Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh o‘z yerini sotarmidi? (1-maqola)

AQSh o‘z yerini sotarmidi? (1-maqola)

Foto: «tsn.ua»

Grenlandiya muzliklarining erishi Arktika mintaqasining strategik rolini oshirmoqda. Yangi savdo yo‘llari ochilmoqda, dunyodagi eng yirik orolning tabiiy resurslaridan foydalanish imkoniyatlari paydo bo‘layapti.

Bu esa Daniyaning mulki hisoblanib kelgan Grenlandiyaga ko‘z olaytiruvchi kuchlarni faollashuviga olib keldi. Ular orasida Qo‘shma Shtatlarning intilishi o‘ta jiddiyga o‘xshaydi.

AQSh prezidenti avgust oyi o‘rtasida Grenlandiyani sotib olish istagi borligini ochiq bildirgan edi.

«Biz Daniya bilan yaxshi ittifoqchimiz. AQSh dunyoning katta qismini, jumladan, Daniyani himoya qilib keladi. Orolga egalik g‘oyasi paydo bo‘ldi va men albatta, sotib olar edim. Bu xarid tarixda ko‘chmas mulkning eng yirik shartnomasi bo‘lar edi», deya izohlaydi o‘z fikrini prezident D.Tramp.

U hatto Oq uy huquqshunoslaridan bu rejani huquqiy ekspertizadan o‘tkazishni so‘ragan. Ayrim maslahatchilar bu fikr iqtisodiy maqsadga muvofiqligidan jar solsa, ayrimlari bu prezidentning istaklari xalqaro huquq me’yorlariga zid ekaniga ishontirishmoqchi bo‘ldi.

Daniya esa buni hazil deb qabul qilmoqda. Bosh vazir Mette Frederiksen esa «Sermitsiaq» gazetasiga bergan intervyuda uni sotilishi ehtimoldan ancha yiroqligini, AQSh yetakchisi so‘zlari «absurd» ekanligini yashirmadi va shunday dedi: «Grenlandiya daniyaliklarniki emas. Grenlandiya grenlandiyaliklarniki. Umid qilamanki, bu reja jiddiy emas. Shu bilan birga Tramp janoblari bilan dahanaki jang qilish niyatim ham yo‘q».

Daniyalik boshqa siyosatchilar ham yo‘q joydan chiqqan chaqmoqqa bir chetda jim o‘tirgani yo‘q. «Bu 1 aprel hazili bo‘lishi kerak edi. Ammo hozir yilning butunlay boshqa vaqti», deya xavotir bildirdi mamlakat sobiq bosh vaziri Lars Lokke Rasmussen.

Daniya xalq partiyasi vakili Seren Yespersen Tramp taklifini kulguli deb atab, Daniya 50 mingdan ortiq fuqarolarini AQShga sota olmasligini aytib o‘tdi. «Agar u haqiqatdan bunday reja haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, bu uning aqldan ozganining uzil-kesil tasdig‘idir», deya ta’kidladi.

Konservativ xalq partiyasining Grenlandiya ishlari bo‘yicha vakili Rasmus Yarlov esa o‘z ijtimoiy tarmog‘ida «Bizning avtonom hududimizni hech qanday sababsiz Tramp sotuvga qo‘yish haqida o‘ylayapti. Shundan keyin ustimizdan kulib, barchamiz hozirlik ko‘rgan rasmiy tashrifni ham bekor qilib yubordi. Ayting-chi, AQSh o‘z yerini sotarmikan? Masalan, Alyaskani?»

Daniya sobiq adliya vaziri, Liberal partiya vakili Soren Pind esa Trampga masalan, Shvetsiyani ham bir sotib olishga urunib ko‘rishni taklif qildi.

Caption

«Umid qilamanki, bu hazil. Umuman olganda bu qo‘rqinchli g‘oya. Grenlandiyani qurollanish poygasiga tortadi, aholi uchun mustaqillikni cheklaydi, Daniya uchun ulkan yo‘qotish bo‘ladi», deb yozadi o‘z «Twitter»ida Radikal partiya vakili Martin Lidegord.

Ammo eng qizig‘i Daniya qirollik oilasi Amerika yetakchisining niyatini ijobiy baholadi. Qirolicha Antoniya Shaumburg-Lippe va shahzoda Mario Maks Shaumburg-Lippening ma’lum qilishicha, ular bu masala bo‘yicha avtonomiya aholisining har qanday fikrini qo‘llab-quvvatlashadi.

Grenlandiya siyosatchilari ham o‘z hayratini yashirmayapti. «Agar Tramp janoblari Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha muhokama olib borishni istasa, Daniyaga emas, mana, bizga kelsin», deydi orolning sobiq bosh vaziri Xammond.

Mahalliy so‘llar harakati veterani Akkaluk Linge esa kinoya qilib, «Tramp bilan chiqqan janjal daniyaliklar va grenlandiyaliklar bundan keyin bir-birini yanada ko‘proq qadrlashiga undaydi», dedi.

Grenlandiya tashqi ishlar vazirligi esa Trampning fikridan g‘azablandi. «Grenlandiya qimmabaho resurslarga, jumladan minerallar, neft, uran, oltin, rux, olmos, ko‘mir, molibden, temir, mis, toza suv, muz, baliq, dengiz mahsulotlari, qayta tiklanadigan energiyaga boy. U sayyohlik uchun istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Orol biznes uchun ochiq, ammo oldi-sotdi uchun emas», deya bayonot berdi.

Tramp esa yevropalik ittifoqchisining bu keskin qaroridan ochiq xafa bo‘ldi va 2-3-sentyabrda Daniyaga rejalashtirilgan rasmiy tashrifini noma’lum muddatga qoldirdi.

Tramp avvaliga o‘z «Twitter»ida Grenlandiyadagi ko‘plab bir etajli uylar orasida «Trump Tower» osmono‘par binosining suratini joylab qo‘ygan edi. Keyin esa jahli chiqib uning tagida bu bino orolda hech qachon qurilmasligiga va’da qildi.

Trumen 100 million dollar taklif etgan...

Shimoliy muz va Atlantika okeanlari oralig‘ida joylashgan orol 2,1 million kvadrat kilometrga hududga ega. Uni 10-asrda Islandiyadan kelib qolgan vikinglar ochgan edi.

Orolni Daniya 1536-yilda mustamlakaga aylantirgan. Uning mustamlaka maqomi 1953-yilda bekor qilingan. 1973-yilda Daniya bilan bir vaqtda avtomatik ravishda Yevropa Ittifoqiga kirgan. 1978-yilda Daniya parlamenti unga avtonomiya maqomini berdi. 1982-yili ko‘plab grenlandiyaliklar referendum chog‘ida Yevropa Ittifoqidan chiqishga ovoz berishgan. 2008-yildagi referendumda orol keng avtonomiya oldi.

Aholisining 90 foizi grenlandiya eskimoslari (inuitlar) va ular mahalliy kalaallitlar tilida suhbatlashadi. 10 foizi esa daniyaliklar va boshqa yevropaliklardir.

Grenlandiya – Daniyaga assotsialashgan hudud bo‘lib, keng avtonomiya maqomiga ega. Grenlandiya hukumati barcha ichki masalalarni o‘zi hal qiladi. Daniya esa mudofaa va tashqi siyosatini umumiy nazorat qilib keladi.

Qolaversa, Daniya har yili 56 ming aholiga ega Grenlandiya budjetining 60 foizini qoplab kelmoqda. Ya’ni har yili 640 million dollar dotatsiya berib keladi. Daniyaning yalpi ichki mahsuloti 170 milliard dollar bo‘lib, ajratayotgan ko‘magi uning budjeti uchun ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Grenlandiya

Boz ustiga, Trampning bir qarashda yangidek tuyulgan g‘oyasi Vashingtonning ilk urunishi emas. O‘zi AQSh uchdan bir hududi Ispaniya, Fransiya, Meksika va Rossiyadan sotib olgan.

Grenlandiyaga egalik qilish masalasi Davlat departamenti tomonidan 1867-yilda ham muvaffaqiyatsiz tarzda bir ko‘tarilgan edi. 1917 yilda Vashington aynan Daniyadan Virjiniya orollarini 25 million dollarga (hozirda taxminan 500 million dollarga teng) sotib olgan edi.

Ikkinchi jahon urushida Daniyani fashistlar Germaniyasi bosib olgach, strategik nuqta hisoblangan Grenlandiya nemislar qo‘liga o‘tmasligi uchun AQSh unga vaqtincha o‘z harbiylarni kiritdi va egallab oldi.

1944-yilda Grenlandiyada 5800 nafar amerika kontingenti bo‘lib, ular o‘sha paytda jami aholining 25 foizini tashkil qilardi. Urush nihoyasiga qadar AQSh armiyasi 14 ta meteostansiya qurdi, bir vaqtning o‘zida bu davrga qadar bunyod etilgan 13 ta Daniya stansiyasiga ham xizmat ko‘rsatishdi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin, 1946-yilda AQSh prezidenti Garri Trumen orolning SSSR bilan «sovuq urush»dagi ahamiyatini yaxshi anglagan holda, uni to‘liq sotib olish uchun Daniya hukumatiga 100 million dollar taklif qildi. Biroq keskin rad javobini olgach, masala kun tartibidan olingan edi.

Shundan so‘ng Daniya oroldagi barcha asosiy ilmiy institutlar va tadqiqot ob’yektlari ustidan nazoratni tikladi. AQShning bu yerdagi ilmiy faoliyati va harbiy harakatlari faqat Daniya roziligi bilan amalga oshirilishi qat’iy belgilandi.

Lekin SSSR bilan ziddiyat qizib borar, orolning harbiy ahamiyati keskin o‘sgan edi. 1951-yilda bu yerda AQSh Tule harbiy bazasini qurdi, 1954-yilda Kemp Tutoda ilmiy baza ochdi. Keyinroq Daniyadan so‘rab o‘tirmasdan Kemp Senchuri bazasini yaratdi. Bu esa ikki ittifoqchi o‘rtasida anchayin siyosiy tushunmovchiliklarni yuzaga keltirdi. Bu yerda amerikalik geofiziklar seysmologiya, meteorologiya, iqlimshunoslik, glyasiologiya, geomagnetizm sohalarida muhim tadqiqotlarni olib borishardi.

AQSh orolda 1959 yilda boshlangan «Muz chuvalchangi» loyihasi doirasida muzning 8 metrlik ostki qismida 4 ming kilometrga cho‘ziladigan tunnellarda 600 ta uchishga tayyor bo‘lgan yadro raketalarini joylashtirish loyihasi ustida maxfiy ishlarni olib bordi.

U to‘liq ishga tushgach, bu yerda 11 ming harbiy barcha sharoitlar qulay bo‘lgan muhitda yashashi ko‘zda tutilgan edi. 1966-yilda u yopilguniga qadar 3 kilometr uzunlikdagi 21 ta tonnel bunyod etib bo‘lingan edi. Harbiy qurol va aslahalar shakl-shamoyili o‘zgarib, uzoq masofaga uchadigan strategik ballistik raketalarning paydo bo‘lishi bilan loyiha o‘z qimmatini yo‘qotdi va ishlar to‘xtatildi. Boz ustiga muz devorlarining erib ketishi kuzatildi.

1968-yil yanvarda Tule bazasiga qo‘nish chog‘ida bortida 4 ta vodorod bombasi bo‘lgan B-52 strategik bombardimonchi samolyotining halokatga uchrashi insoniyat uchun chinakam fojea bo‘ldi. Uning portlashi natijasida radioaktiv chiqindilar muz ostiga tushib ketdi. Maxsus operatsiya chog‘ida uchta bomba qoldiqlari topilgan bo‘lsa-da, bittasi dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgan edi. Bu ekologiyaga o‘nglab bo‘lmas zarar yetkazdi.

Vaholanki, 1957-yildayoq imzolangan xalqaro shartnomaga muvofiq Grenlandiya yadro qurolidan holi hudud deb e’lon qilingan, uning na yer ustida, na havo kengliklarida bu qurolni olib yurish taqiqlangan edi.

Daniya jamoatchiligi yadro tadqiqotlari haqida 1997-yilga kelibgina xabar topdi va bu aholining keskin noroziligini keltirib chiqardi.

Ruslardan qo‘rqsa qo‘rqqilik...

Grenlandiya allaqachon qudratli davlatlarning Arktikadagi geosiyosiy o‘yinida muhim shaxmat toshiga aylanib ulgurdi.

Agar AQSh uni qo‘lga kiritsa, bu mintaqadagi harbiy ishtirokini sezilarli darajada kengaytira oladi. Chunki hozir Arktika yo‘nalishi bo‘yicha harbiy ustunlik Rossiya qo‘liga o‘tdi.

Rossiya «Arktika uchbargi» mintaqasidagi Frans-Iosif yerida o‘zining eng shimoliy bazasini kengaytira oldi. Bu yerdagi aerodrom Il-78 og‘ir samolyotini qabul qilishga tayyor qilib qo‘yildi. Ushbu samolyotlardan havoda qiruvchi va bombardimonchi samolyotlarga yonilg‘i qo‘yish uchun keng foydalaniladi.

Bir paytlar faqat qutqaruv maqsadlarida deb qarab kelingan rus kuchlari bugun bu sovuq hududlarda har qanday harbiy topshiriqlarni ham bekami ko‘st bajarishga qodir armiyaga aylandi, deyishmoqda ekspertlar.

Rossiyaning orolga yondosh Shpitsbergen arxipelagidan sharqda joylashgan Nagur orolida yangi qiruvchilarini joylashtirishi Grenlandiya osmoniga kirib borish imkoniyatini kengaytirdi. 2013 yildan buyon rus uchoqlari havo kengliklariga yaqinlashishi munosabati bilan ularga javob sifatida Daniya qiruvchilari 184 marotaba havoga ko‘tarilganini o‘ziyoq Moskva NATO ittifoqchilarining qitiq patiga qanchalik ko‘p tegayotganini tasdiqlaydi.

Boshqa tomondan, 2014-yilda Rossiya «Shimol» birlashgan strategik qo‘mondonligi – Arktika qo‘shinlarini tuzdi. Arktikada yangi harbiy bazalar va aerodromlar qurmoqda. Muzyorarlar flotini yaratdi. Ular soni qirqta bo‘lib, keyingi yili 70 ming tonna sig‘imdagi yuklarni ko‘tarishga va hatto to‘rt metrlik muzni ham yorib o‘tishga qodir yangi kemalar dengizga tushiriladi. AQShda esa muzyorarlar soni atigi 2 tadir.

Shu tariqa orol osmonida Rossiya harbiy uchoqlarining nazorat va strategik uchishlarni amalga oshirayotgani, dengizda esa suv usti va suv osti floti yangi avlodi yaratilgani Daniya va Pentagonni hushyor torttirib qo‘ymoqda.

Shimoliy qutbdan 1000 kilometr olisdagi AQShning Tule harbiy bazasida zamonaviy radiolokatsiya tizimlari o‘rnatilgan bo‘lib, qit’alararo ballistik raketalar uchishini barvaqt aniqlashga xizmat qiladi. Baza AQSh raketaga qarshi global mudofaa tizimining muhim xalqasi hisoblanadi. Rossiyaning juda katta tezlikda harakat qiluvchi raketalarining AQShga Arktika bo‘ylab uchib kelishi ehtimoli kamaytiradi.

Bu kamlik qilgan ko‘rinadi. Pentagon o‘tgan yili bu mintaqada okeanda 1950-2011-yillarda faoliyat ko‘rsatgan 2-flotini qayta tikladi, 1997-yilda yopilgan Alyaskadagi Adak bazasini qayta foydalanishga tushirmoqda.

«Kim Grenlandiyani nazorat qilsa, Arktikani nazorat qiladi. Bu Arktikadagi, ehtimol butun dunyodagi eng strategik muhim nuqtadir», — deydi AQShning Nyuportdagi harbiy-dengiz kolleji Arktika tadqiqotlari guruhi rahbari Uolter Berbrik.

Bu qizg‘in jarayonlarni kuzatib borayotgan Daniyaning o‘zi ham g‘imirlab qoldi. Daniya mudofaa vaziri Trina Bramsen xonim tez orada Grenlandiyada mamlakatning qiruvchi samolyotlari joylashtirilishi mumkinligini e’lon qildi. Biroq buning uchun salmoqli moliyaviy kapital va yangi siyosiy shartnomalar zarur bo‘ladi.

«Hozirgi paytda rus qiruvchilari Grenlandiya havo kengliklarida to‘siqsiz harakat qilishi mumkin. Shu sababli bu rejamiz ma’muriy emas, siyosiy qarordir. Ammo u favqulodda tayyorgarlikni talab qiladi. Bundan tashqari, biz Grenlandiyani xalqaro ziddiyat miniumum bo‘lgan hududga aylantirish niyatidamiz».

(Davomi bor)

A.Hasan o‘g‘li, xalqaro sharhlovchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring