XOQ prezidenti Tomas Bax Toshkentga keladi (video)
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax MOQ prezidenti Umid Ahmadjonovning taklifiga ko‘ra, poytaxt Toshkentga tashrif buyuradi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Qishki Olimpiadaning ochilish marosimida ishtirok etish uchun Pxyonchxanda bo‘lib turgan Ahmadjonov XOQ prezidenti bilan ko‘rishdi. Uchrashuv davomida tomonlar yangi bosqichga ko‘tarilayotgan O‘zbekistondagi olimpiya harakatini rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashish borasida kelishib oldi.
Tomas Baxning Toshkentga tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad — MOQ va XOQ o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat bo‘ladi. Bungacha Bax 2015-yil O‘zbekistonga kelgan bo‘lib, mamlakat sporti haqida tasavvurga ega bo‘lgandi.
Biroq o‘tgan ikki yil davomida O‘zbekiston sportida katta o‘zgarishlar boshlandi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat sportni tubdan isloh qilish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Orada O‘zbekiston futbol federatsiyasi va Milliy olimpiya qo‘mitasida rahbariyat almashdi.
Umid Ahmadjonov MOQ prezidenti etib saylangach, Tomas Bax birinchilardan bo‘lib tabrik maktubi yo‘llagandi. Endi martabali mehmonda yangi bosqichga chiqayotgan O‘zbekiston sporti borasidagi tasavvurlarni yanada boyitish uchun amaliy imkoniyat bo‘ladi.
MOQ faoliyati ham O‘FA singari zamonaviy talablar asosida tashkil etiladi. Ayni vaqtda futbol mutaxassislari, hakamlari va murabbiylari Ispaniya, Angliya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Qatar kabi rivojlangan mamlakatlarda ish tajribasini o‘rganayotgan bo‘lsa, kelgusida qolgan sport turlari mutaxassislarining faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida, ular ham ish o‘rganish uchun rivojlangan xorij mamlakatlariga yuboriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter