Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boylarimiz nega Bill Geyts kabi ilm-fanga homiylik qilmaydi? Yozuvchi Isajon Sulton javob beradi

Boylarimiz nega Bill Geyts kabi ilm-fanga homiylik qilmaydi? Yozuvchi Isajon Sulton javob beradi

Foto: «Xabar.uz»

Nega sportchilarni mukofotlarga ko‘mib tashlaymiz-u, ilm ahliga kamtarona rag‘bat ko‘rsatamiz? Ilm-fanga «dehqoncha» munosabat sababi nima? Nega haqsizlikka yo‘liqsak ham og‘zimizga talqon solib olamiz? Sel kelganida ariqqa yotib olib suvni to‘sgan va zotiljam bo‘lib vafot etgan kishi qahramonmi? Butunboshli «Alisher Navoiy» romanini qayta taftish etib chiqishga sabab bo‘lgan omil nima edi? O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton shu kabi dolzarb savollar tegrasida mushohada yuritadi.

– Isajon aka, jamiyatda ilm-fan va sportga munosabatda g‘alat bir yondashuv hukm surayotgandek. Dunyo birinchiliklarida qo‘li baland kelgan sportchilar rag‘batlarga ko‘mib tashlanadi: falon ming dollar mukofot, qimmatbaho mashina, shinam uy. Fanning turli yo‘nalishlarida xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan iqtidor sohiblari esa aksar hollarda bir parcha yorlig‘u arzon-garov sovg‘a bilan siylanadi. Bayroqdor, dovruqdor sportchilarimiz qadrini pasaytirish niyatimiz yo‘q, ammo millat farovonligi, iqtisodiy taraqqiyot, avvalo, ilm-fan ravnaqiga bog‘liq ekani kundek ravshan-ku! Donishmand shoirimiz Erkin Vohidov «Uning senu mendek shoirlari ko‘p, / Buyuk elga endi daholar kerak» deb yozganida ayni shu jihatni nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas. Aslida, jamiyat ko‘proq ilm-fan ahlining boshini silashi kerak emasmi?

– Savolingiz «Modda birlamchimi, ruhmi?» degan masalani yodga soldi. Bularni bir-biriga solishtirishdan ne naf? Bag‘rikengroq bo‘laverish kerak, menimcha. Dunyo birinchiligi – ilg‘or sportchilar yetib kelgan marradan bir qadam ilgari o‘tish, qolaversa, ko‘p yillik mashqlar, iroda, ruhiy va jismoniy quvvatni namoyon qilish deganidir. Ming yil avval ham shunday bo‘lgan, har bir ulus o‘z o‘g‘lonlarining epchilligi, kuchliligi bilan faxrlangan. Jahon rekordchisining yutug‘ini ilm-fanga muqoyasa etsak, u kashfiyotga teng bo‘ladi, ya’ni ilm kishisi ham insoniyat zakosi yetib kelgan chegaradan bir qadam ilgarilashi zarur. Albatta, olamshumul kashfiyotning dovrug‘iyu shon-shuhrati sportdagidan chandon ziyod bo‘lishi aniq. Chunki zako mahsuli sira eskirmaydi, rekordlar esa yangilanib turadi.

Sport – umumxalq uchundir. U ommaviy hodisa o‘laroq millionlab kishilar qarshisiga jahon rekordi degan marra-mezon qo‘yadi. Ilm esa ommaviy hodisa bo‘la olmaydi. Zako qudrati vujud qudratidan ming karra ustun ekani-da ma’lum. Zamonaviy dunyo taraqqiyotida ulug‘ alloma Xorazmiyning ilmiy merosi muhim o‘rin tutadi. Hatto bugunning eng so‘nggi texnologiyasi – sun’iy intellekt ham Xorazmiy almuqobalasining hosilasi deyish mumkin. Agar buni mablag‘ga chaqadigan bo‘lsak, o‘nlab mamlakatlarning xazinasi ham Xorazmiyning shu kashfiyotiga badal bo‘la olmaydi.

Ilm shunday murakkab hodisaki, unga homiylik qilishga uncha-muncha puldorning qurbi yetmaydi, bu vazifani taraqqiyparvar davlatlargina ado etishga qodir. Ilon Mask fazoga kema uchirganiga mahliyo bo‘lmaylik: u yangilik yaratmayapti, kashfiyotlardan foydalanmoqda, xolos. Olim bobolarimiz o‘z risolalarini sultonlarga bag‘ishlaganining sababi shu: azaldan ilmiy tadqiqot katta mablag‘ talab qilgan. Misol uchun, sulton Qobus ibn Vushmgir Abu Rayhon Beruniyga homiylik qilmaganida, ehtimol, «Osor­ul-boqiya»dek buyuk asar yozilmagan bo‘lar edi. Sirasi, ilmni qadrlamoq uchun umumtafakkur yuksalishi kerak.

– Ilmparvarlikdan gap ochdingiz. Bill Geyts, Uorren Baffet, Mark Sukerberg, Maykl Blumberg kabi hotamtoy boylarning ilmu fan rivoji yo‘lida ko‘rsatayotgan xayru saxovati zarbulmasal bo‘lib ketgan. Masalan, AQShlik tadbirkor Baffet so‘nggi besh yilda ilm-fan, madaniyat va san’at sohalariga 15 milliard dollar iona qilibdi. Boz ustiga, to‘qsonni qoralagan sarmoyador vafotidan keyin jamiki sarvatini xayriya jamg‘armalariga o‘tkazib berishni vasiyat qilgan. Bu kabi ibratli voqealar haqida o‘qir ekansiz, «Bor-budini maktab-madrasa ochmoq, yoshlarni o‘qitmoqqa sarflagan jadid bobolarim, qaydasiz?!» deya xitob qilgingiz keladi. Negaki, bizda ilm-fanga pushtipanoh bo‘lmoq – metsenatlik kunduzi chiroq yoqib qidiriladigan qadriyatga aylanib qoldi. Umrimiz tokay baffetu geytslarga havas bilan o‘tadi?

– Jamiyat fan yutuqlarini tezroq moddiy boylikka aylantirishni istaydi. Ammo ilmiy yangilik har doim ham qisqa muddatda daromad keltirmaydi. Aerodinamika qonuniyatlari kashf etilganidan bir necha asr o‘tibgina uchoqlar yaratilgani buning isbotidir.

Siz tilga olgan homiylar – fanda kashfiyot yaratmagan, lekin ilm yutuqlarini mahsulotga aylantira olgan kishilardir. Biroq ular yangi kashflarning ahamiyatini o‘z vaqtida anglagani uchun ham ahli ilmning boshini silamoqda. Bizning jamiyat ham ilm yutuqlarini mablag‘ga aylantiradigan darajaga yetganda fanga ijtimoiy qiziqish kuchayadi. Aks holda, depsinib turaveramiz.

Oxirigacha tadqiq qilinmagan zarralar mavjud, ularning xususiyatini o‘rganish qanday natija berishi noma’lum, biroq bir necha yuz kishi shu jumboqni yechish bilan band. Xo‘sh, aksilzarra siri ochilsa, nima o‘zgaradi? Yoki quyosh shamoli degan tushuncha bor – yorug‘lik nuri sathda juda kichik bo‘lsa-da, bosim paydo qiladi. Quyosh shamoliga asoslangan fazo kemasi balki yuz yildan so‘ng yaratilar, kim biladi deysiz! Boz ustiga, yuksak mukofotga arziydigan bunday tadqiqot yakuniga yetganida ham jamiyat uni dastlab qabul qila olmasligi mumkin. Hech kim tushunmagach, kim unga homiylik qilsin? Ana shunday vaziyatda davlat yoki ma’rifatparvar boylar homiyligiga ehtiyoj tug‘iladi.

Jadid bobolarimiz zamona davlatmandlarini shunday fidoyilikka chorlab o‘tdilar; sababi – tuzum begona edi, undan ko‘mak kutib bo‘lmasdi.

Ammo, ming afsus – umumtafakkur tayyor emasligi yana pand berdi. Bu gaplar hamma sohaga: adabiyotga, san’atga, iqtisodiyotga, sanoatga birday tegishli. Jadidlar boshlagan, ammo oxiriga yetkaza olmagan Buyuk Uyg‘onish endi ro‘y bersa ne ajab... Sport haqida so‘zladik, zarur shart-sharoit yaratib berilgani tufayli iqtidorli yigitlarimiz katta yutuqlarga erishmoqda. Zako quvvatining namoyon bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilinsa, nega olamni lol qoldiradigan kashshoflar chiqmasin?!

– «Chaqmoq chaqishi bulutlar uchrashuvidan yuzaga kelsa, haqiqat xilma-xil fikrlar to‘qnashuvidan paydo bo‘ladi», deydi misrlik alloma Muhammad G‘azzoliy. Darhaqiqat, erkin so‘z va ozod tafakkur bamisoli taraqqiyotning qo‘sh qanoti, ularsiz yuksak parvozlarni xayol qilmasa ham bo‘ladi. Taassufki, ongimizga o‘rnashib olgan mutelik, qo‘rqoqlik aksar hollarda haqiqatni aytmoqqa izn bermaydi. Gohida haqsizlikka yo‘liqsak ham, og‘zimizga talqon solib olamiz: och qornim – tinch qulog‘im! Til, madaniyat, siyosat bobida hali-hanuz sobiq «katta og‘a» izidan yurishga moyil zamondoshlarimiz borligi – alohida mavzu. Qo‘yib bersangiz, mazkur toifa yurtning kalitini qo‘shqo‘llab g‘animga topshirgudek. Bularning bari Abdulla Qahhor yozgan zanjirband fil haqidagi naqlni yodga soladi. Qaysi bir o‘lkadagi hayvonot bog‘ida keksa fil yuz yil davomida zanjirband holda qoziq atrofida aylanibdi. Oxir-oqibat zanjir yemirilib, uzilibdi. Shundan keyin ham fil parokanda zanjirni sudragancha qoziq atrofida aylanavergan ekan... «Genetik» romanini yozish asnosida irsiyatshunoslik ilmini ham xo‘b o‘rgandingiz. Qon-qonimizga singib ketgan mutelik, qo‘rqoqlik, shuningdek, labbaygo‘yligu maddohlik kabi illatlardan qanday xalos bo‘lish mumkin ekan-a?..

– Yuz yillik mahdudlik davrini gapiryapmiz, ammo undan avval ham holat juda risoladagiday bo‘lmagan, axir! Bir necha asr avval yashagan shoirlar, aytaylik, Maxmur, Mashrab, Hoziqning qismatini esga oling. Moziydagi eng adolatli davr Amir Temur hukmronligi deb bilsak, yelkadagi qamchi izlarining tarixi olti yuz yildir. Bundan esa tamomila yangilanishga yuz burgan O‘zbekistonda adolatning qaror topishi shuncha yillik jarohatga malham qo‘yish, shuncha yillik tushunchalarni o‘zgartirishni talab etadi degan ma’no chiqadi. Adolat qaror topgandagina inson  xavotir-hadikdan forig‘  holda  yashaydi.

Qahhor domla aytgan zanjirband filni yana yuz yil kishanda tutib turgan narsa – tushuncha, ko‘nikma emasmi? Tushunchalar o‘zgarsa, ana o‘shanda siz sanagan qusurlar ham barham topsa kerak. Lekin bu o‘z-o‘zidan bo‘laveradigan ish emas ekan-da! Deylik, so‘z hurriyati berilsa, xudpisandlar oldingi safga chiqib oladi. Umumiy bir asabiyat, salga tutaqib lov etib yonib ketadigan toifa bor. Alhol, masala yana tushunchaga, tafakkur tarziga borib taqaladi.

Nazarimda, bu to‘s-to‘polon ma’lum vaqt o‘tib tinadigandek, suvlar zilollashib, sog‘lom fikrlilar jamoasi yetishib chiqadigandek.

– Rivoyat qilishlaricha, bir hukmdorning huzurida sohibiqtidor yigit o‘z hunarini namoyish qilibdi. Bir igna otib devorga qadabdi, keyin esa qo‘liga ip olib, otibdiyu haligi ignaning teshigidan o‘tkazibdi. Hukmdor yigitning iqtidoriga tasanno aytib, yuz dinor tuhfa qilibdi. So‘ng uni yuz darra urishni buyuribdi. Haligi yigit titrab-qaqshab jazoning sababini so‘rabdi. Podsho «Yuz dinor – mahoratingga siylov, darralar esa foydasiz yumushga vaqtni zoye ketkazganing uchun» deya javob bergan ekan... Gapni uzoqdan boshlaganimning boisi bor. Bir necha yildan beri innovatsiya vazirining maslahatchisi vazifasida ishlab, mamlakatimiz ilm-fan qozonida qaynab kelyapsiz. Yurtimiz olimlarining el-ulus koriga yaraydigan kashfiyotu ixtirolari haqida ham so‘zlab bersangiz.

– Menga qolsa, bu rivoyatdagi yigit ham, hukmdor ham malomatga loyiq. Uni bugunimizga o‘girsak, shunday mazmun chiqadi: mana, Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzildi, mablag‘ ajratildi, xo‘sh endi qachon kutilgan natija bo‘ladi?

Xorazmiy «pi» sonini kashf qilganida uning mohiyatini bir necha olimgina tushungan. Jamiyat «pi» sonini qay jabhada qo‘llash mumkinligini oradan besh asr o‘tgachgina anglab yetdi.

Yoki uzoqqa bormay, COVID–19 taloto‘plaridan  misol keltiraqolaylik. Nafaqat oddiy kishilar, balki tuppa-tuzuk olimlar orasida ham «Koronavirusga qarshi vaksina yaratish bilan virusolog emas, biolog shug‘ullangan emish» degan e’tiroz yoyildi. Holbuki, hoy birodar, virusologiya – virusning xususiyatlarini o‘rganadigan fan, biologiya – butun tiriklik haqidagi ilm, vaksina yaratish bilan esa nafaqat biolog, balki biolog-genetiklar shug‘ullandi, deb tushuntirsangiz, yelka qisishdan nari o‘tmaydi. Men-ku soha mutaxassisi emasman, azbaroyi qiziqqanimdan so‘rab-surishtirdim. Aniqlaganim shu bo‘ldiki, o‘sha urug‘ing kuygur virusning RNK kodlarini faqat biolog-genetik o‘qiy olar ekan. Bu – fanning hozircha so‘nggi chegarasi, virusolog ushbu teranlikning yaqiniga ham kelolmaydi. Genetik esa uni «o‘qib»gina qolmay, sekvenslash, ya’ni bo‘laklarga bo‘lishni ham uddalaydi. Tasavvur qilyapsizmi, genning bir qismi olib tashlanib unga fermentlar payvand qilinganidan so‘ng ham u tirik jonzot sifatida yashashni davom ettiradi. Hodisaning ko‘lami mahobatli, albatta.

Quyidagi suhbatga diqqat qiling:

– Mutaxassisligingiz nima?

– Filologiya.

– Filologiya nima?

– Til va adabiyot.

– Him-m... Modomiki til haqida ekan, nimaga filologiya deb xato aytilgan? Aslida tilologiya deyilsa to‘g‘ri bo‘lmaydimi?

Ba’zida ilm-fanga shunga monand «dehqoncha» munosabat uchraydi.

Bugun qishloq xo‘jaligidan sanoatgacha, farmatsevtikadan tibbiyotgacha, ta’limdan fangacha – barcha sohada yangiliklarni joriy qilishdek ulkan vazifa turibdi. Payhon bo‘lib ketgan katta bir bog‘ni epaqaga keltirish uchun tuproq quvvatini tiklaysizmi, navlarni almashtirasizmi, o‘g‘itni yangilaysizmi yo suvni tozalaysizmi? Hosil qanaqa bo‘lishi kerak, uni sotish qanday bo‘ladi? Ayni choqda, ertangi kunni ham o‘ylash kerak...

Koronavirusdan misol keltirdik, qolganini ham aytaqolaylik. Bu baloning urug‘i paydo bo‘lganida manaman degan mamlakatlar ham oddiy testga zor bo‘lib qoldi. Yurtimizda xastalikni aniqlaydigan test ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, olimlarimiz Xitoy Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda koronavirusga qarshi vaksina yaratishda ishtirok etib qolmay, uni o‘zimizda ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yishdi. Eh-he, bu xayrli yumush borasida qancha gap-so‘z bolalamadi deysiz!

Agar odamlar oddiy biologiya va mantiq ilmini maktab dasturi doirasida bilganida, voqeaning mohiyatini bemalol ko‘ra olgan, demakki, tushunmovchiliklar ham yuzaga chiqmagan bo‘lardi.

Hozir innovatsiyalar sohasida «noldan birni yaratish» bosqichidamiz. Tamal barpo qilingach, keyingi «birdan mingni yaratish» bosqichiga o‘tiladi.

– O‘tmish tuzum tuz-namagini totgan adiblarning qalamhaqi xususidagi hikoyalarini eshitsangiz cho‘pchakdek tuyuladi: bitta asarning qalamhaqiga bemalol mashina xarid qilingan! Bugun faqat yozuvchilik ortidan ro‘zg‘or tebratib bo‘lmay qolgani ma’lum. Badiiy asar yozib uch-to‘rt tanga topish qayerda, ming mashaqqat bilan bitilgan asarni kitob qilmoq uchun qo‘lyozmani qo‘ltiqlagancha homiy qidirishga to‘g‘ri keladi. O‘zingiz ham talay yil adabiyotdan chetlanib tijorat jabhasida faoliyat ko‘rsatganingiz, moddiy ta’minotni joy-joyiga qo‘ygach, yana so‘z xizmatiga qaytganingizdan xabarimiz bor. «Yozuvchilik ortidan ro‘zg‘or tebratish – professionallik belgisi» degan gap butkul eskirdimi? Adabiyot ahlini rag‘batlantirishning nedir yo‘l-yo‘rig‘i bormi? 

– So‘z xizmatidan ketib, keyin qaytib kelish degan gap yo‘q. Xuddi fan yoki din sohasi kabi, adabiyot darvozasidan bir marta kiriladi. Biron adabiy jurnalda ishlamaslik yoki yozilganlarni e’lon qilmaslik – chetlanish degani emas. Siz «chetlanish» deb atagan davrda kaminaning «Todd», «Avliyo», «Bog‘i Eram» hikoyalari, «Boqiy darbadar» romani yozilgan...

Jamiyat aksar hollarda kuldiradigan yoki maftun-mahliyo qiladigan, bir so‘z bilan aytganda, hazmi yengil asar o‘qishni istaydi. Modomiki, pul to‘lab sotib olyapman, talab-ehtiyojimni qondirsin-da, deydi iste’molchi. Xo‘sh, ilmiy kashfiyot pulga aylanishi talab etilayotgan davrda chinakam so‘z san’ati qay yo‘ldan bormog‘i lozim?

Adabiyotda yangilik bo‘ladigan asarlar albatta yaratiladi. Ammo til go‘zalliklari bor-bo‘yi bilan akslanadigan, inson ruhiyati teran tadqiq qilinadigan asarlar ommaviylik kasb etmasligi mumkin. Har ne bo‘lganda ham, badiiy san’at sinchilari va xos o‘quvchilar bunday asarlarni hamisha intiq-ilhaq kutadi.

Kishilik dunyosi suvning formulasini topgan olimni yaxshi biladi. Biroq undan yuz karra foydaliroq bo‘lgan «og‘ir suv» formulasini kashf etgan kishini mutaxassislardan boshqa birov eslamaydi. Vaholanki, «og‘ir suv» formulasi keyinchalik yangi-yangi kashfiyotlarga doyalik qilgan. Bunday holat adabiyotga ham begona emas.

Ayrim guruhlar adabiyotni o‘z yo‘rig‘iga yurishga majbur etishi sir emas. O‘tgan asrning adabiy qahramonlari hali yoddan chiqqanicha yo‘q. Sel kelganida ariqqa yotib olib suvni to‘sgan va zotiljam bo‘lib vafot etgan kishi qahramon sanalardi. Shu tariqa davlat o‘z g‘oyasi targ‘ibi yo‘lida adabiyotdan foydalangan. Kezi kelganda so‘z san’ati ana shu g‘oyalarga sodiqman deb ko‘krak kergan munofiq kimsalarning ruhiyatiga nazar soladi. Bu xuddi ikki qutbga o‘xshaydi, shimolsiz janub bo‘lmaydi, janubsiz shimol...

Qalamhaqi masalasiga kelsak, bu borada fikrim bir oz o‘zgargan. Aslida, eng katta qalamhaqini yozuvchi olar, adabiyot esa ijodkor uchun ulkan imkoniyat ekan...

Azal-azaldan jahonga dong‘i ketgan hukmdorlaru davlatmand kishilar vafotimdan keyin ham elga xizmat qilib savobi yetib tursin degan niyatda yo‘llar, ko‘priklar, binolar qurgan. Qo‘lida qalamidan boshqa narsasi yo‘q mardum nimayam qilsin deysiz! Endi o‘ylab qarasam, ezgulikka yetaklaydigan asarning yo‘l, ko‘prik yoki madrasadan nimasi kam? Yozuvchi el koriga yaraydigan asar yozsa va bitiklarining savobi unga hatto o‘limidan keyin ham yetib tursa – ne baxt! Ulug‘larimiz adabiyotni «elga xizmat» deb aytar edilar, buning tub mohiyatini endi tushunayotgandekman.

Albatta, bunday «qalamhaqi»ga sazovor bo‘lishning mushkuloti bor. Ammo umid va ilinj shulki, aytilgan so‘zlar Tangri taolo dargohiga ko‘tariladi; so‘z esa oxirat diyorining elchisidir. Shoyad, aytilgan kamtarona kalom xayru marhamatlarga noil etsa!..

– Yaqinda chop etilgan «Alisher Navoiy» romaningiz munaqqidlarimiz ta’biri bilan aytganda, chinakam adabiy hodisa bo‘ldi. Avvalo, «boshingizni zo‘r ishga berib» muhtasham tarixiy-badiiy solnoma yaratganingiz bilan qutlaymiz. Ulug‘ mutafakkir haqida roman yozish, boz ustiga, Oybek domladek zabardast adib panjasiga panja urish, shubhasiz, ulkan jasoratdir. Asar e’tirofi borasida ko‘p so‘zlash mumkin, gustohlikka yo‘ymasangiz, ikki og‘iz e’tirozimizni ham bayon qilsak.

Romanda ko‘p bora sinovdan o‘tgan yo‘ldan borib, Navoiyning bolalikdan to keksalikka qadar umr yo‘lini batafsil qalamga olgansiz. An’anaviy qoliplarni buzib, mutafakkir bobomizning butun kechmishini emas, balki Majdiddin va Nizomulmulk bilan ixtiloflar, Mo‘min Mirzoning qatl etilishi singari shoir umrining dramatik ziddiyatu fojialarga boy biror qismini tanlash mumkin emasmidi?

Yana bir mulohaza. Islom aqidasiga ko‘ra, ismat sifatiga ega payg‘ambarlardan bo‘lak barcha insonlar xatokordir. Navoiy bobomiz ham insoniy qusuru kamchiliklardan xoli bo‘lmagani aniq. Ammo romanda u zot obraziga chizgilarda favqulodda ehtiyotkorlik seziladi. Holbuki, serg‘alva-serdolg‘a umr yo‘lini bosib o‘tgan mutafakkirning g‘azallarida ham ikkilanish, pushaymonlik kayfiyatini uqish mumkin. Bosh qahramonning bani odamga xos ojizliklarini ko‘rsatishingizga nima monelik qildi?

– Alisher Navoiy dahosi bir quyosh bo‘lsa, bu asar uning oynadagi birgina akslanishi, xolos. Vaqti kelib, buyuk bobomizning har bir kuni asarlarga aylansa ajabmas.

Romanni siz aytgan yo‘sinda yozsa ham bo‘lar, balki. Men o‘zimcha, uni Xondamirning «Makorim ul-axloq» yoki Bobur Mirzoning «Boburnoma»si kabi tarixiy asarlarga mos ravishda tartiblashga urindim. Asarni boshlab, hatto yarmiga kelganimda ham xayolimda siz aytgandek o‘ylar bor edi. Majdiddin ham, Nizomulmulk ham favqulodda hiylalar uchun juda bop «nomzod». Navoiyga qarshi har xil fitnalar to‘qishdi deb, otni rosa qamchilasa ham bo‘lardi. Biroq Xudoning marhamati bilan ongda bir fikr yarq etib chaqnab qoldi: axir, bular sizu biz singari, hayotda yaxshimi-yomonmi, yashab o‘tgan insonlar-ku. Olamdan o‘tganiga yaqin olti asr bo‘lsayam, so‘nggi makonida mahshar kunini kutib yotibdi. Ular aytmagan gaplarni ayttirish, qilmagan ishlarini qildirish... tuhmat bo‘lib qolmasmikan?..

Endi ushbu qoidani asardagi barcha tarixiy obrazlarga tatbiq qilib ko‘ring-a! Bu shunday og‘ir o‘y bo‘ldiki, butunboshli asarni qayta taftish etib chiqishga to‘g‘ri keldi. Albatta, aytilgan so‘zlar sabab nafaqat Majdiddinu Nizomulmulk, balki hazrat Navoiyga ro‘para bo‘lish va savol-so‘rog‘iga javob berish mas’uliyati ham yo‘q emas. Shu bois romanda hazrat Navoiy tilidan aytilgan so‘zlarni o‘z asarlaridan yoki u zotga bag‘ishlangan bitiklardan izlashga to‘g‘ri keldi. Ammo baribir hadik-xavotir yo‘q emas: garchi «Boburnoma» yoki «Habib us-siyar»da Majdiddin to‘ng, qo‘rs bir odam o‘laroq tavsiflangan bo‘lsa ham, vaqt-soati kelganida «Falon kalomni men aytmagan edim, falon amalni men qilmagan edim» deb rad qilsa, qayga bosh uramizu qanday javob beramiz?!

To‘qima obrazlarga kelsak, «Kishi surati chizilsa, bo‘yniga chiziq tortib, peshonasiga loshi-loshi deb yozib qo‘yish shart» qabilidagi o‘tgan asr aqidalari esga keladi. Ne baxtki, bunday xavotirlardan hazratning o‘zi qutqaradi. U zot ustoz Jomiy huzuriga borganini bunday hikoya qiladi: «So‘zimni eshitar ekan, yuzi bo‘s­tondek ochilib, mehribonlarcha yengini egnimga tashladi, qo‘lini yelkamga qo‘ydi. Shunda o‘zimdan ketgandek bo‘ldimu qiziq bir holat yuz berdi: to‘satdan o‘zimni ajoyib bir bo‘ston ichida ko‘rdim, bog‘u guliston aro aylanib yurgan emishman... Bog‘ ichida ko‘pgina kishilar halqa qurib, shirin suhbat qilar ekan. Ulardan biri oldimga keldi. Shoirona qiyofali dilkash va ko‘rkam bu kishi salom berib, men bilan so‘rashgach, «Bu baxtiyor va quvnoq odamlar sening ham suhbatimizga qo‘shilishingni istamoqdalar», dedi. Uning taklifini qabul qilib, o‘sha tomon yurdim. Yo‘lda borarkanmiz, hamrohimga o‘zimni tanishtirib, suhbatdoshlar kim ekanini so‘radim. U dediki: «Ular masnaviy nazm qilgan shoirlardir. Xususan, ulardan bir nechtaci «Xamsa» yaratgan, «Xamsa»dagi konlar xazinasini ochgan donolardir...» Shu tariqa, Navoiy Xusrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviy va boshqa shoirlarning ismlarini, hikmatlarini keltiradi va voqea so‘ngida bu hodisaning xayol mahsuli ekaniga ishora qiladi.

Albatta, inson – ojiz banda. Ammo millat taqdiriga bitilgan shunday ulug‘, nurli zotning ojizliklarini atay izlab topsag-u, ularni asarda gavdalantirsak, bundan kimga foyda-yu, kimga ziyon? Bundan ko‘ra, avlodlik izzatimizni saqlagan holda, olti asr beridan qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib, minnatdorlik bildirganimiz, hurmat izhor qilganimiz a’loroq emasmi?

Sobirjon Yoqubov suhbatlashdi.

«Tafakkur» jurnalidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring