Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ayoz bobo»dagi Nastenka: yolg‘iz qolgan aktrisa qismati

«Ayoz bobo»dagi Nastenka: yolg‘iz qolgan aktrisa qismati

«Ayoz bobo» film-ertagini tomosha qilmagan odam kam bo‘lsa kerak. Rejissyor Aleksandr Rou tomonidan suratga olingan mazkur kinoasarni nafaqat millionlab bolalar, balki ularning ota-onalari ham sevib ko‘rishgan. Filmdagi muloyim va sodda Nastenka itoatkorlik ramzi edi. Quyida mazkur rol ijrochisi aktrisa Natalya Sedix haqida hikoya qilamiz. U hali hamon sokin ovozda gapiradi.

Bolalik va yoshlik

Natalya Yevgenevna Sedix 1948-yil 10-iyulda Moskvada tug‘ilgan. Onasi uy bekasi edi. Otasi aviatsiya sohasida xizmat qilgan, polkovnik darajasiga ko‘tarilgan va «Dinamo» metro bekati yaqinidagi Stalin binosidan yaxshi kvartira olgandi. Aktrisa hozirgi kungacha shu uyda yashaydi.

Bolaligida Natasha televizorda ko‘rsatilayotgan figurali uchuvchilarning chiqishlarini ko‘rib, qiziqib qoldi. Onasidan sport bo‘limiga olib borishini iltimos qildi. Biroq dastlab Sedixni qabul qilishmadi – qiz hali go‘dak edi.

Natalya bo‘sh kelmadi. U sevimli sportchisining o‘yiniga mos tarzda tanlov komissiyasi uchun chiqish qildi. Murabbiylar samimiy kulishdi va o‘jar qizchani qabul qilishdi.

Sedix konkida uchar ekan, raqsga qiziqayotganini tezda angladi va ko‘proq vaqtini shunga ajratishga qaror qildi. O‘n yoshida Natalya allaqachon unvonlarga ega sportchiga aylangan: u ikki marta Moskva o‘smirlar chempionatida g‘olib bo‘lgan va kattalar chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

Bundan tashqari, Natasha sherigi bilan birgalikda mamlakat olimpiya terma jamoasiga nomzod bo‘ldi. Agar bir kuni uning qiziqish doirasi o‘zgarmaganida, kim biladi, yana qanday yuksaklikka erishgan bo‘lardi! Bu safar qiz «Jizel» spektaklini ko‘rdi va balet olamiga sho‘ng‘idi.

Balet bo‘yicha mahoratga ega Sedix hech qanday muammosiz Moskva xoreografiya bilim yurtiga qabul qilindi. Sportni unutishiga to‘g‘ri keldi: o‘qituvchilar bolalarning oyoqlariga zarar bermasligi uchun xavfli mashg‘ulotlarni taqiqlashdi.

O‘qishni tugatgandan so‘ng Sedix mamlakatning bosh balet sahnasi – «Bolshoy teatr»ga ishga kirdi va 20 yil umrini unga bag‘ishladi.

Bilim yurtida janjal

Sedixning kinodagi tarjimai holi uning sportdagi faoliyati bilan birga start olgan. Aktrisa filmografiyasi «Olovdan ehtiyot bo‘ling» targ‘ibot roligi, shuningdek, maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan fransuz o‘quv filmi bilan boshlandi.

Badiiy kinoda rol o‘ynashga esa 15 yoshida taklif qilishdi. Bilim yurtida o‘qish ayni qizg‘in pallada edi o‘shanda. Rejissyor Aleksandr Rou qizning chiqishlarini televizorda ko‘rgan edi: Natasha ilgari mashg‘ulot o‘tkazgan stadion direktori undan teledastur uchun chiqishini so‘ragan edi. Natalya rozi bo‘ldi, ammo buni o‘qituvchilaridan sir tutdi. Oqibatda janjal chiqdi, chunki o‘quv jarayoni bir necha oy davomida to‘xtab qolgan edi.

Natalyaning ustozi, taniqli balerina va Mayya Plisetskayaning tutingan onasi Sulamif Mixaylovna Messerer o‘rtaga tushdi. Sedix o‘quv dasturini o‘zlashtirishga harakat qildi – u darsliklarni kechasi bilan o‘qib chiqardi.

«Ayoz bobo» filmini suratga olishda yosh aktrisaga hamma g‘amxo‘rlik qilgan. Marfushka roli ijrochisi Inna Churikova, hatto Natalyani bilim yurtiga tinglashlari uchun olib kelgan. Ammo o‘qituvchi zo‘rg‘a eshitadigan tarzda gapiradigan Natalyaga qarab, u yerda qizning o‘ziga xosligini yo‘q qilishlari mumkinligini aytdi.

Aktrisa hayotidagi birinchi o‘pishish u pinhona sevib qolgan Ivanushka rolining ijrochisi Eduard Izotov bilan bo‘ldi. Film ekranga chiqqandan bir kun o‘tib, Sedixga shon-shuhratga ko‘mildi, xayriyatki, sport bilan shug‘ullanganida u yulduzlik kasaliga qarshi «emlangan» edi.

Natalya Yevgenevna eslashicha, shundan so‘ng kinoga juda ko‘plab takliflar bo‘lgan, lekin u rad etardi – o‘qishni birinchi o‘ringa qo‘yardi. Rou yana murojaat qildi – «Olov, suv va mis quvurlar» ertagidagi Alyonushka bosh roli uchun. Aktrisa rad eta olmadi. Filmda mashhur kinoyulduzlar Mixail Pugovkin, Georgiy Millyar, Aleksey Smirnov ham bor edi.

Anatoliy Papanov bosh rolni ijro etgan tug‘ruqxona shifokori va asrandi o‘g‘illari haqidagi «Don Kixot bolalari» filmida Sedix Lev Prigun ijrosidagi Dmitriyning qallig‘i rolini ijro etdi.

«Moviy muz» dramasi aktrisaga bolalikdagi figurali uchishga bo‘lgan ishtiyoqini eslatdi: u chempionatda mag‘lub bo‘lgach, sportni tark etishga qaror qilgan sportchini o‘ynadi. Sherigi professional figurali uchuvchi, olimpiya o‘yinlari sovrindori Aleksandr Gorelik edi.

Kinostudiyalarga maktub

Natalya Yevgenevnaning uzoq tanaffusi oldidan so‘nggi filmi «Uch apelsinga muhabbat» televizion musiqiy filmi hisoblanadi. Suratga olish jarayoni cho‘zilgandan-cho‘zilar, rejissyor doimiy ravishda tuzatishlar kiritardi. Alal oqibat aktrisaning sabri tugadi.

Mislsiz muvaffaqiyatiga qaramay, Sedix o‘zining yulduz maqomi haqida o‘ylab o‘tirmadi. Yoshligida uning xayoli faqat balet bilan band edi – hozir «Bolshoy teatr»da raqsga tushardi. Va u ayni yigirma yoshida har qanday aktrisa nuqtai nazarida qo‘rqinchli hisoblangan qaror qabul qildi – kinostudiyalarga maktub yo‘llab, bugungi til bilan aytganda, o‘zining barcha fotosuratlarini ma’lumotlar bazachidan o‘chirib tashlashni so‘radi.

1990 yilda Natalya Yevgenevna «Nikitskiy darvozasi» teatriga ishga kirdi. So‘ng kichik epizodlarda ishtirok etib bo‘lsa-da, yana aktyorlik faoliyatini boshladi. 1994 yilda Valentin Gaft, Nina Ruslanova va Anastasiya Nemolyayeva bilan birga «Men ozodman, men hech kim emasman» komediyasida chiqdi. «Ob-havo mutaxassisi» tragikomediyasida ham rol ijro etdi.

2007 yilda rejissyor Svetlana Proskurina Ivan Viripayev ssenariysi asosida «Yilning eng yaxshi vaqti» dramasini suratga oldi. U teatr sahnasini allaqachon tark etgan Sedixni bosh rolni o‘ynashga taklif qildi. Sevgi uchburchagi haqidagi film Andrey Tarkovskiy nomidagi «Oyna» kinofestivalining tanlov dasturida ishtirok etdi. Shundan so‘ng aktrisa Proskurinaning ommaviy muhokamaga sabab bo‘lgan va Kinotavr festivalining bosh mukofoti bilan taqdirlangan «Sulh»ida suratga tushdi. Film Germaniya, Angliya va Fransiyadagi xalqaro kinoforumlarda namoyish etildi.

Shundan so‘ng ko‘rinmay qolgan Natalya Sedix 2018-yilda Andrey Malaxovning «Salom, Andrey!» shousining ko‘hna ertaklarga bag‘ishlangan sonida ishtirok etdi. Shuningdek, «Oh, onalar!» dasturining qahramoniga aylandi, «Yulduzlar sirlarini ochganda» dasturida esa u o‘zining ijodiy faoliyati va shaxsiy hayoti haqida gapirib berdi.

Shaxsiy hayot, bir o‘g‘il va xiyonat

Natalya Yevgenevnaning iqror bo‘lishicha, u tez-tez, shu jumladan, mashhur atristlarni ham sevib qolgan, lekin faqat bir marta turmushga chiqqan. Umr yo‘ldoshi, bastakor Viktor Lebedev bilan Sankt-Peterburgdagi «Bolshoy teatr»ga gastrol safari chog‘ida tanishgan. Erining o‘zi taniqli shaxs bo‘lganligi bois, balerinani kino yulduzi sifatida tan olmagandi. Sedixdan dastxat so‘rashganini ko‘rib, keyin ishonch hosil qilgan.

Ijodkorlar oilasida o‘g‘il Aleksey Lebedev tug‘ildi. Biroq, afsuski, o‘n yildan so‘ng nikohga darz ketdi. Viktor Mixaylovich rashkchi bo‘lib chiqqan, ammo aktrisaning ta’kidlashicha, ajrashishga har ikki tomonning yon bosmagani va o‘z manfaatlarini qurbon qilishni istamagani sabab bo‘lgan. Er-xotin turli shaharlarda yashashdi va oxir-oqibat o‘g‘il otasinikiga ko‘chib o‘tdi.

Ularning ajrashishiga xiyonat sabab bo‘lgan edi: Natalya Yevgenevna Viktorni boshqa ayol bilan tutib oldi. Ammo er-xotin janjalsiz, do‘stona ajrashdi. Viktor Lebedev shundan so‘ng ikkinchi va, hatto uchinchi marta uylandi. Sedix esa boshqa turmush qurmadi, lekin ishqiy sarguzashtga berildi: aynan u tufayli Mixail Serishenko va Yekaterina Semenovaning nikohi buzildi.

Sobiq balerina umri davomida o‘zini oziq-ovqatdan cheklab keladi, bolaligidan davom etayotgani bois, bundan umuman azob chekmaydi. Aktrisa nozik qomatini saqlab qola oldi – bo‘yi 158 sm, vazni taxminan 50 kg. U yoshiga nisbatan navqiron ko‘rinadi, bu o‘zi tan olganidek, plastik jarrohlik emas, balki maxsus dori-darmonni teri ostiga, tomirlarga yuborish, muz bilan artish va sog‘lom uyqu tufayli.

2018-yilda «Ideal ta’mir» dasturini suratga olish guruhi Natalya Yevgenevnaning uyiga tashrif buyurdi va xonalardan birini hashamatli mebel bilan jihozladi.

Viktor Lebedev 2021-yil mart oyida vafot etdi. Sedix sobiq eri bilan vidolashuv marosimiga bormadi. Intervyuda aktrisa buni o‘g‘li unga Sankt-Peterburgga borishni taqiqlagani, koronavirus paytida xavfli bo‘lishi mumkinligi bilan izohladi.

Natalya Sedix bugun nafaqada, u Moskvadagi uyda yolg‘iz yashaydi. Mark Rozovskiy teatrini tark etganiga yigirma yildan oshdi. Kinoda suratga tushmaydi, ommaviy tadbirlarga bormaydi. Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, u o‘ziga ko‘proq vaqt ajratadi va hayotdan zavqlanadi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring