Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir hovuch so‘z uchun oylik-maosh yoxud... bulbulning erkagi sayraydi

Bir hovuch so‘z uchun oylik-maosh yoxud... bulbulning erkagi sayraydi

Biz faqat jang maydonlarida mardlik ko‘rsatiladi, deb o‘ylaymiz. Aslida hayotning o‘zi inson uchun jasorat maydonidir. Bunga ijod ahli hayoti ham yorqin misolidir. Shunday ijodkorlardan biri Abdulla Qahhor edi. 61 yillik hayoti davomida nohaqliklarga qarshi isyon ko‘tarib o‘tgan mardonavor, halol inson, betakror adib edi u...

Temirchi Abduqahhorning zehnli o‘g‘li Abdulla adabiyotning sehrli olamiga kirib kelgunicha butun vodiy qishloqlarida oilasi bilan rizqini terib yurdi. XX asrning fojialarini ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. O‘sha davr taloto‘plari ichida yashadi.

1923 yili matbuotda ilk asari bosildi. U Qo‘qon pedagogika texnikumida, O‘rta Osiyo davlat universitetida o‘qish, turli nashrlarda ishlash jarayonida sho‘ro mustamlakachiligining qabihona siyosatini anglab yetdi. Natijada atrofidagi maslakdoshlari bilan «Botir gapchilar» deb atalgan sho‘rolarga qarshi tashkilotga a’zo bo‘ldi.

Qahhor ustozlari va tevaragidagi do‘stlarining otilgani, qamalganidan xulosa chiqarib, tinchgina yozuvchiligini qilib yursa bo‘lardi. Chunki, uning o‘zi ham 1935–37 yillarda naq qamoqxona ostonasidan qaytgan edi...

Tinch, jo‘shqin va zarbdorona mehnat avj olyapti, deyilgan 1955–1968 yillarda ham Qahhor goh paxtakorning og‘ir mehnatini, goh adabiyotda, san’atda bo‘layotgan qing‘irliklarni fosh etdi. Gazeta-jurnallarda chiqayotgan maqolalari, uchrashuv, tadbirlarda so‘zlagan otashin nutqlari «tepadagi»larga yoqmayotganini bilardi u. Biroq Qahhor «chest» beradigan, «labbay» deya yetti qavat bukilib ta’zim qiladigan oddiy askar emas, balki ongli fikrlaydigan inson edi.

1965 yili Abdulla Qahhor Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika institutida bir mavzuni ko‘tarib chiqdi. O‘shanda aytilgan gaplar bugungi avj olgan radiomahmadonalar va betayin qo‘shiqchilar uchun yaxshigina tanbehdir:

«Juda boy, chiroyli tilimiz bor. Bu tilda ifoda etib bo‘lmaydigan fikr, tuyg‘u yo‘q!.. Afsuski, radioda ko‘pincha xalq bilan mana shu boy, chiroyli, purqudrat tilda gaplashmaydilar. Odamlar borki, bisotidagi bir hovuch so‘zni aylantirib oyligini olaveradi, o‘qish, o‘rganish bilan o‘zbek tilining imkoniyatidan to‘laroq foydalanishni istamaydi yoki bunga farosati yetishmaydi. Mana shu odamlarning dangasaligi, farosatsizligi, chalamulla «olim»larning ilmiy faoliyati oqibatida shundoq bir til vujudga kelganki, na muomilada, na suhbatda, na oilada hech kim bu tilda gapirmaydi...

Bu tilni faqat mikrofon ko‘taradi, bunga faqat mikrofon toqat qiladi... Bizning matbuot va radio tili nima uchun kundan-kunga xalq tilidan uzoqlashib borayapti? Nima uchun tilimizning qonun-qoidalari buzilyapti? Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotganlarga hech kim hushtak chalmaydi?..

Keyingi vaqtlarda ashula janrining g‘oyaviy-badiiy saviyasi ham tobora pastlashib ketayapti. Radio va televideniyadan beriladigan ashulalarning matni xarob, kompozitorlar bu matnlarni qaysi go‘rdan topganiga hayron qolasan, kishi:

...Bir ko‘nglim olma dedi,

Bir ko‘nglim olgin dedi.

Qo‘lim hech bir qaytmagan...

 Nima gap bu o‘zi? Shu ham she’rmi? Shu ham ashulami?..

 Bu chalasavod odamning qog‘oz tirnab qilgan mashqi qayoqdan kompozitorning qo‘liga tushdi-yu, buning nimasi musiqa yozishga ilhom berdi ekan?

Klassiklarda ham, xalq adabiyotida ham, hayotda ham odatan yigitlar yaxshi ko‘rgan qizlarini maqtashar edi: ko‘zing undoq, o‘zing mundoq, deyishar edi. Hozirgi ko‘p ashulalarda qizlar o‘zlarini maqtashadi: u yog‘im undoq, bu yog‘im bundoq deyishadi...

Tashabbus erkakdan bo‘lishi kerak, bulbulning ham erkagi sayraydi-ku, deydigan odam yo‘q!..»

Qahhor yuqoridagi gaplarni pedagogika institutida aytganida, eshitib o‘tirganlardan ayrimlari adibning ovozini magnitofonga yozib olgan, mavzu nihoyatda dolzarb bo‘lganidan o‘sha tasma ko‘paytirilib tarqatilgan ekan. Katta shov-shuvga aylangan uchrashuv va unda bildirilgan fikrdan so‘ng Abdulla akani teleradioqo‘mitaga taklif etishadi. Shunda adib dilidagini yana tiliga chaqirib, bevosita u yerda ishlovchilarga tanbeh beradi. Oldingi aytgan gaplari mansabdorlarga yoqmaganini ta’kidlab, shunda-da o‘z fikrida qoladi, haq so‘zni aytadi.

«...O‘zlaringga ma’lum, mansabdor ikki toifa bo‘ladi: bir toifasi o‘z o‘rniga muvofiq, munosib bilimi, qobiliyati bilan har ishga qodir. Bu toifa mansabdor ishni ishonch bilan olib boradi. Tanqid eshitsa, buning mag‘zini chaqishga, tanqidni chuqurroq tushunishga harakat qiladi-yu, bundan xulosa chiqarib, o‘zining raxna joyiga darrov chim bosadi. Bunday mansabdorlarning o‘zi ham xursand, ishi ham «mix»day, odamlar ham mamnun. Boshqa bir toifa mansabdor o‘z o‘rniga muvofiq emas, munosib ham emas, shuning uchun sir ochilib qolishidan hamisha xavotirda: osmonda chuchmchuq pir etsa, yuragi shuv etadi. Anchayin tanqidiy shabada bularga bo‘ron bo‘lib, stolini ko‘tarib ketayotganday tuyuladiyu, stolini quchoqlab yig‘laydi: «voy-dod, falonchi aka, meni ushlang, yiqilaman», deydi adib.

Qahhor rahbarlar faoliyatiga baho berib o‘tgach, pedagogika institutida aytib o‘tgan fikrlarini bevosita ashulani «aylantirib» yotgan teleradioqo‘mita xodimlariga bildiradi.

«...Ashula aytish, ashula tinglash butkul ixtiyoriy narsa: xohlagan odam aytadi, xohlamagan aytmaydi, xohlagan eshitadi, xohlamagan eshitmaydi. To‘g‘ri, ba’zan ashulachiga pul berib, oylik berib ayttirish mumkin, lekin o‘z qadrini bilgan kishi xohlamagan ashshulasini pul bersangiz ham eshitmaydi...

Radio va televideniyeda beriladigan ko‘p ashulalarning matni nihoyatda xarob. Xususan, muhabbat to‘g‘risidagi ashulalar muhabbatdan odamning ixlosini qaytaradi... Ba’zi ashulalarda shoirning yori buzuq bo‘ladi: «hammaga o‘pich beradi-yu, shoirga o‘pich bermaydi...»

Xullas, shu kuni Abdulla Qahhor jamiyatdagi dardli nuqtani tilga olib, salbiy illatlarni fosh qiladi. 1965 yilda aytilgan bu gaplar – TV, radio, ashula haqidagi fikrlar bugun ham dolzarbki, go‘yo Qahhorning fikrlari hozirgi kunga oiddek. Agar adib bugun hayot bo‘lib, TV, radioda berilayotgan, konsertlarda aytilayotgan qo‘shiqlarni eshitganida nafaqat tanbeh bergan bo‘lardi, balki...

Xullas, Qahhor jim tura olmasdi. Negaki, 1965 yili shov-shuv bo‘lgan o‘sha uchrashuvdan uch yil oldin u shunday deb yozgan edi:

«Ko‘ngilga xush kelmaydigan, yog‘lanmagan eski aravaning g‘iyqillashiga o‘xshash shu ashulani eshitishga ob’yektiv ravishda bo‘lsa ham majbur qilish nima degan so‘z o‘zi?.. Tovushi bo‘lmagan odam o‘zicha ashula aytib yuborishi mumkin. Mayli, aytsin, lekin uning ashulasini yozib olib, radioda berish hech kimning xayoliga kelmaydi. Buni yozib, radioga berish mashinistgagina kerakli bo‘lgan paravozning gudogini yozib olib, radioda berishday bema’ni ish bo‘lar edi...»

Umid Bekmuhammad, tadqiqotchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring