Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir hokim va uch fermer «qissasi»

Bir hokim va uch fermer «qissasi»

Foto: Andijon tumani hokimligi

Ulug‘bek Isomiddinov... Andijon tumaniga bir necha yildan beri hokimlik qilayotgan bu amaldor haqida necha marta yozilmadi, deysiz?! Saytimizning o‘zida ikki marta tanqid qilindi. Biroq kalla mo‘ljallab otilgan «tosh»lar sallani chuvalatdi, xolos. Maqolalarda qalamga olingan ayanchi holatlar na rad etildi, na tan olindi. Bu orada hokim janoblari o‘zini tanqid qilgan jurnalistni sudga berib ko‘rdi. Biroq murodi hosil bo‘lmadi: sudda yutqazdi. Shu holatning o‘zi maqolalar asossiz emasligini ko‘rsatadi. Shunga qaramay, mutasaddining hech-yo‘g‘i «burniga chertib qo‘yadigan» vakolatli vakil topilsa, qani?! Bu esa amaldorning yanada «keng quloch yozib», faoliyat ko‘rsatishiga «ilhomlantirmay» qo‘ymaydi, albatta.

Bugun Ulug‘bek Isomiddionov faoliyatidan yana «bir shingil» yozishga to‘g‘ri kelmoqda. Holbuki, qalamga olinayotgan masalaga Oliy sud allaqachon qonuniy nuqta qo‘ygan, shunga qaramay, hokim buva sud qaroriga «kinna solish»dan nariga o‘tmayotgandek...

Xullas, gap hokim va tumandagi «Sherzodbek oltin dalasi», «Abduqahhor vorislari» hamda «Jo‘rabek» fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi nizo haqida.

...Xabaringiz bor, 2019-yilning yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining fermer xo‘jaliklarini maqbullashtirishga doir qarori qabul qilingandi. Qaror mohiyatini dehqonchasiga tushuntirsak, o‘zini oqlamayotgan, qoloq xo‘jaliklar tugatilib, ularning yer maydonlari doimiy yuqori ko‘rsatkichlarga ega, ilg‘or fermerlarga qo‘shib berilishi kerakligi qayd etiladi.

Biroq hukumatning ayni qarori Andijon tumanida teskari ijro etilishga tushildi. Ya’nikim, tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov qarorni «pana qilib», 2019-yil 23-yanvar kungi qarori bilan «Sherzodbek oltin dalasi», «Abduqahhor vorislari» hamda «Jo‘rabek» kabi ilg‘or fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomalarini bir tomonlama bekor qilvorsami?! Qisqasi, Vazirlar Mahkamasining qarori mutlaqo teskari bajariladiki, zaxiraga olingan yerlar oldindan faoliyat ko‘rsatib kelayotgan peshqadam fermerlarga biriktirilmay, ular negizida dehqonchilik bobida tajribaga ega bo‘lmagan mulkdor nomiga yangi xo‘jalik tashkil etiladi.

Tabiiyki, yeridan mosuvo bo‘lgan fermer sud ostonasiga bosh urib borishi turgan gap: «Adolatni tiklab bering, qozi buva!»

Shunday bo‘ldi ham. Viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi uch fermer – Shokir Otajonov, Jo‘rabek Ro‘zioxunov hamda Shokir Yo‘ldoshevlarning shikoyati bilan obdon tanishgach, arzgo‘ylarning manfaatini himoya qilib ma’muriy sudga murojaat qildi.

Sud jarayoni biram uzoq davom etdi-yey! Fermerlarning arizasi aylanib-o‘rgilib, Qo‘rg‘ontepa tumani ma’muriy sudiga borib, to sud shikoyatni rad etish haqida qaror chiqquncha 2019 yilning may oyi oyoqladi. Ish viloyat ma’muriy sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudi qarori kuchda qolidirilgan paytda saratonni chillasi kirib ulgurdi....

Alqissa, fermerlar ham vaqtidan, ham naqdidan yutqazishdi, illo ortga chekinilmadi. O‘tgan yilning adog‘ida masala Oliy sudda ko‘rilib, quyi sudlarning qaror-u ajrimlari bekor qilindi. Shu barorbarida yangi mazmunda qaror qabul qilinib, fermerlarning arizasi qanoatlantirildi: hokimning yuqorida zikr etilgan qarorining uch fermer xo‘jaligiga taalluqli qismi ham haqiqiy emas, deb topildi.

Oliy sudda quyi instansiya sudlarining qarorlari bekor qilinishi yoki o‘zgatirilishi tabiiy. Biroq unchayam murakkab bo‘lmagan nizo yuzasidan chiqarilgan sud hujjatlarining mutlaqo aksi bo‘lgan qaror chiqarilishi tez-tez uchraydigan holat emas. Axir Oliy sudda vaziyat 180 gradusga o‘zgarib ketdi-da.

Mayli, ko‘pam bajoratga berilmay voqealar rivojini kuztishda davom etaylik.

Fermerlarning shuncha ovorayu sarson bo‘lganiga yarasha adolat qaror topibdi-ku, yerlarini qaytarib, ekin-tikinni boshlab yuborishgandir dersiz? Qayoqda?

Oliy sud qarorining ijrosini-ku qo‘yaturing, ayni hujjatning hali siyohi qurimasdan turib tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinov so‘z borayotgan fermer xo‘jaliklari ustidan bu gal Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritdi. Mazmun-mohiyat o‘sha-o‘sha: «hokimlik va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tuzilgan yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomalarini bekor qilishingizni so‘rayman».

Andijon tumanlararo iqtisodiy sudi hokimning da’vosi bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish yuzasidan 2020-yil 18-fevral kuni ajrim qildi. Mazmuni shuki, «hokim buva, jichcha shoshibsiz, bizga murojaat qilishdan avval fermerlarga yerlarini qaytarib bering – tartib shunday. Ana undan keyin kelgan joyidan gaplashaveramiz, xo‘pmi?»

Hokim ayni kunning o‘zidayoq (!) yashin tezligida bir kun avvalgi, ya’ni 2020-yil 17-fevral sanasi (!) bilan Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2019-yil 23-dekabrdagi qarori ijro uchun qabul qilinganligi haqida qaror qildi hamda iqtisodiy sudning ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ajrimini bekor qilish yuzasidan viloyat iqtisodiy sudiga darhol apellyasiya shikoyati berdi. Bu masala yaqin kunlarda viloyat iqtisodiy sudida ko‘rib chiqiladi... Iqtisodiy sud qanday qaror qabul qiladi — avvaldan bir nima deyish qiyin. Ammo bir narsa aniq: sud qanday qaror chiqarmasin, fermerlar 2020-yilni ham sudlashib o‘tkazishi ehtimoli kattadek...

Mayli, hozir gap bunda emas. Gap Oliy sudning qarori ijrosi hamon «o‘yin» bo‘layotganida!

Oliy sudning 2019-yil 23-dekabrdagi qarori oradan salkam ikki oy o‘tib hokim tomonidan ijro uchun qabul qilindi (sud qarorining ijrosini hazm qilish juda qiyin kechganini angladingiz). Ammo yer maydonlari amalda egalariga qaytarib berilmadi. Ijro nomigagina, qog‘ozdagina amalga oshirildi, xolos.

Ikkinchidan, nizoni sun’iy ravishda, sudma-sud cho‘zishdan har uch fermer xo‘jaligi va ularning a’zolari katta miqdorda moddiy daromadni boy beryotganini sezib-ilg‘ab turibsiz: salkam 200 gektardan ziyod ekin maydoni ortidan to yer noqonuniy zaxiraga olingunga qadar qancha-qancha oila ro‘zg‘or tebratib kelganligini tasavvur etavering. Boz ustiga, yer qo‘ldan qo‘lga o‘tishi evaziga paxta va g‘alla hosildorligi ham keskin tushib ketishi turgan gap. Dehqonchilikda bir kunlik beparvolik ham hosildorlik tushib ketishiga «munosib» hissa qo‘shadi-da. Pirovardida yuqoridagi har ikki jihat tuman iqtisodiyotiga yetarlicha ziyon yetkazishini dalaning tilini tushunadiganlar yaxshi bilishadi.

Va nihoyat, hokimning fermerlar bilan yer borasida qattiq talashib-tortishini kuzatib, ming xijolatda bo‘lsa ham aytaylik: hatto fuqarolik sudlaridagi meros bilan bog‘liq nizolarda ham bunday keskin «kurash»lar kamdan-kam uchraydi. Nazarda tutilgan ekin maydonlari esa – davlatniki, fermerlarga naq 49 yilga ijaraga berilgandi-ku...

Eng asosiy savol esa mana bu: Oliy sudda haq-huquqlari tiklangan bo‘lsa-da, tuman hokimi atrofidagi donishmandlar qonundan «darcha» topib, nizoni achchiq ichakdek cho‘zishayotgani, buning natijasida amalda yeriga egalik qilolmagan fermerlarning qonunga, olib borayotgan islohotlarga nisbatan ishonchiga soya solmaydimi?

Birniki – mingga, mingniki – tumanga, degan gap bor axir!

Nurillo No‘’monov, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring