Osiyo o‘yinlaridan so‘ng Sport vazirligi Yashnobodga ko‘chadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda ma’lum qilinishicha, Jismoniy tarbiya va sport universitetining ilmiy salohiyatini 45 foizgacha chiqarish, professor-o‘qituvchilarning faoliyati natijadorligini oshirish, yangi ishlanma va texnologiyalarni joriy etib, xalqaro reytinglarga kirish maqsadlari belgilanmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlari institutiga sport biomexanikasi, fiziologiyasi, farmakologiyasi va genetikasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, ilmiy-innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish va tijoratlashtirish, startap loyihalarni amalga oshirish kabi yangi vazifalar yuklatilmoqda.
Ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash va natijadorligini oshirish, yosh kadrlarni xorijiy o‘quv yurtlariga falsafa doktori (PhD) darajasini himoya qilish uchun yuborish ham nazarda tutilgan.
Ma’lumki, poytaxtning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda. Osiyo o‘yinlari o‘tganidan so‘ng, bu majmuaga Sportni rivojlantirish vazirligi, sport federatsiyalari hamda 2025-yilda faoliyat boshlaydigan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi joylashtirilishi mo‘ljallangan.
Prezident bu takliflarni ma’qullab, qo‘shimcha ko‘rsatmalar bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter