«Bu juda katta foyda degani» — Bahrom Ziyayev elektron hukumat, raqamlashtirish va intellektual qobiliyatning qiymati haqida (video)
Agar raqamlashtirish barcha sohalarga kirib borsa, avvalo, qog‘ozbozlik, tanish-bilishchilik, korrupsiya holatlarining oldi olinib, shaffoflik ta’minlanadi. Yana xalq mablag‘larini nazorat qilib, qayerga, qancha sarflanayotganini ham aniq bilib turadi.
Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyayev bilan bo‘lgan suhbatimiz ana shunday qizg‘in kechdi.
– Assalomu alaykum, avvalo, taklifimizni qabul qilganingiz uchun katta rahmat. Keling, suhbatimizni faoliyati qayta tashkil etilgan Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi endilikda oldiga qanday vazifalar qo‘yganidan boshlasak...
– Hukumat tomonidan markazimiz oldiga mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha strategik vazifalar qo‘yilgan. Butun dunyoni shoshirib qo‘ygan pandemiya raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat xizmatlarining naqadar kerakligini yana bir bor ko‘rsatdi. Aholi o‘rtasida ularga talab yuqorilashib ketdi. Shu pallada qayta tashkil etilgan markazimiz xalqqa sifatli xizmat ko‘rsatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Ushbu jarayonda nafaqat elektron hukumat, balki respublikamizdagi barcha vazirliklar, tashkilot va idoralar ham o‘z faoliyatini axborot texnologiyalarisiz rivojlantira olmasligini anglab yetishdi. Hatto, Jismoniy tarbiya va sport vazirligida bo‘lganimizda, ular «Biz axborot texnologiyalarisiz sportni ham rivojlantira olmas ekanmiz», degan fikrni bildirishdi.
Buni anglab yetgan vazirlik, davlat tashkilotlari, idoralar borki, hammasi o‘z biznes jarayonini avtomatlashtirib, sohasiga raqamli iqtisodiyot, axborot texnologiya yo‘nalishlarini kiritib boryapti. Agar har bir tizimda raqamli texnologiyalar joriy etilishi yuqori ko‘rsatkichga chiqsa, bu nafaqat davlat organlari, balki aholi uchun ham qulaylik tug‘diradi, eng muhimi, shaffoflik ta’minlanadi.
AKT vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, biznes hamjamiyati va ilmiy doiralar vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasining qabul qilinishi ham katta qadamlardan bo‘ldi. Barcha tarmoqlarni avtomatlashtirish borasida yo‘l xaritalari belgilandi. Har bir sohaga alohida raqamli iqtisodiyotga yo‘naltirilgan rahbar kadrlar tayyorlashga kirishildi.
Tan olamizmi-yo‘qmi, lekin ilm-ma’rifatsiz raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish qiyin, ya’ni axborot texnologiyalar sohasidagi bilimlarni oshirmay turib, raqamli iqtisodiyotni yuksaltira olmaymiz. Hozir oldimizda katta bir muammo turibdi, bu ham bo‘lsa, kadrlar salohiyatini oshirish. Bu borada AKT vazirligi tomonidan barcha hududlarimizda raqamli iqtisodiyot, ya’ni axborot texnologiyalariga yo‘naltirilgan markazlar tashkil etilmoqda.
– Bu soha yoshlarimizga nimalarni va’da qiladi?
– Bilasizmi, AKTning yana bitta yaxshi tarafi – bu sohada faoliyat olib boruvchilarga diplom shart emas. Qaysidir dasturiy ta’minotni ishlab chiqish uchun uning tilini bilsa, marhamat, ishlasin. Xizmati uchun pul olsin.
Bugun bejizga har bir viloyatlarimizda AKTga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmayapti. Ular rejasiga boshlang‘ichdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarga aynan axborot texnologiyalari yo‘nalishi bilan birga aniq fanlar, masalan, matematika, fizika, informatika, dasturlash tillarini ham o‘qitish kiritilgan. Yaqinda Sirdaryo viloyatida AKTga ixtisoslashtirilgan kollej ochildi. Bularning hammasi yoshlar uchun, ularning kelajagi uchun.
Hozirgi kunda respublikamizda bu yo‘nalishda 3 ta: Amiti, Inha va Toshkent axborot texnologiyalari universitetlari bor. Tahlil natijalari ushbu yo‘nalishni yoshlarimizning 0,2 foizi bitirayotganini ko‘rsatgan. Bu juda kam degani. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: agar biz bilim salohiyati yetarli kadrlarni yetishtira olsak, ular nima beradi? Avvalo, olgan bilimlari orqali ma’lum bir dasturiy ma’lumotlar ishlab chiqaradi. U o‘z navbatida davlat organiga – qog‘oz ko‘rinishidagi yoki byurokratik to‘siqlar deymiz – ularni yo‘qotishga, shaffoflik ta’minlanmagan, inson omili aralashadigan joylardagi muammolarni bartaraf etishga yordam beradi. Keyin xalq ham ushbu tizim xizmatidan masofadan foydalanishi mumkin. Va u Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulanadi, integratsiya qilinadi. Shu tariqa xalq har bitta davlat organidagi kerakli ma’lumotlarni, xizmatlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
– Haqiqatan, 2020 yilda pandemiya sabab raqamli iqtisodiyotga ko‘proq ehtiyoj sezdik. Ayting-chi, bir yillik olingan xulosalar va to‘plangan tajribalar qanday bo‘ldi?
– Hozirgi kunda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan xizmat ko‘rsatishni avtomatlashtirishdan tashqari, tizimlarni ishlab chiqarish bo‘yicha vazirlik va idoralardan kelayotgan 350dan ortiq texnik topshiriqlarga xulosalar berildi. Markazning asosiy vazifasi joriy etilayotgan tizimlarning o‘sha vazirlik idoralariga qanchalik to‘g‘ri kelishini va bir-birini takrorlamasligini o‘rganish hamda davlat budjetini bekorga sarflamaslikdir. Shu maqsadda markazimiz tomonidan Yagona axborot reyestri ishlab chiqildi. U respublikamizdagi barcha davlat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilayotgan axborot tizimlarining yagona bazasi bo‘ladi. Ya’ni qaysi davlat tashkilotlarida nechta va qaysi axborot tizimlari joriy qilingan, ularning ro‘yxatini yuritish, monitoringini olib borish, samaradorligini o‘rganish va hokazo.
– Elektron hukumat sohasidagi qaysi loyihalarni ham mamlakatimiz, ham xalqimiz uchun muhim deb hisoblaysiz?
– O‘zi har bir vazirlik, idora va tashkilotlar loyihalarini faoliyatidan kelib chiqib yaratadi. Hamda u qaysidir vazirlik yoki tashkilot uchun muhim hisoblanadi. O‘sha zarur loyihalarni bir joyga jamlovchi bu – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalimiz.
Hozirga kelib portalda yangi modernizatsiya ishlarini olib bordik. Bugungacha 50 dan ortiq yangi xizmatlar joriy etdik, lekin bungacha 180 tasi mavjud edi. Endilikda biz ularni optimallashtirishimiz kerak deb o‘ylayman. To‘g‘ri, xizmatlarni ko‘paytirganimiz yaxshi, ammo xalqqa ularning soni emas, sifati muhim. Ya’ni bitta xizmat orqali bir nechta ishni bajarishga erishishimiz lozim.
Masalan, yangi farzandli bo‘lganda bolaga ilk bor guvohnoma beriladi. Shu hujjat bilan birga shaxsiy identifikatsiya raqamini olish va chaqaloqni yashash hududiga yaqin maktabgacha ta’lim muassasasiga navbatga qo‘yishni ham belgilab ketish kerak. Shunda bola bog‘cha yoshiga yetib, navbati kelganida xabar yuboriladi. Ko‘ryapsizmi, ushbu jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan, ortiqcha vaqt ham talab qilmaydi. Bu maktabgacha ta’lim vazirligining loyihasi.
– Bahrom Qobulovich, bilamizki, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining ochilganiga bir necha yil o‘tdi. Lekin u negadir ommalashmadi. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?
– Sababi unda aholimiz hali raqamli texnologiyalardan foydalanishni hozirgidek bilmasdi. Lekin pandemiya bu jarayonni tezlashtirdi. Ya’ni odamlar uydan chiqmagan holda ushbu xizmatlarni o‘rganishga majbur bo‘lishdi. Natijada nafaqat xizmat turlarimiz, balki respublikamiz bo‘ylab internet tezligi ham ortdi. 2019 yilda 330dan ortiq aholi yashash punktlari, ya’ni qishloq va ovullarda internet tarmog‘i yo‘q edi. 2020 yil yakuniga qadar ko‘rsatkich 80 foizga yetkazildi.
Shuningdek, maktablarimizda elektron kundalik joriy etildi. U orqali ota-onalar farzandining davomadini, darslarga qatnashishini, baholarini kuzatib boryapti. Yana sog‘liqni saqlash ob’yektlarimizda elektron poliklinika degan atamalar paydo bo‘ldi. Ilgari shifokor qabuliga borsak, navbat kutib kunimiz o‘tardi. Hozir unday emas. Masofadan turib, shifokor qabuliga yozilish, navbati yaqin qolganda darrov chiqib kelishi mumkin. Endilikda ushbu raqamli iqtisodiyot strategiyamizni barcha hududlarga tatbiq etish belgilangan. Tajriba tariqasida 12ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahridagi 28ta tumanda, ya’ni har bir viloyatda ikkitadan loyihani joriy etish ko‘zlangan. Shaxsan o‘zim Axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan Xorazm viloyatiga biriktirilganman. Hozir viloyatning Xonqa va Shovot tumanlaridagi barcha ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash ob’yektlariga aloqa liniyalari tortib bo‘linib, tizimdan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bu aholi uchun juda katta qulaylikdir.
Yana hududlardan kelib chiqqan holda ta’lim sifatini ham oshirishimiz mumkin. Masalan, Xorazm, Qoraqalpog‘iston Respublikasida matematika fanidan bilimi yuqori bolalar juda ko‘p ekan. Tahlil qilganimizda, 70 foizi matematikadan besh olarkan. Shuning uchun endi e’tiborni Xorazm, Qoraqalpog‘iston Respublikalariga ham qaratib, IT-Parklarni rivojlantirishni hamda bolalarni axborot texnologiya yo‘nalishida kuchaytirilgan tartibda o‘qitishni maqsad qilganmiz.
– Xizmatlarga bo‘layotgan talabni o‘zingiz ham kuzatib borasizmi?
– Albatta, har bitta xizmat joriy etilganda undan o‘zim ham foydalanib ko‘raman. Ya’ni qaysi bosqichlari odamlar uchun qulay, muammolar kelib chiqmayaptimi, yana qanday yengilliklar kiritish mumkin – birma-bir o‘rganaman. Tanishlardan ham foydalanib ko‘rishini so‘rayman. Xizmatlar bosqichi qanchalik qulay bo‘lsa, aholining masofadan foydalanish samaradorligi shunchalik oshadi. Biz bu sohani bilganimiz uchun biror noqulaylik bo‘lsa, yechim topib ketaverishimiz mumkin. Lekin oddiy xalq qiynaladi. Shuni ham hisobga olishimiz shart.
– To‘g‘ri aytdingiz, haqiqatan, ushbu tizimni aholi yaxshi tushunib olishi uchun biroz vaqt kerak. Bu borada yana nima ishlar qilinmoqda?
– Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda bizning strategiyamiz bu – Yagona interaktiv davlat xizmatlarining yagona biling hamda aholini identifikatsiya qilish tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etishdir. Biz nafaqat aholiga, balki davlatga ham xizmat ko‘rsatamiz. Masalan, davlat bojini olishda. Aholi ma’lum bir xizmatdan foydalanganda pul to‘laydi va u davlatga borib tushishi kerak. Mazkur jarayon shaffof amalga oshirilyaptimi-yo‘qmi, nazorat qilish lozim. Shu bois biz har bir xizmatga yagona biling tizimini ishlab chiqqanmiz. U orqali xizmatdan foydalangan shaxs o‘sha joyning o‘zida to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi va davlat boji to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat budjetiga tushadi.
– Bugunga kelib vazirliklar va davlat tashkilotlari o‘rtasida axborot almashinuvi qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Bu maqsadda idoralararo integratsion platforma yaratilib, u orqali barcha vazirlik va tashkilotlarga tegishli ma’lumotlarni almashish ko‘zlangan edi. Ammo u bugungi kun talablariga javob bermaydi. Ushbu tizim 2014 yilda Koreya bilan hamkorlikda joriy etilib, hozirgi kunda ma’lumotlar hajmi o‘sgani sabab ko‘tarish qobiliyati dosh berolmayapti. 2021 yil oxirigacha shu tizimni yangilashni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
– Ko‘p sohalarda hududlar bilan ishlash haligacha yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Elektron hukumatning bu borada oldiga qo‘ygan maqsadi, taktikasi qanday?
– Bugungi kunda har bir hudud bo‘yicha loyihalarning bajarilish bosqichlari, kechikish sabablari tahlil qilinib, ular natijasini joylarga chiqqanda holda o‘rganadigan mutaxassislarimiz mavjud. Ular muammolarni hal qilishga yordam berishadi. Ya’ni internetdan tortib, dasturiy ta’minotni joriy etishgacha. Shuningdek, boshqarish uchun monitoring tizimini ham ishlab chiqdik. Bunda barcha loyihalarning ro‘yxati va amalga oshirish muddati belgilangan bo‘ladi. Hozirgi kungacha 30 ta loyiha to‘liq bitdi.
– Bu qancha muddatda amalga oshirildi?
– Prezidentimizning ushbu masalaga qaratilgan qarori 2020 yilning yoz faslida imzolangan bo‘lsa, shu vaqtgacha iqtisodiyot tarmoqlari va mahalliy hokimiyat organlari hamda vazirlik idoralarida 250dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirildi.
Birgina misol, agar biz hozirgi kunda gaz hamda elektr energiya ta’minotini avtomatlashtirmasak, aholiga yetkazib berilayotgan mahsulotimiz sifati tushadi. Endilikda yangi hisoblagichlar orqali masofadan monitoring qilish imkoniyati yaratildi. Aynan avtomatlashtirish yordamida sohani rivojlantirishga erishamiz. Agar ushbu bosqichga olib chiqolmasak, shaffoflik bo‘lmaydi.
Masalan, jahon tajribasidan Hindiston yoki Koreya, Qozog‘iston, Belarus davlatlarini oladigan bo‘lsak, ularning asosiy daromadi axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi dasturiy mahsulotlar eksportidan. Bizniki esa qishloq xo‘jaligi yoki ma’lum bir ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar orqali. O‘z-o‘zidan biz ushbu mahsulotlarni olish uchun qandaydir resurslar ishlatamiz. Axborot texnologiyalari esa resurs emas, aqliy jarayonni talab qiladi. Ya’ni bunda intellektual qobiliyat sotiladi. Intellektual qobiliyatning marjasi 90% hisoblanadi. 10%iga internet va kompyuteringizga ketadi. Bu juda katta foyda degani.
Yana bir oddiy misol, aytaylik, Toshkent viloyatining Qibray tumani aholisi shu kungacha gazdan foydalangan. Lekin kim, qancha miqdordagi gaz ishlatgani to‘g‘risida na ma’lumot, na ro‘yxat mavjud emas. Aynan aqlli hisoblagichlarni o‘rnatish orqali gazga sarflangan puldan 70 foiz ko‘p daromad olishga erishildi. Buni hatto o‘sha gaz beradigan tashkilotning o‘zi ham bilmasligi oydinlashdi. Mana muammo qayerda?! Axir bu davlat budjetiga zarar-ku. Aholiga gaz sifatli yetkazib berilsa, ular ham pulini vaqtida to‘lashga odatlanadi. Hatto oldindan to‘lab qo‘ygani uchun sifatli gaz berilishini talab qilish huquqini qo‘lga kiritadi.
– Aytmoqchisizki, barcha sohalar raqamlashtirilsa, tanish-bilishchilik, korrupsiya holatlarining oldi olinadi, yana xalq o‘z mablag‘larini nazorat qilib, qayerga, qancha sarflanayotganini aniq bilib turadi, shundaymi?
– Albatta. Raqamli texnologiyalarni joriy etish bu mamlakatimiz oldiga qo‘yilgan ulkan maqsadlarga erishishning eng qisqa yo‘lidir. Tizim ma’lumotga qanchalik ko‘p ega bo‘lsa, tahlil qilish orqali, hatto, kelayotgan xavf-xatarga ham oldindan tayyor turishimizni belgilab beradi. Ya’ni shaffoflikni ta’minlash bilan birga o‘sishimizga ham xizmat qiladi.
– Endi o‘tgan yil natijalari, 2021 yilga mo‘ljallangan rejalar, loyihalar bilan ham o‘rtoqlashsangiz...
– Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmasa-da, qisqa vaqtda 50dan ortiq davlat xizmatlarini joriy qildi. Ma’lum bir tizimlar, ya’ni davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari bilan aloqalarni avtomatlashtirishga erishdik. Jumladan, texnik topshiriqdan tortib, unga beriladigan xulosalarni ham elektron ko‘rinishga o‘tkazdik. Ma’lum bir tizimlarimiz modernizatsiya qilindi. Oldimizga qo‘yilgan maqsadlar juda katta. Masalan, joriy yilda ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu davlat organlari uchun yuqori natija degani. Shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni optimallashtirishni, ya’ni soniga emas, sifatiga baho berishni mo‘ljallayapmiz.
Bundan tashqari, keyingi jarayonlarda har bir vazirlik idoralarini reyting baholashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Ular bu orqali o‘z yutuq va kamchiliklarini o‘rganib, tegishli xulosaga kelishadi.
2021 yilda har bir vazirlik idoralaridagi mutaxassislarimizni o‘qitishni rejelashtirganmiz. Ular saviyasini oshirish orqaligina bu yo‘nalishni tezroq rivojlantirishga erishamiz. Joriy yilda to‘liq yakuniga yetkaziladigan 500 dan ortiq yirik loyihalar bo‘lib, ularni tizimli nazorat orqali to yakunlanguncha kuzatib borishimiz kerak.
Bugungi kunda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi yuqori malakali mutaxassislarga ega, lekin yetarli emas. Hozir kadrlar yetishmasligi ko‘p joylarda – global muammo. Shuning uchun bu masala ham alohida e’tibor talab qiladi.
Yana har bir sohaning iqtisodiy samaradorligini ham baholab borishimiz kerak. Mana shu maqsadlarimizni amalga oshira olsak, o‘sish sari qadam bosgan bo‘lamiz.
– Har bir sohada rivojlanish bo‘lishi, qandaydir natijaga erishish uchun xorij tajribasini o‘rganish kerak, nazarimda. Sizningcha, bu qanchalik muhim?
– Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbariga, ya’ni menga Koreyaning shu yo‘nalishdagi mutaxassisi doktor Shin maslahatchi etib tayinlangan. Va biz ushbu rivojlangan davlat tajribasini o‘zimizda qo‘llab kelayapmiz. Bugungi kunda Koreyaning elektron hukumat yo‘nalishi davlat budjetiga o‘rtacha 15 milliard dollardan ortiq foyda keltiryapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter