Talaba, sportchi, dasturchi... Maqsad to‘g‘ri bo‘lsa, omad eshiklari ochilaveradi
Aslida, inson uchun hayoti davomida muvaffaqiyatga erishish ko‘pchilik o‘ylaganidek mushkul ish emas. Avvalo, maqsad to‘g‘ri tanlab olinsa va bu yo‘ldan og‘ishmay harakat qilinsa bas, omad eshiklari ochilmasdan iloji yo‘q. Orzu-umidlari sari tinmay o‘qib-izlanayotgan, mehnat qilayotgan va yutuqlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan zamondosh yoshlarimiz bugun juda ko‘p oramizda. TATU Samarqand filialining «Telekommunikatsiya texnologiyalari» yo‘nalishi bitiruvchisi Jamil Yusupov ham ana shunday yoshlardan.
Jamil Yusupov 1993-yili Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan. Ayni damda TATUning 4-bosqich talabasi. 2000-yildan taekvondo, 2009-yildan «O‘zbek jang san’ati» sporti bilan shug‘ullanadi. Bir qancha xalqaro musobaqalar g‘olibi, ko‘p karra Jahon chempioni. Sport ustasi.
— Kollejda tibbiyot yo‘nalishida tahsil olgan ekansiz. Nega oliy ta’lim olishda TATUni tanladingiz?
— Yoshligimdan tish do‘xtiri bo‘lishni havas qilardim. Shu bois, maktab davridan kimyo va biologiya fanlariga qiziqqanman. Maktabni tamomlagach, tibbiyot kollejining ortopedik-stomatologiya yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. O‘qishim davomida Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan «Huquq bilimdonlari» respublika ko‘rik-tanlovida (2010-yil) guruh sardori sifatida ishtirok etganman va final bosqichida 2-o‘rinni egallaganmiz. Turli sohalarda o‘zimni sinab ko‘rishni yaxshi ko‘raman. Bundan tashqari, kompyuter, uning dasturlari va texnikaga qiziqishim sabab, kollejni tamomlagach, TATU Samarqand filialiga o‘qishga kirishga qaror qildim.
— Davlat granti bo‘yicha talaba bo‘lish osonmas hozir. Bunga qanday erishdingiz?
— To‘g‘ri. Bu balki omadimdir. Maktabda dastavval matematika, fizika fanlari bilan uncha kelishmas edim (kuladi). Lekin keyinchalik qiziqishim ortdi. 8-sinfda matematika bo‘yicha olimpiadaning viloyat bosqichida 3-o‘rinni egallaganman. Taqdir baribir shu fanlar bilan uchrashishga majbur qildi. Ikki yil davomida sinov imtihonlaridan o‘tolmadim. Lekin, maxsus tayyorgarlikni, o‘quv kurslariga qatnashni kanda qilmadim. Inson maqsadiga yurakdan kirishsa, kuch-g‘ayrati ikki barobar osharkan. Kuchli tayyorgarliklar va ingliz tili bo‘yicha egallagan bilimlarim 2014-yili TATU Samarqand filialiga grant asosida o‘qishga kirishimga omil bo‘lgandir ehtimol.
— Yetti yoshingizdan sportga oshno ekansiz. Yana kollejda o‘qish, test sinovlariga tayyorlanish — bularning bari aql-tafakkur talab qiladigan jarayonlar. Hammasiga qanday ulgurdingiz? Jismoniy va aqliy mashqlar bir-biriga xalal berib qolmadimi?
— Yuqorida aytib o‘tganimdek, bir yo‘nalishda yoki bir sohada faoliyat yuritish, mening nazarimda, hozirgi yoshlar uchun jamiyatning faqat bir bo‘g‘iniga tegishli bo‘lib qolish asosiy jarayonlardan uzilib qolishdek gap. Chunki inson o‘ziga qancha yuklama bersa, jamiyat ishlarida faol qatnashsa, turli sohalarda o‘zini sinasa, u, albatta, ijobiy natijalarga erishadi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchiman, hozirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining faol a’zosiman, uning ko‘plab loyihalarida, tanlovlarida, o‘quv-seminarlarida, tadbirlarida muntazam ishtirok etaman. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashining Yoshlar qanoti sardoriman, O‘zbek jang san’ati federatsiyasi Samarqand viloyat bo‘limi yoshlar va o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyiman.
Ulgurishga kelsak, eng avval qilinadigan ishlarim va vazifalarim ro‘yxatini tuzib, ularni muhimlilik va bir-biriga bog‘liqlik jihatidan saralayman hamda reja asosida barchasini uddalashga erishaman. Shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, yurtimizda maqsad sari taslim bo‘lmay intiladigan tashabbuskor yoshlar hech qachon rag‘batsiz qolmaydi.
Hozirda shogirdlarimni ham shu yo‘lda faol bo‘lishga jalb qilganman.
— Bir so‘z bilan aytganda, sport sizga nima berdi?
— Buni men bir so‘z bilan aytolmayman. Sport orqali dunyoni ko‘rdim, respublikamizning barcha mintaqalaridan ko‘plab do‘stlar orttirdim, qator shogirdlar tayyorladim, el orasida, filialdagi tengdoshlarim va ustozlarim orasida e’tibor qozondim, davlatimiz tomonidan berilgan ko‘plab imkoniyatlarga erishdim. Sport orqali mukofotlandim. Oddiyroq qilib aytganda, sport — mening barcha erishganlarimga yetaklagan va yo‘naltirgan kuchdir.
— Bakalavr bosqichidan so‘ng rejalar qanday?
— Bakalavr bosqichidan so‘ng, barcha talabalar singari magistraturada ham tahsilni davom ettirish niyatim yo‘q emas. Shuningdek, 2015-yili Toshkent shahrida o‘tkazilgan «I LOVE UZBEKISTAN» nomli festivalda ishtirok etgandim. Festival doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga bo‘lgan tashrifdan so‘ng, u yerdan olgan taassurotlarim menga kelajakda ushbu akademiyada tahsil olishni maqsad qilishimga sabab bo‘ldi. Xudo xohlasa bunga erishaman.
— Badiiy asarlar ham mutolaa qilasizmi? Oxirgi marta o‘qigan kitobingiz?
— Faqatgina chet ellardagi safarlar va musobaqalar davomidagi bo‘sh vaqtlarimda qo‘limga kitob olib turaman. Ular asosan bugungi kun nafasi va hayoti haqidagi kitoblar, materiallardir. Savolingizdan so‘ng anchadan buyon badiiy asar mutolaa qilmaganimni esladim. Demak, mutolaani ham boshlashim kerak.
— Erishgan barcha yutuqlarda oilaviy muhit, ustozlar yo‘l-yo‘rig‘i muhim rol o‘ynaydi, to‘g‘rimi?
— Albatta. Barcha ishlarda birinchi ustozim — dadam bilan bamaslahat ish ko‘raman. Oilaviy muhitim meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Erishgan yutuqlarimni ham eng avvalo oilam bilan baham ko‘raman, keyin esa do‘stu birodarlarim bilan bo‘lishaman.
Ba’zan ishlarim rejadagidan oshib ketganda, uy ishlariga qo‘l urolmaganimdan gap eshitgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Filialdagi darslar jarayonida hamda boshqa masalalarda ham bir nechta professor-o‘qituvchilar fikri bilan tanishaman va barchasini jamlab bir qarorga kelaman. Joriy yilning avgust oyida YuNESKO rahnamoligidagi Xalqaro jang san’ati markazi (ICM — International Centre of Martial arts) jang san’ati sohasida tadqiqot tashabbuslari nomli o‘quv dasturi uchun e’lon qilingan tanlov g‘olibi bo‘ldim. Ushbu yutuq sabab, qolaversa, ota-onam hamda filial rahbariyati qo‘llab-quvvatlashi bilan 2017-yilning 1-sentyabridan 28-noyabrigacha Janubiy Koreyaning Chungju shahrida uch oylik o‘quv dasturida ishtirok etib qaytdim.
Oq yuvib-oq taragan, hech kimdan kam bo‘lmay unib-o‘sishim, bilim olishim, yuqori natijalarga erishishim uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan ota-onamga, har jabhada qo‘llab-quvvatlayotgan universitet rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter