Umid Ahmadjonov Seulda Butunjahon antidoping agentligi prezidenti bilan uchrashdi
Pxyonchxanda start olgan XXIII qishki olimpiya o‘yinlari doirasida bugun, 12 fevral kuni mamlakat poytaxti Seulda Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vazirligi tomonidan sport vazirlari Konferensiyasi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va mamlakat futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ishtirok etdi.
Konferensiyaning bosh mavzusi «Jamiyatda sport qadriyatlarini rivojlantirish» bo‘lib, mazkur anjuman ishtirokchilarga dopinglarsiz toza sport, ijtimoiy rivojlanishda sportning ahamiyati, sport musobaqalaridagi g‘irromliklarni oldini olish, sport qadriyatlarini rivojlantirish kabi masalalarda misollar keltirish, fikr almashish imkonini berdi.
Konferensiyani dastlab Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vaziri Do Jong Van kirish nutqi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng ishtirokchi mamlakatlar sport mutassadilari o‘z taqdimotlarini o‘tkazishdi. Konferensiyada ko‘pgina masalalar muhokama qilindi. Anjuman yakunida esa ishtirokchilarga madaniy dastur namoyish etiib berildi.
Konferensiyadan so‘ng Umid Ahmadjonov shu yerning o‘zida Butunjahon antidoping agentligi (WADA) prezidenti Kreyg Ridi, shuningdek, Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm ishlari vaziri Do Jong Van bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida o‘zaro do‘stona aloqalar o‘rnatish, Olimpiya harakaktini yanada rivojlantirish masalasida hamkorlik rishtaralarini mustahkamlash borasida kelishib olindi.
Shuningdek, WADA prezidenti Kreyg Ridi suhbat davomida mamlakatimizda dopinga qarshi kurash masalasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 3 yanvarda e’lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim qadam bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Umid Ahmadjonov o‘z navbatida Butunjahon antidoping agentligi rahbarini yurtimizga taklif etdi. Kreyg Ridi bu taklifni bajonidil qabul qildi va ish taqvimidan kelib chiqqan holda WADA prezidentining O‘zbekistonga yaqin oylar ichida tashrif buyurishiga oid kelishuvga erishildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter