Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Arab olami javohiri»ning O‘zbekistonga manfaatli taklifi bor

«Arab olami javohiri»ning O‘zbekistonga manfaatli taklifi bor

Elchi Ahmad Xolid al-Jiyron.

Foto: Xabar.uz

«Foydalanilmagan imkoniyatlar bisyor» – Kuvayt elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini ochiqladi.

«Arab olamining javohiri» deb ta’riflanadigan Kuvayt davlati O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan o‘lkalar sirasiga kiradi. Koronavirus pandemiyasi sabab davlatlararo hamkorlik birmuncha susaygani bor gap. Ammo diplomatlar ana shunday sinovli pallada ham hamkorlikni yanada jonlantirish yo‘lida izlanmoqda. Kuvaytning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Xolid al-Jiyron «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda o‘zaro aloqalarda hali istifoda etilmagan imkoniyatlar xususida so‘zlab berdi.

«Kuvayt O‘zbekiston bilan mustaqillikning ilk yillaridanoq diplomatik aloqa o‘rnatgan. Toshkentda 2001 yildan buyon elchixonamiz faoliyat yuritib kelmoqda. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda izchil hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Bu borada 18 ta bitim ratifikatsiya qilingani ham aloqalarimiz ko‘lamini tasavvur etmoqqa kifoya qiladi. Turli sohalarga oid bitimlarni hayotga to‘laqonli tatbiq etish esa dolzarb vazifa ekani sir emas», – deydi elchi.

Diplomatning ta’kidlashicha, Kuvayt do‘st mamlakat o‘laroq O‘zbekistondagi islohotlarni xayrixoh nazar bilan kuzatib kelmoqda.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari rahbarligidagi islohotlar o‘z mevalarini berayotganiga guvohmiz. Xususan, iqtisodiyotni takomillashtirish, sarmoyadorlarni jalb etish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar diqqatga sazovor. Xabaringiz bor, Kuvaytda neft-gaz sektori g‘oyat rivojlangan va biz bu borada katta tajribaga egamiz. Energetika sektorida hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, har ikki tomonga manfaatli bo‘lishiga ishonchim komil», – deydi diplomat.

Rasmiy Toshkent va Al-Kuvaytning mintaqaviy hamda xalqaro masalalarga yondashuvi ko‘p jihatdan bir-biriga yaqin. Sirasini aytganda, tomonlar barqarorlikni mustahkamlash, tahdidlarni bartaraf etish va xavf-xatarlarning oldini olish borasida aksar hollarda mushtarak pozitsiyani yoqlaydi. Joriy yil 15-16 iyul kunlari Toshkentda tashkil etilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi nufuzli anjumanda ham Kuvayt tashqi ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha davlat vaziri shayx Ahmad Nosir al-Muhammad as-Saboh ishtirok etdi. Tashrif doirasida yuqori martabali mehmon prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. E’tiborga molik jihati, oliy darajadagi muzokaralarda ikki mamlakat aloqalari «an’anaviy do‘stona munosabatlar» deya baholandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kuvayt tashqi ishlar vaziri bilan. Foto: O‘zR prezidenti matbuot xizmati

«Tashqi ishlar vazirimiz shayx Ahmad Nosir al-Muhammad as-Sabohning Toshkentga tashrifi muloqot va almashinuvlarning faollashishiga xizmat qilishi shubhasiz. Zotan, Kuvayt amiri shayx Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Saboh hazrati oliylari ham O‘zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirishga ko‘rsatma berganlar. Elchixona esa ana shu xayrli maqsad yo‘lida kamarbasta», – deya mulohazalarini davom ettiradi elchi Ahmad Xolid al-Jiyron.

Xo‘sh, biri Arab olamida, ikkinchi Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rin tutuvchi mamlakatlar hamkorligida qaysi sohalarni istiqbolli deb atasa bo‘ladi? Cavdo-investitsiya, moliya, axborot texnologiyalari va turizm bo‘yicha hali istifoda etilmagan imkoniyatlar bisyor. Ayni choqda, ta’lim yo‘nalishidagi robitalar ham ulkan samara berishi kutilmoqda.

«2018 yilning fevral oyida O‘zbekiston hamda Kuvayt o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot yo‘nalishida hamkorlikka oid bitim kuchga kirdi. Ushbu hujjatda arab tilini o‘qitish, manbashunoslik va qo‘lyozmalarini saqlash borasida samarali hamkorlik ham ko‘zda tutilgan. Pandemiya ushbu bitimni to‘laqonli amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda. Ammo vaziyat izga tushishi bilan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini bog‘lab, o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar almashuvini yo‘lni qo‘yishni ko‘zlaganmiz», – deydi Kuvayt elchisi.

Darhaqiqat, olis manzillarni ko‘zlab yo‘lga chiqqan, ammo vabo ofati sabab bir muddat tanaffus qilishga majbur bo‘lgan ilm karvoni yana harakatga tushmoqda. Jumladan, joriy yil 2 dekabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «Boursa National» va «AlShall Consulting Quwayt» tashkiloti bilan hamkorlikda «Barqaror rivojlanish: oliy ta’lim va ilm-fan tashabbusni qo‘lga oladi» mavzusida birinchi yillik xalqaro anjuman o‘tkazildi. Mutaxassislarga ko‘ra, mazkur anjuman O‘zbekiston universitetlari va Fors ko‘rfazi mamlakatlari kengashi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi davri boshlanayotganidan dalolat beradi.

Kuvayt elchisi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov bilan. Foto: TDIU

Ko‘p asrlik ilmiy-adabiy an’analarga ega Kuvayt davlati arab tilini o‘qitish borasida ham yaqindan ko‘mak berishi mumkin.

«Arab tili Qur’on lisoni sifatida butun islom olamida alohida qadr-qimmatga ega. Qolaversa, u BMTning rasmiy tillaridan biri sifatida ham dunyo ahlini ohanrabo kabi jalb etmoqda. Ulug‘ allomalar beshigi bo‘lmish O‘zbekistonda ham arab tiliga qiziqish kuchli ekanini qayd etishni istardim. Mamlakatingiz butun dunyo, jumladan, Arab olami bilan aloqalarni kengaytirmoqda, tijorat, savdo-sotiq, turizm nash’u namo topmoqda. Bunda esa, albatta, tilni mukammal egallagan mutaxassislarga ehtiyoj ortadi. Biz boshqa arab davlatlari elchixonalari bilan birgalikda til ta’limiga yaqindan ko‘mak berishga shaymiz», – deydi Ahmad al-Jiyron.

Insoniyatni tangu tor holatga solib qo‘ygan pandemiya asta-sekin chekinib, hayot izga tushayotir. Yana xalqaro anjumanlar, mashvaratlar tashkil etilmoqda, o‘lkalararo bordi-keldi qayta jonlanmoqda. Bu esa o‘zaro hamkorlikni yaqin fursatda yangi bosqichga ko‘tarishga umid va ishonch bag‘ishlaydi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring