Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Temur Kapadze Luis Suaresning O‘zbekiston bilan o‘yinda ko‘rsatgan qilig‘i haqida so‘zlab berdi

Temur Kapadze Luis Suaresning O‘zbekiston bilan o‘yinda ko‘rsatgan qilig‘i haqida so‘zlab berdi

Foto: «Eurosport»

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze Urugvayga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yini haqida «Sports.uz» saytiga intervyu berdi.

«U yerga asosiy tarkib bilan bormaganimiz urugvayliklarda e’tiroz uyg‘otmadi. Menimcha, ular bizning asosiy tarkib bilan kelmaganimizni bilishmadi ham. O‘ylashimcha, Urugvay terma jamoamizni yaxshi bilmaydi.

Eronliklar esa bizni juda yaxshi biladi. Termamizda kimning qanday kuchga egaligini bilishardi. Shu bois Eronda biroz e’tirozlar bo‘lgandi. Lekin biz Urugvay uchun munosib raqib bo‘la oldik. Kerak paytda ularning kamchiliklarini ham ko‘rsatib berdik. O‘yindan keyin Urugvay murabbiyi bizga xatolarimizni ko‘rsatib bera olgan jamoa sifatida ta’rif berdi. Eronga qarshi uchrashuvda ham biz raqibning katta xatolarini ko‘rsatib bergandik. Natijada o‘yindan keyin Keyrush ancha vaqt zaxira o‘rindig‘ida o‘ychan holatda o‘tirib qolgandi», — dedi Kapadze.

U o‘z so‘zida Uregvay terma jamoasi hujumchisi Luis Suaresning qiliqlari haqida ham to‘xtalgan.

— O‘yindan keyin Urugvay bosh murabbiyi Oskar Tabares bilan ko‘rishmadim. Qolaversa, zaxira o‘rindiqlari bir-biridan uzoqda edi. Bundan tashqari, uning oyog‘i og‘riyotgani uchun oqsoqlanib yurgandi.

Uchrashuvdan keyin yutqazganimiz uchun mening ham kayfiyatim tushib ketgandi. Buning ustiga urugvayliklarning uchrashuvdan so‘ng o‘zini tutishlari bizga yoqmadi. Bizning o‘yinchilarimiz ular bilan futbolka almashishni taklif qilishdi, ammo ular buni xohlashmadi. Ularning bunday sovuq munosabatidan jahlim chiqdi. Xuddi bizni mensimagandek bo‘lishdi.

Luis Suaresni «Barselona»da ko‘p bor muttahamligini ko‘rgandik. Lekin u terma jamoada ham shunaqa ekan. Sal narsaga hakam bilan tortishib, bizning futbolchilarga qizil kartochka ko‘rsatishini talab qilaverdi. Uni zaxiraga olishayotganida maydondan chiqib ketayotgandi. Rustam Ashurmatov esa Suaresga hurmat yuzasidan qo‘lini cho‘zsa ham u ko‘rishishni istamadi va norozi ohangda chiqib ketdi.

Vaqti kelib yana Urugvay bilan to‘qnash kelishimizni xudodan so‘rayman va o‘shanda ularga o‘z kuchimizni ko‘rsatishimizni juda xohlayman. Bizga nisbatan turli qiliqlar qilib, hurmat ko‘rsatishmadi. Futbolchilarimizga esa ularning bunday xatti-harakatlaridan xafa bo‘lmasliklarini, yana qachondir ularga qarshi o‘ynaganimizda o‘zimizni ko‘rsata olishimizni aytdim. Biz shuning uchun ham yanada ko‘proq ishlashimiz kerak, — deb aytgan Kapadze.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring