Yaponiya guruh favoritini mag‘lub etdi (video)
Rossiyada o‘tayotgan jahon chempionatining «H» guruhi 1-tur uchrashuvidan o‘rin olgan Kolumbiya hamda Yaponiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs o‘z nihoyasiga yetdi. «Mordoviya Arena»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda qit’adoshlarimiz g‘alabani qo‘lga kiritdilar.
Uchrashuv debyuti yaponlar uchun omadli keldi — tezkor hujumga o‘tgan kunchiqar yurt vakillari ilk daqiqalardan penalti ishlab olishdi. Shinji Kagavaning deyarli bo‘sh darvozaga yo‘llagan zarbasini Karlos Sanches qo‘li bilan to‘xtatib qoldi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochkaga loyiq ko‘rildi. O‘n bir metrlik jarima zarbasini Kagava aniq bajarib, jamoasini oldinga olib chiqdi.
Uchrashuvning 39-daqiqasida Xuan Kintero jarima zarbasidan chalg‘ituvchi zarba yo‘llab muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda kolumbiyaliklarning kamchilik qolganlari o‘z ta’sirini ko‘rsatdi va ustunlik Yaponiyaga o‘tdi. 73-daqiqada Osako burchakdan uzatib berilgan to‘pni boshi bilan darvozaga aniq yo‘naltirdi.
Shu tariqa Yaponiya terma jamoasi turnirni muhim g‘alaba bilan boshladi. Guruhning ikkinchi o‘yinida Polsha terma jamoasi Senegal bilan o‘ynaydi.
JCh-2018
«H» guruhi 1-tur
Kolumbiya – Yaponiya 1:2 (1:1, 0:1)
Gollar: 0:1 – 6, penalti Kagava, 1:1 – 39 Kintero, 1:2 – 73 Osako.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter