovlar» nomli qo‘llanma, «So‘z erkinligi haqida so‘z» degan siyosiy-ijtimoiy risola o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr qilindi, tanqidiy-tahliliy maqolalarim chop etildi.

Seneka, Aflotun, Volter, Monten, Paskal, Vovenarg, Larosh­fuko, Labryuyerning falsafiy asarlari; jahon xalqlari hikmatlari; Jorj Oruell va Malkolm Gladuell romanlari; Chingiz Aytmatov, Dino Butssati, Jovanni Papini, Korrado Alvaro, Marchello Venturi hikoyalari; Henri Ford memuari; uyg‘ur shoiri Temur Davomat, ozar shoiri Romiz Ravshan she’rlari; Abdurahmon Avtorxonovning «Kreml saltanati» kitobini tarjima qildim. Olmon, turk, yunon, farang, arab, ingliz, ispan, fors, yapon, koreys, hind va boshqa ko‘plab ellar shoir-adiblarining asarlari tarjimamda chop etildi.

Yaqinda Anna Axmatova tarjimasida koreys shoirlari she’rlarini o‘qib qoldim. Rus she’riyatida xorij adabiyotidan eng go‘zal she’riy tarjimalarni aynan Anna Axmatova va Boris Pasternak qilgan. Gap shundaki, norasmiy taqiqda bo‘lgan bu ijodkorlarning o‘z asarlari bosilmagan, lekin tarjimalari chop etilavergan. Sirasi, g‘ayriixtiyoriy tarzda mutarjimlikka berilgan ular. Men ham taqiq yillarida ko‘proq tarjimaga oshno tutindim. Tarjimalarning hajmi o‘z ijodimdan bir necha barobar ortib ketdi. Chop etilishi va qalamhaqidan umid bo‘lmagani bois faqat qalbimga yaqin insholarni ona tilimizga o‘girdim. Tarjimalarimning hech bir satridan xijolat emasman.

Yaqinda Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksiyevichning «Chernobil tavallosi» romani tarjimasini tugatib, nashriyotga topshirdim. AES qurishni mo‘ljallayotgan yurtimiz uchun koni foyda asar bu. Maqola, ilmiy tadqiqot va adabiy suhbatlardan iborat salkam uch jild asarimiz, tarjimalarimiz, ilmiy-badiiy kitoblarimiz o‘z noshirini kutmoqda.

Mening ancha vaqt siyosiy «uzlatnishinlik»ka duchor bo‘lganimga kelsak, uzlat bu – din va ilmga doir ulug‘ tushunchadir. Qani edi, yassaviyona uzlatga munosib bo‘lolsak!..

Hayotga o‘n qayta kelsam ham shu taxlit yashardim, «el qatori», jimgina umrguzaronlik qilolmayman. Meni islohotlar taqdiri yurtdoshlarimizning chinakam o‘zgarishi, fikr takomillashuviga bog‘liq ekani mudom o‘ylantiradi. Sobiq Ittifoqning paymonasi to‘lgan davrga oid bir mutoyiba bor. Mixail Gorbachyov harbiyga ixtisoslashgan iqtisodiyotni isloh qilish ilinjida konversiya degan jarayonni boshlagan, ya’ni harbiy aslaha zavodlarining uskunalari qayta qurilib, tinchlikka xizmat qiluvchi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. O‘sha kezlar «Kalashnikov» qurol zavodi bolalar aravachasi ishlab chiqaradigan korxonaga aylantirilibdi. Sovet ishchisi, maosh ro‘zg‘orga yetsa-yetmasa, ishxonadan qo‘liga ilingan bir nimani yashirincha olib ketishga odatlangan edi. Bir ishchi bolalar aravachasining qismlarini o‘marib kelib, uyida yig‘sa, aravacha emas, baribir avtomat bo‘lib chiqarmish... Alhazar!

Taassufki, bizda ham shunday bo‘layotgandek: islohotlarga qaramay, mahsulotimiz ba’zan «avtomat» bo‘lib chiqyapti. Xalq va millat o‘laroq o‘zgarishimiz og‘ir kechyapti. Islohotlar samara berishi uchun xalq uyg‘onmog‘i, o‘z taqdiriga mas’ul bo‘lmog‘i lozim va lobuddir.

S.Yoqubov suhbatlashdi.
«Tafakkur» jurnalidan olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring